Ko‘zqarash
18 fevral 2019

O‘zbek tilining nechta varianti bor?

Tillar o‘rtasidagi chegaralar aniq emas. Qo‘yingki, hatto “til” tushunchasi o‘ta bahsli. Kim tilga aniq ta'rif bera oladi? Uning aniq jihatlarini ko‘rsatib bera oladi? Sheva, til, dialekt kabi tushunchalarni ajratib ko‘rsatib bera oladi? Hech kim. Fanda bu savollarga javob yo‘q.

O‘ta shartli darajada, ilmiy iste'mol uchun qulay bo‘lishi uchun quyidagicha sxema taklif qilingan: qaysi til yoki shevaning yozma me'yori bo‘lsa, u til hisoblanadi. Yozma shakli bo‘lmagani esa shevalar guruhi deb ataladi. Ilgari tilning konvergent va divergent rivojlanishi haqida gaplashgandik. Bunga qo‘shimcha aytish mumkinki, til hech qachon bir joyda turmaydi — u doimo yoyilishga, shevalarga bo‘linishga moyil bo‘ladi. Qadimda, kommunikatsiyalar yaxshi rivojlanmagan, internet bo‘lmagan zamonlarda yangi shevalar hosil bo‘lishi ancha oson ish edi. Ammo hozir divergentsiya jarayonini tutib turadigan, konvergentsiya va jipslashuvga xizmat qiladigan omillar ko‘p. Bular adabiy me'yor, matbuot, maktab ta'limi, internet va umumiy madaniyatdir. Qadimda bulardan faqat adabiy me'yor bo‘lgan, lekin u ham ommaviy savodsizlik tufayli divergentsiya jarayoniga to‘sqinlik qila olmagan. Demak, qadimdan tillar divergentsiya va konvergentsiya jarayonlarining o‘zaro kurashi asnosida rivojlanib kelgan; qadimda divergentsiya ustunlik qilgan bo‘lsa, hozir tillar o‘zaro yaqinlashishga ko‘proq moyillik ko‘rsatmoqda. Bunda hal qiluvchi o‘rin tutuvchi omil, albatta, adabiy tildir.

Lekin ayrim tillarning ikkita va undan ortiq me'yori bo‘lishi ham mumkin. Ingliz va fors tillari bunga yaqqol misoldir. Lekin o‘zbek tilining ham bir nechta me'yori borligidan xabaringiz bormi?

Yozma me'yor tilning og‘zaki qiyofasini ham belgilab beradi. Hali yuz yil oldin o‘zbek tili umuman boshqacha edi, ammo yil sayin adabiy me'yorga uyg‘unlashib bormoqda. 1920-yillarda ishlab chiqilgan ilk o‘zbek adabiy tili qipchoq shevalariga asoslangan hamda unda singarmonizm qoidalari saqlangan edi. Agar adabiy tilning bu shaklidan voz kechilmaganida, o‘zbek tili bugun umuman boshqacha qiyofaga ega bo‘lardi.

Shunga qaramay, o‘zbek tilining boshqacha variantlari ham saqlanib qolgan. Afg‘onistonda 2,9–3,2 million atrofida o‘zbek istiqomat qiladi. Ular orasida tarqalgan o‘zbek tiliga sovet davrida yaratilgan o‘zbek adabiy me'yorlari ta'sir ko‘rsatmagan. Buning natijasida ular o‘ziga xos qiyofasini saqlab qolgan. Afg‘oniston o‘zbeklarining adabiy tili ham boshqa — arab xatiga asoslangan anchayin arxaik o‘zbek tili bo‘lib, fonetikasi, lug‘ati jihatidan farq qiladi.

Afg‘onistondagi o‘zbek adabiy tili ustida mahalliy olimlar endi-endi ish boshladi. Nurulloh Oltoyga o‘xshagan tilshunoslar uning leksikasini, fonetikasini tartibga solish bilan mashg‘uldir. Uning biz ishlatadigan o‘zbek tilidan farqli tomonlari nimada? Birinchi galda lug‘atda — Afg‘oniston o‘zbekchasida ruscha va rus tili orqali o‘tgan baynalmilal so‘zlar yo‘q, lekin inglizcha so‘zlar ko‘p. “Baysikl”, “muboyil”, “charj” kabi so‘zlar shular jumlasidandir. Forscha so‘zlar ham ancha ko‘p. Sovet davrida o‘ylab topilgan yoki iste'molga kiritilgan so‘zlar ularda yo‘q (chigit, shanbalik, uyushma, birlashma va hokazo).

Arab xatidan foydalanuvchi o‘zbeklar, bundan tashqari, Pokiston va Shinjonda yashaydi. Pokistonliklar Afg‘oniston o‘zbekchasidan foydalansa, Shinjondagi o‘zbeklar amalda uyg‘ur tilida yozishadi, lekin buni o‘zbekcha deb hisoblashadi. Uyg‘ur va o‘zbek tillarining bir-biriga juda yaqinligi shunday sotsiolingvistik vaziyat yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan. Darvoqe, ayrim yevropalik olimlar o‘zbek va uyg‘ur tillarini bir tilning ikki varianti deb hisoblaydi, fors va tojik tillari singari.

Xullas, tilda mana shunday nozikliklar bo‘ladi, bu narsaga ko‘pchilik e'tibor bermaydi. Shunchaki ma'lumot uchun keltirdim.

Eldar Asanov,
Telegramdagi «Asanov formati» blogeri

Tag‘in o‘qing
9 mart 2017
Prezident Mirziyoev 2016 yilning 5 oktyabrida chiqargan farmoni joriy yilning 1 yanvardan boshlab tadbirkorlarga nisbatan rejadan tashqari har qanday ...
11 noyabr 2016
Ayni kunlarda O‘zbekistondagi barcha bosma nashrlarning butun diqqat-e'tibori 4 dekabrda bo‘lib o‘tadigan prezident sayloviga qaratilgan. Qaysi gazetani olib qaramang, ...
21 fevral 2019
Oliy sud raisining o‘rinbosari – ma'muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay'ati raisi lavozimida ishlagan Bahodir Dehqonov 21 fevral kuni o‘z ...
12 dekabr 2019
Abduvali Qutbiddin umrining so‘nggi yillarida sal “buzilmoqchi”, maddohlik qilib ko‘rmoqchi ham bo‘ldi. Ammo ancha-muncha kechikkanini angladi chog‘i, “qiyshanglashga” astoydil ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...