Asosiy mavzular
11 sentyabr 2020

RTdan va'z: Yaxshi erkaklar qanday ko‘payadi?

Yaxshi erkaklar qanday ko‘payadi? Sarlavhani eshitib yuzingizga tabassum yugurdi har holda. Tabassum haqida gapirsam.  Tabassum artilleriyadan ham, otliq askarlar va tank diviziyasidan ham kuchli qurol. Sizni g‘ajib tashlamoqchi bo‘lgan odamga tabassum qilsangiz, u  talmovsirab qoladi.

Xoxolab kulish, tirjayish yoki kesatiqli iljayish emas. Oddiy tabassum. Zotan, oldingizda turgan va hayot mashaqqatlaridan charchagan, otasi o‘lgan, onasi koronavirusga chalingan, umri  xo‘mraygan sho‘rtumshuqlar orasida o‘tgan odam uchun tabassum xuddi bulut  ostidan chiqqan quyosh kabi tansiq va issiq.

Eng yaxshi odamlar sening yuzingga kulgi ato qilgan odamdir. Birovning ishtoni tushib ketsa ham kulish mumkin. Ammo men aytayotgan narsa boshqa.

Masalan, kecha bir qiz kafedagi stol ustida  karmonini qoldirib ketdi. Men karmonni olib uning ortidan sekin yurdim. Yuz metr yurgach, qiz karmoni yo‘qolganini bilib dahshatga tushdi.

Chunki karmon ichida uy kaliti, bank kartasi, kimlik hujjati, hamda oylik yo‘l chiptasi bor edi. Men unga qarab jilmaydim va karmonni berdim. Qiz ham jilmaydi. Ko‘nglim ham ravshan bo‘ldi.

Agar siz g‘amgin bo‘lsangiz, miskinlarni o‘ylang. Empatiya deyiladi bu. Siz eshitayotgan musiqani eshitishdan mosuvo karni yoki siz ko‘rayottan olamni ko‘rish baxtidan benasib ko‘rni o‘ylang.

Issiq uyda o‘tirar ekansiz, boshpanasi yo‘qlarni o‘ylang. Bolangizning boshini silar ekansiz, bolasi daryoda cho‘kib o‘lgan ota yo ona ichidan nima kechishini o‘ylang. Darrov o‘zingizning baxtli va shodmon ekaningizni bilasiz.

Eng katta bayram odamning ichidagi bayramdir. Tabassum qiling. Dunyo biz o‘ylagandan ko‘ra yaxshi.

Namangandagi junli maxluqlar

Namanganda junli maxluqlar kechqurun kelib, qizlarning ishtonini o‘g‘irlab ketishdi, degan gap chiqdi. Bu  maxluq qani, deb internet titkilasam, Namanganda bir qizning ikki shilqim erkakni o‘larday do‘pposlagani haqida ma'lumot chiqdi.

Voqea mana bunday bo‘lgan. Namanganlik ikki ramaqijon nimjon bola «Spark» degan o‘limtik mashinada kelib, shortik mayka kiygan talaba qiz Gulsanam Alijonovaga gap otadi. Gapiga yarasha javob olganidan keyin to‘yib ovqat yemaganidan bo‘yni ichiga kirib ketgan bitta yigit qizning maykasidan tortib shilqimlik qiladi. Bittasi kelib, tirnog‘i olinmagan kir qo‘li bilan qizni belidan quchoqlaydi.

Ana shunda asrimizning bu go‘zal voqeasi ro‘y berdi.

Qiz bittasining qanshariga, yana bittasining esa choti orasiga aylantirib tepdi. Ikki yigit ikki tarafga qarab uchib ketdi.

Namanganlik yigitchalar shilqimlik qilgan qiz taekvondo bo‘yicha sport ustasi edi.

Ikki yigitni urib yer bilan bir qilgan Gulsanam 23 yoshda, hozir Namangan davlat universitetining jismoniy madaniyat yo‘nalishi sirtqi bo‘limida 3-bosqichda tahsil oladi.

Oilada 6 nafar farzandning kenjasi. Boks, karate bilan shug‘ullangan. Ikki yildan beri taekvondo WTF bo‘yicha mashg‘ulotlarga qatnab keladi. Shu yo‘nalishda O‘zbekiston birinchiligi sovrindori, «Namangan open» turniri g‘olibi. 2020 yil bahor oyida Turkiyada bo‘lib o‘tgan xalqaro musobaqa ishtirokchisi.

Yigitlar bo‘lsa, yugurib milisaga borib yig‘lab-siqtashdi. Gullar shahri Namangan yigitlarining ko‘zidagi yoshiga IIB xodimlari chidab tura olishmadi. Milisalar ham qo‘shilib yig‘lashdi. Qani adolat deyishdi ular kabinetda osig‘liq turgan Mirziyoev rasmiga qarab.

Xullas, hozir mazkur holat yuzasidan Norin tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Gulsanam Alijonovaga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi «g» bandi (jamoat tartibini saqlash vazifasini bajarib turgan hokimiyat vakili yoki jamoatchilik vakiliga yoxud bezorilik harakatlarining oldini olish chorasini ko‘rgan boshqa fuqarolarga qarshilik ko‘rsatib sodir etilgan bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Balki bu qiz qamalar, ammo nomusi toptalgan yigitlar ruhiga berilgan zarba unutilarmikin. Namanganlik bechora bu ikki yigit ko‘chada qizlarni ko‘rsa, qaltirab qo‘rqadigan ruhiy kasalga duchor bo‘libdi. Nega mamlakatda erkak zotini himoya qiladigan qo‘mita yo‘q?

Bunday ketaversa, yaxshi erkaklar qanday ko‘payadi? Bu savol javobini xabarlardan so‘ng qidirsak.

Xabarlar

Har bir ayolu erkakning shkafida skeleti bor. Bu majoziy gapning ma'nosi – har kimning boshqalardan bekitgan siri bor. Fuzuliy aytganidek, «Bu pinhon nuktani sirridan ogoh o‘londin so‘r».

Gapning qisqasi, yana Samarqand. 2020 yilning 3 sentyabri. Samarqandlik 42 yoshli S.N. ismli ayol tanishi, 43 yoshli F.A. ismli ayol telefonidagi suratlarni qo‘lga kiritadi. Suratlarda sag‘al yupqaroq kiyingan ayol undan ham yupqa kiyingan erkak bilan layli- majnun va sabbaiy sayyor pozasida turgani aks etgan (rasmlar ko‘p va pozalar ham turli. Masalan ko‘ppak pozasi bor).

Birovning sirini qo‘lga kiritgan S.N. dugonasini shantaj qilib, «rasmlarni qarindoshlaringga ko‘rasataman, internetda chiqaraman», deb qo‘rqitadi.

«3000 ko‘kidan bersang, quduq bo‘lib siringni yashiraman» deydi yashshamugur «dugona».

Bechora F.A. bo‘lsa oltin isirg‘asini sotib, zo‘rg‘a 2200 dollarni o‘rtaga keltiradi.

«Davay», deydi «dugona».

Ammo o‘sha paytda, ya'ni shantajchi pul olayotgan paytda o‘rtoq Bobojonovning shortik kiyib, taxta to‘qmoq ushagan bodring mirshablari kirib kelib, «To‘xta!!! Mamlakatda qonun va odalat ustivor», deydi.

Qarab tursang, hind kinosining o‘zi.

Shantajchi xotinga Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Opaginam Zangiotada sro‘k motat qilganida, albatta, Yulduz hoji bilan Rustamxo‘ja kelib ashla etib ketadi. Ag‘i amnistiya.

Hurmatli ayollar, ishtonsiz rasmlaringiz bo‘lgan telefonni qarovsiz qoldirmang. Kim biladi deysiz. Ishonmagin do‘stingga, somon tiqar po‘stingga.

Vobkentlik 50 yashar amaki umri bo‘yicha nimalarni o‘marmadi. Bir marta parkdagi skameykani o‘g‘irladi. Xatto qo‘shnisining pishib turgan ovqatini qozoniga qo‘shib o‘mardi. Bir kuni bu o‘g‘ri vatandoshning nazari “Rabotoxun” MFY da joylashgan kislorod ishlab chiqarish shaxobchasida o‘rnatilgan uskunaga tushdi.

64 yashar tog‘aning 306.311.700 so‘mlik kislorod ishlab chiqarish uskunasini yelkasiga ortgan o‘g‘ri uyiga qarab jildi.

Kambag‘alning uyi kuysa kuysin, kislorod ishlab chiqarish uskunasi o‘g‘irlanmasin. Axir bu uskuna ortidan butun bir xo‘jalikning qozoni qaynaydi.

Kislorodchi tog‘aga o‘rtoq Bobojonovning chaqqon mirshablari yordamga keldi.

Mazkur holat yuzasidan Vobkent tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi (o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. O‘g‘ri qamoqda.

Bundan buyon o‘zbek mirshablari ish joyida diniy ibodat qilishiga izn berildi. Ammo hujjatda qaysi din ekani aytilmagan. O‘zbekiston ko‘p konfessiyali davlat.

Demak milisa ish vaqtida besh mahal namoz o‘qishi, bo‘yniga zunnor osib cho‘qinishi yoki tangri va buddaga topinishi mumkin. Pasxada yumurto bo‘yashi mumkin. Istasa, uch-to‘rttasi bo‘yniga gulchambar taqib, ko‘z suzib «xari krishna», deb raqsga ham tushishi mumkin. Menimcha, to‘g‘ri qaror. Bekor telefonda porno ko‘rib o‘tirgandan ko‘ra, toat-ibodat bilan shug‘ullanishsin. Milisalarga oid madaniyat saroylarining bittasini cherkovga, yana bittasini kanisoga aylantirsa ham maqsadga muvofiq bo‘ladi. Diniy bag‘rikenglikka nima yetsin.

Prezident Shavkat Mirziyoev 31 avgust kuni mamlakat mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirda niqob taqish zarurligini uqtirdi.

Ammo Mirziyoevning o‘zi niqob taqmaydi. Tojikiston prezidenti Imomali Sharipovich va uning valiahd o‘g‘li Rustam ikkinchi ikkinchi ham niqob taqadi. Germaniya kantsleri Merkel, Frantsiya prezidenti Makron ham. Ammo O‘zbekiston prezidenti niqob taq deb aytadi-yu, o‘zi taqmaydi.

Xar holda Mirziyoev koronavirusdan minnatdor bo‘lsa arziydi. U kishining boshimizga o‘tirganiga ham  4 yil bo‘ldi. To‘rt yil oldin bir dunyo va'dalar beruvdi. Echkilar o‘ldi. Limon ko‘karmadi va tovuqlar qirilib ketdi. Bunga asosiy sabab prezident siyosatining noshudu notavonligi emas, balki koronavirus deyildi.

Agar koronavirus bo‘lmasa, biz allaqachon o‘ninchi nirvanaga chiqib, renessansning dodasini ko‘rgan bo‘lardik. Yeganimiz oldimizda, yemaganimiz ortimizda bo‘lardi. Hatto itlarimiz ham oltin tovoqda osh yerdi. Ammo nima qilaylik, ko‘pga kelgan to‘y. Koronavirus bois otimiz o‘zmadi.

Ammo baribir prezidentning aytganini qilib niqob taqish kerak. Bo‘lmasa rahbarlar itpashshaday qirilib ketadi. Bechora xalq boshliqlarsiz qolib ketishi mumkin.

Mirishkor tumani hokimi koronavirusdan o‘ldi. Yetim qolgan tumanda bayroqlar tushirilib, motam e'lon qilindi. Qamoqqa olinganlarni saqlash bo‘yicha Qarshi prokurori Dehqonboy Abdullaev 46 yoshida koronadan o‘ldi. 54 yashar prokuror Turg‘un Kamolov koronaga chalinib o‘ldi. Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i Hamza Fayziev ham koronadan o‘ldi. Bir haftada uch prokuror go‘rga kirdi. Prokuratura motamda.. Eh korona, korona.

Komxoz musorovozini niqobsiz haydab, qo‘lini muntazam yuvmaydigan Rixsitilla qolib, chinni chiroq prokurorlarga kovid yuqpti. Qani odalat?

«Sen o‘zingsan, eng so‘nggi nonin o‘zi yemay qo‘shniga tutgan». O‘zbekiston Energetika vazirligi Tojikistonga gaz yetkazib berish qishda ko‘payishini bildirdi.

“O‘zbekistondan Tojikistonga gaz yetkazib berish shartnoma majburiyatlariga va tojik tomonining ehtiyojlariga muvofiq amalga oshirilmoqda”, deyiladi vazirlik xabarida.

Abdulla Aripov esa selektor yig‘ilishida mahalla raislariga tappi g‘amlash ishini nazorat qilishni topshirdi.

Shanba kunidan beri tepadagi bilgichlardan uchtasi Andijon hokimi Shuhrat Abdurahmonov ishdan olinib, unga qarshi jinoyat ishi ochilganini menga shipshitdi.

Aytilishicha, hokimlikning 20 ga yaqin mulozimi jumadan shanbaga o‘tar kechasi boshiga qop kiydirib olib ketilgan. Asaka, Xo‘jaobod va Jalaquduq hokimlari ishdan olinib, ichkariga olib kirilib so‘roq qilingan.

Ularning hammasi Shuhrat Abdurahmonovga qarshi kompromatni tasdiqlab yozib berishgan. Abdurahmonovning o‘zi ham so‘roq berayotgan ekan. Buni matbuotda e'lon qilish uchun Mirziyoevdan izn kutishayotgan ekan.

Men bu sizdirilgan gaplarni e'lon qilishga shoshmadim. Otdan oldin aravani yurg‘azib qo‘ymayin deb. Esingizda bo‘lsa, Samarqand hokimi Turopovning qamalganini ham tepadagi bilgichlar menga yetkazgan va men uni e'lon qilgandim.

O‘tgan 4 yil davr shuni ko‘rsatdiki, hokim almashgani hech narsani hal qilmaydi. Ular avtoritar rejim mashinasidagi parraklar, xolos. Bittasini obib tashab, o‘rniga boshqa xuddi o‘shanday parrak qo‘yiladi. O‘zgarish faqat birinchi rahbar almashsagina bo‘ladi.

O‘zbek zehniyatida «xotinidan qo‘rqqan erkak» salbiy obraz, «xotinini urib hukm o‘tkazgani» esa ijobiy. «Xotin yo‘limda. Bola belimda, ammo ona (uka, tog‘a, singil, do‘st, amaki, amma, xola) topilmaydi», deyiladi.

«Qoqqanda qonini, silkkanda jonini oladigan, qamchisidan qon tomadigan brutal erkak» jamiyat orzusining taxtiravonida. «Qani edi mening o‘g‘lim ham latta bo‘lmay, xotiniga erkak qanaqa bo‘lishini ko‘rsatib qo‘ysa», deyishadi onalar.

«Qani meni ham urib yo‘lga soladigan mo‘ylovdor er bo‘lsa, bozorga chiqmay uyda o‘tirardim» deydi o‘rikzorda lo‘pchik sotadigan Sofiya. «Urgani yaxshi. Demak rashk qiladi. Rashk qiladimi, demak sevadi. Befarq dayusga yo‘liqtirmasin hech kimni», deydi pulli hojatxona oldida turshak sotadigan Sumayya.

«Xotinni urishlik vojib», deydi miyasida suyuqlik o‘rniga botqoq balchig‘i bo‘lgan, otasi qo‘ygan Teshavoy degan ismni Zakariyaga almashtirgan urod. KGB va SNBda ishlab, pensiyaga chiqib, hozir MFY raisi bo‘lgan alkash Irkin Sagatovich esa «Er-xotinning urishi, doka ro‘molning qurishi», deydi. Siz nima qo‘shasiz bu gaplarga aziz o‘quvchim.

Odamlar ikkiga bo‘linadi. Yaxshi va yomon odamlar bor. Ammo daryoda yaxshi baliq oz bo‘lgani kabi yaxshi odamlar ham oz.

Samarqandlik 25 yashar Mustahkam ismli qizni eri urib qo‘lini sindirdi. Sharoz ismli bu er jonivor xotiniga uch kunlik pampers ichidagi bo‘qni yedirdi. Uning yolg‘iz aybi – yetimligi. Yetimning kuni kunmi? Osmonda uchayotgan qarg‘a ham yetimning ustiga tezaklaydi.

Bu musibatni ko‘rgan yaxshi odamlar yordamga shoshildi. Ëmonlar esa o‘lganning ustiga tepgan qilib, bu mushtipar ayolga malomat yog‘dirishdi.

Ammo muhorabada yaxshilarning qo‘li baland keldi. Mustahkam mavzusi ijtimoiy mediadan meynstrim media kun tartibiga chiqdi. Bi-Bi-Si va «Amerika ovozi» ham bu ayol haqida yozdi. Senat ishni nazoratga oldi. Pul bilan bosti-bosti qilmoqchi bo‘lgan taviyalarning siydigi yer teshmadi.

Oshiqlaring poyingga gul otib ham bo‘ldi,
Xilvatlarda labingdan bol totib ham bo‘ldi.
Va bu haqda kimlargadir sotib ham bo‘ldi,
Sen baribir muqaddassan,
Muqaddas ayol!

Avval kel-ey, quchog‘imga to‘l, balq, dedilar,
Unamading, ayol o‘zi ters xalq, dedilar.
Icholmagach yuz o‘girib, sho‘r, talx, dedilar,
Sen baribir muqaddassan,
Muqaddas ayol!

Sen daryosan, o‘pganini qirg‘oq yashirar,
Juftim bo‘l,- deb chopganini har toq yashirar,
Jannatim,- deb quvonmasdan qumloq yashirar,
Sen baribir muqaddassan,
Muqaddas ayol!

Asli bu bor ermaklarning borar yeri Sen,
Rostu yolg‘on ertaklarning borar yeri Sen,
Asov o‘tday erkaklarning borar yeri Sen,
Sen baribir muqaddassan,
Muqaddas ayol!

Chorlashganda sen kelsang, goh bekor kelsang-da,
Mast davrada bir sarin yel, bir tor kelsang-da,
Xor kelsang-da, nomardlarga goh xor kelsang-da,
Sen baribir muqaddassan,
Muqaddas ayol!

Qimtinasan, astagina ko‘tarasan bosh,
Ming yillikdir ko‘zingdagi jovdiragan yosh,
Gunohkorlar mingu bitta Senga tegar tosh,
Sen baribir muqaddassan,
Muqaddas ayol!

Harir, xushbo‘y badaningda toshlar izi bor,
Ko‘kragingda egilgan ne boshlar izi bor,
Quyosh izi, kuydirgan quyoshlar izi bor,
Sen baribir muqaddassan,
Muqaddas ayol!

Hayvonot va nabototdan farqli tarzda odam o‘z ishlarini rejalashtiradi. Bir oydan keyin qiladigan ishlarini ham kalendariga yozib qo‘yadi. Ikki oydan keyin keladigan ta'tilni o‘ylab chipta oladi.

Ammo hayot faqat mantiq va simmetriyadan iborat emas. Turmush assimetriyasi bizga kutilmagan sovg‘ani beradi. Ba'zan adashib chiqib qolganing poezd seni kerakli manzilga eltadi.

Eng muhimi esa erkinlik. Erkinlikda haqiqiy erkaklar yetishadi. Biz erkinlikka tayyor emasmiz, deyishadi. Suzishni o‘rganish uchun, albatta, suvga tushmoq lozim. Qirg‘oqdan uzoqdagi kutubxonada kitob o‘qib, suzishni o‘rganib bo‘lmaydi.

Erkinlik ham shunday. Erkin bo‘lish uchun erkin va o‘zgur tuzumda yashamoq kerak. Ba'zan bu xalq erkinlik tuzumida yashay olmaydi, degan xulosaga kelaman. Ammo bu xato xulosa.

Qamoqdagi har qanday odamdan so‘rasang, erk tutqunlikdan yaxshi, deydi. Qamoqdan chiqqan odamning erkinlikka o‘rganishi esa tajriba masalasi. Suzishni o‘rganaman, degan 10 odamdan bittasi cho‘kib o‘lishi ehtimoli ham bor.

So‘zim boshida qo‘ygan savolga javob berdim har holda. Yaxshi erkaklar qanday ko‘payadi? O‘zbekiston xalq artisti rahmatli Obid Asomov bu savolga javob berib, “Yaxshi erkaklar  ko‘payishi uchun ularni yaxshi ayollar qo‘ynida olib yotishi kerak”, degandi. Qanday falsafiy javob. Demak yaxshi erkaklarning ko‘payishi ayollarga bog‘liq ekan.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
6 avgust 2024
Eltuz Portaliga kelgan navbatdagi beshta maktub O‘zbekistonning Curxondaryo, Andijon, Jizzax, Samarqand va Namangan viloyatlaridan. Dastlabki murojaat Surxondaryo viloyatidan kelgan. Muzrabotda aholi kanalizatsiya hididan bezor bo‘lmoqda. «Assalomu alaykum eltuz bobo,  biz Surxondaryo viloyati ...
11 iyun 2019
Rassom Kirpieltuz.com
5 may 2015
Bizda ko‘p narsalar taqiqlangan: har qanday mafkura, din, o‘zgacha fikrlar.  Taqiqlar shu darajada ko‘p va xilma xilki, Masyana haqidagi ...
12 aprel 2022
Kollumnist Komil Jalilov 12 aprel kuni o‘zbek va rus tillarida gazeta.uz nashrida chop etilgan maqolasida o‘quvchilari e'tiborini bugungi o‘zbek ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...