Yangiyo‘ldagi maktab o‘qituvchilari vaktsina olishga majburlanmoqda
Yangiyo‘l shahridagi 1-umumta'lim maktabi o‘qituvchisi maktab mutasaddisi Umida Sattorova muallimlarni koronavirusga karshi vaktsinani olishga majburlayotgani, aks holda ishdan haydash bilan tahdid qilayotgani haqida «Eltuz»ga bildirdi.
«Eltuz» suhbatlashgan o‘qituvchiga ko‘ra, ulardan o‘zbek-xitoy ZF-UZ-VAC2001 vaktsinasini olish talab qilinmoqda. U, shuningdek, maktab o‘qituvchilarining teng yarmi bu vaktsinani olishga qarshi ekanini aytdi.
“Men umuman vaktsina olishga qarshiman. Ayniqsa, Xitoy va Hindiston vaktsinasi haqida yomon xabarlar bor. Vaktsinatsiya ixtiyoriy bo‘lishi kerak”, dedi «Eltuz» bilan suhbatlashgan yangiyo‘llik o‘qituvchi.
Aprel oxirida O‘zbekistonga yana 1 million doza miqdorda ZF-UZ-VAC2001 vaktsinasi olib kelindi. Vaktsinaning 1 million dozalik avvalgi partiyasi 27 mart kuni keltirilgan edi.
Hozirgi kungacha emlanganlarning 46 foizi aynan ushbu vaktsinadan olgan. 17 mart kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida SES rahbari Bahodir Yusupaliev o‘zbekistonliklar biror vaktsinani olishga majbur emasligini ma'lum qilgan edi.
Eltuz.com