Asosiy mavzular
6 aprel 2021

Shveytsariya Gulnora Karimovaga qarshi: Pul yuvish ishidagi yangi o‘zgarishlar

O‘zbekistonning sobiq prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova 2013 yildan beri Shveytsariyada korruptsiya va pul yuvish bilan bog‘liq ishlar uchun mahkamaga tortilgan. 

Umuman olganda, ish 660 million yevrodan oshiqroq aktivlar va ularning aynan kimga tegishli ekani haqida bormoqda: 2014 yildan beri o‘z vatanida qamoqda qolayotgan Karimovagami yoki bu mablag‘ni repatriatsiya sifatida olishi kerak bo‘lgan o‘zbek xalqigami? 

2020 yilning kuzida uzoq muddatli bu jarayonda hal qiluvchi o‘zgarishlar yuz berdi. 

Millionlab dollarlik korruptsiya mojarosi, dunyoning turli burchaklaridagi qalbaki kompaniyalar, Shveytsariya bank hisob raqamlaridagi pul yuvish, Jenevadagi mehmonxona va villalardagi tintuvlar. O‘zbekistonning birinchi prezidenti, 2016 yilda vafot etgan Islom Karimovning qizi 2013 yildan buyon Shveytsariyadagi sudga tortilgan.  

Nimada ayblanmoqda? Korruptsiya va o‘zbek bozoridagi telekommunikatsiya litsenziyalarini sotish bilan bog‘liq pul yuvishga aloqadorlikda. Qartaga Shveytsariya federal prokuraturasi tomonidan muzlatib qo‘yilgan 660 million yevrodan ortiq pul tikilgan. 

Karimova o‘z mol-mulki qaytarilishini talab qilmoqda, chunki bu pullar hozir unga juda kerak.  2014 yili u o‘z vatanida ayblanib, hibsga olindi va ko‘p yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. U bu pulni muddatidan oldin qamoqdan chiqish uchun sarflashga umid qilmoqda, deb xabar beradi Amerikaning “Ozodlik” radiosi.  

Biroq turli mahalliy va xalqaro nodavlat tashkilotlar ushbu aktivlar haqli ravishda O‘zbekiston fuqarolariga tegishli, deya da'vo qilishmoqda va ularning tezroq O‘zbekistonga qaytarilishini talab qilishmoqda. 

2020 yilning kuzida Karimova muhim g‘alabasini qo‘lga kiritdi, shu bois, muzlatilgan mablag‘lar bo‘yicha sud qarorlari qayta ko‘rib chiqilishi kerak edi. Shveytsariya jinoyat ishlari bo‘yicha federal sudi endi Karimovaning ikki yaqin sherigiga nisbatan ilgari chiqarilgan hukmning qonuniymi yoki qonuniy emasligini ko‘rib chiqishi kerak. 

Karimovaning himoyachisi Greguar Manjaning so‘zlariga ko‘ra, ularning iqrori O‘zbekiston hukumati bosimi ostida olingan va shu sababli qonuniy kuchga ega emas. 

Ayni bir vaqtning o‘zida Shveytsariya O‘zbekiston bilan korruptsiya sababli o‘g‘irlangan mablag‘larning O‘zbekistonga qaytarilishini tartibga solish bo‘yicha shartnoma imzoladi.  

Buning sababi shundaki, konfederatsiya bu kabi “noqonuniy mablag‘lar”ning Shveytsariya moliya bozori tomonidan suiiste'mol qilinishining oldini olish maqsadida ular tezroq qaytarilishini qo‘llab-quvvatlamoqda. 

Ammo Shveytsariya tarixidagi eng katta pul yuvish jinoyati qanday sodir bo‘ldi?

Shirinlik qutisidagi millionlar

2012 yil iyun oyida Shveytsariyaning Jenevadagi “Lombard Odier” banki filialida g‘alati voqea yuz berdi. Dastlab Shveytsariyaning Handelszeitung gazetasida e'lon qilingan xabarga ko‘ra, o‘zbek ayoli bankka kelib, Gibraltardagi shubhali kompaniya hisob raqamiga kirishni so‘raydi.  

Vakolatli shaxslar ro‘yxatiga kiritilmagani sababli uning iltimosi rad etiladi.  Hisobning asosiy egasi o‘zbek estrada yulduzi va Karimovaning sobiq fuqarolik eri Rustam Madumarov edi. 

Uch kun o‘tib ayni holat takrorlanadi, bu safar O‘zbekistondagi Coca-Cola shirkati menejerlari o‘z hisob raqamiga pul o‘tkazishni istashadi. Bu harakatdan shubhalangan xodimlar Shveytsariyaning pul yuvishga qarshi kurashish idorasi (MROS)ga murojaat qilishadi. 

Madumarovning allaqachon xalqaro qidiruvda ekani aniqlanadi  va Shveytsariya Bosh prokuraturasi uning “Lombard Odier” va Shveytsariyaning boshqa banklaridagi hisob raqamlarini muzlatadi. Shubha – yirik miqdordagi pulni yuvish. 

Ayni bir vaqtning o‘zida O‘zbekistondagi Coca-Cola shirkati menejerlari Shveytsariya politsiyasi tomonidan Jenevadagi mehmonxonada hibsga olinadi va o‘zbek hukumatiga topshiriladi. Politsiya tomonidan qo‘lga kiritilgan dalillar shuni ko‘rsatadiki, pul yuvish ortida aslida Madumarov emas, balki Karimovaning o‘zi turgan. 

Biroq O‘zbekistonning BMT va Jenevadagi boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili sifatida u boshidanoq diplomatik immunitetga ega edi. Shveytsariya Bosh prokuraturasi (ShBP) keyinchalik uni immunitetdan mahrum qilish to‘g‘risida qaror chiqaradi va 2013 yil sentyabr oyida unga qarshi tergov o‘tkazadi. 

“O‘zbekistondagi telekommunikatsiya bozorida gumon qilinayotgan noqonuniy operatsiyalar jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga oid jinoyat deya ko‘riladi. ShBP tekshiruvining boshlang‘ich nuqtasi Shveytsariyada tegishli aktivlarning mavjudligi hisoblanadi”, deyiladi prokuratura bayonotida. 

Bu ish Shveytsariyadagi pul yuvish bilan bog‘liq eng shov-shuvli janjallardan biriga aylanadi:  800 milliondan ortiq Shveytsariya franki (660 million yevro) muzlatib qo‘yiladi, ShBP Karimovaga yaqin shaxslarning qimmatbaho buyumlari va ko‘chmas mulklarini musodara qiladi,  politsiya esa unga tegishli seyflardan birida saqlangan pechene qutisidan 2,8 million yevro ekvivalentidagi pul va 6,5 ​​million yevrolik zargarlik buyumlarini topadi. 

Keyin Shveytsariya federal prokuraturasi musodara qilingan mablag‘ Karimova va Shvetsiya hamda Niderlandiya telekommunikatsiya kompaniyalari o‘rtasidagi noqonuniy shartnomalardan kelib chiqqanini tasdiqlashi mumkin edi va bunga muvaffaq bo‘linadi.

Telekommunikatsiya litsenziyalariga oid nopok bitimlar

Mobil aloqa tarmoqlari jadal rivojlanishi ortidan O‘zbekiston kabi mamlakatlarda smartfonlardan foydalanish tobora ommalashishi sababli aloqa infratuzilmasini modernizatsiyalash maqsadida xorijiy investorlarga telekommunikatsiya litsenziyalarini berish keng qo‘llaniladigan tajribadir.  

Odatda ushbu litsenziyalar telekommunikatsiya sohasini tartibga soliuvchi mustaqil idora tomonidan o‘tkaziladigan tender savdolar orqali berilishi kerak.  

Biroq Davlat jinoyatchiligiga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro tashabbus tashkiloti hisobotiga ko‘ra,  O‘zbekiston telekommunikatsiya sohasi 2003 yildan beri Karimovaning ishonchli qo‘lida bo‘lgan. 

U litsenziyalash jarayoniga bevosita ta'sir ko‘rsatgan va qaysi kompaniyalar foydali litsenziyalarni olishini shaxsan o‘zi hal qilgan. Unga pora bermaganlar quruq qolib ketishgan yoki allaqachon sotib olingan litsenziyalaridan mahrum bo‘lishgan. 

Shunday qilib,  turli kompaniyalar,  jumladan, Shvetsiyaning Teliasonera (hozirgi Telia) va Niderlandiyaning VimpelCom (hozirgi Veon) kompaniyalari o‘zbek litsenziyalarini raqobatsiz va ozroq moliyaviy xarajatlar evaziga sotib olishdi.  

Ular mablag‘ni Gibraltarda ro‘yxatdan o‘tgan “Takilant Ltd” nomli soxta kompaniyaga to‘lashdi,  uning egasi Gayane Avakyan Karimovaning yaqin sherigi edi. Teliasoneraning o‘sha paytdagi rahbarlari shu kungacha jazosiz qolishmoqda va 2021 yil fevralida Shvetsiya sudi oqlov qarorini o‘z kuchida qoldirdi. 

Karimova o‘zi uchun telekommunikatsiya kompaniyalari tomonidan beriladigan porani yuvish sxemasini ishlab chiqdi: uning L’Office o‘zbek kompaniyasi asosan Shveytsariyada joylashgan subpudratchilarning butun boshli tarmog‘ini yaratishni muvofiqlashtirdi.  

Takilant Ltd va Shveytsariya kompaniyalari bitimlar uchun bahona sifatida turli konsalting shartnomalarini ko‘rsatib,  o‘zaro hisoblar orqali millionlarni o‘tkazishdi.  

“Pul o‘tkazmalarini faqat ularni yashirishga xizmat qiladigan kompaniyalar tarmog‘i orqali murakkab yo‘llar bilan amalga oshirish muhimdir”, deyiladi L’Office strategik hujjatlarida. 

Ushbu sxema bo‘yicha pul yuvishdan keyin subpudratchilar ko‘chmas mulk,  zargarlik buyumlari va moda buyumlarini sotib olishadi. Bularning hammasi Karimovaning shaxsiy boyligi va ta'sir doirasini oshirish maqsadida qilinadi.

Saltanatning ag‘darilishi

Shveytsariyadagi voqealar Karimovaning vatanidagi mavqeiga ham ta'sir ko‘rsatdi. Garchi u uzoq vaqt prezident otasining potentsial vorisi deb hisoblangan bo‘lsa-da,  bir vaqtning o‘zida u raqib ta'sir guruhlarining noroziligi ostiga tushib qoldi va siyosiy jihatdan tobora yakkalanib qoldi.  

Otasi ham undan uzoqlashgandan so‘ng uning raqiblari, jumladan, O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatining (MXX) o‘sha paytdagi rahbari Rustam Inoyatov, hozirgi prezident Shavkat Mirziyoev (o‘sha paytdagi bosh vazir) va keyinchalik moliya vaziri Rustam Azimov fursatdan foydalanib, Karimovani lavozimidan chetlashtirdilar: 2014 yil fevral oyida MXX uni uy qamog‘iga jo‘natdi.

UzInvestigations tashabbus guruhi hamraisi Kristian Lasslet Karimovaning ishini quyidagicha izohlaydi: “Oxir-oqibat Karimova iqtisodiy va siyosiy hokimiyatni egallashga kirisharkan, haddan tashqari o‘ziga ishonib yubordi, raqobatchilariga qarshi kelajakdagi uzoq muddatli pozitsiyasini mustahkamlay olmadi”. 

Keyinchalik Avakyan, Madumarov va Karimovaning boshqa sheriklari ham hibsga olingan va bir necha yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. Karimovaning o‘zi ham hibslardan taxminan bir yil o‘tib, 2015 yilning avgustida besh yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. 

Karimovaning qizi Imon Guardian gazetasiga sud jarayoni ular yashaydigan uyning oshxonasida bo‘lganini bildirgan, onasi hibsga olingan paytdan beri u o‘sha yerda edi. 

Biroq Karimovaning sudi tafsilotlari 2016 yil dekabrda u Shveytsariya prokuraturasi tomonidan tergovi davom etayotgan pul yuvish jinoyati munosabati bilan so‘roq qilingan paytdagina ma'lum bo‘ldi. 

Mustaqil manbalar Karimova hibsga olingan 2014 yildan beri qaerda ekani haqida ilk bor xabar berishga muvaffaq bo‘lishdi, deb yozadi The Wall Street Journal. U 2016 yil avgustida vafot etgan otasining dafn marosimida ishtirok eta olmadi, hatto uning hamon tirikligiga shubhali taxminlar paydo bo‘ldi.

O‘shandan beri prezidentning qizi hayotidan bironta iz ham qolmadi: 2017 yilning dekabrida uning besh yillik uy qamog‘i tezlik bilan 10 yillik qamoq jazosiga almashtirildi, deya xabar berdi The Diplomat nashri. 

2018 yil aprel oyida u bir yil mobaynida ilk bor shveytsariyalik davlat himoyachisi Manja bilan uchrashishga muvaffaq bo‘ldi, deb xabar beradi “Ozodlik”. 

Neue Zürcher Zeitung gazetasiga keltirilgan intervyusida u mijozi “oqilona yechim”ga erishish uchun “yon berishga” tayyorligini ta'kidladi. Biroq bundan avval, 2019 yilning mart oyida Karimovaning uy qamog‘i muddatidan ilgari tugatilgan va u tag‘in qamoqxonaga ko‘chirilgan. Rasmiy sabab uning 2018 yildan beri yashab kelgan uyidan ruxsatsiz chiqib ketishi edi.

“Ozodlik”ning boshqa bir xabariga ko‘ra, 2020 yil fevral oyida Karimova instagram orqali O‘zbekistonning amaldagi prezidenti Mirziyoevga murojaat qilib, Shveytsariyada muzlatilgan pulni berish evaziga uni zudlik bilan ozod etishlarini so‘raydi. 

Bir oy o‘tib, 2020 yilning martida Karimova uchinchi jarayon bo‘yicha tag‘in 13 yilga ozodlikdan mahrum qilinadi. Ayblov, The Diplomat nashriga ko‘ra, tovlamachilik va pul yuvish bo‘lgan.

Ayni paytda Shveytsariyada

Shveytsariya federal prokuraturasi ham bo‘sh turgani yo‘q: 2018 yil may oyida u dastlab Madumarov va Avakyanga qarshi ikkita hukm chiqardi. Ularning ikkalasi ham o‘sha paytda O‘zbekistonda qamoq jazosini o‘tayotgan va ayblarini tan olishgan edi. 

Shveytsariyada muzlatilgan aktivlar endilikda imkon boricha tezroq O‘zbekistonga qaytarilishi kerak edi. 

Biroq Manja bu qadamlarni tanqid qildi. Chunki “jinoiy buyruqlar adolatli sudlov va Gulnora Karimovaning teng muomala huquqining jiddiy buzilishidir”, dedi advokat Neue Zürcher Zeitung am Sonntag gazetasiga 2018 yil iyun oyida bergan intervyusida. 

Bundan tashqari, “iqrorlar O‘zbekiston hukumati bosimi ostida olingan va shu sababli qonuniy kuchga ega emas”, dedi Manja “Xalqaro amnistiya” tashkiloti hisobotiga ishora qilib. 

Unga ko‘ra, o‘zbek hukumati muntazam ravishda o‘z aybiga iqror bo‘lish uchun qiynoqlardan foydalanadi. “E'tiroflarning ixtiyoriyligi to‘g‘risida katta shubhalar mavjud», dedi u Neue Zürcher Zeitung am Sonntag bilan suhbatida.

Oradan bir oy o‘tib, 2018 yil iyun oyida Takilant Ltd kompaniyasi sud jarayonlarida ishtirok etib, hukmlar qayta ko‘rib chiqilishini yana bir bor talab qiladi. 

2019 yil aprel oyida Shveytsariya sud tizimida ilk muvaffaqiyatsizlik yuz beradi: Shveytsariya Bosh prokuraturasi vakili Patrik Lamont noxolis deb e'lon qilinadi. Chunki 2018 yil sentyabr oyida u O‘zbekiston prokuraturasi vakillari bilan uchrashgan. Natijada u Karimova ishidan chetlashtiriladi.

2020 yil oktyabr oyida yana bir muvaffaqiyasizlik yuz beradi: Bellinzona federal jinoyat sudining apellyatsiya palatasi apellyatsiya shikoyatini qondiradi, unga ko‘ra, Manja emas, balki Karimovaning o‘zi sudda Takilant Ltd vakili bo‘lish huquqiga egadir. 

Federal jinoyat ishlari sudiga ko‘ra, bu Takilant Ltd kompaniyasining 2018 yilgi apellyatsiya shikoyati qanoatlantirilishi kerakligini anglatadi. Avakyan va Madumarovga nisbatan chiqarilgan hukmlar qayta ko‘rib chiqilishi kerak.

Bunga parallel ravishda 2020 yil kuzida Shveytsariya va O‘zbekiston muzlatilgan mablag‘lar to‘g‘risida qo‘shma memorandum e'lon qiladi. Unda aytilishicha, aktivlar to‘liq O‘zbekistonga qaytarilishi kerak, chunki ular Shveytsariyaga noqonuniy kirib kelgan va barchasi o‘zbeklarga tegishli. 

Biroq repatriatsiya shartlari, xususan, bu mablag‘ning aholiga foyda keltirishini qanday ta'minlash kerakligi aniqlanmagan. Memorandumga muvofiq, shaffoflik, hisobdorlik va restitutsiya jarayonining monitoringi kafolatlanishi kerak. 

O‘zbek xalqi farovonligi uchunmi?

2017 yilda Kristian Lasslet o‘z hisobotida Karimovaning aktivlari haqli ravishda O‘zbekiston xalqiga tegishli ekanini ta'kidlagan edi. Biroq bu mablag‘ni yurtga qaytarish faqat buni demokratik yo‘l bilan amalga oshirilishini nazorat qiluvchi mustaqil fond tashkil etish orqali kafolatlanadi. O‘zbekiston jamiyatida va siyosatida korruptsiya hanuzgacha hukm surayotganligi sababli muassasalar bu vazifani hal qila olmayapti.

Ushbu qarashni O‘zbekiston aktivlarini tiklash tarmog‘i, turli mahalliy va xalqaro nodavlat tashkilotlar koalitsiyasi (UARN) ham qo‘llab-quvvatlaydi. 2020 yil mart oyida imzolangan memorandumda UARN Shveytsariya Konfederatsiyasini restitutsiya jarayonida O‘zbekiston bilan muzokaralarda mutlaqo oshkoralik va hisobdorlikni saqlashga chaqirdi va ushbu mablag Karimovaga qaytarilmasligi kerakligi to‘g‘risida ogohlantirdi.

Shunday qilib, 2020 yil kuzida Shveytsariya va O‘zbekiston o‘rtasidagi qo‘shma deklaratsiya UARN vakillari tomonidan sinchkovlik bilan tahlil qilindi. Ular Shveytsariya ilgari faraz qilingan yutuqlarga tayanmasligi kerakligini ta'kidladilar. 

Xususan, shveytsariyalik siyosatchilar talon-taroj qilingan mablag‘larni vataniga qaytarish yuzasidan ijobiy misol sifatida Qozog‘iston va Shveytsariya o‘rtasidagi 2012 yilgi shartnomani eslashni xush ko‘rishadi. 

UARN bu kelishuv muvaffaqiyatsizlikka uchradi, deb hisoblaydi. Chunki ma'lum bo‘lishicha, fondni nazorat qilish topshirilgan shaxslar iqtidordagi “Nur Otan” partiyasiga yaqin bo‘lishgan.

Bunday holatning oldini olish uchun O‘zbekiston misolida xolisona nazorat qiluvchi organga mamlakatga qaytarilgan mablag‘larni boshqarish huquqini berish kerak. Mustaqil nodavlat notijorat tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari ushbu nazorat organining ishini diqqat bilan kuzatib borishi va doimiy shaffoflikni talab qilishi lozim.

O‘zbek xalqi chindan ham shirinliklar qutisidan millionlarni ololadimi yoki Qozog‘iston voqeasi yana takrorlanadimi, bu aniq emas. Karimovaning o‘zi hali taslim bo‘lganicha yo‘q va mol-mulkini sud orqali qaytarib berishlarini talab qilishda davom etmoqda.

Eltuz tarjimasi

Original Deutsch https://novastan.org/de/usbekistan/die-schweiz-vs-gulnara-karimova-neue-entwicklungen-in-der-geldwaesche-affaere/?noredirect=de-DE

Tag‘in o‘qing
14 mart 2018
Rassom Kirpi Eltuz.com
24 noyabr 2016
«Hurriyat» gazetasida (23.11) gazetasida «Munozara uchun mavzu» rukni ostida «Fan biznesmi yoki ilm?» sarlavhali maqola chop etildi. Maqola O‘zbekiston ...
20 dekabr 2019
Mabodo Jumanazar aka borib kelgan o‘zga sayyora vakillari O‘zbekistonga kelib qolsa, o‘zlarining tarmog‘ida nimalarni yozgan bo‘lishardi? Qandaydir odamlar katta ...
20 aprel 2017
Taniqli jurnalistlar Shuhrat, Qudrat va Xurmat Bobojonovlarning Urganch tumanida yashovchi onasi Shukurjon Madrahimovaning aytishicha, u 18 aprel kuni o‘z ...
Bloglar
26 noyabr 2022
Nukusdagi voqealarni o‘rganish bo‘yicha parlament komissiyasi taklifi va Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi iltimosnomasiga ko‘ra, namoyishlarda qatnashib ...
3 noyabr 2022
1906 yilning 3 noyabrida Germaniyaning Berlin shahrida o‘tgan Xalqaro radiotelegrafiya anjumanida SOS signali halokatni bildiruvchi ...
1 noyabr 2022
Ulug‘ o‘zbek shoiri va muholifat lideri Muhammad Solih bilan suhbatning 11-qismi Turk birligi g‘oyasi va ...