Asosiy mavzular
12 oktyabr 2018

Gulnoraning seyfidan 38 $ millionlik zargarlik buyumlari chiqqan

Jenevaning Lombard Odier banki seyflaridan topilgan va Gulnora Karimovaga tegishli ekani aytilayotgan qimmatbaho zargarlik buyumlarining qiymati 38 million frankka yetadi. (100 Shveytsariya franki – 101.18 AQSh dollariga teng. Foto: Shveytsariyadagi o‘zbek dissidenti Safar Bekjonning feysbukdagi sahifasidan).

Bu haqda xabar bergan Tages Anzeiger gazetasining yozishicha, qimmatbaho buyumlar Shveytsariya huquq-taribot organlari tomonidan 2016 yilda o‘tkazilgan tintuv vaqtida topilgan.

Gulnora Karimova 2013 yil oxirigacha BMTning Jenevadagi qarorgohida O‘zbekistonning doimiy vakili lavozimida ishlagan va bu yerda kiborlarcha hayot kechirgan. Uning barcha xarajatlarini esa Shveytsariyaning Tsug kantonida (viloyatida) ro‘yxatdan o‘tgan firma to‘lagan.

Gazeta bu firmaning nomi o‘z vaqtida O‘zbekistonda ma'lumu mashhur bo‘lgan Zeromax ekanini bildirmoqda.

2013 yilda Shveytsariya prokuraturasi Gulnora Karimovani pul yuvishda shubha qilib, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan va mamlakat banklarida saqlanayotgan 800 million frank pulini muzlatib qo‘ygan edi.

2015 yilda Tsug kantonida ro‘yxatdan o‘tgan Zeromax kompaniyasi 2010 yilda bankrot bo‘lgan va o‘zidan 6,5 milliard frankka teng ulkan qarz qoldirgan. Natijada Germaniya va Shveytsariyaning o‘nlab shirkatlari katta zarar ko‘rgan.

Bu kompaniyalar G.Karimovani Zeromax ning haqiqiy egasi deb biladi va uning Shveytsariyada muzlatilgan pullarining bir qismi ko‘rilgan zararlarni qoplash maqsadida o‘zlariga berilishini istaydi.

Ammo marhum prezident Islom Karimovning qizi Zeromax ning o‘ziga tegishli ekani haqidagi xabarlarni har doim rad etib kelgan.

Tages Anzeiger gazetasi esa Gulnora Karimovaning ayrim xarajatlarini aynan Zeromax to‘lab berganini yozmoqda.

Ma'lum bo‘lishicha, G.Karimova Shveytsariyada muhtasham villadan tashqari uncha katta bo‘lmagan, lekin juda qimmatbaho zargarlik buyumlari kollektsiyasiga ham ega bo‘lgan. Masalan, birgina qizil brilliant va olmoslar bilan bezatilgan uzukning qiymati 19,5 million frankka tengdir.

“2016 yilda tintuv vaqtida aniqlangan bu boyliklar uchun to‘lovlarni yana o‘sha Zeromax to‘lagan, degan xulosaga kelish uchun barcha asoslar bor edi”, deb yozadi gazeta.

Qolaversa, Zeromax orqali Gulnoraning villasini ta'mirlash xarajatlari to‘langan, 2006-2009 yillarda 365 million frank mablag‘ ofshor kompaniyalarga o‘tkazib berilgan.

Garchi Gulnora Karimovaning ismi Zeromax hujjatlarida uchramasa-da, prokuratura fikricha, turli hisob raqamlari va boshqa moliyaviy hujjatlar mazkur kompaniyaning haqiqiy egasi aynan uning o‘zi ekanidan dalolat beradi.

Hozirgi kunda G.Karimova O‘zbekistonda qamoq jazosiga hukm qilingan. Uning muzlatilgan mablag‘larini esa Shveytsariya O‘zbekiston hukumatiga qaytarishga qaror qilgani ma'lum qilinmoqda.

Huquq himoyachilari bu mablag‘larning O‘zbekiston hukumatiga qaytarilishini ma'qullamayapti. Ularning fikricha, bu aktivlarning qaytadan o‘g‘irlanishi xavfi saqlanib turibdi.

Sardor Azim
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
1 fevral 2019
Gurlan tumanida bedarak yo‘qolgan 21 yashar Murodjon Boboxonovning jasadi 31 yanvar kuni bug‘doy dalasidan topildi. Shu kuni tushdan keyin ...
8 fevral 2019
Burgut tog‘ning tepasidagi cho‘qqida qimirlamay o‘tirardi. Quyon bo‘lsa pastdagi adiru tepaliklarda yugurgani yugurgan edi. Bir kuni quyon burgutga qarab: ...
5 aprel 2022
Qashqadaryo viloyat, Qarshi tumanidagi 12-son maktab o‘qituvchilari Eltuzga yo‘llagan maktublari orqali o‘z direktorlari ustidan prezident Shavkat Mirziyoevga shikoyat qilishmoqda. ...
18 may 2022
Yaqinda “Eltuz”da Namangan viloyati soliq tizimidagi korruptsion holatlar haqida e'lon qilingan maqolaga mamlakatning tegishli huquq-tartibot idoralari e'tibor qaratmadi. “Eltuz” ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...