Catira
20 mart 2017

Militsiya haqidagi qonun bizga nima beradi?

Ichki ishlar organlari davlat boshqaruv hokimiyatining eng katta organi hisoblanadi. Shunga qaramay, uning faoliyati mustaqillik e'lon qilingandan keyin qisqa muddatda qonun hujjatlari bilan tartibga solinmadi.

Bir prezident boshlab ikkinchi prezident davom ettirgan tashabbus

Ichki ishlar organlari faoliyatini qonun bilan tartibga solish bo‘yicha harakatlar 2011 yilga kelib boshlandi. 2011 yil 1 yanvarda «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi qonun ishlab chiqilishi uchun maxsus ekspertlar guruhi tuzildi. 2013 yil 1 yanvarda «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi qonun loyihasi tayyor bo‘ldi. 2015 yil 7 dekabrda prezident Islom Karimov ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklarni tilga olib, haligacha tegishli qonun qabul qilinmagani uchun ularga tanbeh berdi. 2016 yil 16 sentyabrda «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi qonun muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan imzolandi. Mazkur qonun imzolangandan 6 oydan keyin, ya'ni 2017 yil 16 martda kuchga kiradigan qilib qabul qilindi.

Ichki ishlar organlari haqidagi qonunni tushunishga urinish

Umuman olganda, qonun qabul qilinishi hamisha ijtimoiy munosabatlardagi alohida muammolarni hal etishga qaratilgan bo‘ladi. Ichki ishlar organlari xodimlari faoliyatiga tegishli bo‘lgan uch asosiy muammo – bu (1) xodimlar tomonidan vakolat suiiste'mol qilinishi; (2) xodimlar ustidan nazoratning sustligi va (3) xodimlarga qarshi ishonchning yo‘qligi.

Xo‘sh, qonunning ustunlik va kamchiliklari nimalardan iborat? U yuqorida sanab o‘tilgan asosiy muammolarni hal etadimi?

Qonunning ijobiy tomonlari bor!
Qonun fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga alohida urg‘u beradi. Jumladan, uning ilk moddalari ichki ishlar organlarining asosiy vazifalari, asosiy yo‘nalishlari va asosiy printsiplari haqida bo‘lib, barchasi fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilganligi alohida ta'kidlanadi. Masalan, 6-moddada ichki ishlar xodimlari konstitutsiya va qonunlar talablariga aniq rioya etishi va bajarishi shartligi aytiladi. Shu bilan birga, qonunga xilof xatti-harakatlarni xizmat manfaatlari, iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligi yoki yuqori turuvchi mansabdor shaxslarning qonunga xilof talablari va buyruqlari bilan oqlashi/ro‘kach qilishi mumkin emas, deb belgilangan.

Qiynoq mumkin emas, ammo…

8-moddada esa qiynoqlarga solish, zo‘ravonlik qilish, boshqa shafqatsiz yoki inson qadrqimmatini kamsitadigan tarzda muomalada bo‘lish taqiqlanishi belgilangan. 8-modda davomida ichki ishlar organi xodimi fuqaroga murojaat etganida o‘z lavozimini, unvonini, ism-sharifini aytishi,  fuqaroning talabiga ko‘ra xizmat guvohnomasini ko‘rsatishi shart, deyiladi. Ichki ishlar xodimi mazkur xatti-harakatlarni bajargandan keyingina murojaat qilishining sababini va maqsadini ma'lum qilishi shart.

Fuqaroga nisbatan uning huquq va erkinliklarini cheklovchi choralar qo‘llanilgan taqdirda bunday choralar qo‘llanilishining sababini hamda asoslarini, shuningdek, fuqaroning shu munosabat bilan yuzaga keladigan huquqlari va majburiyatlarini unga tushuntirishi shart.

9-moddada ichki ishlar organlari o‘z faoliyatini ochiq va shaffof tarzda amalga oshirishi belgilangan. Bu degani, shaxslar tegishli tartibda ichki ishlar organlarining faoliyati haqida haqqoniy axborot olish huquqiga ega.

Qonunning yuqorida tilga olingan inson huquqlari va qonuniylikni kafolatlashga qaratilgan ilk qoidalari, jumladan, 6, 8 va 9-moddalarda mustahkamlangan qoidalar printsip sifatida mustahkamlangan. Afsuski, printsiplar ustuvor yo‘nalishlarni belgilab bersa ham bajarilishi shart bo‘lgan qoida ma'nosini anglatmaydi. Bunday talqin qilinishining oldini olish uchun printsiplarda aks etgan qoidalar bevosita ichki ishlar organi xodimi majburiyatlari orasida ham sanab o‘tilishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Yoki bo‘lmasa, printsiplar qonun moddalarini talqin qilishda belgilovchi va ustuvor xarakterga ega ekanligi aniq belgilab o‘tilishi maqsadga muvofiq.

E'tibordan chetda qolgan muammolar hamda vakolat muallaqligi

Vakolat suiiste'molini cheklash borasidagi kamchiliklar, majburiyat va huquqlar doirasi ichki ishlar tizimidagi alohida bo‘linmalarning mohiyati va vazifalaridan kelib chiqib belgilanmangan.

Qonun ichki ishlar organlarining majburiyat (16-modda) va huquqlarini (17-modda) umumiy belgilab, ichki ishlar tizimidagi alohida bo‘linmalarning mohiyati va vazifalari o‘rtasidagi farqlarni e'tiborga olmaydi. Buning asosiy sababi shundaki, qonun ichki ishlar organlari aynan qaysi alohida bo‘linmalardan iboratligi va ularning vazifalari nimadan tashkil topganligini aniq belgilamagan. Natijada qonunda tilga olingan majburiyat va huquqlar yoppasiga butun ichki ishlar organlari xodimlariga tegishli. Vaholanki, ichki ishlar organlari bo‘linmalari faoliyatida jiddiy farqlar bo‘lib, majburiyat va huquqlar doirasi shunga qarab belgilanishi kerak.

Ichki ishlar organlari faoliyatini shartli ravishda ikki asosiy qismga bo‘lish mumkin: jamoat tartibini ta'minlash va jinoyat-qidiruv faoliyatini amalga oshirish. Jamoat tartibini ta'minlashning asosiy maqsadi fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i, mulki, huquq va erkinliklarini himoya qilishdan iborat. Jamoat tartibini saqlash bo‘yicha faoliyatga mahalliy uchastka nozirlarining faoliyati, yo‘l-patrul xizmati, fuqarolik, pasport, propiska va OVIR xizmatlarini kiritish mumkin.

Jinoyat-qidiruv faoliyatining asosiy maqsadi esa jinoyatlarning oldini olish. Bu maqsadni amalga oshirish uchun ichki ishlar xodimlari jinoyatlarning oldini olish, jinoyatlarni fosh etish, terrorizm, narkotik, va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash, qamoqqa olish, jazoni o‘tash va sud qarorlarini bajarish kabi faoliyatlarni amalga oshiradi. Mazkur ikki yo‘nalish oldiga qo‘ygan maqsadlar bir-biridan farq qilgani uchun ularning vakolat doirasi ham bir-biridan tubdan farq qiladi.

Haydovchilar savoli

Masalan, 17-moddada ichki ishlar organlari yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishi aytiladi. Mazkur huquq yo‘l-patrul xizmati vakolatiga kirishini taxmin qilish mumkin. Ammo jinoyat-qidiruv faoliyati bilan shug‘ullanadigan xodimlar vakolatiga kiradimi? Fikrimizcha, yo‘l-patrul xizmati bilan bog‘liq vakolatlar jinoyat-qidiruv faoliyati uchun mas'ul bo‘lganlar vakolatiga kirmasligi kerak. Ammo qonun mazkur muhim jihatni tartibga solmaydi.

Yoki bo‘lmasa, 17-moddada pasport rejimi qoidalari bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish uchun fuqarolarning turar joylariga ularning roziligi bilan soat 6-00 dan soat 22-00 gacha kirish mumkinligi aytiladi. Mazkur huquq fuqarolik, pasport, propiska va OVIR xizmatlari uchun mas'ul ichki ishlar organi vakolatiga kirsa ham yo‘l-patrul xizmati uchun mas'ul bo‘lgan xodimlar vakolatiga kirmasligi kerak.

Vakolat chegarasi qaergacha?

Qonunda yuqorida tilga olingan muammolar kelib chiqishi qisman tan olingandek ko‘rinadi. Masalan 17-modda boshida ichki ishlar organlari huquqlari sanab o‘tilishidan oldin “o‘z vakolatlari doirasida” deb belgilab o‘tilgan. Ammo qonunda bo‘linmalarning vakolati aynan nimadan iborat ekanligi belgilanmangani uchun alohida bo‘linmalarning vakolati aynan qaysi xatti-harakatlardan iborat ekanligini aniqlashmumkin emas. Bu esa, yuqoridagi misollarda tilga olingani kabi, ichki ishlar xodimi tomonidan o‘z vakolatlari doirasining asossiz ravishda keng talqin qilinishiga yo‘l ochib beradi.

Majburiyat va huquqlar doirasini belgilashda mavhum tushunchalar qo‘llanilgan

O‘zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi qonunining 24-moddasiga binoan, qonunda foydalaniladigan tushuncha va atamalar turlicha izohlash imkoniyatini istisno etishi kerak. Yangi qonunda ba'zi moddalarda mavhum, turli sharhlarga ochiq bo‘lgan tushunchalar ishlatilganini kuzatish mumkin. Masalan, 16-modda ichki ishlar xodimiga huquqbuzarliklar sodir etishga “moyil bo‘lgan” shaxslarni aniqlash va ular bilan yakka tartibda profilaktika ishlarini olib borish huquqini beradi. Shaxsning huquqbuzarlik sodir etishga “moyilligi” qanday aniqlanadi? Mahalla noziri mahallada zamonaviy kiyinib yurgan ayolni fohishabozlikka moyil deb topib, u bilan har hafta profilaktika ishlari olib borishi mumkinmi? Yoki bo‘lmasa, hijob kiyib yurgan ayolni diniy ekstremizmga moyil deb topib, undan ham har hafta profilaktikaga kelishini talab qilishi mumkinmi? Fikrimizcha, ikkala misolda ham mahalla noziri bunday qilishi mumkin emas. Ammo qonun “huquqbuzarlik sodir etishga moyillik” qanday aniqlanishini belgilab bermagani uchun ichki ishlar xodimlari bu huquqni suiiste'mol qilishi mumkin.

Militsiya o‘zboshimchaligini cheklovchi jiddiy mexanizm yo‘q

17-moddada esa taqiqlangan yoki cheklangan narsalar “bor deb hisoblashga asoslar mavjud bo‘lganda” ichki ishlar organlari fuqarolarni shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazishni, ularning ashyolarini, qo‘l yukini, bagajini ko‘rikdan o‘tkazishni amalga oshirishi mumkinligi belgilangan. Ammo asoslar mavjudligi qanday belgilanadi? Talabaning viloyatlik ekanligi uni shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun asos bo‘lib xizmat qiladimi? Yoki bo‘lmasa, biron kishi soat 23-00 dan keyin ko‘chada ketayotgan bo‘lsa, uni taqiqlangan yoki cheklangan buyumlari bor bo‘lishi mumkin, deb hisoblashga asos bo‘lishi mumkinmi?

17-modda ichki ishlar xodimlariga “zarur bo‘lgan hollarda” transport vositalarini to‘xtatish va uni boshqarish va foydalanishga tegishli bo‘lgan hujjatlarni ko‘zdan kechirish huquqini beradi. Yana savol tug‘iladi, ichki ishlar xodimi bunday holat mavjudligini qanday belgilaydi?

Taxrirga muxtoj qonun

Fikrimizcha, qonundagi mavhum tushunchalar tufayli yuqorida tilga olingan holatlarning oldini olish uchun qo‘shimcha qonunosti hujjati qabul qilinib, mavhum tushunchalarga aniqlik kiritish lozim. Masalan, “huquqbuzarlik sodir etishga moyillik”ni aniqlashda ichki ishlar xodimlari kishining xatti-harakatlaridagi g‘ayritabiiylik, qochishga urinish, kiyimida jinoyat sodir etilganlikni oshkor etuvchi belgilarning mavjudligi kabi holatlarni e'tiborga olish kerakligi talab etilishi mumkin. Bunda ichki ishlar xodimining shaxsiy fikri yetarli asos bo‘lib xizmat qilmasligini ham alohida ta'kidlash kerak.

Rassom Tuz
Manba: http://tashabbus.com/
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
6 noyabr 2023
Joriy yilning 22 noyabr kuni Toshkentda o‘tishi rejalangan “Mashina vremeni” rok gruppasi kontserti qoldirildi. O‘zbekistonlik galerist Bella Sobirova, Toshkentda ...
31 oktyabr 2023
Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumani Xonobod shaharchasida yashovchi yigit jasadi Qo‘rg‘ontepa tuman Sultonobod shaharchasidagi temir yo‘l o‘tish joyi atrofidagi ko‘prikka ...
6 avgust 2018
«Men Odilovga: – Ahmadjon aka, pulingizni oling, menga dietik ovqat shart emas. Zonaning oshxonasiga faqat nonimni olib kelish uchun ...
23 avgust 2021
 “Tolibon” Afg‘onistonni o‘z qo‘liga olgach, minglab afg‘onlar shafqatsiz fundamentalistik boshqaruv qaytgan deb hisoblagan mamlakatdan qochish yo‘llarini izlamoqda. 2021 yil 16 iyul, dushanba, O‘zbekiston. Ayollar Amudaryo ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...