Ko‘zqarash
9 aprel 2019

O‘rnimizga kelayotgan robotlar

Yaqinda bir hamkasbim yangi tendentsiya, jurnalistlar o‘rniga robotlar kelayotganidan gap ochib qoldi. Bu allaqachon matbuotda qo‘llanilayotgan amal ekan.

Dolzarb xabarlarni to‘plash va tarqatishdan tashqari, ular mavzuni bizdan ko‘ra ancha mukammal, xolis, chuqur va keng tahlil qilish, muhimni nomuhimdan ajratishga ham qodir ekanlar.

U menga juda chiroyli terilib, sahifalangan maqolalarni ko‘rsatdi. Ular chindan ham o‘qisa o‘qigulik edi.

“Bugungi kunda to‘liq robotlashtirilgan saytlar bor va ularning daromadi oddiy matbuotnikidan ancha unumdor”, dedi u.

“Demak, endilikda vaqtli nashr egasiga faqat start tugmasini bosish-u, o‘qiganlar sonini sanash qolarkan-da”, dedim.

“Yo‘q, ularni robotning o‘zi sanaydi, turli kontentlar, reklama va materiallarning chiqish vaqtlarini, undan keladigan daromad va xarajatlarni ham o‘zi belgilaydi”,- e'tiroz bildirdi hamkasbim.

Qoyilman! Shu ma'nodaki, men bu ishlarning birortasiga ortiq davogarmasman. Matbuotda ishlab ko‘rgan odam sifatida, gapning ochig‘i, bu ishlarning hammasini robotga qo‘shqo‘llab topshirishga rozi bo‘lardim.

Tag‘in, men ishlaydigan saytga sheflik qiladigan robot yozganlarimga odamlardan ko‘ra xolisroq baho beradi.

Robotlashtirilgan zamonaviy gazetada (u mutlaqo qog‘oz shaklida bo‘lmasligi mumkin) yozganlarim, albatta, o‘rnini topadi, deb o‘yladim.

Chunki men ancha ambitsiyali, o‘ziga ishongan jurnalistman.

Biroq robot muharrirning shubhalari menikidan kuchliroq. Uning o‘z e'tirozlari bor. U nimani bosish, nimani bosmaslik haqida mendan ko‘ra qat'iyroq tasavvurga ega.

Tasavvur qiling, puchga chiqarilgan maqolangni chop qilish evaziga sen hech qachon endi intellektual fikr sohibi bo‘lgan robot muharrirga yarimta quyib berolmaysan yoki qabulxonadagi robot kotiba ham hech qachon mehribon so‘zu bitta konfet evaziga bebaho asaringni bir qavat yuqori tokchaga o‘tkazib qo‘yishga rozi bo‘lmaydi.

“O‘quvchisi bo‘lmagan narsalarni yozishning nima keragi bor”, e'tiroz bildiradi robot muharrir shisha ko‘zlarini lo‘q qilib. Garchi uning pachakilashib o‘tirishga vaqti ham yo‘q. O‘rningga kelgan temir muxbir esa “detlayn”ga to‘liq va mukammal amal qilib, o‘zi tuzgan xabar kontentlarini praym-taymga tiza boshlaydi. U temir muharrirning ishongan tog‘i.

Biz esa odamlarmiz. Bir-birimiznikidan farqli o‘laroq, turli g‘oya odamlarimiz. Har birimizning o‘y-xayolimiz va yozganlarimiz o‘zimizga mukammal ko‘rinadi, ularni eshitishni istashmasa, ayuhannos solishga tayyormiz. O‘quvchi nimani o‘qish ishtiyoqida ekanini esa biz hech qachon zamonaviy robotlar bilganchalik bilmaymiz.

Ibratli tomoni, o‘rnimizni robotlarga bo‘shatib berarkan, nihoyat o‘quvchilarning bizdan ko‘proq nimani istagani, nimani kutganlarini bilib olamiz. Bu sizu biz o‘ylagandan boshqacharoq bo‘lishi mumkin, biroq robotlargina tusha oladigan bu saviyaga illo-billo biz hech qachon tusha olmaymiz.

Qudrat Bobojon,
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
18 aprel 2020
Mana, azizlar, qatordan xato bo‘lmay, yana siz bilan yuzlashganimdan baxtliman. Holbuki, bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor.  Bugun odamlar ...
14 sentyabr 2020
O‘zbekistonda 14 sentyabrdan boshlab ayrim maktablar an'anaviy tarzda navbatdagi o‘quv yilini boshladi. Toshkent shahri xalq ta'limi boshqarmasining xabar berishicha, ...
21 sentyabr 2023
Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumani IIB xodimlari mahalliy aholi orasida “Boqqi Tarzan” laqabi bilan tanilgan lotereyachi-strimer Baxtiyorni 19 sentyabr kuni ...
14 dekabr 2018
Farg‘ona musiqali drama teatri aktrisasi Malohat Toirova tomoshalariga qalbaki chiptalar sotilganligini fosh qilgani uchun ishdan bo‘shatilganini bildirmoqda. Bu haqda ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...