Jurnalistga jazo jamoatchilik bosimi ortidan 2 sutkaga tushirildi
“Eltuz” muxbiri Farg‘ona viloyati televideniesi jurnalisti Usmonjon Qodirov 28 may kuni 15 sutkaga qamalib, keyin jazo muddati 2 sutkaga o‘zgartirilib, ozodlikka chiqarilgani voqeasini o‘rgandi.
Uyiga kelmagani ortidan dastavval Usmonjon Qodirovning Farg‘ona viloyati hokimligi axborot xizmati tomonidan tayyorlangan “Men yoshlik qilib, masalani to‘liq o‘rganmay, yolg‘on axborot tarqatibman, buning uchun uzr so‘rayman”, degan videosi tarqalgandi.
Keng jamoatchilik uning qaerdaligi bilan qiziqayotgan bir paytda “Muxbir Daliev” kanalida unga tegishliligi aytilgan ovozli xabar paydo bo‘ldi. Xabarda Usmonjon Qodirov katta loyiha ustida ish olib borayotgani uchun bir–ikki kun telefoni o‘chirilgan holda bo‘lganini, chalg‘imaslik uchun hech kim bilan bog‘lanmay ishlayotganini aytgan.
Xuddi shu paytda Toshkentdan Farg‘onaga kelgan jurnalist Mavjuda Mirzaeva Usmonjonning uyida bo‘lib tayyorlagan videolavhada opasi va onasi uning Sardobaga ketganligini aytadi.
Aslida Usmonjon qaerda edi?
Farg‘ona shahri ma'muriy sudi qarorida aytilishicha, Qodirov 27 may kuni soat 15:30lar chamasida Farg‘ona viloyati hokimligi binosi oldida karantin talablariga zid ravishda qasddan yuziga niqob taqmasdan ketayotgan bo‘lgan. Shu hududda xizmat vazifasini o‘tayotgan profilaktika inspektori M.Hamraliev unga buning yuzasidan e'tiroz bildirib, shaxsini aniqlash uchun IIB tayanch punktiga olib bormoqchi bo‘lganida Qodirov uning qonuniy talablarini uzrli sababsiz bajarmagan va xodimni haqorat qilgan.
O‘sha kunning o‘zidayoq jurnalist Farg‘ona shahri ma'muriy sudiga olib borilib, “epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish”, “mayda bezorilik”, “ichki ishlar organlari xodimining o‘z vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq qonuniy talablarini bajarmaslik”da ayblanib, uzil-kesil 15 sutkaga qamalgan.
29 may kuni esa Farg‘ona viloyati ma'muriy sudi kassatsiya instantsiyasi Qodirovning “o‘z ishidan pushaymonligini e'tiborga olib”, 15 sutka ma'muriy qamoq jazosini 2 sutkaga tushirdi. Shu sababli u sud zalidan qo‘yib yuborilib, ma'muriy qamoq xarajatlaridan ham ozod etildi.
Jurnalist ustidan o‘tkazilgan bunday “g‘aroyib sud jarayoni”, o‘z fikri uchun uzr so‘rashi-yu, haqiqatan qaerda bo‘lganini yashirishga urinishlar ijtimoiy tarmoqlarda turlicha aks-sado bermoqda.
“Uning bor-yo‘q aybi zavod ishchilari prezident tashrifi oldidan majburiy mehnatga jalb etilyapti, deya ijtimoiy tarmoqlarda yozgani, shuningdek, u “Ozodlik” radiosining Marg‘ilondagi “Yodgorlik” majmuasini shahar tibbiyot birlashmasi hamshiralari tozalamoqda, degan xabariga “bo‘lishi mumkin”, deya fikr bildirganidir”, deydi jurnalistga yaqin bo‘lganlardan biri.
Aynan shu fikri uchun u Farg‘ona viloyati hokimligi axborot xizmatiga chaqirtirilgan va o‘sha yerda uning uzr so‘ragani aks etgan video yozib olingan.
– Usmonjonning 15 sutkaga qamalishi viloyat rahbarlari tomonidan unga qarshi uyushtirilgan ish. To‘g‘rirog‘i, so‘z erkinligini bo‘g‘ish, erkin fikrlovchi, har bir voqea va hodisaga o‘z fikrini haqqoniy aytuvchi jurnalistlarga ogohlantirish, deb tushunaman, – deydi suhbatdosh.
Uning so‘zlariga ko‘ra, agar haqiqatan ham Usmonjon Qodirov viloyat hokimligi binosi oldida bezorilik qilganida, IIV xodimi talablariga bo‘ysunmaganida, albatta, o‘sha yerdagi kuzatuv kameralaridan yozib olingan tasvirlar turli ijtimoiy tarmoqlar orqali keng jamoatchilikka havola etilardi.
“Chunki bunday ishlarni qilishga Farg‘ona viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari M.Obidov juda usta. Nega u Usmonjon Qodirovning uzri aks etgan videoni keng jamoatchilikka havola etdi-yu, Usmonjonning sudi va qilgan xatti-harakatlari haqida sukut saqlamoqda”, deya fikrini davom ettiradi “Eltuz” suhbatdoshi.
So‘nggi paytlarda O‘zbekistonda so‘z erkinligini bo‘g‘ish, haqiqatni gapirgan jurnalistlarga bosimlar bo‘layotgani haqidagi xabarlar ko‘paymoqda.
Uchko‘priklik jurnalist Sharifa Madrahimovaning faoliyatiga tuman hokimligi vakilining to‘sqinlik qilishi va uning telefonidan videoyozuvlarni o‘chirib yuborishi, O‘zA muxbiri Anora Sodiqovani Abdulla Qodiriy uy-muzeyi ochilishida yozgan fikri uchun ishdan bo‘shatish talabi qo‘yilgani, Sardobada “Hyuman.o‘z” sayti operatorlarining videokamerasidan tasvirlarning o‘chirib yuborilishi, shuningdek, O‘zbekiston MTRK sport sharhlovchilari Bobur Akmalov va Jamoliddin Bobojonov “O‘zbekiston24” kanalini tanqid qilishlari ortidan ishdan bo‘shatilishi mamlakatdagi so‘z va fikr erkinligi bilan bog‘liq vaziyat Islom Karimov davridagi holatiga qaytayotganidan darak beradi.
Eltuz.com