Asosiy mavzular
17 may 2021

Imperativ-28. Qilichlar uyquga ketsa

(Shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” audiokitobining 28-qismi. Matnni muallifning o‘zi o‘qigan. Audiokitobning boshi va oldingi qismlari “Eltuz”ning “Imperativ” ruknida. Davomi bor.)

1924 yil bolsheviklar bu milliy boshqaruvlarni tugatib, Turkistonni SSSR deb atalmish davlat hokimiyati ostiga oldi.

Oqibatda Turkiston mustamlakaning ikkinchi – 70 yillik sovet bosqichiga kirdi.

Bu davr ichida besh bo‘lakka bo‘lib tashlangan Turkistonni ismlari yerli, zehniyati rus bo‘lgan shaxslar boshqardi. Bu tiplardan millionlab manqurt tarbiyalanib, davlat idoralarida ruslar yetishmagan bo‘shliqlarga qo‘yildi. Bu manqurt to‘da o‘z xalqini ruslardan ham zolimroq shaklda eza boshladi.

Bir manqurt zehniyati sohibining portreti:

DUM MONOLOGI

Men o‘zimga o‘zim xon, o‘zimga o‘zim dumman.

Men hech kimning ortidan ergashmayman.

Hech kimning oldida likillamayman.

Hech qachon g‘alvir bog‘lamayman o‘zimga…

Meni tugmoqchi bo‘lganlar esa, aytib qo‘yay, ovora bo‘lishadi.

Men o‘zimga o‘zim xon, o‘zimga o‘zim dumman.

Egamdan qachon ajrim bo‘lganim esimda yo‘q, eslagim ham kelmaydi.

Faqat tasavvurimda qachonlardir shiddat bilan ko‘tarilgan

Boltaning oniy surati qotib qolgan.

Po‘latda aks egan lahzalik bu shu'la shuurimni mangu yoritajak.

Bu shu'la – mening quyoshimdir.

(1982)

«Valfajr» (1983)

Quyidagi she'rda eng katta manqurt portreti tasvirlangan:

ShO‘RLIK

U ko‘chadan o‘tsa,

Binolar shoshar

Orqaga chekilib yo‘l berar darhol.

Ko‘chadan o‘tsa u,

Cho‘ntagiga qo‘lini tiqqan

Birorta kimsani ko‘rmaydi sho‘rlik.

Chunki barcha qo‘llar

Cho‘ntakdan chiqib,

Ko‘krakda jamuljam bo‘ladi darrov.

Ko‘chadan o‘tarkan, ko‘rmadi hali

Birorta terakni shaharda,

Chunki teraklar ham bukchayib olar

Jinsi yo‘q daraxtday uni ko‘rganda!..

Ko‘chadan o‘tmaydi, balki suzadi

Kemaday zalvorli, vazmin, serviqor

Iltimoslar ummonida u.

Uyiga bormaydi,

Bajarar xolos

Uyining «Kel!» degan iltimosini.

Yo‘q, u ovqat yemas uyida,

Balki ko‘ngli bo‘shlik qilib daf'atan

Iltimosin bajarib qo‘yar ovqatning.

Tug‘ishgan inisi – inisi emas,

Bu ham iltimosning oqibatidir;

Qandaydir begona odamning

«Birga tug‘ilaylik!» degan bema'ni

Iltimosin bajargan edi bir paytlar…

(1979)

«Valfajr» (1983)

“Idora tamoman mening qo‘limga o‘tdi”, deb o‘ylagan manqurtlar jamiyatiga hali ham o‘lmagan shoirning kinoyasi:

AYaNCh BILAN QARAMA

Dunyodan bexabar odamga

So‘qir bechoraga qaragan kabi

Menga ayanch bilan qarama!

Qarama, go‘yo men bilmaydiganday.

Yaxshi odamlarning ko‘pliginiyu

Yomonlarning oz emasligin.

Go‘yo ulug‘ hurriyatdan so‘ng

Zaminda hur bo‘ldi fikrlar,

Jaholat yo‘q bo‘ldi batamom

Go‘yo Sotqinlar ham Dahoga o‘xshab,

Ming yilda bir marta kelar dunyoga.

(1979)

«Valfajr» (1983)

Manqurtlar jamiyatining saylovida ovoz berishni istamagan fuqaroni «tarbiyalash» jarayoni tasvirlangan matn:

SAYLOVChI

Kecha kasalxonaga olib ketishgandi,

Bugun yana uyiga opkeb qo‘yishdi.

Shu katta shaharda birorta tabib

Davo topolmabdi uning dardiga.

Axir igna bo‘lsa, mayliydi,

Mayli edi, qoziq bo‘lsa,

Iloj topilardi terak bo‘lsa ham…

Kelib-kelib o‘z ovozini yutib qo‘yadimi?!

(1976)

«Valfajr» (1983)

Adabiyotimizdagi manqurt sinfi jamiyatimizning eng tepa pozitsiyalarini egallagan edi. Ular to‘g‘ridan Moskvadan amr olardilar va yerli qo‘g‘irchoq hukumatning muhim parchasi edilar.

Biz bu zulmning so‘nggi haqda xayollar qurishda davom etardik.

LAZZATNING XILLARI

«Lazzatning xili ko‘p» deganda

Ko‘zlari yog‘ bosgan mechkayning

Taomga muhabbatini emas,

Dimiqqan oqshomda

Hirsdan erib ketgan bandaning

Sassiq tushlarini emas,

Yollangan qullarning

Go‘dak manglayiga to‘pponcha tirab

Olgan zavq-shavqin ham aytmayman.

«Lazzatning xili ko‘p» deganda

G‘alati quvonchni aytmoqchiman men:

Zolim portreti yonsa gulxanda.

(1980)

«Valfajr» (1983)

Ora-sira ishg‘olchilarning yumshoq yerlariga sanchiladigan ignalarni ma'sum va begunoh ismlar ostida gizlab nashr etar edik.

Masalan, «Bahor» ismi ostidagi bir igna:

BAHOR

Qush bilan odamning manfaatlari

Hali-veri duch kelib qolmaydi.

Hozircha daraxtda uxlamas odam,

Kun kechirmas qurt-qumursqa yeb.

Yoki birorta qush do‘kon oldida

Navbatda turmaydi men bilan.

Hatto eng rashkchi erkak ham

Qushdan rashk qilmaydi o‘z xotinini.

Shuning uchunmikan, bahor ayyomi

Qushlar yot tillarda qo‘shiqlar aytib,

Ishg‘ol etganida O‘zbekistonni

Quvonchga to‘lamiz, xafa bo‘lmaymiz.

(1979)

«Valfajr» (1983)

«YoShULLIChI» SINF

Manqurtlardan keyin keladigan bu sinf «yoshulli»larga madhiya aytib, yuqoriga intilib ko‘rar, hatto ba'zilari zirvaga yaqin yerlarda uya ham qurar edi. Ammo bu uzoqqa bormasdi. Moskvadan “manqurtlar sinfi” rahbariga bir qo‘ng‘iroq kelar, darhol bu «yoshullichi» sinf vakilining «millatchi» yoki boshqa qusuri o‘rtaga chiqar va u yuksalgani zirvadan pastga uloqtirilar edi.

Haqiqatan ham, «yoshullichi»lardan ba'zilari milliy tuyg‘ularga sohib bo‘la olardilar. Ular bu tuyg‘uga ahamiyat berishardi, ammo uning fosh bo‘lishidan juda qo‘rqishadi. Shu sababdan «Oldin zirvaga chiqib olay, keyin millatimga xizmat qilaman, hozircha shu kofirning aytganini ikki qilmay, vazifada qolishim kerak», degan mantiqla harakat etadi.

Lekin u zirvaga borguncha bu «murosa taktikasi» uning umurtqasiga aylanar va milliy fikri yer bilan yakson bo‘lar edi. Oqibatda ular ham ma'naviyat jihatidan manqurtlarga yaqin bir yerda joylashardilar.

«Yoshullichi» sinfdan keyingi ijtimoy guruh «qorachadan kelganlar» sinfidir.

Ular xalqimizning aksariyatini tamsil etadi. Ko‘p yaxshi shoir va qobiliyatli nosirlar ana shu sinfdan chiqqan. Ziyolilarimizning bu guruhi Alloh bergan qobiliyatlari bilan muayyan nuqtalarga kelsalar ham hech qachon bir ishni mustaqil hal qiluvchi pozitsiyada bo‘lmaganlar. Ular adabiyotning qora ishchilari, agar O‘zbekistonda o‘qish mumkin bo‘lgan biror kitob chiqsa, uni aynan shu sinf vakillari yozgan bo‘ladi.

Qizig‘i shundaki, bu guruhlarning hech biri siyosatga aralashmaydi. Aralashganlarni ham «yo‘lini yo‘qotgan sarsari» deya e'lon etadi. Asarlarida ham siyosatni chetlab o‘tishga harakat qilishadi. Davr o‘zgarib siyosatga aralashish gunoh sanalmaydigan payt kelganida ham «siyosat sindromi» ularni uzoq vaqt tark etmay turadi. Keskinroq so‘z aytish uchun qulay payt poylaydilar:

PAYT POYLAB

Qo‘rqa-pisa oynani ochdi,

Shubha bilan boqdi quyoshga.

Osmonga ham ishonqiramay,

Qo‘lin tutib ko‘rdi – yomg‘ir yo‘q.

– Yomg‘ir yo‘q! – deb hayqirdi birdan,

Derazani yopdi shoshilinch:

– Mana, endi haqiqatni ham

Aytish mumkin! – dedi hansirab!..

(1979)

«Olis tabassum soyasi» (1986)

Bular o‘rtamiyona talant sohiblari, ommaviy og‘irligi bor, chunki son jihatidan jamiyatni harakatga keltirish potentsialga ega, ammo jasoratsizdirlar.

Faqat tahlika bo‘lmasa, ular jasurlarning yerini olishlari mumkin:

QILIChLAR UYQUGA KYeTSA…

Qilichlar uyquga ketganda

Ularni zang bosar.

Qilichlar uyquga ketganda

Tuqqan bolamizning hammasi jasur.

Sening mardligingga shubha qilaman,

Ishonmayman mag‘rurligingga.

Chunki sen bilasan:

Agar qilich zanglagan bo‘lsa,

Nafaqat egilgan,

Egilmagan boshni ham kesolmaydi u.

«Valfajr» (1983)

(1980)

Xalq shoirlari millat haqida qayg‘urar ekan, TVlardan chiqib, Sharof Rashidov “ikkinchi ona tilimiz” deb e'lon qilgani rus tilining shaharlarda o‘zbek tilini siqib chiqarayotgani haqida emas, balki O‘zbekistonda shirin til bilan suhbatlashish kerakligi haqida va'z o‘qir edi. O‘zbek tilining naqadar shirin til ekanini butun dunyoga namoyish etaylik, deya hayqirardi bu shirinlik shaydolari.

Muhammad Solih

Tag‘in o‘qing
9 aprel 2018
Prezident Shavkat Mirziyoevning kelishiga yo‘l chetidagi uyi devorini sariqqa bo‘yamagani uchun sirdaryolik huquq faoli Isroil Rizaev uch million so‘m ...
4 yanvar 2017
Ukrain xalq artisti, “Verka Serdyuchka” taxallusi bilan sharaflanadigan 44 yashar Andrey Mixaylovich Danilko yangi yilni Toshkentda qutladi. Danilko Toshkentdagi ...
30 oktyabr 2017
Manqurt desam, manqurtga o‘xshamaydi. Hammasi ziyoliday ko‘rinadi. Oddiy odamlar emas. Biri hatto majburiy obuna yo‘q deb qovun tushirgan bo‘lsa-da, ...
1 sentyabr 2015
Ya'ni¸ javobni aniqlashtirsak qadimiy haykalni o‘zbek jangarilari Tolibon siyosiy irodasiga ko‘ra vayron qilishdi. Bu men uchun yangilik bo‘lgan yo‘q ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...