Asosiy mavzular
1 iyul 2020

Yomg‘irdan qutulib, do‘lga tutilishmi? O‘zbekiston paxta sektorini xususiylashtirish jarayonidagi xatarlar

Power Briefs turkumining O‘zbekistondagi paxta sektorini xususiylashtirish jarayonida asosiy rol ajratilgan klasterlar tizimiga oid navbatdagi nashri tayyorlandi. 

Buyuk Britaniyadagi Olster universitetining amaliy ijtimoiy va siyosiy fanlar maktabi rahbari, kriminologiya professori Kristian Lasslett va O‘zbekiston inson huquqlari forumi hamkorligida tayyorlangan ushbu nashrda klasterlar ortida turgan noshaffof shirkatlar, ularni o‘rganish natijasida olingan ma'lumotlar, paxta sektorining bu tarzda xususiylashtirilishi jarayonida yuzaga kelayotgan xavf-xatarlar haqida so‘z boradi.  

“Eltuz” sayti mazkur tadqiqotning asosiy jihatlari haqida o‘z o‘quvchilarini xabardor qilishni lozim topdi.

Klasterlar va offshor kompaniyalar

Paxta uzoq yillardan buyon O‘zbekistonning eng ko‘p eksport qilinadigan mahsulotlaridan biri hisoblanadi. Shuning uchun mamlakat tashqi savdosida eng ko‘p muhokamalarga sabab bo‘ladigan mavzu ham paxta eksportiga oiddir.

“Ulkan paxta xirmonini yaratish uchun davlat millionlab kishilarni xavfsiz bo‘lmagan va antisanitar sharoitlarda ishlashga majbur etadi”, deyiladi tadqiqotning kirish qismida.

Unda ta'kidlanishicha, huquqni himoya qilish bo‘yicha ham mamlakat icharisida, ham tashqarisida tashkil etilayotgan keng ko‘lamli kampaniyalar natijasida Shavkat Mirziyoev hukumati O‘zbekiston paxta sanoatida majburiy mehnatga chek qo‘yish majburiyatini o‘z zimmasiga oldi. 

Majburiy mehnatga chek qo‘yish strategiyasining bosh g‘oyasi paxta sektorini klasterlarning vertikal integratsiyasi tizimi vositasida jadal xususiylashtirish hisoblanadi. 

Xususiy kompaniyalar boshqaradigan paxta klasterlari paxta xomashyosini ham ichki, ham tashqi bozorda sotiladigan daromadli to‘qimachilik mahsulotlariga aylantirishni ko‘zlamoqda. 

“Biroq paxtachilik tarmog‘ini jadal xususiylashtirish va korporativlashtirish jiddiy xatarlar bilan kechmoqda. Korporativ boshqaruv va bozor yaxlitligidagi kamchiliklar O‘zbekiston xususiy sektorining yuqori doiralarida davlat organlari panohida yoki ko‘magida sodir etiladigan iqtisodiy jinoyatlikning gullab-yashnashi uchun serhosil zamin yaratmoqda”, deyiladi tadqiqotda.

Unda e'tirof etilishicha, bu holat O‘zbekistonga xorijiy investitsiya oqimining qisqarishiga olib kelmoqda va mamlakatning xalqaro nufuziga salbiy ta'sir etmoqda. 

Ushbu hisobot klaster tizimi, shuningdek, uni boshqarish uchun tanlab olingan kompaniyalarning yaxlitlik tamoyillariga qanchalik mos kelishini aniqlash maqsadida bir yil davomida olib borilgan tadqiqotlarga asoslangan. 

Tadqiqotning birinchi bosqichida klaster tizimidagi xatarlarni aniqlash uchun korporativ yaxlitlikni baholash shkalasi ishlab chiqildi. Biznesni mas'uliyatli boshqarishga amal qilayotgan kompaniyalar yashil bayroq, asosiy tamoyillardan chekinganlar zarg‘aldoq bayroq, insofsiz amaliyotni qo‘llashga oid dalillar aniqlangan shirkatlar qizil bayroq bilan baholandi. 

Klasterni baholash jarayonida qizil (41 foiz) va zarg‘aldoq (49 foiz) bayroqlar ulushining juda yuqori ekani ma'lum bo‘ldi. Bu esa paxta klasterlari tizimida majburlash amaliyotlari qo‘llanishi xatari sezilarli darajada yuqori ekanidan dalolat beradi. Deyarli barcha yashil bayroqlar faqat bitta boshqaruv kompaniyasi – “Indorama Kokand Textile”ga tegishli bo‘ldi. 

Tadqiqotda xavotir uyg‘otadigan bir necha offshor kompaniyalarning nomi keltirilgan. Ular orasida “Uztexgroup” alohida ajralib turadi.

“Uztex group” oilaviy konglomerat bo‘lib, O‘zbekistondagi beshta klasterni boshqaradi va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha mamlakatda eng yirik kompaniya hisoblanadi. Shuningdek, u dastlab marhum prezident Islom Karimovaning qizi, hozir qamoqda jazo muddatini o‘tayotgan Gulnora Karimovaga bog‘liq bo‘lgan “Invest Finance Bank” xususiy bankini ham nazorat qiladi. “Uztex group” mazkur kompaniyalar aktsiyalariga Shveytsariya, Buyuk Britaniya va Sinapurdagi offshor tarmoqlar orqali egalik qiladi”, deyiladi tadqiqotda. 

Offshor kompaniyalar ba'zilari pul yuvish bo‘yicha xalqaro mojarolarga aloqador ishonchli shaxslar va aktsiyalarning nominal egalari tomonidan boshqarilishi aytiladi.

Tadqiqotda OAV xabarlari “Uztex group” nazorati Farhod Mamajonov qo‘lida ekanidan dalolat berishi ma'lum qilinadi. 

“Uztex group” ofshor tuzilmasi

Farhod Mamajonovning kapital qo‘yilmalari Rossiya sudi ulardan keladigan daromadlardan uyushgan jinoyatchilikka ko‘mak berish maqsadlarida foydalanilayotganiga ishonch hosil qilgani ortidan muzlatilgani ta'kidlanadi.

Tadqiqotda bildirilishicha, Shveytsariyaning to‘qimachilik kompaniyalari uchun uskunalar yetkazib beruvchi yirik transmilliy kompaniyasi – “Uztex Rieter” va Buyuk Britaniyaning “Wayrex LLP” mas'uliyati cheklangan shirkati o‘rtasida muntazam bo‘lmagan qator transaktsiyalar amalga oshirilishi qayd etilgan.

Shuning uchun bu transaktsiyalar borada vakolatli organlar tomonidan zudlik bilan tegishli surishtiruv ishlari olib borilishi zarurati mavjudligi ta'kidlanadi. 

Tadqiqotda “Textile Technologies Group” kompaniyasi orqali oltita klaster, jumladan, uning sho‘'ba korxonasi bo‘lmish “Amudaryotex” va “Beshariq Tekstil JSC” faoliyatiga rahbarlik qilayotgan Murod Yoqubjonovning nomi keltirilgan. 

Xususan, Agajan Avenesov va, mish-mishlarga qaraganda, uning yordamchisi Vohid Ortiqov Mirakbar Yoqubjonov va Murod Yoqubjonovning biznes sheriklari hisoblanishi hamda ular birgalikda “Beshariq Tekstil JSC”ni boshqarishi bildiriladi. 

Gap shundaki, Rossiyada Agajan Avanesov o‘zi raisi hamda egalaridan biri bo‘lmish “Starbank” vositasida yirik moliyaviy qing‘irliklarni amalga oshirishni nazorat qilishda ayblanmoqda. Rossiya OAV xabarlariga ko‘ra, mana shu qing‘irliklar sabab Avanesov Rossiya kriminal avtoritetlari tomonidan qidirilmoqda. 

Tadqiqotda Murod Yoqubjonov “Uzpromstroybank” davlat korxonasi direktori, shuningdek, “Grant Thornton Uzbekistan” kompaniyasi sheriklaridan biri ekani ta'kidlanadi. 

Hujjatda ushbu hisobotni tayyorlash chog‘ida korporativ axloqqa rioya etilmayotganiga oid qator alomatlar ko‘rsatib o‘tiladi. 

Bular orasida turli moliyaviy qing‘irliklarga oid jinoyatlarda ayblanayotgan, tepasida aktsiyalarning nominal egalari turgan soyadagi offshor kompaniyalardan foydalanilayotgani, klasterlarni boshqarish va ularga egalik qilishga siyosiy jihatdan nufuzli shaxslar jalb etilayotgani, ilgari jiddiy iqtisodiy jinoyatlarda ayblangan shaxslarning rahbarlikka tayinlanayotgani, korporativ va moliyaviy shaffoflikning yo‘qligi kabi omillar sanab o‘tilgan.

Eltuz

Tag‘in o‘qing
31 mart 2018
Oliy Majlis Senati 29 mart kuni «O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) to‘g‘risida»gi qonunni tasdiqladi. Mazkur qonunga ko‘ra, DXXga ...
25 sentyabr 2015
Bugun 25 centyabr Eltuz tahririyatiga mustaqil jurnalist Malohat Eshonqulova va Yelena Urlaevani ushlab ichki ishlar boshqarmasiga olib ketishgani haqida ...
24 noyabr 2016
Bugunga kelib Bosh vazirning virtual qabulxonasi orqali yechilayotgan muammolarning aksariyati nihoyatda jo‘n va mayda masalalar ekani ayon bo‘lib qolmoqda ...
28 iyun 2017
O‘zbekistonda qo‘shiqchilarga rasmiy ruxsatsiz YouTubega klip joylashtirish 1 iyuldan taqiqlanadi. Litsenziya bitimlariga oid yangi o‘zgarishlarga asosan, bunday ruxsat «O‘zbekkontsert» ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...