Asosiy mavzular
21 sentyabr 2023

Bobo Saroiy: «Ko‘z o‘ngimizda»gi yolg‘onlar…

Mustaqillikning 32 yilligi bayrami arafasida  “O‘zbekiston-24” telekanalida Navoiy kon-metallurgiya kombinati  AJ ga qarashli Janubiy kon boshqarmasida amalga oshirilayotgan “olamshumul” loyihalarni madh etuvchi “Ko‘z o‘ngimizda…” sarlavhali ko‘rsatuv namoyish etildi.

Bu yuzadan Eltuz obunachisi bo‘lgan o‘zini Bobo Saroiy deya tanitgan mahalliy jurnalist o‘z munosabatini bildirdi. Quyida uning matnini e'tiboringizga taqdim etamiz

KO‘Z O‘NGIMIZDA…

 Nafsilambirini aytganda, bu ko‘rsatuvndan biron-bir ma'naviy qoniqish olish yoki yangilik va islohotlar  hissini tuyish amru mahol. Negaki, unda bayon etilgan gaplar, fikrlar aytilaverib, allaqachon siyqasi chiqib ketgan, desam yanglishmagan bo‘laman. Chunonchi, ko‘rsatuvda baland pafos bilan ta'kidlangan raqamlarning tag-zamini juda bo‘sh ekanligini sohadan yiroq kishilargina bilishmaydi, xolos. Masalan, ko‘rsatuvda Davlat rahbarining tashabbusi bilan qabul qilingan Navoiy kon-metallurgiya kombinatini rivojlantirishning 2017–2026 yillarga mo‘ljallangan Dasturiga binoan hozirgacha 19 ta yirik investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 14.000 ta yangi ish o‘rni yaratilgani alohida ta'kidlanadi. Xolbuki, o‘sha xujjatda  shu yillar mobaynida 3 milliard dollarlik 30 ta  yirik investitsiya  loyihasi o‘zlashtirilishi va 31.000  yangi ish o‘rinlari yaratilib, korxonada ishlovchilar umumiy sonini 100 000 taga yetkazish vazifasi  belgilangan edi. Amalda nima bo‘layapti? Ko‘rib turibsizki, 7 yil o‘tayotgan bo‘lsa-da, belgilangan vazifalarning yarmi ham bajarilmagan. Qolgan 3 yilda Dasturdagi barcha loyihalar amalga oshirilib, yana 17 mingta yangi ish o‘rinlari yaratilishiga kim kafolat beradi?

Dastur qabul qilingan kezlarda korxonada  70 mingga yaqin ishchi-xizmatchi ishlagan. 2022 yilga kelib ularning soni 54 mingtagacha qisqardi. O‘tgan yili Navoiy kon-metallurgiya kombinati davlat korxonasi transformatsiya qilinib, uchta mustaqil tashkilotga bo‘lindi va “Navoiyuran” korxonasiga 7 ming, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” Jamg‘arma davlat muassasiga 9 ming nafar ishchi-xizmatchi ajralib chiqdi. Oqibatda aktsiyadorlik jamiyatiga aylangan korxonada 40 mingdan nari-beri xodim qoldi. Eng achinarlisi, ularning safida oliy va o‘rta maxsus ma'lumotga ega bo‘lgan  ko‘plab yosh mutaxassislar, ishchilar 0,25 va 0,5 stavkada ishlab arang kun kechirishayotganini jamoatchilik   bilmaydi. Boyaqishlar qachondir omad kulib boqishi va to‘liq ish stavkasiga o‘tishni kutib, barcha qiyinchiliklarga  bardosh berishayapti. Bu holat korxona ma'muriyati tomonidan xodimlar umumiy sonini sun'iy ravishda ko‘paytirib ko‘rsatishga urunish emasmikan, degan o‘rinli savolni yuzaga keltiradi.

Ko‘rsatuvda namoyish etilgan yana bir raqamni tahlil qilaylik. Mutaxassis bergan ma'lumotga ko‘ra,  “Zarmitan” konida  2011 yilda  650 ming tonna ma'dan qazib olingan. 2022 yilga kelib bu ko‘rsatgich 864 ming tonnaga yetgan, ya'ni  33 foizga ko‘paygan. Binobarin, ma'danlardan ajratib olinadigan qimmatbaho metall miqdori ham shunga mos ravishda 33 foiz ko‘payishi lozim emasmi? Ammo  ko‘rsatuvda bu raqam 21 foizga oshgani aytildi! Kasalni yashirsang isitmasi oshkor qiladi, deganlari shu-da! Chunki mana shu raqamning o‘ziyoq “O‘zbekiston-24” telekanali dovrug‘ini doston qilgan Janubiy kon boshqarmasiga qarashli konlarda ishlarning maqtanarli darajada emasligi, texnika va texnologiyalar eskirib ketgani, texnik-iqtisodiy asoslarga rioya etilmayotgani tufayli samaradorlikning pasayib ketganidan yaqqol dalolat beradi. Binobarin, xuddi shu  muammolar televideniedan sal ilgari “ELTUZ” portalida e'lon qilingan  “Toshbotirov ustiga qulagan tosh yoxud Janubiy kon boshqarmasiga  qarashli yer osti konlarida ishlash o‘ta xatarli ekani xususida” sarlavhali tanqidiy maqolada chuqur  tahlil qilingan edi. Unda ishlab chiqarish jarayonlaridagi texnologik qusurlar, ishga qabul qilishdagi tanish-bilishchilik, nepotizm va poraxo‘rlik illatlari, eng dahshatlisi, yer osti shaxtalarida ro‘y berayotgan falokatlar sababli har yili o‘nlab navqiron yigitlar nobud bo‘layotgani yoritilgan va so‘nggi paytlarda  “sariq iblis” qurboniga aylangan 19 nafar yosh yigitning   ism-shariflari keltirilgan edi. Jumladan, joriy yilning 27 iyun kuni, “O‘zbekiston-24” muxbiri reportaj olib borgan shaxtalarning biridan, mayintepalik ikki yigit– 20 yoshli To‘rabekov Ismoil va 23 yoshli Oblaqulov Shoxruxning kon texnikasi g‘ildiraklari ostida majaqlangan murdasi olib chiqildi. Yaqinda esa bu qayg‘uli ro‘yxatga tosh uyumlari ostida qolib bedarak yo‘qolgan qo‘shrabotlik 23 yoshli yigit Abdurashidov Saxobiddin Komil o‘g‘lining ismi-sharifi qo‘shildi. Yer qa'ridagi falokat qurboniga aylangan yigitning onasi Mehrigul Yunusova “o‘g‘limning jasadini shaxtadan olib chiqishga yordam beringlar”, deya yolvorib bosh urmagan  idora qolmadi hisob. Bemahal jigarbandidan ajralgan mushtipar onaning ohu–faryodidan tog‘u toshlar larzaga kelyaptiyu, ammo, uning aytishicha, “Zarmitan” koni boshlig‘i Xurshid Normatov, Janubiy kon boshqarmasi direktori Tolliboy Yuldashev, Navoiy kon-metallurgiya kombinati aktsiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Quvondiq Sanaqulov va boshqa mas'ullardan sado chiqmayapti. Go‘yo o‘zga bir sayyoralik qandaydir yo‘llar bilan shaxtaga kirib olganu halokatga uchragan, bunga ularning hech qanday  daxli yo‘qdek, pinagini ham buzishmayapti.

          Xullas, mana shu mudhish voqealar tufayli aholi va jamoatchilik  nazarida Janubiy kon boshqarmasiga nisbatan negativ taassurotlar shakllana boshladi. Ijtimoiy tarmoqlarda tanqidiy chiqishlar paydo bo‘ldi. Qudratli va nomdor korxonaning tayanch nuqtalaridan  biri tevaragida paydo bo‘lgan bunday  noxush taassurotlar, tabiiyki, zohiran vazmin ko‘ringan Aktsiyadorlik jamiyati rahbariyati, xususan uning Axbarot xizmatini botinan bezovta qilmasdan qo‘ymadi. Oqibatda tobora keskinlashib borayotgan ijtimoiy fikrlarni sal bo‘lsa-da yumshatish maqsadida “O‘zbekiston-24” telekanaliga murojaat qilingani aniq. Sinalgan eski hamkor  esa, har galgidek, maqtovlarni qalashtirib  maddohlikni joyiga qo‘ydi. Albatta, tekinga emas-ov?!

          Xalqimizda o‘ynab gapirsang ham o‘ylab gapir, degan naql bor. Afsuski, teleko‘rsatuv ijodkorlari bu purma'no hikmatni eshitishmagan ko‘rinadi. Aks holda bir –biriga qovushmaydigan raqamlarni qalashtirib tashlamagan bo‘lishardi. Masalan, ”Zarmitan” konida  har yili 750 ming tonna, ”G‘ujumsoy  konida  650 ming tonna, O‘rtalikda 250 ming tonna  ma'dan qazib olinar ekan. Barini jamlasak, 1650  ming tonna kelib chiqadi.  4-GMZ mutasaddisi esa yiliga 2 million tonna ma'danni qayta ishlayapmiz, deb ko‘krak urayapti. Xo‘sh, shunday ekan, 350 ming tonna ma'dan osmondan tushyapdimi, bunga kim izoh beradi? Yoki konchilarga yaratilgan infrastruktura haqida gapirgan ayolning so‘ziga qarang: bu yerlar ilgari changalzor bo‘lgan emish. E, otangizga rahmat, ilgari bu yerlar jungli  edi, yovvoyi odamlar yashar edi, demaganingizga, shukur. Aks holda bu joylarni ko‘rmagan, bilmagan teletomoshobinlar nima deb o‘ylashardi? Modomiki, posyolkaning o‘rni ilgari qanday bo‘lgani, qanday o‘simliklar o‘sganini tomoshabinga yetkazish shunchalik muhim ekan, muxbir shu yerda tug‘ilib o‘sgan mahalliy aholi vakillaridan so‘rashi kerak edi. Ular hech bir uydirmasiz, bu yerlar muqaddam lalmi g‘allazor, bir tomoni qo‘y- qo‘zilar  boqiladigan yaylov   edi, deb aytgan bo‘lardi.

Teleko‘rsatuvning bizga ma'qul jihatlari ham  yo‘q emas. Xususan, uning “Ko‘z o‘ngimizda…” deb nomlangani  ko‘p narsani tushunib olishga xizmat qiladi. Chunki, o‘zbek tili grammatikasi qoidalariga ko‘ra, tugallanmagan gap, tugallanmagan fikr oxiriga, jaydari til bilan aytganda, mujmal, dumi xo‘rjindagi, bir qaynovi ichida  qolgan gaplar oxiriga uch nuqta qo‘yiladi. Bunda o‘quvchi saviyasiga qarab tegishli so‘zlarni qo‘shib o‘qiyverishi mumkin. Masalan:

Ko‘z o‘ngimizda…yolg‘on!

Ko‘z o‘ngimizda… tanish bilishchilik!

Ko‘z o‘ngimizda … korruptsiya!

Ko‘z o‘ngimizda…nepotizm! Va hokazo.

Bu mahalliy jurnalist Bobo Saroiyning “O‘zbekiston-24” telekanalida namoyish etilgan Navoiy kon-metallurgiya kombinati AJga qarashli Janubiy kon boshqarmasida amalga oshirilayotgan loyihalarga oid “Ko‘z o‘ngimizda…” ko‘rsatuviga bildirgan munosabati edi. Muallif o‘z maqolasini boshqa OAV yoki internet-saytlarga yubormaganini, Faqat bundan  bir oy ilgari NKMK Axborot xizmatiga jo‘natib, e'tirozlaring bo‘lsa, aytinglar deganini bildirdi. Uning yozishicha ulardan hozirgacha hech qanday  munosabat bildirilmagan, chamasi aytadigan gapni topa olishmagan ko‘rinadi.

Eltuz mutasaddi idoralardan muallifning yuqoridagi fikrlariga munosabat kutadi. Kanalimizga obuna bo‘ling, videolarimizga layk bosing.

Tag‘in o‘qing
27 avgust 2023
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston ikkinchi ligasi Surxondaryo birinchiligida, 1:1 durang bilan yakunlangan  «Surxon Farm» va «Jarqo‘rg‘on» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv so‘ng ...
17 aprel 2017
Hurmatli taxririyat, Mushtumning izdoshi bo‘lgan Eltuz, men sizga o‘zim ishlagan «Mushtum» haqida o‘ylarim “Mushtum” kecha va bugun degan ma'nodagi ...
29 noyabr 2016
O‘zbekistonning chegara hududlarida aholining ko‘zi qo‘shni mamlakatlar xududiga o‘tgan magistral gaz quvurlariga tushadi. O‘zbekiston gazining aksariyati qo‘shni davlatlardan tashqari, ...
30 aprel 2019
«2006 yilning o‘rtalaridan boshlab O‘zbekistondagi hamma zonalar boshliqlari birinchi yordamchisi etib MXX vakillari tayinlanadi. Bunga 2005 yil may oyida ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...