Catira
15 fevral 2022

Yurak urishdan to‘xtadi

Bor ekanda yo‘q ekan, och ekanda to‘q ekan. Bo‘ri bakovul ekan, tulki yasovul ekan. Qarg‘a qaqimchi ekan, chumchuq chaqimchi ekan. Azal-azaldan biologiya va fizologiya qonunlariga bo‘ysunib yashab kelayotgan bir organizm bor ekan. Organizmni Bosh miya boshqarar ekan. Unga har kuni har xil fikrlar yog‘ilib kelaverar ekan. Kunlardan bir kuni u organizmni boshqarishning yangi usulini o‘ylab topibdi va barcha ichki a'zolarga quyidagi xabarni yuboribdi: Hey ichki a'zolar! Biz “Yangi organizm” quramiz. Bir joyda o‘tirishni bas qilinglar! Endi hammang organizm bo‘ylab yurasanlar! Yetar bir joyda turishlaring! Qaysi a'zo qanday ishlayotganini o‘z ko‘zing bilan ko‘rishinglar kerak” debdi.

Bosh miyadan ichki a'zolarga kelgan ushbu mudhish xabarni eshitib yurak darg‘azab bo‘libdi va darhol Bosh miyaga xabar yuboribdi: “Bunday qilish aslo mumkin emas! Anatomiya qonunlarini hech qachon buzib bo‘lmaydi! Aks holda organizm halok bo‘ladi! Har kim o‘z ishini o‘zi bajarishi kerak! Axir har kimning o‘z vazifasi bor! Jigar ishini yurak, yurak ishini buyrak hech qachon bajara olmaydi, axir!” Biroq yurakdan otilib chiqqan bu nido Bosh miyaga kor ham qilmabdi. Bosh miya bilganidan qolmabdi. Unga quloq solmagan yurakni keyin jazolayman, deb o‘ylabdi u.

Bosh miya boshqa ichki a'zolarga o‘z hukmini o‘tkaza boshlabdi. Uning vajohatidan qo‘rqqan barcha ichki a'zolar o‘zlari bilmaydigan va hech qachon qilib ko‘rmagan ishlari bilan shug‘ullanishga bel bog‘lashibdi. Axir har narsani bilguvchi Olloh emas, Bosh miya-ku, deb o‘ylabdi ular. Shunday qilib ichki a'zolar “a'zobay-a'zobay” yura boshlashibdi: jigar buyraklar turgan joyga siljib tushib ularning vazifasini, buyraklar esa tepaga siljib chiqib jigar vazifasini bajarishga kirishibdi, ya'ni ular o‘t qopiga siydik ajratib chiqara boshlabdi, halqum esa organizmning eng pastiga tushib to‘g‘ri ichak qiladigan ishni, to‘g‘ri ichak esa eng yuqoriga chiqib halqum vazifasini bajarishga kirishibdi… Eng pastdagi teshikka tepaga chiqib og‘iz vazifasini bajarasan deyishibdi, pastdagi yana bitta a'zoga “tepaga chiqib til vazifasini bajargin” degan topshiriq kelibdi. Shunda til tilga kirib “Men nima qilay” desa, sen pastga tushib “o‘sha a'zo” vazifasini bajarasan deyilibdi. Qolgan a'zolar bilan ro‘y bergan patologik holatlar haqida gapirishga til ojiz…

Organizmda ro‘y berayotgan sharmandali va falokatli bu holat oqibatida barcha to‘qimalarda moddalar almashinuvi izdan chiqib anor suvidek halol qon oqayotgan tomirlarda xarom qon oqa boshlabdi. Ushbu patologik jarayondan tahlikaga tushgan yurak so‘nggi marotaba Bosh miyaga iltijo qilib: “Bu eksperimentni darhol to‘xtating! Aks holda butun boshli organizm, shu jumladan, Siz ham halok bo‘lishingiz muqarrar!” debdi. Bosh miya qalbga, ya'ni yurakka quloq solmay bilganidan qolmabdi. Alal oqibat yurak urishdan to‘xtabdi…

Neyropsixolog, professor
Zarifboy Ibodullaev
14 fevral 2021 yil

Tag‘in o‘qing
14 yanvar 2016
O‘zbekistonda deyarli 100 foiz tadbirkor banklarga ishonishiga ishonasizmi? “Milliy tiklanish” gazetasining yozishicha, “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik markazi o‘tkazgan so‘rovda qatnashgan ...
7 aprel 2016
«Xalq so‘zi» gazetasi yaqin oylarda o‘tkazilishi mo‘ljallangan fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilarini saylash tadbiri Oliy Majlis Senatining jiddiy ...
13 may 2022
“Laylak keldi – yoz bo‘ldi, qanoti qog‘oz bo‘ldi”. Nega laylakning qanoti qog‘oz bo‘lganligini oldin ham tushunmagandim, xozir ham tushunmayman. Har xolda buni yozgan ...
4 iyun 2018
Muhammad Bekjonni 2002 yilning 30 aprelida Zarafshon zonasi boshlig‘i o‘rinbosari Baxti ismli baqaloq podpolkovnikning oldiga olib kirishadi. U bilan ...
Bloglar
3 noyabr 2022
1906 yilning 3 noyabrida Germaniyaning Berlin shahrida o‘tgan Xalqaro radiotelegrafiya anjumanida SOS signali halokatni bildiruvchi ...
1 noyabr 2022
Ulug‘ o‘zbek shoiri va muholifat lideri Muhammad Solih bilan suhbatning 11-qismi Turk birligi g‘oyasi va ...
25 oktyabr 2022
Ulug‘ o‘zbek shoiri va muholifat lideri Muhammad Solih bilan suhbatning 10-qismida muxbir undan o‘z ota-bobolari ...