Dayjest
2 mart 2017

O‘quvchi kelmaydigan kollejlar

Avvaliga O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi saytida bosilgan quyidagi maqola juda dolzarb bo‘lgani sababli mamlakatdagi bir necha norasmiy internet gazetalarda, xususan, kun.uzda e'lon qilinib, ko‘pchilikning diqqatini o‘ziga tortdi.

Maqola kollejlardagi davomat masalasini o‘rganishga bag‘ishlangan. Mavzuni xolis o‘rganish uchun «mutasaddilar uncha-munchaga boravermaydigan hududlar» tanlangani aytiladi.

Unda keltirilgan raqamlarga e'tibor berar ekansiz, mustaqil kuzatuvchilar tomonidan shu paytgacha aytib kelingan, lekin hukumat tan olmay kelgan vaziyat aslida biz bilganimizdan ham dahshatli darajada ekaniga guvoh bo‘lasiz.

Ma'lum bo‘lishicha, Surxondaryo viloyatidagi Jarqo‘rg‘on qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kollejidagi vaziyat o‘rganilgan kunda bu yerda o‘qiydigan 1053 nafar o‘quvchidan 565 nafari darsga kelmagan. Ularning 25 nafari esa kollejga umuman kelmaydi.

«Kitob kommunal xo‘jalik kasb-hunar kollejining Saroy filialida 181 nafar o‘quvchidan 99 nafari darsga kelmagan. Qo‘shrabot iqtisodiyot va servis kasb-hunar kollejida soat 9:00da 480 nafar o‘quvchidan 50 foizi kelgan, soat 10:00da bu ko‘rsatkich 55 foiz, soat 11:00da esa 62 foizga yetgan», deyiladi maqolada.

Boshqa viloyatlardagi kollejlarda ham ahvol bundan durust emasligi, o‘quvchilarning yarmidan nari-berisi darslarga kelayotgani bildirilgan.

Maqolada kollejlarda ta'lim sifati ham ko‘ngildagidek emasligi, Jarqo‘rg‘ondagi yuqorida tilga olingan kollejda uchta guruh (bitta 2-kurs va ikkita 1-kurs) bir xonada jamlanib, ingliz tili darsi o‘tilayotganiga guvoh bo‘lingani ta'kidlangan.

«Darhaqiqat, ko‘plab kollejlarda kadrlar, ya'ni pedagog o‘qituvchilar va ishlab chiqarish ustalarining yetishmasligi yoki bilim darajasi pastligini tan olish kerak», deydi mualliflar.

Maqolada kolllejlarning moddiy-texnik ta'minoti tanqid qilingan. Masalan, Shovot yengil sanoat kasb-hunar kollejida tikuvchilik yo‘nalishida tahsil oladigan 289 nafar o‘quvchi uchun 12 ta tikuv mashinasi, Kitob kommunal xo‘jalik kasb-hunar kollejining Saroy filialida 3 tagina tikuv mashinasi (u ham bo‘lsa ma'nan eskirgan) mavjud ekan.
Ta'lim muassasalarida xonalar o‘rgatiladigan kasblar yo‘nalishi bo‘yicha umuman jihozlanmagani ko‘p uchraydi.

Hukumat shu paytgacha kollej bitiruvchilarini ish bilan ta'minlashga katta e'tibor qaratilishi haqida og‘iz ko‘pirtirib keladi. Ammo maqolada keltirilgan ma'lumotlar aslida ahvol achinarli ekanini ko‘rsatadi.

«Qayd etish kerakki, bu masalaning ham og‘riqli ekani yaqqol ko‘rinib turibdi… Oqdaryo politexnika kollejida bitiruvchilarning ish bilan ta'minlanish darajasi 20 foizni tashkil etadi. Hududda mazkur yo‘nalishda mehnat qilish imkoniyatini beruvchi korxonaning o‘zi yo‘q», deyiladi maqolada.

Turli partiyalar bitiruvchilarni tadbirkorlikka jalb etish loyihalariga ega. Ular bu borada amalga oshirgan ishlari to‘g‘risida og‘iz ko‘pirtirib hisobotlar beradi, yuzlab-minglab yosh yigit-qiz falon million so‘m kredit olib, tadbirkorlar safiga qo‘shilgani bildiriladi.

Maqolada keltirilgan faktlar esa buning aksini ko‘rsatadi. Masalan, Chust qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kollejida o‘tgan o‘quv yili yakunida 30 nafar bitiruvchi o‘z biznes g‘oyasini o‘rtaga tashlab, tijorat banklariga imtiyozli kredit olish uchun murojaat qilgan, lekin faqat bir bitiruvchi 6,5 mln so‘m kredit olib, o‘z biznesini yo‘lga qo‘ya olgan, xolos.

Maqolada qishda ko‘plab kollejlar isitilmasligi, elektr yo‘qligi muammosi ham ko‘tarilgani «haqiqat to‘lqinlari zulm to‘g‘onini yemirayotgani»ga bir misol bo‘la oladi nazarimizda.

«Shovot yengil sanoat kasb-hunar kollejida xonalar sovuq, chunki elektr deyarli bo‘lmagani sababli binoni isitishning iloji yo‘q… Darvoqe, mavjud kompyuterlar, tikuv dastgohlari elektr yo‘qligi uchun o‘qsiz qurolday bekor turibdi», deyiladi unda.

Bu muammo qarshisida qolgan ko‘plab kollejlar misol o‘laroq tilga olib o‘tilgan. Shuningdek, kollejlardagi kutubxonalar ham qoniqarli holatda emasligi ta'kidlangan.
Ayrim kollejlar rahbariyatining mualliflarning ta'lim muassasalaridagi ahvolni o‘rganish harakatlariga to‘sqinlik qilgani ochiq-oydin aytilgan.

Bundan tashqari, maqolada o‘rganilgan kollejlarda Rossiya va Qozog‘istonga, shuningdek, Toshkent shahriga pul topish maqsadida ketgan o‘quvchilar ham talaygina ekani qayd etilgan.

Xullas, maqolada kollejlardagi bugungi vaziyat ancha keng tahlil qilingan. Garchi siyosatga teginilmagan bo‘lsa-da, mazkur mavzu ko‘tarilishining, muammolar ochiq aytilganining o‘zi o‘zbek matbuoti uchun katta voqelikdir.

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
26 fevral 2019
Toshkent shahri prokuraturasi shahar hokimligining Anhor bo‘yidagi buzilayotgan 78-uyda yashovchilarni ko‘chirishda qatnashgan mulozimga intizomiy chora ko‘rdi. Bu ayni mahalla ...
9 iyun 2020
“Uzauto Motors”ning Asakadagi zavodida avtobuslar garajida navbatchi mexanik bo‘lib ishlagan, ikki o‘g‘ilning otasi, 53 yoshli Ahrorbek Sayfiddinov ko‘richakning zo‘rayishi ...
9 iyul 2018
(fermer xo‘jaligi ishchisining hikoyasi) Xorazmlik Hasanboy fermer xo‘jaligida ishlaydi. Umri dalada o‘tgan, desa ham bo‘ladi. Ma'lumoti o‘rta. Shunday bo‘lsa-da, ...
8 avgust 2024
«Arabiston tuprog‘ida bola tug‘ish» maqsadidagi xotinlar va ularni yetaklab ketayotgan erkaklar. Arabistonda o‘qilgan sha'riy nikohga reklama tus bera boshlagan ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...