Asosiy mavzular
25 fevral 2023

RTdan va'z: Kanizaning ishtoni va tekin umra

It quvgan gadoyday kunlar zuv zuv o‘tib yana qarshingizdaman aziz o‘quvchim. Yana 10 kun chidasangizlar ko‘klam keladi. Sizlarga «Ma'naviyat  engilmas kuch» degan kitobning varaqlarini yirtib varrak qilib beraman.

MS: Xonqoda uni bodvarak diydi. Bod vargan soyin osmono uchodi. Xo‘ja sozchini oytqonindiyin. Vorrildop uchib, vorrildop uchip, osmon poroxot oyripilinlarini go‘rdik. Sho‘rda ko‘r xolpolo go‘zzini sharavasini oqizib, sozini ziiinq attirib qo‘yodi.

RT: Matchonboy sening nima deganingni sarapoyon bilan durvadikdagilardan boshqa hech kim tushunmaydi.

MS: Muxomon bilan pichoqchidayilaram tushunadi og‘o. Ëxshi biza juk dadik. Indi siz so‘llang. Nichik shum xovorlo bo. Mo‘llo buvolani pochkalab qomob ishtrap atip yotibdi dap ishitdim. Yurtda mo‘llo qomoso qo‘yni kallasini kima baramiz?

RT: Toshkent ko‘chalarida yurib, odamlarga tamaki chekish Islom diniga zid ekanini fuqarolarga uqtirgan yigit jarimaga tortildi.

MS: Popurus chakkan sog‘liqa yomonqu og‘o!

RT: To‘g‘ri, lekin “Konstitutsiyaning 25-moddasiga asosan, har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik, shuningdek, 27-moddasiga binoan shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish huquqiga ega. Chekish sog‘liq uchun zararli, lekin ushbu jarayonda O‘zbekiston fuqarolarining yuqoridagi kafolatlariga monelik qilish mumkin emas, ayniqsa alohida shaxslarning o‘z tashabbusi orqali va ushbu masalaga diniy tus berish orqali o‘zgalarning shaxsiy hayotga aralashishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

MS: Ha, indi tushundim. Mo‘llo buvola bitlayan yerinda silkinsin. 

RT: Rossiyaning Leningrad viloyati, Kudrovo shahridagi qurilish maydonchasida ikki nafar mehnat migranti halok bo‘ldi. Ulardan biri o‘zbekistonlik. 

MS: Ibi boxtim sho‘r, manglayim qoro, bo‘z to‘rpoq…

RT: Toshkentlik 47 yashar erkak bir yil oldin ketib qog‘an xotinini liftdan chig‘ayotgan paytda poylab turib pichag‘di olib so‘yib tashadi. Er qamag‘da xotin bannisada. Xotin o‘lmagani uchun er 5 yilga qamaldi.

Stoyanka ministrligi

MS: Og‘o ishitdingizmi stoyanka ministrliki ochilibdi. 

RT: Matchonboy bilasanmi, «Terminator» degan kinodagi maxluq bir tomchisi qolsayam o‘zini qayta tiklab olarkan. Yaqindagina  dod voy qilib ko‘krakka yumuruqlab vazirliklar soni qisqaruvdi. Yana kunora yangi agentligu, vaziru vuzarolik tuzish boshlandi. Bugun stoyanka vazirligi tuzilibdi. 

MS: Indi, mut umra vazirliginam duzsala garak.

RT: O‘zbekiston rahbariyati konstitutsiyani ochib o‘qib ko‘rsa bo‘lardi. (Xarf taniydi degan yaxshi niyatdamiz) Konstitutsiyada vatandoshlarning teng huquqli ekani va hech bir din mamlakatda hukmron mafkura emasligi aniq yozilgan. O‘zbekiston byudjeti butun xalq to‘lagan soliqdan tarkib topadi. Byudjetni Abdulla G‘arib Parkentdagi dala xovlisida ekkan qulupnayini sotib shakllantirmaydi. Soliqni musulmonlar bilan birga boshqa dindagilar, agnostik, deist va ateistlar ham to‘laydi. Asosan o‘rtaxol va boylar soliq to‘laydi. Aholining musulmon qashshoq qismiga imtiyoz berib, ularni byudjet hisobidan tekin umraga yuborilishi KONSTITUTsIYaNING BUZILIShIDIR. Teng huquqlilik printsipi buzilishi bu. Mamlakat rahbariyatidan qattiq iltimos qilaman. Ë bu konstitutsiyani bekor qip tashanglar yoki jiddiy o‘qib amal qilinglar. Kattaning aytgani konstitutsiyaga zid bo‘lsa kattaning gapi emas, qonun ustivor bo‘lishi kerak. Populist bo‘l, qashshoqqa qayish, ammo insop bilan bo‘l!!!

MS: Duz og‘o quri siz so‘llisizmi, boshqola novvi dadi. Cho‘nqir mo‘llolarni mneniyasi nichik shu mut umra do‘g‘risinda?

Tekin bo‘lsa lo‘m yutishlik yoki qashshoqlarni byudjet puliga umraga yuborish tiyotrusi haqqinda

Taniqli yozuvchi Nurilla Otaxonov (Nurulloh Muhammad Raufxon) diniy idora kattasining «qashshoqlarni byudjetdan tekin umraga yuvorishlik» haqidagi taklifini hajv qilib mana bu gapni yozdi:

«Har bir viloyatdan bir-ikki kishidan qilib yigirma-o‘ttiz kishini umraga yuborsak, bu yilgi qish qiyinchiliklari ham, gaz, chiroq alamlari ham, «Ozodlik» surshtiruvlari ham esdan chiqib ketadi, inshaolloh.

Qulluq, qulluq, qulluq…»

Shundan keyin ko‘kragidan jun o‘sgan qashshoq rijol zoti to‘dalanib kelib yozuvchini malomat qila boshladi. Shundan keyin Nurilla Otaxonov mana bu postni yozdi:

«Mufti hazratning prezidentdan kambag‘allar ham umraga borishiga moddiy ko‘mak so‘raganiga tekkizib, kecha kichik bir kinoya yozgan edim. Ayrimlar tagmaqsadni anglamay, og‘ziga kelgan gapni aytib yotibdi. Tushuntiraman.

1. IAK davrida Saudiya qirolligi O‘zbekistonga imtiyoz o‘laroq 200 (ikki yuz) «kambag‘al»ga tekin hajni sovg‘a qilgan edi. Hamma xursand! Ikki yilcha amal qildi bu sovg‘a, so‘ngra Karimov uni to‘xtatdi!

Nimaga?

Birinchidan, odamlar bu ikki yuz o‘rin uchun talashishni boshladi.

Ikkinchidan, nomzod tanlashda tanish-bilishchilik boshlandi.

Uchinchidan, xalq orasidagi kambag‘allar qolib, amaldorlarning qarindosh-urug‘lari ro‘yxatlarga kiritildi.

To‘rtinchidan, ishga pora aralashdi.

Beshinchidan, janjallar ko‘payib, shu tekin haj ustida jamiyatning tinchi buzildi.

Oltinchidan, tekinxo‘rlik kayfiyati qo‘pib, xalqimizning, vatanimizning origa, nomusiga yarashmaydigan pastkashliklar yuz berdi.

Va hokazo…

«Mening xalqim sadaqaga muhtoj emas!!!» dedi-da, Karimov shartta bu imtiyozni bekor qildi. Va to‘g‘ri qildi!

Bu hodisalarga shaxsan guvoh bo‘lganim uchun men bu ishga aralashdim. Shu xunuk ishlar qaytarilmasin dedim.

Ayrimlar masalaning tagiga yetmay, ta'na-dashnomlar berib yotishibdi.

«O‘zingizga yarashmaydigan gap yozibsiz», deb birilari mendan yozg‘iribdi. «Ular o‘ziga yarashadigan ish qilsin, o‘shanda men ham o‘zimga yarashadigan gap yozaman», deb javob qildim.

2. Qolaversa, bu «so‘rash va darhol mustajob qilish» hodisasi uyushtirilgani ko‘rinib turibdi. Mufti tugul, boshqasi ham prezidentdan o‘z xohishicha, yurak yutib biron narsa so‘ray olmaydi. So‘radimi,  demak, «shu narsani so‘raysan deb topshiriq berilgan».

Juda arzon va mayda savdo! Huquqni sotganga yarasha juda qimmatga — arziydigan qiymatga sotish kerak! Ya'ni, so‘rayman desa, diniy sohaning o‘zida paytdan foydalanib talab qilib olinadigan yirik masalalar tiqilib yotibdi!

Masalan, O‘zbekistonda gaz, chiroq muammolari uzil-kesil hal bo‘lsa, gaz bo‘yicha O‘risiya bilan qilingan yutqiziq shartnoma tag-tugi bilan bekor etilsa, shaxsan men yana besh yil muddatga saylashga ham rozi bo‘laman! (Aslida, konstitutsiyani buzishga qarshiman, biroq chorasizman bu masalada.)

Rassom Tuzdan savol?

Siz nima deb o‘ylaysiz o‘quvchim? Ko‘tida ishtoni yo‘q¸ tomog‘igacha qarzga botib yurgan qashshoq bitchlarni davlat byudjeti hisobidan umraga yuborishlik joiz amalmi?

MS: Yo‘q og‘o! Ina Parxonadagi Ramat birotom top shu gapni oytdi. Dik ustinnan tushdi xoropskiy.

Gadoylarga umrada pishirib qo‘yibdimi?

Rahimjon Rahmat matni: Shu,  kam ta'minlangan toifa allada aziz,  to‘rvada mayizga aylanib ketyapti. 

Mayli,  kambag‘al toifalarga un, yog‘,  kartoshkadan yordam berish kerakdir,  lekin ularni davlat hisobidan umraga jo‘natish to‘g‘ri deb hisoblamayman. 

Mahalla alkashlari,  Xudo urgan dangasalar kun bo‘yi  QVP binosi atrofida aylanishib yuradi,  aroq ichsayam shu atrofda ichadi,  po‘q yesayam shu atrofda yeydi.» Aroq ichgani QVP binosi atrofidan boshqa joy yo‘qmi?»  –  deb so‘rasangiz: «QVP binosiga moddiy yordam kelsa ko‘rmay qolmaylik, deb shu atrofda yuramiz», deydi.

Aksari sog‘lom. Bir narsa desangiz, astoydil urishmoqchi bo‘ladi.

«Hoy, cho‘chqani bolasi, QVP binosi atrofida qachon moddiy yordam kelarkan deb itday iskalanib yurguncha, ishlasang bo‘lmaydimi, tekinxo‘r. He, moddiy yordam demay tiling uzilgur.

Nechta nochor oilaga davlat hisobidan issiqxona qurib berildi. Ishlatgani yo‘q. Yotibdi vayron bo‘lib.

Enkayib ishla. Mehnat qil. Bir to‘g‘ram noningni halol topib ye.

Moddiy yordam ber deb QVP binosi ostonasida ko‘ndalang yotib olishdan uyalmaysanmi? Ish yetarli. Hammayoq ish. Gadoychilikda lo‘lini ham orqada qoldirvordilaring.

Imtiyozli qatlamga aylandi bu alkash,  dangasa gadoylar. Bu  to‘dadan jamiyatga ne naf?!

«Endi davlat hisobidan umraga bormoqchimisan? Pishirib qo‘ygani bor senga umrada, borib yeb kelasan. O‘zing dangasa, alkash va tekinxo‘r bo‘lsang,  umrada nima bor senga?»

Xullas, ishlanglar. Mehnat qilinglar. Ter to‘kinglar.

MS: Plonsiz do‘g‘dirip, bolama pul bar diydi, ulli  bo‘lsa tuy atip bar deydi, o‘y solip bar deydi. Ish topib barsa, ofisdan ish topib  ber deydi. O‘qisha  girsa davlat kontraktini to‘lasin deydi, Qamalsaam davlat bokadi bulani. Indi Umragayam ivarish garak qolg‘onlani haqqinnan qirqib. 

Xonqa xokimi maqomi Oliy suddan ham balandmi?

Xonqa tuman hokimi Davlatov Muradbek Saparboevich «sud xokimiyati» degan tushunchadan mutlaqo xabarsiz. 

45 yoshga kirib qo‘ygan, Urganch davlat universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasini xatm qilgan bo‘lsa ham O‘zbekiston respublikasida sud qarorini ijro qilish hokimlik uchun mutlaq majburiyat ekanligini bilmaydi.

Bu savodi g‘ovlagan hokim Xazoraspdagi boy otasi jo‘natgan pulga koridorda o‘qigan deyishdi.    

Menga qara, Muradbek Saparboevich!!! Sud qarorini, bo‘libam Oliy sudni  xurmat qilish va yugurib borib ijro qilishga majbursan. 

Shuni yaxshilab, ikki qulog‘ingga quyib ol. Davlat bu o‘yinchoq emas. Oliy sud o‘z qarorlarini shunchaki ermakka chiqarmaydi. 

Qolaversa, sen Xonqaning xoni ham emassan. Davlat xizmatkorisan.  Martaba jihatdan Oliy sud sendan ancha ustun. 

MS: Xonqo hokimi bir qorinja,  Oliy so‘t asa pil!! 

RT: Mana bu esa Oliy sud ajrimi. Aniq yozib qo‘yibdi. Ajrimda Mastura Doniyor Doston fermer xo‘jaligi iltimosi qondirilsin deyilgan. 

Ya'ni bu fermerning yerini boshqaga berish muzlatib qo‘yildi deganidir. 

Xokim to‘ra bo‘lsa, «Oliy sudinga palonimni qo‘ydim» deya oliy sud qarorini mensimay fermer yerini auktsionga qo‘ydi. 

Xonqa tuman hokimi Davlatov Muradbek Saparboevich  alohida olingan territoriyada o‘zini yakkayu yagona hukmdor deb sanayotgan bo‘lsa qattiq yanglishadi.

O‘zbekiston hali butkul qaroqchilar davlatiga aylanib, sud hokimiyatini oyog‘iga tosh bog‘lab daryoga cho‘ktirilgani yo‘q¸ 

Xonqa tuman hokimi Davlatov Muradbek Saparboevichning davlat oliy organi bo‘lgan sud hokimiyatiga qarshiligi moxiyatan davalatga hiyonatdir.

Agar u o‘qigan institutlarda buni o‘rgatishmagan bo‘lsa, bu qovoq kalla hokimga aql o‘rtagish yana Rassom Tuz zimmasiga tushdi.

MS: Og‘o bu kallavarang hokimlani davoliydon dori bormikan.

RT: Matchonboy mana shu  rasmdagi birat  biladi dori bor yo‘qligini. Ulug‘bek Egamov Farmatsevtika agentligi direktori etib tayinlandi. Undan oldingisi qamag‘da. Buni ham tergab turmasa bo‘miydi. MS: Bolani boshinnan ushash garak!

35 million odamni eshik qisib qolganmi?

Kaniza taxallusi bilan qo‘shiq aytadigan 35 yashar Shahrizoda Ahmedova avrat qorovuli va shampatrullar uning ishtonini muhokama qilganidan nolidi. Qo‘shiqchiga ko‘ra, 35 millionlik xalq ertadan kechgacha bir xotinning ishtoni haqida o‘ylab o‘tiradigan darajotga yetishgan. Kaniza ishton muhokama qilganlarni «eshik qisib qolganlar» deb atadi.

Rassom Tuzdan luqma: Siyosat, iqtisod yoki fan texnika haqida o‘ylash uchun savod¸ bilim va ilm kerak. O‘qimay faqat a'zayu to‘yda tekin yeb, cho‘pchak eshitgan chuvrindilarning aqli faqat xotinlarning ishtoni darajotida bo‘ladi. Buning «fetishizm» degan seksual kasallik ekanini, asosan ko‘rmurid zombilar shu kasallikka chalinishga moyil ekanligini aytuvdim.

Qashshoqlar ovqati

Bugun ulli yoshulli borg‘on yurtlarga menam oldinroq borib edim. Bir kuni arab restoranidagi menyuni o‘qib fellax kotleti (fellahkofte) degan yozuvga ko‘zim tushdi. Mazasini ko‘ray deb buyurdim. Xamir va bulg‘ur aralash sharchalar yog‘da qovurilgan edi. Ichida et yo‘q. Gapni ochiig‘i bir paytlar qashshoqlarning o‘z oshqozonini aldash uchun o‘ylab topgan yemaklari bugun qimmat restoranlar menyusidan o‘rin oldi. Fellax bu arabchada kambag‘al dehqon ma'nosini beradi. Ya'ni go‘sht sotib olishga qurbi yetmagan dehqon ko‘fta (kotlet) yeyishni orzu qilgan bollarini bulg‘ur (bug‘doyga o‘xshash don) bilan aldagan. Bulg‘ur ham o‘tmishda qashshoqlar yeguligi bo‘lgan. Ustiga ayron sepib «sutli bulg‘ur» deb¸ semiz o‘t to‘g‘rab «o‘tli bulg‘ur» deb¸ jizdirilgan mol yog‘i aralashtirib «etli bulg‘ur» deya qorin to‘ldirilgan. Bugun dietologlar bulg‘urda kaloriya ozligini bilgandan keyin ozishni istagan boy arab xotinlari bulg‘urxo‘rlikka o‘tishdi. Har bir taomning bir hikoyasi bor. Mojariston (Vengriya) boshkenti Budapeshtda gulash yerkan bu ovqat bilan bog‘liq hikoyani eshitdim. Budapeshtdagi qal'a devorlari bo‘ylab qopi qullari (eshik qorovullovchi qul) istiqomat qilgan. Bu qullarning vazifasi devor va darvozlarni mudofaa qilish bo‘lgan. Shahar jamiyatidan ayri¸ past qatlam shaklida  yashagan qullar pishirgan ovqat    «qul oshi» deb atalgan. Asosan tabrizlik qullar bo‘lgani uchun ular qulni gul deb yumshoq talaffuz qilgan. Xozirgi ozari turkchasi va turkmanchada ham gul (gramm degandagi g o‘qilsin) deyiladi. Masalan turkman prezigining oti Gurbonguli. Xullas «Gul oshi» Iqtisodiy ahvoli nochor bo‘lgan qullar bu ovqatni ko‘p pishirib ertasiga va indiniga ham yeyishgan. (Budapesht restoranidagi gulash bir kun oldin pishirib qo‘yiladi. Qolgan ovqat shaklida) Asta sekin bu ovqat qullar mahallasidan chiqib o‘rtaxol mojorlar dasturxonidan o‘rin oldi. Bugun esa gulash qimmat restoranlarning xos yemagi. Darvoqe  fellax kotleti ortidan choy emas «xo‘sh ob » degan ichimlik ichilar ekan. Ozgina gradusi bor bu ichimlikni. Ashnaqa gaplar. Sizlar yangi mavzu o‘ylab turinglar men  restoranma restoran kezib hikoyalar yig‘ay.

MS Og‘o shu Mushtum doyi 100 yosha giribdi odinnon oynoniyn. 

RT: Matchonboy bundan 100 yil oldin yozilganni o‘qib bersam. 

Kimning topgani nimaga ketadi?

Ishchining topqani xo‘jayinning xaltasig‘a ketadi.

Sovdagarning topqani o‘g‘ul to‘yisig‘a ketadi.

Toshkand ko‘nchilarining topqani qishliq to‘kma bilan, yozliq gapka ketadi.

Qimorbozning topqani gartkam* bilan to‘rtta oshiqqa ketadi.

Bedanabozning topqani tariqqa ketadi.

Muridning topqani eshonga ketadi.

Eshonning topqani sakkizta xotung‘a ketadi.

Xotunlarning topqanlari issiq-sovuqchi domlag‘a ketadi.

Boybachchaning topqani «Turkvino»*- bilan barishnaxonlarg‘a ketadi.

Yoshlarning topqanlari upa-elik bilan o‘sma-surmalarga ketadi.

Eski shahar ispolqo‘mining topqani har xil yuqori shefstvolarga ketadi.

Vaqf sho‘'basining* topqani idorasini bejash uchun qip-qizil gilamlarga ketadi.

Bo‘rining topqani tulkiga ketadi.

«Mushtum»ning topqani turkistonliklarning tumshug‘iga ketadi.

Ushbularni o‘qugan kishining dami – dambalig‘a* ketadi!

Bizning topqanimiz achchiq-tiziqqa ketadi! – deb mulla Julqunboy yozdilar.

«Mushtum»: yozg‘anlaringizning hammasi ham havoga ketadur! – deb biz ham muhrimizni bosdiq.

(«Mushtum» – 1923 yil, 3-son)

MS: sho‘rda to‘xtab yonqi gapni oyting

Assalom O‘zbekiston,  Juma muborak!

Tag‘in o‘qing
24 yanvar 2023
Avtobus O‘zbekistonning qing‘ir-qiyshiq yo‘llari bo‘ylab yurishda davom etadi. Yo‘lda unga qamoqdan yangi ozod etilgan yovuz mahbus, anomal sovuq va ...
25 fevral 2020
Qirg‘iziston Oliy sudi 25 fevral kuni huquq himoyachisi Azimjon Asqarov ishini qayta ko‘rib chiqishni boshlaydi. U 2010 yilda ozodlikdan ...
5 iyun 2017
«O‘zbekkontsert» birlashmasida prezident devonidan kelgan vakil ishtirokida o‘tkazilgan shoshilinch yig‘ilishda ijtimoiy tarmoqda paydo bo‘lgan “Sultonimiz omon bo‘lsin!” qo‘shig‘i keskin ...
20 sentyabr 2023
So‘nggi kunlarda kundalik ehtiyoj uchun eng kerakli bo‘lgan mahsulot – non narxi keskin oshib ketayotgani kuzatilmoqda. Bunga sabab deya ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...