Asosiy mavzular
5 avgust 2019

“Avtotest”ning o‘chi

Haydovchilarni qayta tayyorlash va bu haqda sertifikat berish tizimini to‘laligicha monopoliya qilib olgan “Avtotest Report” MChJning kutilmaganda “o‘yindan chiqishi”ni o‘ziga xos o‘ch olish sifatida baholash mumkin. 

Zero, so‘nggi vaqtlarda ta'nayu dashnomlardan boshi chiqmayotgan monopolistning bu qarori aynan malaka sertifikati yo‘qligi uchun jarima qo‘llash amaliyoti joriy etilishi arafasida qabul qilindi. 

Qonunchilikda 3 avgustdan kuchga kirgan o‘zgarishlarga ko‘ra, shu sanadan boshlab barcha yuridik shaxslar haydovchilaridan malaka oshirishdan o‘tgani to‘g‘risidagi sertifikat talab qilinadi. Sertifikat bo‘lmasa, ular eng kam ish haqining bir barobari (223 000 so‘m) miqdorida jarimaga tortiladi. 

“Avtotest”ning qarori qonunchilikdagi ayni o‘zgarishlar ortidan haydovchilarni qayta tayyorlash tizimini falajlab qo‘ydi.

Chunki yuridik shaxslar haydovchilariga malakat oshirish sertifikati berish huquqiga ega yagona tashkilot – “Avtotest” bu ishni qilishdan bosh tortdi, uning o‘rniga esa hali boshqa bir muassasa litsenziya olib ulgurgani yo‘q. 

Natijada endi sertifikat olmagan haydovchilarga tinimsiz jarima yozila boshlanadi. 

Garchi O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti malaka oshirish kurslarini ochish uchun litsenziya olish ishlarini nihoyasiga yetkazayotgani xabar qilingan bo‘lsa-da, hali holva pishmagan, og‘izga tushmagan. 

Hali bu kurslar qachon ish boshlaydi-yu, qachon haydovchilarga sertifikat beriladi, bunisi ham noma'lum. 

Tegishli idoralar esa malaka sertifikati yo‘qligi uchun jarima qo‘llash amaliyoti kechiktirilishi haqida biror gap aytmayotgani inobatga olinsa, haydovchilarning “qonini ichish” avjiga chiqadigan ko‘rinadi. 

Ya'ni “Avtotest”ning qarori ortidan tizimda o‘ziga xos kollaps yetilib kelmoqda va voqealar rivoji bu atayin uyushtirilgan qandaydir “o‘yin” bo‘lishi ehtimoli yuqoriligidan darak bermoqda. 

“Avtotest” manfaati uchun hatto qonunlarni o‘zgartirish, bu haqda mahalliy matbuotda bosilgan maqolalarning saytlardan “yo‘qolib qolishi”ga ham qudrati yetadigan kompaniya xo‘jayinlari shu yo‘l bilan “andishaning oti qo‘rqoq” emasligini yana bir marta ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘lyapti. 

“Qudratimizga shubha qilsangiz, jaraq-jaraq jarima to‘laysiz”, demoqchi “avtotest”chilar. 

Bu biznes ortidan hali biror marta daromad olgani yo‘q”ligini iddao qilayotgan kompaniya vakillari “bizsiz holingizni ko‘ramiz, hali yalinib kelasiz”, degan ishora bermoqda. 

Yalinib kelish esa boshlandi. O‘zbekiston Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi “Avtotest Report”ni yuridik shaxslar haydovchilari malakasini oshirishdan bosh tortish qonun buzilishi sifatida baholanishidan ogohlantirdi. 

O‘yinni ko‘ryapsizmi? Ertaga “Avtotest” “Biz bu biznesdan chiqqan edik, lekin davlatning o‘zi bizni qaytishga majburladi”, deyish uchun zamin tayyorlamayaptimikin? 

“Eltuz”ning O‘zbekistondagi hamkori

Tag‘in o‘qing
16 sentyabr 2019
Toshkentning jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudida 9 sentyabr kuni O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini ...
26 may 2016
Toshkent markazidagi Kosmonavtlar xiyobonida yashovchi SH Kuryazova kabel va yo‘ldosh antennalar simlari uzib tashlanganidan yozg‘irdi. U Feysbukda o‘z hasratini ...
10 fevral 2019
O‘zbek jamiyatidagi muhofazakor qatlamning turk seriallariga qarshi «jihodi»ning ajablanadigan joyi yo‘q. Aslida bu masalaning ildizi psixologik mavzu. An'anaviy muhofazakorlarning ...
6 yanvar 2021
Londondagi Sharq va Afrika tadqiqotlari instituti tahlilchisi Alisher Ilhomov tashqi qarzlarning doimiy o‘sib borayotgani bois O‘zbekiston iqtisodiyoti ahvoli juda xavotirli ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...