Karimovning qudratli yordamchisini aslida kim «buyurtma» qildi?
2016 yil avgustigacha prezident Islom Karimovning yordamchisi bo‘lib ishlagan va 2020 yil noyabr oyining oxirlarida hibsga olingan Ulug‘bek Mirzamuhammedov aslida Toshkentdagi doiralarda “Sadaf”, “Tishdo‘xtir”, “Stomatolog” laqablari bilan tanilgan Farrux Mirzaevning buyurtmasiga ko‘ra “ichkari”ga olindi, deydi “Eltuz”ning bir-biridan mustaqil manbalari.
Ularning rasman tasdiqlanmagan iddaosiga ko‘ra, 52 yashar Farrux Mirzaev o‘z vaqtida Ulug‘bek Mirzamuhammedovdan katta (bir necha million AQSh dollari) miqdorda qarz olgan va qarzini bir necha yildan beri qaytarmasdan kelgan.
“Shu yil kuziga kelib Ulug‘bek Mirzamuhammedov qarzini qaytarishni yana talab qila boshlagan edi. U qarzi yuzasidan murojaat qilaverib, “Tishdo‘xtir”ni rostakamiga bezovta qila boshlagan edi”, deya iddao qildi “Eltuz”ga tergovga yaqin manbalardan biri.
Uning aytishicha, Mirzamuhammedovni “ichkariga olish” buyurtmasini “Stomatolog” Davlat xavfsizlik xizmatiga bergan.
“DXX bu ishga jon deb kirishdi va hibsning ertasi kuniyoq o‘ziga “quloq”lik qiladigan shaxslarga tegishli kanallar orqali hibs haqida xabar ham tarqatdi. Bu xabarlarda Ulug‘bek Mirzamuhammedovning uyida o‘tkazilgan tintuv tafsiloti, xususan, uning uyidan qimmatbaho qadimiy buyumlar va avtomobillar chiqqani yoyinlandi”, deydi “Eltuz”ning Toshkentdagi manbalari.
Ayni paytda «Eltuz»da bu iddaolarning rasmiy tasdig‘i yoki inkori yo‘q. DXX xuddi Karimov davridagi kabi matbuot uchun yopiq idora bo‘lib qolmoqda.
“Eltuz” manbalarining aytishicha, Mirzamuhammedovning hibsi haqida birinchi bo‘lib feysbukda xabar bergan uyat.uz sahifasi asoschisi Abu Ali Niyozmatov avvaldan DXXga yaqinligi bilan tanilgan jurnalistdir.
“DXXdagi manbalariga tayanib tarqatgan xabarida Abu Ali Niyozmatov hibsning asl sabablari haqida so‘z yuritmagan. Xabarda Mirzamuhammedovning uyidan chiqqan boyliklarga urg‘u berilgan, xolos. Asl tafsilotdan bexabar o‘quvchilar: “Katta poraxo‘r qo‘lga tushibdi. Battar bo‘lsin!” degan xayolga borishgan bo‘lsa, ajabmas. Aslida hibs buyurtmachisi Farrux Mirzaev va DXXning asl maqsadi ham shu bo‘lgan”, deydi “Eltuz”ga tergovga yaqin boshqa bir manba.
Shubhali ishlar boshida turgan odam?
“Eltuz”ga yaqin boshqa bir manba Ulug‘bek Mirzamuhammedovning o‘tmishiga oydinlik kiritib, prezident Islom Karimov davrida bu odam shubhali ishlarning boshida turganini iddao qildi.
Manbaning aytishicha, Karimov iqtidorining so‘nggi yillarida yordamchi-referent Georgiy Kraynovning o‘rniga tayinlangan Ulug‘bek Mirzamuhammedov tezda o‘z lavozimini suiiste'mol qilishga tushgan.
“Karimovga yordamchi paytida Ulug‘bek Mirzamuhammedov yirik tadbirkorlarning manfaatlari uchun bsh vazir Shavkat Mirziyoevga bosim o‘tkazib, turli qarorlarga imzo chekishga majburlagan. Bunday noma'qul ishlarda unga prezident devoni boshlig‘i Zelimxon Haydarov va uning yordamchisi Ahmadjon ko‘maklashib kelishgan”, deydi “Eltuz”ning Toshkentdagi manbasi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ulug‘bek Mirzamuhammedov O‘zbekistonning elchixona va konsulliklariga rahbar tayinlash ishlariga ham muttasil ravishda aralashib kelgan.
“Mirzamuhammedov elchi yoki konsul bo‘lish ilinjidagi odamlardan pora olib, ko‘proq berganlarni u yoki bu mamlakatga elchi yoki konsul qilib tayinlatar edi. “O‘zbekiston havo yo‘llari”ning xorijdagi vakolatxonasiga boshliq yoki boshliq yordamchisi bo‘lish istagidagi kishilar ham Ulug‘bekka pora berishga majbur bo‘lishar edi. Ulug‘bek belgilagan “stavka”larga ko‘ra, milliy aviakompaniya vakolatxonasining boshlig‘i lavozimi 100 ming, boshliq yordamchisi lavozimi esa 50 ming dollar turar edi. Ulug‘bek faqat o‘z ukasi Otabek Mirzamuhammedovni tekinga Birlashgan Araba Amirliklaridagi vakolatxonaga rahbar qilib tayinlatgan edi”, deydi “Eltuz”ning Toshkentdagi manbasi.
Uning “Eltuz”ga bildirishicha, Ulug‘bek Mirzamuhemmedov olgan poralariyu topgan pullarining hammasini prezident devoni boshlig‘i Zelimxon Haydarov va uning yordamchisi bilan 50/50 qilib bo‘lishib yurgan.
“Chunki Ulug‘bekni nufuzli lavozimga aynan Zelimxon Haydarov tavsiya qilib, tayinlatgandi”, deydi Toshkentdagi manba.
Uning ta'kidlashicha, prezident Shavkat Mirziyoev 2016 yil sentyabr oyida iqtidorga kelishi bilanoq Ulug‘bek Mirzamuhammedovni va u orqali ishga tayinlangan barcha elchi, konsul, vakolatxona boshliqlari, hokimlar va hokazolarning hammasini ishdan olib tashlagan.
“Ulug‘bekka suyanib yurganlardan birgina “Murod bilding” qoldi”, deydi “Eltuz” manbasi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Ulug‘bek Mirzamuhammedov hibsga olingunga qadar Toshkentdagi tarixiy obidalarni buzib, o‘rniga ko‘p qavatli uylar qurishga odatlangan “Murod Building” shirkati rahbari Murod Nazarovga “qalqon”lik qilib kelgan.
2016 yil avgustigacha prezident Islom Karimovning yordamchisi bo‘lib ishlagan Ulug‘bek Mirzamuhammedovning DXX tomonidan hibsga olingani haqidagi xabar ilk marotaba 2020 yilning 26 noyabr kuni feysbukdagi uyat.uz sahifasida chiqdi.
Xabarda Mirzamuhammedov uyida tintuv o‘tkazilgani, tintuv paytida qimmatbaho antikvar buyumlar, qadimiy yunon haykallari, xitoy chinni idishlari, bir necha million naqd dollar, “Bentley”, “Mercedes”, “Range Rover” kabi qimmat avtomobillar topilgani aytilgan.
Ushbu xabarda Karimovning yordamchisi nima sababdan hibsga olingani ochiqlanmagan bo‘lsa ham “Eltuz”ga yaqin manbalar bu hibs ortida aslida Toshkentdagi doiralarda “Sadaf”, “Tishdo‘xtir”, “Stomatolog” laqablari bilan tanilgan Farruh Mirzaev, aniqrog‘i, ikki shaxs o‘rtasidagi qarz mojarosi turganini iddao qilishmoqda.
«Eltuz» o‘zining hukumat ichidagi manbalaridan maqoladagi asosiy ikki iddaoni tasdiqlatib oldi. Birinchidan, Ulug‘bek Mirzamuhammedov noyabr oxirida jinoyayat ishi figuranti sifatida sudgacha qamoqqa olingan va u shu kunda DXX izolyatorida saqlanmoqda. Ikkinchidan, uning uyidan jinoyat ishi doirasida sudgacha musodara qilingan ko‘p million dollarlik boyliklar chiqqan Xususan, qimmatbaho avtomibillar suratlari «Eltuz»da mavjud.
«Eltuz» O‘zbekiston boshqaruv elitasidagi jinoiy guruhlar bilan bog‘liq tafsilotlarni kuzatib boradi. «Uydagi gap ko‘chaga chiqmasin», degan maqolga rioya qiladigan DXX va boshqa kuchishlatar tashkilotlar tasdiq yoki raddiya bersa, «Eltuz» ularga ham minbar taqdim etadi.
eltuz.com