Asosiy mavzular
28 avgust 2018

Paxta mashmashasi boshlanyaptimi?

Tez kunlarda O‘zbekistonda ommaviy paxta terimiga start beriladi. Ammo bu yilgi mavsum ham hokimiyat amaldorlarining qonunbuzarliklari ostida o‘tishiga ishoralar paydo bo‘la boshladi.

Xususan, Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi “Chig‘atoy Oqtepa” MChJga qarashli taxta bozoridagi har bir tadbirkordan bozor ma'muriyati paxta mavsumi uchun bir yarim million so‘mdan pul yig‘ishni boshlab yubordi.

“Ozodlik”ning bu haqdagi xabarida aytilishicha, bozor ma'muriyati bozor hisobidan paxtaga odam chiqarish topshirig‘i hokimlik tomonidan berilganini tan olgan, lekin pul yig‘ish haqidagi iddaolarni inkor qilgan.

Joriy yildan paxta terimi mavsumi ta'lim va tibbiyot muassasalari xodimlari ishtirokisiz bo‘lib o‘tishi kutilyapti.

Prezidentning shaxsan o‘zi o‘tkazgan bir necha uchrashuvda paxta terimida majburiy mehnatdan foydalanishga chek qo‘yish haqida gapirildi.

Hukumat esa bu borada qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ygan barcha amaldorlarga nisbatan keskin jazo choralari ko‘rilishini ma'lum qildi.

Shunga qaramay, “Ozodlik”ning yuqorida eslatilgan xabari bu yil paxtaning aksar og‘irliklari tadbirkorlar zimmasiga yuklanishidan darak bermoqda.

Hozirdan aytish kerakki, bu ishlarning barchasi “sizdan ugina, bizdan bugina” qabilida amalga oshiriladiganga o‘xshamoqda.

Ya'ni hukumat tadbirkorlarga barcha sharoitlarni yaratib berayotgani bahonasida ulardan paxta terimiga o‘z hissasini qo‘shishni talab qilishi tobora oydinlashayotir.

Aslida tadbirkorlardan paxta terimiga odam chiqarish yoki ulardan pul yig‘ib olish avval ham ko‘p kuzatilgan. Bunda soliqchilar va nazorat organlari vakolatlarini suiiste'mol qilish orqali erishilgan.

Shunga qaramay, jamiyat tobora erkinlashayotgan, fuqarolik jamiyatining roli kuchayib borayotgani bir qadar sezilayotgan hozirgi sharoitda tadbirkorlarni ochiqchasiga talash hukumatning so‘zda va amalda ikki xil siyosat yuritishga hamon moyil ekanini ko‘rsatmoqda.

Bir qator xalqaro tashkilotlar va inson huquqlari faollari ko‘p yillardan buyon O‘zbekistonni majburiy mehnat, xususan, bolalar mehnatidan foydalanayotgani uchun tanqid qilib keladi.

Buning natijasida mamlakatda bolalar mehnatini keskin kamaytirishga erishildi, hukumat bu borada ijobiy qadamlar qo‘yishga harakat qilmoqda.

Xalqaro mehnat tashkiloti esa O‘zbekistonda majburiy mehnatni monitoring qilishni yo‘lga qo‘ygan. Ammo aksariyat hollarda xulosasi ijobiy bo‘layotgan bu monitoringni O‘zbekiston fuqarolik jamiyati faollari doimo tanqid qilib keladi.

Jumladan, O‘zbekiston-Germaniya inson huquqlari forumi o‘zining mustaqil monitoringi xulosalariga tayanib, majburiy mehnat hamon keng miqyosda qo‘llanilayotganini aytib keladi.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
13 dekabr 2015
2015 yilning 13 dekabrida, Jasliq turmasi mahkumi, huquq himoyachisi A'zam Farmonov 37 yoshga to‘ladi. 2006 yilning aprelida uni hibsga ...
20 aprel 2017
18-19 aprel kunlari Toshkent shahar hokimlarining yarmidan ko‘pi almashgani sabablarini tahlil qilgan Kun.uz nashri eng avvalo buni aholidan tushayotgan ...
29 may 2017
O‘zbekistonning kengayib borayotgan yaxna ichimliklar bozori, o‘nlab o‘zaro raqobatdosh shirkatlarning tobora shiddatli jang maydoniga aylanmoqda. Ayni jarayonda «Smile Lux» ...
17 iyun 2022
Qadrdonlarim bormisiz? Omonmisiz? O‘tgan xafta kasal bo‘lganlar bugun tuzalganidan, puli yo‘qlar bugun boyib bitib ketganidan hursandman. Bugun kasal bo‘lib ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...