Asosiy mavzular
1 noyabr 2021

Toshkentda Shuhrat Bobojonning shaxsiy ko‘rgazmasi ochildi

Toshkentdagi “Hamar” badiiy galereyasi ko‘rgazmalar zalida 1 noyabr kuni taniqli rassom Shuhrat Bobojon asarlari ko‘rgazmasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. “Gilamda aks etgan urush» (War on carpet) deya nomlangan muhtasham ko‘rgazmadan rassomning turli davrlarda chizgan 40 ga yaqin rangtasvir asari o‘rin oldi.

Ko‘rgazma ochilishida ishtirok etayotgan, oradan o‘ttiz yil o‘tib ilk bor Toshkentga kelgan Shuhrat Bobojonning aytishicha, ko‘rgazmaga O‘zbekistondagilardan tashqari hozir dunyoning ko‘plab muzeylarida va kollektsionerlar shaxsiy fondida saqlanayotgan tasviriy san'at asarlari qo‘yilgan.  

“Dunyodagi dolzarb voqealar faqat OAVda emas, balki tasviriy san'at asarlarida ham o‘z aksini topadi. Ko‘rgazmada rassom Shuhrat Bobojonning 1983 yildan to 2021 yilgacha yaratgan asarlari namoyish qilinadi. Bu asarlarda dunyoda yuz bergan voqealarga (11 sentyabr fojeasi kabi) ishoratlar bor», deyiladi ko‘rgazma kontseptsiyasida.

Ko‘rgazma kontseptsiyasiga ko‘ra, rassom asarlarida atrofda kechayotgan shiddatli voqealarning sub'ektiv manzarasi aks etgan.

«Tosh davrida yashagan eng birinchi rassom g‘or devorlariga o‘zi ko‘rgan voqealarni chizib qo‘ygan. Bu rasmlarda qo‘lida qurol bilan ov qilayotgan odamlar aks etgan. Keyinchalik miniatyura¸ keramika va to‘qimachilik mahsulotlari, xususan, gilamlarda ham qurolli odamlar tasvirlari paydo bo‘ldi. Kamondan o‘q otayottan va qilich ushlaganlar tasviri bu asarlar bosh mavzusi edi», deya tushuntirishga harakat qiladi rassom o‘z asarlarining kontseptual mohiyatini.

Ko‘rgazmalar zaliga qo‘yilgan asarlarning bir qismi Urganch davlat suratlar galereyasi fondidan keltirilgan. Ko‘rgazma tashkilotchilaridan biri bugungi kunda “Hamar” badiiy galereyada ishlayotgan rassom Shirin Toshevadir.

Ko‘rgazmani tashkil qilishda uning hissasi katta bo‘ldi. Bu bejiz emas. 2016 yilning dekabrida Xorazm viloyatidagi mahalliy amaldorlar va MXX xodimlari Shuhrat Bobojonning san'at asarlarini yoqib yuborish kerakligini aytib, tahdid qilishgan edi.

O‘sha yili ishdan bo‘shatilgan galereya bosh muhofizi Shirin Toshevaning jasurligi va madaniy qadriyatlarni himoya qilishga sadoqati tufayligina ular saqlab qolingan.

“Nihoyat, uzoq yillar surgunda yurgan rassomning chorak asr taqiqda bo‘lgan asarlari «Hamar» ko‘rgazmalar zalida namoyish qilinmoqda. Faqat mirziyoevcha iliqlik tufayli u Toshkentga kelib o‘zining shaxsiy ko‘rgazmasini ochmoqda. Rassomning bu yo‘li uzoq bo‘ldi. Uning o‘zi aytganidek, “toshlarni terish davri” kelmoqda”, dedi ijtimoiy tarmoqda ko‘rgazma haqidagi o‘z fikrlarini qoldirgan taniqli rassom va davlat arbobi Tursunali Qo‘ziev.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
18 noyabr 2016
Abdulla Oripovning vafoti xalqimizning sevimli shoiri so‘nggi vaqtlarda norasmiy taqiq ostida yashagani, bundan bir qancha vaqt ilgari «Ozodlik» radiosi ...
11 avgust 2020
O‘zbekiston Senatining 7 avgust kuni ochilgan oltinchi yalpi majlisida parlament yuqori palatasi raisi Tanzila Norboeva mamlakatda korruptsiya avj olganini ...
3 oktyabr 2017
3 oktyabr kuni, o‘n yildan ortiq hibsda saqlangan sobiq inson huquqlari faoli 38 yashar A'zam Farmonov qamoqdan ozod etildi. ...
8 sentyabr 2015
O‘zbekiston hukumati, XMT, Umumjaxon banki, Xalqaro Kasaba uyushmalari konfederatsiyasi, Xalqaro ish beruvchilar tashkiloti, BMT, Yunisef, Yevropa Ittifoqi shuningdek, AQSh, ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...