Kundalik
31 oktyabr 2018

Aholining inflyatsiyadan xavotiri ortib boryapti

O‘zbekiston Markaziy banki mamlakat aholisi va korxonalarining inflyatsiya kuchayib borayotganidan xavotiri oshayotgani haqida ma'lum qildi.

MBning joriy yilning 3-choragi uchun tayyorlagan hisobotida bildirilishicha, iyul-sentyabr oylarida aholi va biznes tomonidan sezilgan inflyatsiya indeksida sezilarli o‘sish kuzatilgan.

MB bu o‘sish dinamikasi kelgusidagi inflyatsion kutilmalarga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Pishiqchilik mavsumida odatda mamlakatda arzonchilik kuzatiladi. Joriy yilda bozorlarda eng arzoni uzum, olma, piyoz kabi mahsulotlar bo‘ldi.

Ammo aksariyat hollarda yozda juda arzon bo‘ladigan pomidor, bodring, tarvuz-qovun kabilarning narxi kutilganidan ancha balandligi kuzatildi.

“Bu yil bizda pomidor hosili yaxshi bo‘lmadi. Bunga qurg‘oqchilik ham sabab bo‘ldi. Qolaversa, pomidorga kasal tegib, tezda qurib qoldi”, deydi Qishloq xo‘jaligi vazirligi xodimi “Eltuz” bilan suhbatda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, narxi eng sezilarli oshgan mahsulotlardan biri guruch bo‘lgan. Qish mavsumida guruch yanada qimmatlab ketishi kutilmoqda.

Tahlilchilarning so‘zlariga qaraganda, yaqinda hukumatning benzin, gaz va elektr energiyasi narxini oshirish to‘g‘risidagi qarori loyihasi e'lon qilingani aholi va biznes vakillarining inflyatsion xavotirlari keskin oshishiga sabab bo‘lmoqda.

“Bu qarorning qabul qilinishi, so‘zsiz, bozorda narxlar qimmatlashuviga olib keladi. Chunki bugungi kunda ishlab chiqarish tannarxining sezilarli qismini energiya manbalaridan foydalanish xarajatlari tashkil etadi. Biz yaqin vaqtlarda zanjirli reaktsiya ko‘rinishidagi qimmatlashuvga guvoh bo‘lishimiz ehtimoli juda katta”, dedi iqtisodiy tahlilchi Botir Haydarov “Eltuz” bilan suhbatda.

Ta'kidlash kerakki, hukumat vakillari kutilayotgan qimmatlashuvga aholi fikrini tayyorlash harakatiga tushib qolgan.

Xususan, yaqinda moliya vaziri OAV vakillari bilan uchrashib, energiya manbalari narxi oshirilishi zarurati haqida tushuntirish berdi.

O‘zbekistonda qimmatchilikning birinchi belgisi qora bozorda AQSh dollari narxining oshishida ko‘rinadi.

28 oktyabr holatida dollarning rasmiy kursi 8226 so‘mni, qora bozorda esa sotib olish narxi 8300 so‘m, sotish narxi 8330 so‘mni tashkil etdi.

Joriy yil boshidan buyon dollarning rasmiy va qora bozordagi kurslari o‘rtasida shu kunlardagidek katta farq kuzatilmagan edi.

Bu esa aholi va tadbirkorlarning qimmatlashuv xavotiridan dollar sotib olishga ehtiyoji ortganiga ham dalil bo‘ladi.

“Joriy yilning to‘rtinchi choragida aholi va biznesmenlarning inflyatsion kutilmalari ko‘rsatkichi o‘sishi avvalgi uch chorakdagidan ko‘ra yuqoriroq bo‘lishi ehtimoli katta”, dedi iqtisodiy tahlilchi Botir Haydarov “Eltuz”ga.

Eslatib o‘tamiz, bundan avvalroq Markaziy bank qayta moliyalash stavkasini 14 foizdan 16 foizga oshirishga qaror qilgan edi.

Bu qarorga berilgan sharhda mamlakatda inflyatsiya darajasi kutilganidan ko‘ra yuqoriroq bo‘layotgani bildirilgandi.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
7 sentyabr 2016
Vafot etgan prezident Karimovga sajda qilish amaliyoti tobora kuch olayotir. Internetning o‘zbek segmentida xizmat ko‘rsatgan artistlar, taniqli jurnalistlar va ...
2 fevral 2021
1 fevral kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi mamlakat ichida turib faoliyat yuritadigan polshalik jurnalist Agneshka Pikulitskaning akkreditatsiya muddatini uzaytirishni ...
12 avgust 2024
12 avgust kuni bir guruh uzbek va shved vatandoshlari Muxtor Abror Aliy tahallusi bilan tanilgan diniy bloger 48 yoshli ...
7 aprel 2016
O‘zbekistonliklar orasida so‘nggi kunlarda avj olgan 16 va 32 kilogrammlik polvontoshlarni qidirish vasvasasi mashhur «Oltin devor» p'esasini eslatadi, faqat ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...