Video
15 iyun 2016

Ibrohim Xalilning ramazon kulchalari

43 yashar novvoy ramazon paytida iftor uchun maxsus yumaloq kulchalar yopadi.

rasm1571
Shaharchadagi ro‘zadorlar o‘z iftor dasturxonida Ibrohim Xalilning “O‘tin ekmagi” bo‘lishini juda istashadi

Bu kulchalar odatdagidan mazali va odatdagidan arzon. Oddiy non bir lira 80 qurush bo‘lgan bu shaharchada Ibrohim Xalilning o‘tin yoqiladigan tandiridan chiqqan kulchaning narxi bor yo‘g‘i bir lira.

Shaharchadagi ro‘zadorlar o‘z iftor dasturxonida Ibrohim Xalilning “O‘tin ekmagi” bo‘lishini juda istashadi. Shu bois iftorga yaqin novvoyxona ichi “ekmaktalab”lar bilan liq to‘ladi.

Ibrohim Xalilning chiroqlari (shogirdlari) granit supa ustida zuvalani o‘qlov bilan yoyib novvoy tarafga irg‘itishadi. Samoda uchayotgan non zuvalalarini epchillik bilan ilib olgan novvoy ularni yog‘och kurakka qo‘yib tandir ichiga tiqadi.

Pishgan nonlarni ham kurak bilan chiqarib olib marmar lavh ustiga tashlaydi. Chaqqon shogirdlar issiq nonlarni oldin qog‘ozga o‘rab keyin esa to‘rvaga solib mijozlarga berishadi.

Tandirxonani liq to‘ldirgan mijozlar orasida bugungi Turkiyaning barcha qatlamlari vakillarini ko‘rish mumkin. Iste'fodagi turk harbiysi suriyalik qochqin bilan yonma-yon o‘tirib non chiqishini kutmoqda.

Ëg‘och o‘rindiqlarda kurd, gruzinlar bilan birga Iroq turkmanlari ham o‘tiribdi.

rasm1570
Novvoy oq partiya saylov avtobusiga tosh otgan kurd shogirdlarini ishdan haydab yuborganini aytadi

Suryoni, alaviy va salafiylar yonida sotsial demokratlar ham non kutmoqda. Tandir olovida yanoqlari yal–yal yongan Ibrohim Xalil ramazon kunlarida iftor dasturxoni uchun non yetkazib berish uchun shoshib qolayotganini aytadi.

“Mijozlarni hammasi iftordan besh daqiqa oldin tandirdan chiqqan issiq non istashadi. Tandir bitta – odam esa ko‘p. Men non yetkaza olmayapman. Iftor dasturxonida issiq non bo‘lsin degan talab bir ritualga aylantirilgan. Aslida bir dona xurmo, bir kosa suv yoki tuz zarrasi bilan ham iftor ochiladi”, – deydi novvoy.

Ramazonning ilk kunida Istanbulda portlash sodir bo‘lganida Ibrohim Xalil o‘z davlatiga hamdardlik timsoli o‘laroq novvoyxonasi ustiga turk bayrog‘ini osib qo‘ydi.

“Bu portlashlar iqtidordagi oq partiya olib borgan bemaza siyosat mevasi” der ekan, novvoy Turkiya prezidenti Erdo‘g‘onning asabiy ritorikalari bilan to‘lgan gazetalarni g‘ijimlab olovga tashlaydi.

“Bu gazetalar faqat tutantiriqqa yaraydi”, – deydi novvoy. Ayni paytda novvoy oq partiya saylov avtobusiga tosh otgan kurd shogirdlarini ishdan haydab yuborganini aytar ekan, toqat va sabr siyosatda muhim omil ekanligini ta'kidlaydi.

taratatam
Ibrohim Xalil siyosatdan ko‘ra futbolni, futboldan ko‘ra og‘ir navo turk qo‘shiqlarini sevadi

Aslida Ibrohim Xalil siyosatdan ko‘ra futbolni, futboldan ko‘ra og‘ir navo turk qo‘shiqlarini sevadi.

“Ichim to‘la qo‘shiq. Elliginchi yildan beri Turkiyada qanday qo‘shiq aytilgan bo‘lsa hammasini azbar bilaman” deydi novvoy. Rossiyada “Ugaday melodiyu” degan ko‘rsatuv bor. Qo‘shiqni bitta notasini eshitiboq qaysi qo‘shiq ekanligini topish o‘yini. Shunaqa o‘yin Turkiyada bo‘lsa Ibrohim Xalil birinchi o‘rinni olgan bo‘lar edi.

“Qo‘shiq odamlarni birlashtiradi futbol esa ularni taraflarga ajratadi” degan novvoy Eltuz.com mushtariylari uchun qo‘shiq hirgoyi qilib berdi.

Menimcha Turkiyaning Suriya bilan chegaradosh shaharcha ahlini qo‘shiq emas, Ibrohim Xalilning ramazon kulchalari birlashtirmoqda.

Abdujamil Do‘stmuhammad
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
30 yanvar 2017
Andijon viloyat hokimligi qaroriga ko‘ra, 1 fevraldan boshlab shaharda “Damas” rusumidagi avtomashinalar yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanmaydi. Viloyat hokimi ...
14 aprel 2017
Samarqanddagi mobil muxbirlar, Oqilovning uyi surati, videosi va uning yaqinlari haqidagi maqolani e'lon qildi. Oqilov yashagan mahalladagilar, nashr muxbiriga ...
26 oktyabr 2015
Samarqandning Urgut tumanidagi maktablardan birida esa bolalarini Hayit namoziga olib bormaslik haqida ota-onalardan tilxatlar olingan, talabni buzganlar 15 minimal ...
17 mart 2023
Aziz og‘a ini, opa singil qadrdonlarim. Mana xafta aylanib siz bilan birgaman.  Matchon Suqilish: Nichiksizlar mo‘chchi oybika ham xo‘jik ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...