Multimedia
7 may 2021

Imperativ-25. Pastkashlik kompleksi

(Shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobining 25-qismi. Matnning audioversiyasini muallifning o‘zi o‘qigan. Audiokitobning boshi va oldingi qismlari “Eltuz”ning “Imperativ” ruknida. Davomi bor.)

Hech inglizlarning «Boshda kepkam, yuradirman g‘o‘ddayib», degan tahdidini eshitganmisiz? Albatta, eshitmadingiz, eshitmaysiz ham.

Ular dunyoning yarmini yuzlarida sovuq tabassum bilan bosib oldi.

Surgunga quvganimiz shoh Boburning Hindistonda insho etgani 300 yillik saltanatni yiqar ekan, ularning yuzlarida sovuq jilmayishdan boshqa hech bir ifoda yo‘q edi.

Ular Arabistonda ajdodlarimizning boshqa bir urug‘i (o‘g‘uz) qurgan Usmoniylar imperiyasini yiqayotganida ham Qirollik yuzida ayni ifoda bor edi. Buni mashhur ingliz josusi Lourens haqidagi filmda ko‘rgandirsiz.

Biz nega inglizlar qadar sovuqqon bo‘la olmadik dushmanlar qarshisida?

Qachon biz yengilishni qismat o‘laroq qabul eta boshladik?

Siynalarda bu pastkashlik kompleksi qachondan boshlab urchiy boshladi?

Amir Temurning vafoti aqobinda yiqilgan saltanatmidi cho‘kishning boshlanishi?

Shayboniy davlati edimi bizning so‘ng sapchishimiz?

So‘ngra millat va davlat sifatida parcha-parcha bo‘lish – qochib bo‘lmas qismatmidi haqiqatan ham? Xoinlar Toshkentning darvozalarini ruslarga ochib berayotganida Qo‘qon nega «To‘xta!» deya hayqirmadi; nega Buxoro amiri joriyalarning quchog‘idan chiqib, rusga «Hey, nima qilyapsan?» demadi; nega Xiva xoni chilimdan boshini ko‘tarib, dushman «Toshkentni ishg‘ol etdi, hamma jihodga!» deya oyoqlanmadi?

Pastkashlik kompleksining faqat qon bilan tozalanishini chuqur his etgan «bosmachilar» rus bosqinchisiga qarshi qo‘lidan kelganini qildi, ammo og‘izbirligi bo‘lmagani uchun hammasi halok bo‘ldi.

Qardoshlarimga jihodda yordam beraman, deb Turkiyadan Turkistonga kelgan general Anvar Posho ham bu parokanda ummatni, pastkashlik kompleksi qon-qoniga singib ketgan bu millatni zalolatdan qutqara olmadi. Bu kompleks har qanday dushmandan tahlikaliroq edi. Chunki dushman tashqarida, pastkashlik tuyg‘usi esa naq ko‘ksimizga yerlashgan edi.

Bu xastalikka qarshi kurashda jadidlar o‘z hayotlarini fido etdi.

Ammo ularning shahodati ham bizda dushmanga nisbatan kin uyg‘ota olmadi.

Aksincha, jadid kabi o‘ldirilishdan qo‘rqib, dushmanga madhiyalar yozdik. Bu it sadoqati uchun xuddi itlar musobaqasida g‘olib kelgan ko‘ppakka medal taqqaniday, bo‘ynimizga «xalq shoiri» medalionini osdilar.

Biz esa bu medalionlarni sollantirgancha shahid jadidlarning mozoriga borib, «Taqiqlangan kitobingni yaqinda chiqaramiz, rus ruxsat berdi, ruhing huzur ichida yotsin, shahidim!» deya nutqlar o‘qidik.

Biz haqorat va xo‘rlikka ko‘nikkan edik:

KO‘NIKISh

Shu qadar xijolat bo‘lardiki, sho‘rlik,

Ko‘zi tinib, hech narsa ko‘rmasdi.

Uyat kuchli edi, kuchli edi xo‘rlik,

Yer yorilmas edi, yerga kirmasdi…

Odam har narsaga ko‘nikar ekan,

Ko‘nikib oldi u taqdirga

Endi yer yorilar edi uyatdan,

u bo‘lsa, kirmasdi yorilgan yerga! (1981)

Muhammad Solih

Tag‘in o‘qing
28 aprel 2020
Natsistlar Germaniyasi ittifoqchisi, yangi Rim imperiyasini qurish g‘oyasini ilgari surgan Yevropaning so‘nggi diktatorlaridan biri, duche (dohiy) Benito Mussolinining o‘limi ...
15 may 2019
Bir paytlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasiga o‘qishga kirayotganimda, hozirgi paytda Feysbukda ham ancha tanilib qolgan amaldorlardan ...
16 fevral 2021
Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida o‘nlab fermer, bog‘bon va dehqonlar hokimlik tomonidan imzolangan yer bilan bog‘liq hujjatlarni noqonuniy, deya iddao ...
18 may 2020
Prezident Mirziyoev qizining eri, prezident xavfsizlik xizmati raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarovning tug‘ilgan kuniga atab o‘zbek shou-biznesi va sport ...
Bloglar
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...