Asosiy mavzular
3 may 2022

Qo‘rg‘ontepada 500 dan ziyod tadbirkor ko‘chaga haydalmoqda

Andijonning Qo‘rg‘ontepa tumani buyum bozori viloyatning boshqa bozorlariga nisbatan ancha hamyonbop va gavjum. Shu bois, yo‘li uzoq bo‘lsa-da, boshqa tumanlarda yashovchi savdogarlar ham savdo-sotiq uchun Qo‘rg‘ontepa bozoridan joy olishadi. 

Ammo shu kunlarda bozorda faoliyat yuritayotgan savdogarlarning tinchi buzilgan. Sababi, bozorning Shahrixonsoy qirg‘og‘idagi qismida savdo qilayotgan tadbirkorlar joyidan haydalmoqda. 

– Bozorimizda katta mablag‘ evaziga savdo rastalari, yangi do‘konlar qurildi. Joyi yo‘q, ko‘chada noqonuniy savdo qiluvchi yoymachilar, savdogarlarga arzon narxlarda sotildi. 

Kam ta'minlangan, boquvchisini yo‘qotganlar hatto rastalar bilan tekin  ta'minlandi. Hali faoliyat boshlaganimizga bir oy ham bo‘lgani yo‘q. Endi joyni bo‘shatib, chiqib ketishimiz haqida gap-so‘zlar bo‘lyapti, – deydi tadbirkor Sanobar Sodiqova. 

Mazkur bozor Shahrixonsoy kanalining shimoliy qismida joylashgan. Ma'lum bo‘lishicha, “Hamkor baraka savdo lyuks” MChJ  kanalning bo‘sh  qirg‘og‘idan foydalanib turishga 7 yildan beri shartnoma qilib kelgan.  Ammo kutilmaganda kanal ma'muriyati himoya hududini bo‘shatish yuzasidan ogohlantirish xati yubordi.

– Agar hududni ochish kerak bo‘lsa, nega shuni endi aytishyapti? Nega biz betonlayotgan paytimiz indashmadi? Rastalarni qo‘yayotgan paytimiz, shuncha odam pul sarflashidan oldin  qaerda edilar? Odamlarni nima qilardi ovora qilib? 

500 ta do‘kon, 300 ta rasta. Bu kamida 800 ta oilaning tirikchiligi, degani! Kimdir tilla buyumlarini sotib, kimdir qarz-havola bilan bu do‘konlardan sotib olgan. Ularning shuncha sarf-xarajatlarini endi kim to‘lab beradi, – deydi kuyunib “Hamkor baraka savdo lyuks” MChJ rahbari Zikrillo Mo‘ydinov.

Shahrixonsoy irrigatsiya tizimi mutaxassisi G‘anijon Xo‘jamberdievning “Eltuz”ga aytishicha, shartnomani bekor qilish g‘oyasi Qo‘rg‘ontepa tumani hokimligiga tegishli. Kanal ma'muriyati esa tadbirkorlar bilan shartnomani davom ettirishga qarshi emas. 

“Hamkor baraka savdo lyuks” MChJ bilan bir necha bor sudlashgan tuman hokimligi suv xo‘jaligi vaziri nomiga kanalning himoya hududidagi buyum bozori uchun tadbirkorlar bilan tuzilgan shartnomani bekor  qilish va noqonuniy qurilmalarni bartaraf qilishda amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan. 

Qo‘rg‘ontepa tumani hokimi o‘rinbosari Doniyor Azimovning so‘zlariga ko‘ra, prezidentning joriy yil yanvardagi qarorida tumanda zamonaviy ko‘cha qurish nazarda tutilgan. 

“Loyihaga ko‘ra, Shahrixonsoy qirg‘og‘ida  piyodalar va velosipedchilar uchun yo‘lak qurilishi kerak. Biroq bu qurilishga mana shunday turli noqonuniy qurilmalar to‘sqinlik qilyapti”, dedi hokim o‘rinbosari “Eltuz” bilan suhbatda

Kanalning chap qirg‘og‘ida dehqon bozori ham joylashgan. Hozircha bu bozor bilan hech kimning ishi bo‘lgani yo‘q. Himoya hududiga faqat buyum bozori xalal beradimi? Dehqon bozori-chi? Loyihadagi veloyo‘lak-chi? Ular xalal bermaydimi? 

Bu savolga hokim o‘rinbosari: “Yo‘q, umuman xalal bermaydi. Kanalda ta'mirlash ishlari ketadigan bo‘lsa, texnika kirib bemalol ishlasa bo‘laveradi. Odamlar ham sayr qilsa bo‘ladi. Lekin noqonuniy do‘konlar xalaqit beradi”,  deb javob berdi.

Tuman hokimligi buyum bozorining nafaqat kanal qirg‘og‘ini egallab turgan qismi, balki maydoni ham noqonuniy egallab olinganini iddao qilmoqda. Tadbirkorning qo‘lidagi hujjatlar esa buning aksini ko‘rsatadi. 

– Kadastrimiz bor, texnik shartlar olganman, “Suvoqova”dan ham, Farg‘ona janubiy magistral kanalidan ham. Viloyat arxitektura boshqarmasidan ruxsatnomalar olingan. Mana, qo‘limda turibdi hammasi. 

Kanal bo‘yidagi rastalar esa muqim do‘konlar emas. Bular joyidan siljitib, ko‘chirib yursa bo‘laveradigan yengil metall konstruktsiyadan ishlangan. Xullas, noqonuniy hech narsa yo‘q bu yerda. Ammo bozordan non topayotgan 500 dan ziyod tadbirkorni ulug‘ ayyom kunlarda qaqshatish kimga kerak bo‘lganini tushunolmayapman, – deydi MChJ rahbari Zikrillo Mo‘ydinov.

Veloyo‘lak – yaxshi g‘oya. Biroq bu joyga mehnati va mablag‘i sarflangan tadbirkorlarning taqdiri nima bo‘ladi? Yangi g‘oyalar bilan to‘lib-toshgan tuman mutasaddilari insofga kelib, ishsiz, joysiz qolayotgan bozorchilar masalasiga jiddiy yondasharmikin!!? 

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
16 iyun 2016
Ahmadboy shirkatining tekshirilishi natijasida, Ozodlik radiosining bildirishicha, 13 milliard 138 million so‘m va 7 million 900 ming AQSh dollari ...
8 mart 2021
Rassom Elsevar Eltuz.com
3 oktyabr 2018
O‘zbekiston prezidenti ma'muriyati rahbari o‘rinbosari, prezidentning matbuot kotibi Komil Allamjonov egallab turgan lavozimidan ozod qilindi. Bu haqda “Eltuz” bilan ...
10 mart 2022
Berlinda joylashgan O‘zbekiston Inson huquqlari forumi tashkiloti 2021-yilda markaziy davlat tomonidan o‘rnatilgan Majburiy Mehnat topilmaganidan so‘ng, «Cotton campaign” koalitsiyasi ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...