Asosiy mavzular
27 dekabr 2019

RTdan tilak: Tosh menga – osh sizga!

Holva-holva degan bilan og‘iz shirin bo‘lmaydi. Xuddi saylov-saylov degani bilan O‘zbekistondagi vaziyat demokratik bo‘lmagani kabi.

Saylov kunlari ko‘p ajnabiy so‘zlar qatori “elektorat” degan so‘z qulog‘imni qizdirdi. Nima u elektorat. Elektorat degani lotincha elector, ya'ni saylovchi degan ma'noni beradi.

Bugungi ma'noda elektorat – bu butun mamlakatdagi saylovchilar to‘plami. Elektorat o‘zining deputatini saylaydi. Ammo elektoratga ham elektr kerak. Saylovchi turli narsadan birini tanlashi kerak. Saylovchiga esa kimningdir manfaati yo‘lida allaqachon tanlab qo‘yilgan shaxsni ro‘para qilishadi.  Bo‘lib o‘tgan saylov misolida ko‘rganimiz aslida g‘irromlik emasmi?

Mana, siz tuxum sotasiz. Xaridor oldiga beshta tuxum qo‘ydingiz. Hammasi dumaloq. Hammasining rangi bir. Eng muhimi, barcha tuxum palag‘da bo‘lgan. Xaridor qaysi tuxumni sotib olsa ham baribir kuyadi. Bu holatda tanlov imkoni yo‘q, deyiladi. Ba'zan esa, tor fe'limiz bois, beshta tuxum ichidan faqat buzilganini tanlaymiz. Yoki xaridorga buzilgan tuxumlardan birini tanlashni taklif etamiz.

Achigan qovunlar zehniyati

Ëshligimda uyda 100 tacha qovun bo‘lardi. Har gal qovun yeyilganida “Buzilayotganidan bittasini olib chiq”, deyishardi. 100 tadan bittasi achishni boshlagan bo‘lsa, o‘sha qovun yeyilardi. Albatta, bir kun o‘tib yana bir qovun achib boshlardi. Shu tariqa 100 kun achigan qovun yeyilardi. Agar o‘sha bitta achigan qovundan voz kechsak, 99 kun toza qovun yegan bo‘larmidik, degan savol ichimda qolib ketgan.

Bu o‘sha maqolada keltirilgan va suyak suyagimizga, qon-qonimizga va hujayralarimizga singib ketgan qashshoqlik zehniyati. Osh yeb bo‘linganidan keyin ustiga choy quyib ichib yuborish, ya'ni yuvindi ichish ham bizdan boshqalarda bo‘lmasa kerak.

O‘zbek lug‘atida arabcha so‘z ko‘p. Arab tilida o‘taketgan qashshoq va kambag‘al degan so‘z “FUQARO” degan kalimadir. Biz mustaqil bo‘lganimiz on pasportdagi “grajdan” kalimasi o‘rniga “FUQARO” so‘zini yozdirdik. Masalan, qo‘shni qozoqlar “AZAMAT” deb yozdirishdi. Shu bois, bugun Qozog‘iston azamatlari oyog‘ini uzatib o‘tirgan hovlida  o‘zbek fuqarosi farroshlik qilmoqda. Niyating – yo‘ldoshing, degani shu.

Nomzodni tishlash

Saylov haqida gaplashayotgan edik. Saylov adolatsiz o‘tdi, deb yoqa yirtyapmiz. Aslida o‘zimiz ham shu saylov soxtaligiga hissa qo‘shmadikmi? Uydagi yetti odamning pasportini olib, barcha uchun optom ovoz berib kelmadikmi?

Saylovni kuzatuvchilar xalqaro missiyasi o‘z xulosalarida kuzatuvchilar borgan saylov uchastkalarining deyarli yarmida ovozlarni hisoblash jarayonlarida buzilishlar sodir bo‘lganini bildirishdi. 

Bu degani, odamlar kimga ovoz berishganidan qat'i nazar, sanalgan ovozlarni protokol hujjatlarida istaganlaricha o‘zgartirishganini anglatadi. 

Taniqli bloger, “Adolat” partiyasidan Sergeli tumani xalq deputatlari kengashiga nomzodini qo‘ygan Nozim Safari soxtalashtirishga urinishning oldini olishga uringanida uni muallima ayol tishlab olganini bildirdi. 

“Saylov yakunida hammasi sanalganidan so‘ng protokolni to‘ldirish uchun alohida xonaga kirib ketishdi. Ichkaridan eshik qulflangan. Barcha kuzatuvchilar tashqarida. Ichkarida nima qilishdi, bilmadim-u, lekin “Adolat”ga berilgan ovoz qog‘ozlari saylov jarayonida hammasidan kattaroq tog‘ni hosil qilgan edi.

Vakolatim doirasida protokolni kuzatuvchilar oldida to‘ldirishni so‘rab qulf eshikni taqillatdim. Ijroning sharafsiz vakili total ekspluatatsiya qurbonlaridan biri, ziyoli o‘qituvchi qo‘limni tishlashgacha bordi… O‘qituvchilardan ham, sharafsizlardan ham ko‘nglim maksimum qoldi. Shu deputatlik sizlarning odamlaringizga nasib qilaversin. Pishirib yenglar. Sizlarga podarka shu. Man bu tizimdan qo‘limni yuvdim”.

Tarmoqda o‘qituvchilar saylov nayranglarida hokim laychasiga aylangani haqida yozishdi.

O‘qituvchilarning bu qadar past darajaga tushgani faqat bugunning manzarasi emas. Hali sovet davrida ular manqurtga aylanib bo‘lishgan edi. Raykom yoki rayono degan idoradan etik kiygan galstuk shlyapali odam kelib, “To‘xtat o‘qishni, bolalar paxtaga chiqsin”, degan paytda yaltoqlanib amr quli bo‘lgan paytida hali SSSR bor edi.

Totalitar tutum  o‘qituvchini umurtqasiz bir maxluqqa aylantirdi. Qiyosan qarasak, doktorlar bu qadar sinib ketmadi. Bugungi manzara. Hokimlikdagi 22 yashar so‘tak 55 yashar ko‘zoynakli muallimga sensirab: “Menga rezultat ber. O‘zgartir saylov protokolini”, deb baqirmoqda.

O‘qituvchi boshini egib, soxtakorlikni bajonidil bajarmoqda. Uning qalbida zarra e'tiroz yo‘q. Bu gaplarim aslida o‘qituvchilarni xokisor qulga aylantirgan hokimiyat shotirlariga qaratilgan.

Agar deputatlar xalq ichidan saylanganida edi, o‘qituvchilar bu darajada xoru zor bo‘lmas edi.

Deputat hokimning vakili emas

Deputát degani lotincha deputatus, ya'ni vakil qilingan degan ma'noni beradi. Xalq vakili. Millat vakili. Deputat xalq ichidagi va xalq aytadigan gapni gapirishi kerak.

Rassom Tuz  nomimni byulletenga nega yozishganini bilaman. Nafaqat meni, balki Nurbek Alimov va Mahatma Gandini ham yozishdi. Bulardan biri o‘tmishda, biri esa bugun  xalq dardini aytgan odamlar.

Rassom Tuz ham  xalq dilidagi gapni aytadi. Oddiy misol, tonirovka haqidagi ilk xabarni men aytgan edim. Buni tekshirsa bo‘ladi. Ëki Urganch-Ashxobod ko‘chasidagi qo‘zg‘olon haqida ham.

“Eltuz”ning yutub kanalida har hafta va'z qilaman. Ba'zan 50 ming, ba'zan 200 ming odam ko‘radi.

Nepotizm haqidagi va'zni olib tashlattirish uchun o‘rtaga odam qo‘yib, katta pul ham taklif qilishdi. Men so‘z aytaman va rasm chizaman, xolos.

Shu so‘z aytilmasligi va rasm chizilmasligi  uchun hukumat million dollar sarflab “Eltuz”ga kiberhujum qildi.

Xalqning dardini so‘zlar ekanman, meni eshitayotgan minglab qorako‘z vatandoshlarimni ko‘z oldimga keltiraman. Ular sovuq qotsa, men ham titrayman. Ular och ekan, tomog‘imdan luqma o‘tmaydi.

Xalqdan biriman. Ular kabi so‘zlayman. Ular kabi jahlim chiqqanda so‘kinib tashlayman. Ular kabi toqatsizman. Ular kabi sabrliman. Ular kabi hazil-huzul qilaman. Men o‘zimni “Daydi” filmidagi Kapur kabi his qilaman.

Oyog‘imda xitoy boshmoq,

Ishtonim ingliztondan,

Boshimda rus shapkasi,

Faqat yuragim O‘zbekistondan.

Millatga xayrli yil tilagi

Mening aziz do‘stlarim, opa-singil va akayu ukalarim. Sizlar feysbukda 5000, Yutubda 100 ming va yana “Eltuz” saytida 100 ming.

Lekin siz azizlarning bu raqamlardan ancha ko‘proq ekaningizni bilaman. Kirib kelayotgan yangi yil arafasida sizlarning issiq mehringizni yanada kuchliroq his qildim.

Barcha yaxshi tilaklar sizga bo‘lsin. Osmondan tosh tushsa, mening boshimga tushsin. Zinhor sizning boshingizga emas. Mayli, men xasta bo‘lay, ammo siz kasal bo‘lmang. Muhtojligu qashshoqlik sizdan nari tursin.

Hech kim sizni kamsitmasin. Siz non olish uchun pul sarflaysiz. Bolalaringiz esa shu pulni gul olish uchun sarflasin.

Farovonlik, issiqlik, yorug‘lik, to‘qlik va ma'rifat sizga bo‘lsin. Kelasi yil sizga va millatga xayrli yil bo‘lsin.

Rossiya annektsiyasi ostida qolayotgan Qrimdagi “Gunash” musiqiy guruhi aytgan qo‘shiqqa jo‘r bo‘lar ekanman, ozodlik qanday totli so‘z ekanini anglayman. Yasha, yasha, mening xalqim, ye, ich, kul, o‘yna.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
25 iyul 2016
Bolaligimda dadam ro‘zg‘or ishlarini yengillatuvchi, dehqonchilik va bog‘dorchilikda asqotuvchi buyumlarni ko‘tarib keladigan kishi edi. Har safar uyda janjal dadam ...
3 oktyabr 2018
Yaponiyaning NHK, TBS va JNN axborot manbalari xabariga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarosi, Andijon viloyatida tug‘ilgan va Yaponiyadagi kasb-hunar kollejida chet ...
20 sentyabr 2019
O‘zbekiston hukumati Toshkent shahridagi davlatga tegishli yo‘lovchi tashish transporti tashkilotlarining ko‘rgan zararlarini to‘lab bermoqda.  Xususan, Vazirlar Mahkamasi qaroriga asosan, ...
20 sentyabr 2016
Amerikaning ikki shovvoz vatandoshi Tomas Gaskel Allen (Thomas Gaskell Allen) va uning do‘sti Uilyam Luis Saxtleben (William Lewis Sachtleben) ...
Bloglar
22 oktyabr 2020
Milliy ishlab chiqarishni rivojlantirish degan bahona, niqob yordamida monopollarimiz qonimizni so‘rib yotibdi. Tashqaridan iste'mol tavar-buyumlar ...
20 oktyabr 2020
Bundan o‘n yil ilgari poytaxdagi o‘rtacha ikkita amaldor tushlikka bir millionga yaqin pul sarflashini eshitib ...
15 oktyabr 2020
O‘nta roman yozay, ellikta she'riy to‘plamim nashr etilsin, yozganlarim dunyoning barcha yirik tillariga tarjima qilinsin, ...