EP45: Tumanlarda gaz va chiroq o‘chayapti. Ichimlik suvi yo‘q
Eltuz portaliga kelgan navbatdagi 5 ta shikoyatni o‘qib eshittiramiz. Dastlabki shikoyat Qashqadaryodan Koson tumanidan.
Odamlar 11 kundan beri suvsiz kun kechirmoqda
«Koson tumani Mash'al mahallasida qurilgan ko‘p kvartirali turar joylarda qariyb 11 kundan beri suv yo‘q. Suv bo‘lmasa na idishlarni yuvib bo‘ladi, na kanalizasiya ishlamaydi. 5 qavatda yashaydigan xonadon egalarining holatini e'tiborga olyaptimi mutasaddilar?
Tegishli idoralardan ko‘mak so‘raymiz.»
“Chiroq o‘chib qolyapti. Holbuki, hali rosmona qish kelgani yo‘q”
“Andijon viloyati Jalaquduq tumanidan murojaat qilyapmiz. Chiroq o‘chib qolyapti. Hali kuz. Noyabr. Havo harorati nari borsa, 2 gradus sovuq. Hozirdanoq butun vodiyda energiya (elektr va gaz) yetkazib berishda jiddiy uzilishlar yuzaga kelmoqda. Hali Allohga ayon, qish kelsa, qanday holat bo‘ladi. Energetika vazirligi va gaz sohasi mutasaddilari har yili muammo bo‘lmaydi deb va’da beradi. Ammo har yili shu holat. Balki vazirlik mas’ullari iste’fo berishi vaziyatni o‘zgartirar?”
“Holbuki, bizdan 500 metr naridagi qishloqda gaz ham, tok ham bor”
“Navoiy viloyati Qiziltepa tumani Zarmitan qishlog‘idan yozmoqdamiz. Qishlog‘imizda gaz yo‘q, endi chiroq ham o‘chib qolyapti. Havo harorati tushgan. Elektr stansiyasiga telefon qilsak, Buxorodan o‘chgan deydi. Buxoro bilan bog‘lansak, Navoiydan o‘chgan deydi. Orada aholi, ayniqsa, yosh bolalar, qariyalar qiynalyapti. Holbuki, bizdan 500 metr naridagi qishloqda gaz ham, tok ham bor. Yoshlarimizning umri o‘tin yorish bilan o‘tmasin. Mas’ullardan amaliy harakat kutib qolamiz”.
«Holbuki, Qarzdorlik yo‘q”
“Jizzax viloyati Zomin tumani Dashtobod shahridan murojaat qilmoqdamiz. Yaqingacha zamonaviy elektron hisoblagichlar yo‘q edi. Shu sabab elektr tizimida o‘g‘riliklar ko‘p edi. Hozirda hamma xonadonga elektron hisoblagich o‘rnatilgan. Tabiiyki, qarzdorlik ham yo‘q, chunki yangi tizim qarzdor xonadonni avtomatik ravishda tarmoqdan o‘chiradi. Lekin Dashtobod shahrida 6 soatlab chiroq o‘chmoqda. Ehtimol, bunga fermerlar g‘allani sug‘orayotganda nasoslar kuchlanishi sabab bo‘layotgandir. Nima bo‘lganda ham prezidentimiz Sh.Mirziyoev elektr ta’minotini uzluksiz qilish haqida topshiriq bergan. Soha rahbarlaridan ushbu dolzarb masalaga e’tibor qaratishlarini so‘raymiz”.
“Gaz yo‘q, hech bo‘lmasa chiroqni o‘chirishmasin”
“Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumani Jabu qishlog‘idan yozmoqdaman. Uyimizda gaz yo‘q, ballonlardan foydalanamiz. Chiroqni 3-4 soatlab o‘chirishadi. Bundan biz kabi keksalar qiynalmoqda. O‘zim to‘shakka yotib qolgan pensionerman. Uyimda tok bilan isitadigan pechkam bor. Iltimos, chiroqni uzluksiz yoqib berishsin”.
+++
Bu sizga o‘qib eshittirganimiz bugungi so‘nggi maktub edi. Turkumga kirmagan ko‘plab shikoyatlarni Eltuz Portalining telegram sahifasida o‘qishingiz mumkin. Ularga tegishli idoralar e'tibor qaratadi deya umid qilamiz. Eslatib o‘tamiz. eltuz portali interaktiv tarzda telegram kanalida alohida sahifa shaklida ochilgan. Murojaatlar uchun u yerga maxsus bot ham o‘rnatilgan. Eltuz kelayotgan shikoyatlar, takliflar va ularga yozilgan javoblarni ham e'tiboringizga taqdim etishga intiladi. Kun davomida biz bilan qoling. Kanallarimizga obuna bo‘ling.
@eltuz