Asosiy mavzular
21 oktyabr 2022

RTdan va'z: Mashinang bo‘lsa Tesla…

Aziz og‘a ini, opa singil qadrdonlarim. Mana xafta aylanib, siz bilan birgaman. Kuz kelib, to‘y-to‘ychiq ko‘paygan payt…

MS: Tuz og‘a, «Nega uyga mashinasida kelgan er darrov tushmay mashinani ichida ancha qop ketadi», degan savol tarmoqda xotinlar tarafidan jiddiy muhokama qilindi. Juvopi bomi? Navchun sho‘pir doyilar geshta o‘yina galganda darrav o‘ya qorop zibirdamin, moshinni ichinda kumalanib o‘tiradilar?

RT: Eng to‘g‘ri javob: Uyga kirib ketyapman, deb, partner ogohlantiriladi. Telefon moyka qilinadi. Polyot yoqiladi. Ortiqcha pullar kovrik tagidagi taynikka bekitiladi. Noto‘g‘ri javob «mashina isib ketgani uchun motorni sovutish tizimi ishga tushadi». Gap shundaki, sovutish tizimi avtomatda ishlaydi, shopr erjoniz o‘tirsa ham, o‘tirmasa ham. Issiqda beli terlab ketgani va darrov tushsa shamollashdan qo‘rqishi ham, radioda berilayotgan qo‘shiqni oxirigacha eshitvolay deyishi ham – bahona. Zamonaviy avtomobilning smartfonga ulangan akkustika tizimi Layli va Majnunlarning ishqiy suhbati uchun ideal makon. Moshinang bo‘lsa Tesla, sen, albatta, meni esla…

MS: Tuz og‘a shu man bir narsani tushunmiyman. Demokratik davlat quramiz dasala bu bizara do‘g‘ri galmidi diydilar. Biza o‘zzimiza mos, xos ho‘kimot quramiz diydila. Lekin qo‘llarindayi ayfon oryon tarapniki.

RT: Kimdir birinchi bo‘lib temir chopqiga yog‘och sop tiqib bolta yasadi. Boshqalar esa bundan nusxa ko‘chirib qo‘ya qolishdi. Qaytadan bolta ixtiro qilishga xojat yo‘q. Ilg‘or va yaxshi g‘oyalarni jamiyatga istisnosiz joriy qilish lozim. Doimo o‘qib o‘rganishda hikmat ko‘p. Nega Germaniya aholisi yaxshi yashaydi? Nega Finlandiyada ta'lim sifati yuqori? Bu savolga bu davlatlardagi tutum va tizimdan javob topamiz. Bu tizimlarni O‘zbekistonda bemalol joriy qilsak kam bo‘lmaymiz. Eng so‘nggi rusumdagi ayfon telefonni jon deb ishlatamizku. Nega bu ayfon «o‘zbekona» emas? Bu ayfonni mentalitetimizga moslaylik demaymizku. Xullas doimiy o‘quvchi bo‘lib, bizdan bilimi ko‘p ustozlardan doimiy ilm olish asosiy vazifamiz bo‘lsin.

YoLG‘ONLAR ShAHRI

MS: O‘zbekla bolasevar degan gap bo‘lar adi. Bolasini sotg‘onla, bola urg‘onla ko‘payib getib bu gap o‘zini mazmunini yo‘qotdi. Bolasevar dasang ustinnan gulgannin bo‘lasan. Osmonimiz musappo dar edila. Toshkent dunyoda eng havosi yomon, sossi, osmoni musappo emas shahar dab aytildi.

RT: Toshkent bu yolg‘on yashash tarziga aylangan va yolg‘on tirikchilik garantiyasiga aylangan shahar.
“Yuring uyga osh qiberaman” deydi. Adresni ayting, qachon boray desangiz “Adresni nima qilasiz kevuring” deyishadi. Bu yolg‘onlarni siz davom ettirsangiz bo‘ladi.

Nega aynan Toshkentda Markaziy Osiyodagi asosiy porno filmlar (yashirin tarzda) suratga olinadi. Aynan Toshkent aholi son boshiga to‘g‘ri keladigan fohishalar soni yuksakligi bilan ajraladi.
Nega Toshkentdagi fohishalar hijobda yuradi? Axir bu yolg‘on va ikkiyuzlamachilikku.
Shaharliklar yoshligidan yolg‘on san'atini o‘rganishadi.
Shuningdek Urganch, Buxoro, Samaqand, Qarshi, Termiz, Farg‘ona, Namangan va Anjanda ham yolg‘on yashash tarziga aylangan va yolg‘on tirikchilik garantiyasiga aylangan.
Faqat bu ro‘yxatga Nukus shahrini kiritmadim. Nukusliklar to‘g‘ri so‘z keladi.
MS: Tuz og‘a, tuniyin zoti noma'lum Sherzod birnarsaxo‘jyoop Xorazma borib o‘zinnan ulli yoshulli yosop bir narsalarni sombirdopti.

ATAVIZM
Turkiyaning G‘oziantep tuman va shahar hokimi paxta dalasiga borib, paxta terganini birov ko‘rmagan. G‘oziantepda paxta terayotgan chingana (lo‘li)larga ko‘p tergani uchun «Artel» televizor yoki xolodilnikam berilmaydi.
Chunki, dalada o‘sadigan baqlajon, turp, oshqovoq qatorida paxtayam oddiy o‘simlik. Qachonlardir Sovetlar uni «oq oltin» deya, «milliy boylik» deb e'lon qilib, ommaviy sig‘inish tashkil qilishgan.
Rashidov davridagi paxtaga sig‘inish Karimov davrida paxta qulligi shaklida davom etdi.
Mana ikki yil bo‘ldi paxta klasterga o‘tib, paxta bilan bog‘liq rituallar kamyibam ketuvdi.
Kecha rektor bovo Sherzod Qudratxo‘jaev bir piar video qo‘ydi. Videoda Sherzodxon «tasodifan o‘tib ketayotib Xiva tuman dalasida paxta terib yurgan Xiva shahar va tuman hokimini ko‘rib qoladi»
Hokimlar ham Sherzodxonga yaxshi paxta tergichlarga beriladigan «Artel» padarkalarini va alanga guruchiga pishayotgan ziyriq palovni ko‘rsatishadi.
Bu hokimlarga o‘zini paxta haqidagi bilimi kattaligini va Karimov davrida kabminda ishlab paxtani nimaligini bilvolganini pisanda qiladi hoji bovo.
Sovet paytida yuqoridan vakil qo‘yilardi paxta dalalariga. Sherzodxon o‘zidan xudddi shunday  savlatli vakil ota yasab olib, kattazangik qilib, hokim bovolarni yelkalarini shappatlab yuribdi.
Chunki Sherzodning ko‘zi Karimov paxta qulligi davridagi kabminda ochilgan. Shundan boshqani bilmaydi.
Aslida hokimlarni daladan quvib chaqarib, kabinetiga qaytarish kerak. Shahar va tuman infrastukturasi bilan bog‘liq vazifalarini ado qilsin.  Yo‘llar o‘nqir-chuqur. Shaharning ijtimoiy va iqtisodiy muammolari yechilmay yotibdi. Xorazm viloyatiga borgan turist o‘zini Shimoliy Koreyaga borgan kabi his qiladi. Bular esa xuddi Sovet paytidagi kabi «paxtazor – urush fronti» degan shiorni ko‘tarib, etak boylab, dalada yuribdi. Paxtani qo‘lda terish – eng primitiv ish. Har holda hokim qiladigan ish emas.
MS: Atavizm dap tema yozdingiz. Novvu u atavizm. Shommini noskadisimi?
RT: Atavizm – bu asliga qaytish. Bulgakov asari qahramoni Professor Preobrajenskiy oddiy ko‘ppakni odamga aylantiradi. Ammo bu odam sal o‘tib asliga, ya'ni ko‘ppakligiga qaytadi. Atavizm degani shu.
Paxta qulligida stol mushtlab suyagi qotganlarga aytadiganim shu. Unuting endi qullikni xlopkarablar.

O‘ZBYeK QIZI
MS: Tuz og‘a «Men o‘zbek qiziman, hur va baxtiyor» degan qo‘shiqni ishitganmisiz?
RT: Dinozavrlar zamonida yashaganlao bu qo‘shiqni Halima Nosirova aytganini biladi. Gapning to‘g‘risi, bu qo‘shiqni men millat oydini rahmatli Zohid akaning qizi Umida Haqnazardan eshitgandim.
Nazarimda, Umida Haqnazar – haqiqatan ham, o‘zbekning hur qizi.
Umida Haqnazar – zakiy va oydin o‘zbek timsoli.
Umuman, o‘zbek ayolini dunyoga tamsil qilmoqchi bo‘lsak, uning qiyofasi qanday bo‘lishi kerak?
Dalada makka qayirayotgan, dangasa erini boqish uchun qora mehnatdan qorayib ketgan gullikchi oshin ayol tasvirimi?
Senatda o‘tirib, Konstitutsiyani ochib ham ko‘rmagan johil «senator xola» tasvirimi?
Dubayda g‘arlik qilayotgan yoki Dehlida yalang‘och raqs tushayotgan sanamjonlar suratimi?
Suriyaga seks jihodga borib, qotillik va insoniyatga qarshi jinoyatga sherik bo‘lgan, yuzi ko‘zi qora qop bilan to‘silgan, zombi-radikal ekstremistkalar tasvirimi?
Bu savollar javobini Bog‘cha vazirligi topgan ko‘rinadi.
Hur o‘zbek ayolini Lola Yo‘ldosheva tamsil qilmoqda.
Eshitishimcha, Lola repititor olib, o‘zbekchani ham o‘rganmoqda ekan.
 «Lola olma  ol», degan so‘zni xatosiz yoza oladigan bo‘libdi.
Nima desangiz ham, Lola Yo‘ldosheva mamlakatim qiyofalaridan biridir.
Sevgingni menga ayt…
MS: Tuz og‘a, yaqinda sovuq bo‘lsa yevropadagila tappa tashab o‘lami?
RT: Yevropada gaz narxi kuniga 7 foizdan arzonlashib ketmoqda. Bu ketishda eng arzon gaz Yevropada bo‘ladi. Bu YeIning muqobil energiya va Rossiya gaziga qaramlikdan qutulish choralari samarasi o‘laroq ko‘rinmoqda. «Yevropa sovuqdan o‘ladi» deya supurgini tikka qilib o‘tirgan o‘risqul putinqullar qora niyati amalga oshmadi. O‘zlarining sovuqdan yoki siqilgan gaz dudidan o‘lish ehtimoli katta. Qarg‘ishi o‘ziga uradi lyuboy putinqul irkitning.
MS: Nerdan oldingiz bu gapni? Davay isbot v studiyu!
RT: Mana rasmiy ma'lumot.
ICE birjasidagi savdolar davomida tabiiy gaz narxi 9 foizga pasayib, ming kubometri 2320 dollarga teng bo‘ldi. Gaz narxi ushbu hafta mobaynida pasayishda davom etmoqda. Narx o‘tgan haftadagiga nisbatan bir yarim baravarga pasaydi. Narx tushishiga AQShdan suyultirilgan tabiiy gaz yetkazilishining oshishi, hamda Yevropadagi yerosti gaz omborlarining rejadagidan ko‘ra tezroq to‘ldirilishi sabab bo‘ldi.Ma'lumotlarga ko‘ra, Yevropadagi gaz omborlari 80 foizga to‘ldirilgan. Bu narx ko‘tarilishining oldini oladi. Rossiya gaziga ko‘proq qaram bo‘lgan Germaniyada vaziyat murakkab, ammo kantsler Olaf Sholts ko‘rilayotgan choralar tufayli mamlakat qishda qiyinchilikka duch kelmaydi.
RT: Tuz og‘a, o‘risqullar baribir ishonmaydi. Ularga tiyotr qilib ko‘rsatish garak.

TIYoTIR

Absattar soat o‘nlarda uyg‘ondi. Aynakdan qarasa, xotini devorga tappi yopyapti. Absattar telefoniga qarab, Londondagi havo darajasini tekshirdi. «Yaqinda sovuq tushsa, enangnikiga kirishasan Yevropa,» deb baqirgandi nam tortgan loy lo‘mboz tom og‘irligidan egilib turgan bolor qars etib sinib, Absattarning ustiga tushdi. Ortidan yarim tonna yomg‘irda loyga aylangan tom lo‘mbozi Absattarning ustiga posss etib cho‘kdi. Absattarning xotinida telefon yo‘q edi.  Xotin narigi qo‘shniga borib, tez yordam chaqirgani ketdi. Loy tagida yotgan Absattar qalbiga yaqinda havolar sovib, Yevropadagilar sovuqdan o‘lib qolishi haqidagi taxmin orom berardi.
«Putin ko‘rsatib qo‘yadi senlarga,» deb baqirgan edi cho‘kkan tomda omonat turgan yana bir bolor gumbur etib ontarildi.
Absattar qo‘rqib indamay qoldi.

G‘ORLAR HAQIDA

Mana senga teatr. Matchon suqilish uka. Men teatrni yaxshi ko‘raman.
MS: Man bir aqlli gap oytin. «Yaxshi go‘raman» bilan «Sevaman» so‘zini parqi nerda? Parqi shundaki siz «Yaxshi go‘raman» deya gulni yulib olasiz. Agar bu gulni «sevganingizda» vuni parvarishlab teyina suv quyar adingiz.
RT: Matchonboy sen juda aqllisan. Lekin ko‘p suqilashasan. Nafis san'at, poeziyani tushunmaysan.
MS: Odamni kamsitmang og‘o. Ina manam she'r o‘qib  baraman garak bo‘lsa.
RT: She'r nima haqda?
MS: G‘orla haqqqinda. Xoroplo yommon ko‘payib getdilar.
RT: Qani o‘qichi Matchon Suqilish.
G‘orlar haqqinda shig‘ir
Yumurtovda dog‘lar bor
Qish gazinda qorlar bor.
Oppoq  qora ishonma
Pastroqinda g‘orlar bor.
G‘or nima? Bitta do‘shik.
Na zulfin bor. Na eshik.
Yo‘qdir ega kelishik
G‘adir budur burushik.
Tog‘ ostinda g‘orlar bor,
Ichinda qurt, morlar bor,
Bu g‘orlarga atalgan
Maqtovli shiorlar bor.
Yumurtovda g‘orlar bor
Bu g‘orlarning ichinda
Adashg‘an ag‘yorlar bor.
Sinib yotgan torlar bor.
G‘or ustinda tog‘lar bor,
Bu tog‘larning ustindan
Uchgan o‘rdak sorlar bor
Yurak yutgan zorlar bor.
Sevgiga xumorlar bor.
Qo‘ltiqda tumorlar bor
Bo‘ynida zunnorlar bor
Go‘zlarin yumorlar bor.
Ichi o‘pqon oldi tor
Puling bo‘lsa atar yor
Kaltakalos ilonzor
Zulmatdir qishu bahor
Ko‘ngli toza ey do‘stim
Unutgin bu g‘orlarni
Ichi bo‘sh  ag‘yorlarni
Quruqnoz tujjorlarni
Ëd olgin shiorlarni
Yaxshisi sev yorlarni
Muhabbatga zorlarni
Sodoqati borlarni.
Yumurtovda tog‘lar bor
Qurib qolgan bog‘lar bor
Bu tog‘larning pastinda
Oldi teshik g‘orlar bor.
(chapaklar qiyqiriq)
RT: Barakalla Matchon. Yana boshqa she'rlarni ham bilasanmi?
MS : Ovong og‘o. Ishvalakla hoqindagi she'rni bilaman. Ullila chirtadi ishvalak, kichchila chirtadi ishvalak…
RT: Bo‘ldi keyin aytib berasan. Ishvalak degani bu xushtak, svistok degani. Futbolda sudya  xushtak chaladi. Oldin gailarda ham xushtak bo‘lardi. Ammo poeziya degani xushtak kabi oddiy narsalar haqida emas, balki ma'nosi yuksak materiya haqida bo‘lsa yaxshi. Masalan Usta Gulmat yozgan mana bu g‘azal.
Ayog‘ing tortmog‘on yerga aylanib bormog‘on yaxshi,
Diling tortsa, balodin ham benasib qolmog‘on yaxshi.
Chiqimg‘a duch kelar ersang ertani tez ro‘kach qilg‘il,
Bugungi ul tekin oshni keyinga surmog‘on yaxshi.
Ziyofatlar esa xil-xil, ishtahangkim esa karnay,
O‘zing yalg‘on sipo aylab, tortinib turmog‘on yaxshi.
Ko‘p o‘ylanma bu ne'matlar haloldanmu haromdan deb,
Uzumni jimgina kavshab, bog‘ini so‘rmog‘on yaxshi.
Vale yak bor berib avqot, sani du bor talar bo‘lsa,
Oningdek sullaning aftin umrbod ko‘rmog‘on yaxshi.
Fikr birla yashab Gulmat o‘ta noyob o‘git aytmish:
Birovdin olg‘oning maqbul, birovg‘a bermog‘on yaxshi.
MS: Nadiyan ma'noli she'r ekan. Ëzibdi o‘tiribdi. Bu poeziya. Indi prozadan ham bo‘lsin bir do‘rom.
Proza uchun  Fitrat domlaning asaridan bir parchani eslatishni lozim ko‘rdim. Bu parcha «Hind sayyohining qissasi» degan asardan:

«Qorixonalarga egamiz, biroq butun Buxoroda biron bir kishi «olloh» degan buyuk so‘zni dil-dilidan ayta olarmikin? Axir, saodatimizni talon-taroj etgan, istiqbolimizni balo olovining o‘rtasiga tashlagan bu ulamolar jamoasi bizga qanday ta'lim beradilar? Fiqhdan: har kim tahorat paytida o‘zining chap qo‘li bilan og‘zini chayqasa yoki oyog‘ini o‘ng tomondan boshlab yuvmasa, yetmish ming yil do‘zax olovida yonadi. Har kim ilm ahliga ikki marta salom bermasa, kofir bo‘ladi. Har kim olim kishining oyog‘i tekkan ko‘chadan yursa, hisobsiz va azobsiz jannatga yo‘l oladi. Osmonning to‘rtinchi qavatida yetmish ming boshli, har boshida yetmish ming og‘iz, har og‘zida yetmish ming til va tilining har biri yetmish ming lug‘at bilan so‘zlashuvchi maloika mavjud.
Xudobexabar! Sen Buxoroda turib Samarqanddagi ahvoldan bexabarsan, to‘rtinchi osmondan qanday qilib xabar berursan?!
Hayhot!.. Tog‘ qani, o‘tlog‘ qani?!
Ey bechora millat! Bularning barchasi majburan shar'iylashtirilgan huquqlar bo‘lib, sen hozir ana shu zo‘ravonlar — qoningni so‘ruvchi, xonumoningni ko‘kka sovuruvchi, sharaf va nomusing bunyodiga o‘t qo‘yuvchi kishilarga tarafdorsanki, hali ham buni tushunmaysan! Nainki tushunmaysan, balki bu masalani anglab yetgan, ahvolingni jiddiy isloh etishga harakat qilayotgan, ko‘p mablag‘larni el uchun sarflashga intilayotgan bir donishmand jamoani kofirlar qatoriga qo‘shasan. Afsus, afsus!»

Iqtibos tugadi. Bilmaganlar uchun info. Fitrat domlani 1938 yilda kommunistlar qatl qilgan.
Assalom O‘zbekiston, Juma muborak! 

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
3 oktyabr 2018
O‘zbekiston prezidenti ma'muriyati rahbari o‘rinbosari, prezidentning matbuot kotibi Komil Allamjonov egallab turgan lavozimidan ozod qilindi. Bu haqda “Eltuz” bilan ...
7 yanvar 2018
Eltuz.com Dokument rukni ostida tarixiy hujjatlarni taqdim etishda davom etadi. Qo‘limizga tushgan 1992 yilga mansub «Erk» gazetasi parchasida, o‘sha ...
29 aprel 2016
«Hurriyat» gazetasida Xalqaro yoshlar birdamlik kuni munosabati bilan e'lon qilingan maqolada bugungi kunda dunyo yoshlari muammolar girdobiga botib qolgani, ...
12 fevral 2021
Baxtibek to‘rt marta uylangan va har bir xotinidan ikkitadan farzandi bor. U allaqachon hech qaysi xotini bilan yashamaydi. Chamamda ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...