Imperativ-33. She'rlar ta'qibi
(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 33-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan. Davomi bor.)
Yozuvchi Temur Po‘latning «Salbchilar» deb nomlangan publitsistik kitobidan yana bir misol.: «Ma'lumki, Karimov bilan Muhammad Solih munosabatlari “Erk” rahbarining taqa-taq muxolifat rutbasiga o‘ranib olishi bilan yakunlanadi, u podshohdan ulgu olmaydi.
1999 yil fevralm oyida Toshkentda sodir etilgan portlashlarga aloqadorlikda ayblangan muxolifat rahnamosi sirtdan uzoq muddatga qamoq jazosiga hukm etiladi, ammo O‘zbekiston Interpoli buyurtmasi bo‘yicha Praga aeroportida hibsga olingan Muhammad Solih Praga shahri sudi tomonidan aybsiz deb topilib? ozod etib yuboriladi.
O‘zbekiston hukumatining unga nisbatan ilgari surgan ayblovlari soxtaligi uchun isbotini topmaydi. O‘sha tahlikali kunlarda Toshkentda Do‘rmon ijod bog‘i qoptolidagi Yozuvchilar mahallasida yashaydigan shoir Mirpo‘lat Mirzo sayr etib yurib “Erk” gazetasining sobiq bosh muharriri Ibrohim Haqqulni uchratib qolib: “Mana, qo‘lga tushirdik yurtboshimiz dushmanini, eshitdingizmi?! Endi O‘zbekistonga keltirib sud qilamiz, qilmishiga yarasha jazosini oladi, qochib qayoqqa boradi!” deydi zaharxanda aralash.
Ibrohim Haqqul turgan joyida qotib qoladi. Muxolifatsiz qolgan yurtning shoirlari ham jallodga aylanib ketadi: Qahramon nishoni bilan taqdirlangan Abdulla Oripov katta yig‘ilishda ichki ishlar vaziri Zokir Almatovga qarab: “Zokirjon aka, ularni ating‘, neg‘a ayab o‘tiribsiz, hammasini atib tashlang‘!” deb do‘q o‘radi (shirakayf holatda: – tarjimon qistirmasi).
Sud jarayoni poyoniga yetgach, Chexiyaning “dissident” prezidenti Vatslav Havel Solihni qarorgohida maxsus qabul qilib, uzr so‘raydi.
Solih o‘n yillar davomida muhojirotda yurib, hayotini xavf ostida qoldirib bo‘lsa-da, sabr-toqat bilan, Karimovning yovuzona qilmishlarini mardonavor fosh etib, jahon afkor ommasini ogoh etib kelyapti» (Temur Po‘latovning «Salbchilar chavandozi» asaridan Nabijon Boqiy tarjimasi).
Ayni mavzu doirasida Ibrohim Haqqulning tilidan bir sahna. «1999 yil fevral portlashlarini uyushtirgan uchlik (I.Karimov, R, Inoyatov, Z.Almatov) bu portlashlarning orqasida turgan asos figura Muhammad Solih ekanini isbot qilish uchun butun kuchlarni ishga solayotgan bir davr: «Markaziy TVga chaqirib qolishdi, bordim,- deydi Ibrohim Haqqul.- U yerda Xurshid Davron, Ahmad A'zam, Nazar Eshonqul va men o‘tiribmiz.
Karimovdan «Muhammad Solihning do‘stlari uni portlashlarda ayblab qoralasinlar», degan buyruq kelgan. Hammamiz sarosimadamiz. Nima qilishimizni bilmayapmiz. Shu payt Usmon Azim kelib qoldi. Unga ham nima uchun chaqirishganini aytishdi. Usmon: «Solihning haqiqatan ham bu ishga bosh-qosh bo‘lganligi haqida dalil-hujjat beringlar, biz gapiraylik. Unday hujjat bo‘lmasa, men gapirmayman», dedi. Men ham bu gapga qo‘shildim. Qolganlar ham hech narsa deyolmadi va biz bir uyatdan qutulib qoldik».
Muhammad Solihning do‘stlarini TVga chiqarish amaliyoti boshida Abusaid Ko‘chimov turgan. Tabiiy, u ham diktatorning amriga binoan g‘ayrat qilgan. Abusaid Ko‘chimov, Azim Suyunov kabilar diktator Karimov davrida rejim muxoliflariga qarshi kurashda mafkuraviy jabhaning old safida turib, sadoqat bilan xizmat qildilar. Azim Suyun o‘ldi, ammo Ko‘chimov endi yangi mustabidga ham eskisiga kabi sadoqat va g‘ayrat bilan xizmat etmoqda.
Masalan, 2018 da «Muhammad Solihni vatanga qaytarish» uchun ijodkor ziyolilar yozgan maktubga imzo chekkan yozuvchi va shoirlarni chaqirib yoki telefonda «Bu ishni to‘xtatinglar!» deb tahdid qilgan shu Ko‘chimov bo‘ladi. 1999 yili A.Ko‘chimovning M.Solihni sharmanda qilish rejasini ilk guruh rad etganidan keyin Ko‘chimov ikki kishidan iborat boshqa «tim» tayyorlaydi. Ikkalovi ham shoir – To‘ra Mirzo (Jabborov) va Abduvali Qutbiddinov. Ular Ko‘chimovning «yuzini yerga qaratmadilar», unga «og‘ir paytda dastak» chiqdilar, TVda Muhammad Solihni portlashlarda ayblab, diktatorga yoqadigan gaplarni aytdilar. Solihni aynan ijodkorlar ayblashining xalqqa ta'sir kuchini yaxshi o‘lchagan edi MXX.
Abduvali Qutbiddin o‘z tuhmatlari uchun keyin juda pushaymon bo‘lgani haqida rivoyatlar bor, Alloh gunohlarini kechirsin. To‘ra Mirzo (Jabborov) ham keyinchalik do‘stlarimizdan biriga o‘sha uyatli hodisani afsuslangannamo ohangda izohlab bergan deb eshitdim. Haqiqatini Alloh biladi.
Qisqasi, men o‘zim yozgan she'rlarimdan hech qutula olmadim. Bir paytlar shunchaki yozgan satrlarim kutilmaganda bir real voqeaga aylanib, oldimga chiqishini kutib yashadim. Bir paytlar bu haqda hazil aralash «Farishtalarni unutmang» degan bir maqola ham yozgan edim. Aslida bu u qadar ham mensimaydigan hol emasdi. Hatto O‘zbekistonni tark etganimdan keyin ham ular meni ta'qib etdilar.
Quyida 80-yillar boshida yozilib, 15-20 yil so‘ngra yuz bergan voqealar:
VATAN
U zarur odamga.
Ayniqsa, qaygadir jo‘nayotgan bo‘lsang.
Xayrlashib,
Xo‘rsinishga kerakdir Vatan.
U kerak bo‘ladi
Nenidir o‘rtanib sog‘inging kelsa,
Uzoqda Vataning bo‘lsa yig‘laysan.
Senga Vatan kerak
Qaytishing uchun –
Quvonchdan Yuraging «paqqa» yorilib,
O‘lishingga kerak hech bo‘lmaganda.
So‘ra, uni!
Kerak bo‘ladi.
(1973)
«Shaffof uy»
(1985)
Yaqinda kaminaning vatanga qaytishini taqiqlab, «Muhammad Solihning O‘zbekistonga tirigi tugul, o‘ligi ham kirmaydi», degan bayonotdan keyin 1973 yilda yozilgan bu xayoliy she'r real voqelikka aylandi. Quyidagi she'r esa bir muhojirni ishg‘ol ostidagi vatandan kelgan xabarlar naqadar qo‘rqitgani haqdagi lavha. Muhojirlikda kechgan hayotimning 12 yil avval bitib qo‘yilgan tasviri:
QO‘RQOQ ODAM
Telefon jiringlasa, titrab ketaman, eshik «taq»illasa, sapchib tushaman.
Xabardan qo‘rqaman.
Qarindoshim kelsa, qochib ketaman, yashirinaman og‘aynim kelsa.
Xabardan qo‘rqaman.
Pochta qutisi yonidan chopib o‘taman, qayrilib qaramayman birov chaqirsa.
Xabardan qo‘rqaman.
Yo‘q, men bu dunyoning fojia to‘la ko‘zlariga tik qaray olmayman.
(1982)
«Valfajr».
(1983)
Ammo bu real hayot bilan parallel yashayotgan ozodlik haqdagi xayol hech o‘lishga rozi emasdi:
SIR
Og‘zing qulog‘ingda,-
Nimani eshitdi o‘zi qulog‘ing?
Kayfiyating yaxshi,
Junbushdasan qanday xabardan?
Qachon? Qay mahal? Ertalab?
Tong paytida? Qaysi soatning,
Qaysi lahzasida? Qaysi radio?
Qaysi xalqning? Qanaqa Erkka
Erishganin e'lon qilajak?
Og‘zing qulog‘ingda,
Kayfiyating baland –
Biz ham voqif bo‘laylik sirdan,
Tonggacha uxlamay yuraylik biz ham.
(1983)
«Orzu fuqarosi» (1990)