Asosiy mavzular
1 dekabr 2021

O‘zbek paxta sanoatini o‘zgartirgan Umida Niyozova Toshkentda!

Taniqli huquq faoli Umida Niyozova rahbarligidagi Cotton Campaign koalitsiyasi delegatsiyasi 1 dekabr kuni O‘zbekistonga keldi. Ular bir hafta mobaynida O‘zbekiston rasmiylari va to‘qimachilik sanoati, klaster vakillari hamda fermerlar bilan uchrashadi.

13 yillik majburiy hijratdan so‘ng O‘zbekistonga kelgan Umida Niyozova «Eltuz» muxbiri bilan qisqa suhbatda bu tashrif pirovardida mamlakat paxta sanoatini tubdan o‘zgartirib, majburiy mehnatga barham bergan 10 yillik faoliyatining samarasi bo‘lganini aytdi:

«Biz 10 yil davomida O‘zbekistondagi paxta yetishtirish jarayoni bo‘yicha jiddiy monitoringlar o‘tkazdik. Bu monitoringlar asosida O‘zbekiston paxta yetishtirish tizimidagi majburiy mehnat, xususan, bolalar mehnati aks etgan 10 ta hisobotni jamoatchilikka taqdim qildik. Biz bu ishni boshlaganimizda O‘zbekiston paxta dalalarida kamida bir million bola maktabdan qolib paxta terardi.

Buni o‘zgartirish uchun hukumatga moliyaviy bosim zarur edi. Bizning talabimiz ortidan dunyodagi 300 dan ziyod yetakchi shirkat o‘zbek paxtasini boykot qildi. Bu jiddiy zarba va hukumat uchun bosh og‘rig‘i edi. Islom Karimov o‘lib, Shavkat Mirziyoev iqtidorga kelganidan keyin bu sohada siljish boshlandi.

Mulozimlar biz bilan muloqotga kirishdi. 2017 yilda prezident Shavkat Mirziyoev BMTda gapirganida paxta majburiy mehnati mavjudligini dangal tan oldi. Bosqichma-bosqich davlat qishloq xo‘jaligidagi tizimli majburiy mehnatni yo‘q qilishga tushdi. 2021 yilga kelib majburiy mehnat barham topdi. Bu bizning ishimiz samarasi, deya Toshkentdan turib aytayotganimdan g‘ururlanaman».

«Eltuz» bilan suhbatda Umida Niyozova Cotton Campaign koalitsiyasining kelajakdagi rejasiga ham to‘xtaldi:

«O‘zbekiston paxta sanoati bugun majburiy mehnatdan xoli bo‘ldi. Ayni paytda bu sanoat ishchilari huquqlari xalqaro darajada himoya qilinmoqda, deya olmaymiz. Shu bois, yaqin kelajakda O‘zbekiston hukumati, paxta biznesi vakillari va mustaqil kasaba uyushmalari bir davrada o‘tirib, qishloq xo‘jaligining kelajakdagi ehtimoliy xatarlarini bartaraf qilish yo‘llarini izlashi lozim. Cotton Campaign shu masalani o‘zbek rasmiylari bilan muhokama qiladi.

Umida Niyozova 13 yil o‘tib O‘zbekistonga ilk bor qadam qo‘ydi. U 2008 yili O‘zbekistonni tark etgan edi.

Niyozova 2006 yilning dekabrida Toshkent aeroportida, bir oy so‘ngra o‘zbek-qirg‘iz chegarasini noqonuniy kesishda ayblanib, ikki bor qo‘lga olingan.

Tarkibida diniy ekstremizm g‘oyalari bo‘lgan materiallarni noqonuniy olib o‘tish hamda jamiyat tinchligiga xavf soluvchi materiallarni tayyorlash va tarqatishda ayblangan faol to‘rt oy qamoqda saqlangan. 2007 yilning may oyida Sergeli tumani sudi uni yetti yillik qamoq jazosiga hukm etgan, biroq ko‘p o‘tmay Toshkent shahri sudi hukmni shartli jazoga o‘zgartirgan.

Niyozovaning inson huquqlari sohasidagi faoliyati 1998 yilda taniqli muxolifatchi shoir Rauf Parfi bilan uchrashuvidan keyin boshlangan edi.

Umida Niyozova Rauf Parfi a'zo bo‘lgan inson huquqlari tashkilotida ishlay boshlagan va 1999 yil fevral portlashlari ortidan yuzaga kelgan quvg‘in va bosimlar, qiynoqlar va adolatsizliklarga guvoh bo‘lgan edi.

U so‘ngra Varshavadagi inson huquqlari maktabida ta'lim olib, Jeneva, Moskva va Belgradda inson huquqlari sohasidagi bilimini boyitgan.

Umida Niyozova Moskvadagi uchrashuvlari chog‘ida Sovet Ittifoqida inson huquqlari himoyasi bilan shug‘ullangan Lyudmila Alekseeva, Sergey Kovalyov va boshqa mashhur faollar bilan uchrashgan va ulardan olgan taassuroti ortidan inson huquqlari faoliyatiga yanada jiddiy kirishgan.

Niyozova xonim «Internyus», Ekstremal jurnalistika markazi, «Fridom haus», Xalqaro inqiroz guruhi, «Hyuman rayts uotch» inson huquqlari tashkilotlarida faoliyat yuritgan.

Uning tadqiqotlari jumlasiga paxta sanoatidagi inson huquqlarining buzilishi holatlari, O‘zbekistondagi diniy ekstremizm xavfining naqadar realligi, qiynoqlar hamda ayollarga bosim mavzulari kiradi.

Umida Niyozova Berlinda tuzilgan O‘zbekiston inson huquqlari forumi asoschilaridan biri. Forumga Germaniya parlamenti vakilasi doktor Diana Kuring ham a'zodir.

Umida Niyozova «Hyuman rayts uotch» inson huquqlari tashkiloti mukofoti sovrindoridir.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
11 dekabr 2019
Muhammad Solih hayotiga bag‘ishlangan “Begona” filmining 6-qismida suhbat asnosida adib o‘zi siyosiy surgunda qolayotgan Turkiya unga begona emasligi, Turkiya ...
4 mart 2019
22 fevral kuni telegra.ph internet sahifasida rus tilida «Teni kuklovodov» («Qo‘g‘irchoqbozlar soyasi») sarlavhasi ostidagi maqola paydo bo‘ldi. Bunda O‘zbekistondagi ...
27 mart 2017
Farg‘ona viloyatida shoqollar to‘dasi uch kun ichida 22 ta qo‘yni bo‘g‘izlagani ortidan mahalliy hukumat 20 martdan boshlab ularni yo‘q ...
25 mart 2021
Prezident Shavkat Mirziyoevning Shovvozsoydagi maxfiy qarorgohi mavzusini ilk bor ko‘tarib chiqqan toshkentlik faol Aleksey Garshin shaxsiga tahdidlar qilinmoqda. Bu ...
Bloglar
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...