KGB-MXX vs Rembo. Kurash davom etadi. 5-qism
Filmning so‘nggi, 5-qismi sobiq militsiya mayori, xalq orasida “Rembo” deya nom qozongan Qahramon Xo‘jaqulov qarindoshlarining sirli o‘limlari, Xo‘jaqulovni hibsga olgan MXX zobitlarining keyingi taqdiri va Karimovning Inoyatovga nega tennis raketkasi sovg‘a qilgani haqida.
“Eltuz” surishtiruv guruhi filmining o‘tgan qismlarida surxondaryolik militsiya mayori Qahramon Xo‘jaqulov MXXning buyurtmasiga binoan noqonuniy hisbga olingani, adolatsiz sudlangani va ozodlikdan mahrum etilganiga to‘xtalgan edik. Xususan, “kontora” hamda prokuratura tergovchilari «Rembo»ga nisbatan vahshiyona qiynoqlarni qo‘llagani haqida hikoya qilingan edi.
Qahramon Xo‘jaqulov hibsga olinib, 12 yilga ozodlikdan mahrum etilgach, uning yaqinlari birin-ketin olamdan o‘ta boshlaydi.
“Rembo” yaqinlarining sirli o‘limlari
Avvalo, 1994 yil avgust oyida 76 yoshli onasi Ko‘chkinoy Pardaeva vafot etadi. Qahramon Xo‘jaqulov onasi o‘limida to‘g‘ridan-to‘g‘ri MXX xodimlarini ayblaydi:
Qahramon Xo‘jaqulov: “Men uchun onamning o‘limi juda ham og‘ir bo‘ldi. Men hibsda bo‘lganimda MXX xodimlari uyimda tintuv o‘tkazishgan. Tintuv payti onam mening halol militsioner ekanligimni, kambag‘al yashashimni, bu ishlarning hammasi tuhmat ekanligini aytib, MXX xodimlaridan adolatli bo‘lishni yolvora boshlagan. Shunda MXXchilardan biri keksa onamni urgan, onam yerga yiqilib tushgan ekan. Buni qamoqda chiqqanimdan keyin eshitdim. Muttahamlar onamni ham ayab o‘tirishmagan”
Ammo Xo‘jaqulovlar boshiga tushgan judoliklar shu bilan tugamadi.
1995 va 96-yillarda Qahramon Xo‘jaqulovning ikki akasi orqama-ketin, sirli va fojiali ravishda vafot etadi.
1995 yilning sentyabrida “Rembo”ning 38 yashar militsioner akasi Baxtiyor Xo‘jaqulov avtohalokatda qurbon bo‘ladi.
Piyoda ketayotgan militsionerning ustiga “Jiguli-06” avtomobilini haydagan shaxs ilgari narkotik savdosi uchun qamalib chiqqan fuqaro edi.
1996 yilda esa “Rembo”ning 45 yashar akasi Azamat Xo‘jaqulov ham fojeali vafot etadi.
Uning jasadi temir yo‘l relslarida, poezd g‘ildiraklari majaqlagan holda topiladi.
Mahalliy MXX va prokuratura: “Remboning akasi o‘z joniga qasd qilgan”, degan gap tarqatishadi.
Ammo Qahramon Xo‘jaqulov bu xabarga hozir ham ishonmaydi.
Qahramon Xo‘jaqulov: “Azamat akam o‘z joniga qasd qilganiga ishonmayman. Chunki, birinchidan, u o‘zini o‘zi o‘ldiradigan odam emas edi. Ikkinchidan, Baxtiyor akam mashina tagida qolib vafot qilgandan keyin Azamat akam oilamizning yagona boquvchisi bo‘lib qolgan edi. Bu vaziyatda akam o‘z oilasini, bizning bolalarimizni boquvchisiz qoldirib, o‘zini poezd tagiga tashlab o‘ldirishi mumkin emas edi”.
Bu ma'lumot tahririyatimizga «Rembo» haqidagi filmimizning ikkinchi qismi namoyish etilgandan so‘ng kelib tushdi.
Uni taqdim etgan manba 1995 yildan 2000 yilgacha O‘zbekiston prezidentining qo‘riqchilar xizmatida ishlagan.
Hozirda Yevropa mamlakatlaridan birida istiqomat qiladi.
Iste'fodagi polkovnik prezident Karimov Inoyatovga tennis raketkasini Xo‘jaqulovlarni tinchitgani uchun berganiga shaxsan guvoh bo‘lganini iddao qilmoqda.
O‘zbek “chekist”lari va prokurorlari o‘z yo‘rig‘iga yurmagan odamlarni qamash hamda jismonan bartaraf etish, O‘zbekiston qonunlarini oyoqosti qilish bo‘yicha ustasi farangligi bugun ko‘pchilikka ma'lum.
Lekin ularning savodsizligi, hatto o‘z ishiga oid qonunlarni bilmasligi hammaga ham ma'lum emas.
Qahramon Xo‘jaqulovga qarshi qo‘zg‘atilgan 10016-jinoyat ishi materiallari ichida o‘zbek MXXchilari va prokurorlarining savodsizligiga dalolat beruvchi hujjatlar talaygina. Demak…
MXX va prokuratura “qovunlari”…
Mana bu hujjatga e'tibor qarataylik.
Bu MXX tergov izolyatori boshlig‘i o‘rinbosari, leytenant Hasanovning O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tergovchisi Sulaymonovga yozgan xati.
Hujjat 1994 yilning iyun oyida yozilgan.
Maktubning tepasiga diqqat qilinsa,
“Komitet gosudarstvennoy bezopasnosti Uzbekskoy SSR” va “O‘zbekiston SSR Davlat xavfsizligi komiteti” degan yozuvlarni ko‘rish mumkin.
Ko‘chada 1994 yilning o‘rtasi.
SSSR parchalanib, O‘zbekiston mustaqillikka erishganiga uch yil bo‘lgan.
Lekin MXXning respublika apparati hali ham o‘z maktublarini SSSR KGBsidan qolgan blankalarda yozib yurgan.
Aftidan, o‘shanda MXX personali SSSRni qo‘msab ishlaganga o‘xshaydi.
MXX va prokuratura tergovchilari Qahramon Xo‘jaqulovning uyida tintuv o‘tkazib, boshqa narsalar qatorida bir pichoq va bir nunchakini ashyoviy dalil deb rasmiylashtirishadi.
1994 yil 5 noyabr kuni MXX va prokuratura tergovchilari Qahramon Xo‘jaqulovga O‘zbekiston Jinoyat kodeksi 210-moddasining ikkinchi qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlik aybini qo‘yishadi.
Bu aybni ular “sovuq qurol saqlash” deb ta'riflashadi.
Og‘a-ini tashkilotlarning tergovchilari mustaqil O‘zbekiston Jinoyat kodeksida “sovuq qurol saqlash” degan modda yo‘qligini bilishmaydi ham.
Ular hali ham SSSR Jinoyat kodeksidagi modda va tushunchalar bilan ishlayotganini fosh qilib qo‘yishadi.
Bu holat Qahramon Xo‘jaqulovning sudida uning himoyachisi Marat Aliev tomonidan keskin tanqid qilinadi.
Boz ustiga, “Rembo” ishidagi asosiy guvohlar Ahmad Xudoyberdiev va Bahriddin Abdunazarov 25 yil ilgari militsiya mayoriga tuhmat qilishganiga bugun ham iqror bo‘lishmoqda.
Demak…
Chorak asrlik tuhmatlarga iqrorlar
25 yil oldin Qahramon Xo‘jaqulovga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘atilishiga aynan Ahmad Xudoyberdievning arizasi asos bo‘lgan.
Bugun ana shu guvoh o‘zining ko‘rsatmasini qanday yozib berganini esga olmoqda.
Ahmad Xudoyberdiev o‘z tuhmatiga iqror bo‘lib, 2018 yil 22 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Kozimjon Komilovga ariza bilan ham murojaat qilgan.
Chorak asr ilgari Qahramon Xo‘jaqulovning haydovchisi bo‘lib ishlagan Bahriddin Abdunazarov bugun o‘z ishidan pushaymonligini aytmoqda.
Bahriddin Abdunazarov ham xuddi shunday yozma iqrornoma bilan Oliy sud raisi Kozimjon Komilovga murojaat qilgan.
Bu hali hammasi emas. Eng qizig‘i shundaki, 25 yil ilgari Qahramon Xo‘jaqulovni tergov qilgan guruh a'zolari bo‘lgan uch nafar sobiq MXXchi ham Oliy sud raisi Kozimjon Komilovga murojaat qilgan. Vijdonini va zobitlik nomusini saqlab qolgan uch nafar sobiq tergovchi Xo‘jaqulov chorak asr ilgari tuhmat qurboni bo‘lgani haqida yozishgan.
Arizalarni ko‘rsatar ekanmiz, hanuzgacha Inoyatov ta'sirida qolayotgan “kontora” militsiya mayorini yoqlab ariza yozgan sobiq MXXchilarni jazolashi mumkinligini e'tiborga oldik.
Shuning uchun biz ularning ism va familiyalarini filmda aytmaslikka qaror qildik.
Arizalarda sobiq MXXchilarning ism va familiyalari yozilgan joylarni ataylab qizil rang bilan o‘chirdik.
Lekin hujjatlarning boshqa joylariga, masalan, matniga, kirish raqamlariga va Oliy sud qabul qilgan sanalarga tegmadik.
Kimdir: “Shuncha dalil bor ekan, shuncha ariza yozilgan ekan, Qahramon Xo‘jaqulov allaqachon oqlangan bo‘lsa kerak”, – degan xayolga borgan bo‘lishi mumkin.
Ular adashadi.
«Rembo»ga qarshi qo‘yilgan ayblar bundan 25 yil ilgari o‘tkazilgan tergovda ham, sudda ham sinib bo‘lgan.
Shuningdek, asosiy da'vogar va guvohlar Qahramon Xo‘jaqulovga qarshi tuhmat ko‘rsatmalar berishganini bugungi kunda ham tan olishmoqda.
Va eng muhimi – Xo‘jaqulovga qarshi noqonuniy va noxolis tergovni olib borgan uch nafar MXXchi ham «Rembo» “chekist”larning tuhmatiga qolganini e'tirof etishmoqda.
Lekin begunoh qamalganiga shuncha dalil-isboti bo‘lsa ham Qahramon Xo‘jaqulov ikki yildan beri oqlanmay qolmoqda.
Nega?
Oqlanish uchun besamar harakatlar
Oradan chorak asr vaqt o‘tgach, O‘zbekistonda hokimiyatga Shavkat Mirziyoev keldi hamda mamlakatda islohotlar boshlanganini e'lon qildi. Jumladan, sud-huquq tizimi o‘zgarishlarga muhtojligini, MXX, prokuratura kabi idoralar faoliyati tubdan yangilanishi kerakligini oshkora aytdi.
Inson huquqlariga rioya etish, jamiyat hayotini erkinlashtirish zarurligi bo‘yicha katta va'dalar berdi.
Qahramon Xo‘jaqulov ana shu o‘zgarishlardan umid qilib, o‘zining nomini rasman oqlash uchun harakat qila boshladi.
Oxirgi ikki yil ichida u Oliy Sud, Bosh prokuratura, prezident ma'muriyati, Xalq qabulxonasi, prezidentning virtual qabulxonasiga ko‘p marotaba murojaat qildi. Qaysidir idora unga mujmal javob yuborsa, boshqa bir idora umuman javob ham yozmagan.
Qahramon Xo‘jaqulov: “Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev boshlagan o‘zgarishlardan xursand bo‘lib, nomimni oqlashga harakat qila boshladim. Lekin Oliy sud prokuraturaga, prokuratura Oliy sudga jo‘natib, arizalarimga aniq javob bermayapti. Murojaatlarimga begunoh bo‘lganligim haqidagi barcha dalillarni ilova qilyapman, lekin foydasi bo‘lmayapti”.
Nufuzli tashkilotlarning javoblarida shunday kulgili holatlar ham borki, odam hayratga tushadi.
Masalan, Oliy sud Qahramon Xo‘jaqulovning o‘zini oqlashni so‘rab yozgan arizasiga: “Tergovdagi nohaqliklar yuzasidan prokuratura idoralariga murojaat qilib, tergovchilarning ustidan jinoyat ishi ochishni so‘rang”, – degan ma'noda javob bergan.
Qahramon Xo‘jaqulov Oliy sudga MXXchi yoki prokurorlarning ustidan jinoyat ishi ochishni emas, o‘zini oqlashni so‘rab murojaat qilgan va yetarli asoslarni taqdim etgan.
Lekin Oliy sud raisining Nazarov degan o‘rinbosari prokuraturaga murojaat etishni tavsiya qilgan!
Filmni shu yerda yakunlasak ham bo‘lar edi. Biroq uni suratga olish jarayonida “Eltuz” surishtiruv guruhi 25 yil ilgari “Rembo”ga tuhmat qilishda jonbozlik ko‘rsatgan ba'zi “chekist” va prokurorlarning keyingi taqdirlariga oid ma'lumotlarni qo‘lga kiritdi. Demak…
“Rembo”ni qamatganlarning keyingi taqdirlari
“Rembo”ni qamatishda jonbozlik ko‘rsatgan «chekist» va prokurorlardan ba'zilari hayotdan ko‘z yumishgan, qolganlari hali ham hayot.
Ba'zilari O‘zbekistondan ko‘chib ketishgan, qolganlari esa hamon respublikada istiqomat qilishmoqda.
“Eltuz” surishtiruv guruhi Qahramon Xo‘jaqulovga oid jinoyat ishi materiallaridan tashqari ma'lumotlarni o‘rgandi.
Ma'lumotlarga ko‘ra, surxondaryolik militsiya mayorini qamatishda shijoat ko‘rsatgan ba'zi “chekist” va prokurorlar keyinchalik jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Ularning ayrimlari hatto qidiruvga ham berilgan.
Masalan, 1988 yilda narkobaron-diplomatlar Babkin, Miloshevich va Xatskevich ishi bo‘yicha Qahramon Xo‘jaqulovni Toshkentga oldirib, O‘zbekiston KGBsi binosida so‘roq qilgan polkovnik Sergey Medvedev mustaqillik yillarida ustidan jinoyat ishi ochilishidan qo‘rqib, respublikadan qochib ketgan.
1994 yilda MXX tergov izolyatorining boshlig‘i bo‘lib ishlagan polkovnik Aleksandr Juravlyov ham keyinchalik Moskvaga ko‘chib ketgan.
Juravlyov qo‘l ostidagi Olesya ismli praporshchik qizni ham o‘zi bilan olib ketgan.
O‘zbekiston MXXsidan borgan juftlik Rossiyada ishsiz qolib ketmagan:
ikkalasi ham dunyoga mashhur Butirka qamoxonasiga ishga kirishgan.
Qahramon Xo‘jaqulovni o‘z kabinetida MXXchilarga do‘pposlatgan va noqonuniy hisbga sanktsiya bergan prokuror Mels Naimov keyinchalik Buxoro viloyati, Toshkent shahri prokurori, MXXga qarashli Diniy idoralar faoliyatini nazorat qilish kengashining rahbari bo‘lib ishlagan.
2017 yil 26 avgust kuni u prezident Mirziyoevning farmoni bilan “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist” unvoniga sazovor bo‘lgan.
Hozirda Mels Naimov Buxoro viloyati transport prokurori lavozimida ishlamoqda.
Pogonli narkomafiya yo‘rig‘ida yurgan Mels Naimov mansab jihatdan muvaffaqiyatlarga erishgan bo‘lsa ham oilasida ishlari unchalik yurishmagan.
Uning o‘g‘li O‘zbekiston ichki ishlar akademiyasida o‘qib yurgan kezlari giyohvandlikka ruju qo‘yadi.
Shu sababdan Mels Naimovning qudasi, Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi korruptsiyaga qarshi kurash bo‘limining boshlig‘i bo‘lib ishlagan Yoqub Elmurodov qizini ajratib olishga majbur bo‘ladi.
Mels Naimovning o‘g‘li esa oxir-oqibat giyohvandlik tufayli olamdan o‘tgan.
Qahramon Xo‘jaqulovni Surxondaryo viloyati prokurori xonasida MXXchilar tomonidan kaltaklanganini kulimsirab tomosha qilib turgan yana bir prokuror Ramazon Po‘latov ham keyinchalik Buxoro viloyati prokurori, O‘zbekiston Bosh prokuraturasida Korruptsiyaga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan.
Ayni paytda Ramazon Po‘latov va uning ukasi Erkin sobiq bosh prokuror Rashid Qodirovning ishi bo‘yicha qamoqqa olinganlar.
“Eltuz” surishtiruv guruhi qo‘lga kiritgan ma'lumotlarga ko‘ra, Ramazon Po‘latov Toshkent shahrining sobiq hokimi Kozim To‘laganovdan tahdid yo‘li bilan bir million AQSh dollari olganlikda ayblanmoqda. Ayblovga ko‘ra, shu pulni olish uchun u To‘laganovning oldiga o‘zining ukasi Erkinni yuborgan.
Qahramon Xo‘jaqulovni 1988 yildan to 1995 yilgacha ta'qib va tazyiq qilib kelgan MXX podpolkovnigi To‘lqin Zulfiqorov keyinchalik polkovnik rutbasigacha ko‘tarilgan.
Mustaqillikning ilk yillarida MXXning Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan To‘lqin Zulfiqorov keyinchalik undan ham baland lavozimlarda ishlagan.
Lekin «Eltuz» suhbatlashgan iste'fodagi ikki nafar MXX zobitiga ko‘ra, u MXX raisi Rustam Inoyatovning ko‘ziga yomon ko‘rinib qoladi.
Bosh prokuratura huzuridagi Soliq va valyuta jinoyatlariga oid departament tashkil etilayotganda To‘lqin Zulfiqorov shu yerga rahbarning birinchi muovini lavozimiga o‘tishni niyat qilib, MXXdan ketadi.
Rustam Inoyatov ketish sababini so‘raganida, Zulfiqorov: “Charchadim. Pensiyaga chiqmoqchiman”, deb javob beradi.
Keyinchalik, 2006 yili Inoyatov Zulfiqorovni idoralararo qo‘shma majlisda ko‘rib qoladi va yangi ochilgan departamentga ishga o‘tganidan xabar topadi.
O‘zini aldanganidan darg‘azab MXX raisi To‘lqin Zulfiqorovni uch soat ichida ishdan oldiradi.
Shundan so‘ng, 2008 yilga kelib To‘lqin Zulfiqorov Jizzax viloyati chorvachilik ozuqalari korxonasiga rahbar bo‘lib boradi.
Lekin u yerdan ham uch soat ichida ishdan olinadi.
Bu safar uni Jizzaxga kelgan o‘sha paytdagi bosh vazir Shavkat Mirziyoev ko‘rib qoladi.
Bosh vazirning “Mana bu MXXchi bu yerda nima qilyapti? Uni zudlik bilan yo‘qotinglar!” degan topshirig‘i uch soat ichida bajariladi.
Hayotning mana shunday achchiq kunlarida Zulfiqorovga o‘xshaganlarga na qudratli MXXsi va na prokuraturasi yordam bergan.
Qudratli «kontora”ning kuchi yetmaydigan shaxsiy hayot va oilaviy inqiroz degan muammolari ham bor. Yoki aksinchami?! Demak…
“Eltuz” savollari…
“Eltuz” surishtiruv guruhi Qahramon Xo‘jaqulovning taqdiriga oid hujjatli film yaratish jarayonida ba'zi savollarga duch keldi.
Xususan, surxondaryolik militsiya mayori Qahramon Xo‘jaqulov Mozori Sharifdagi uch sovet diplomatining narkobiznesini fosh qilgan 1988 yilda KGBning Afg‘onistondagi rezidenturasida turli niqoblar ostida ikki o‘zbekistonlik chekist ham ishlagan.
Ulardan birinchisi bo‘lajak mustaqil O‘zbekistonning bo‘lajak bosh «chekisti» Rustam Inoyatov bo‘lgan.
U uzoq yillar davomida Qobul va Mozori Sharifda turli diplomatik niqoblar ostida KGB topshiriqlarini bajarib yurgan.
1988 yilda Afg‘onistonda Lubyankaning topshiriqlarini bajarib yurgan ikkinchi o‘zbekistonlik esa bo‘lajak mustaqil O‘zbekistonning bo‘lajak bosh prokurori Rashid Qodirov edi.
1988 yil may oyida Rashid Qodirov Afg‘onistondagi sovetparast hukumatning maxsus ordeniga ham sazovor bo‘lgan.
1994-95 yillarda O‘zbekiston Bosh prokuraturasida Qahramon Xo‘jaqulovga qarshi tuhmatlar to‘qilayotganda bosh prokurorning o‘rinbosari aynan “chekist” Rashid Qodirov edi.
Xo‘jaqulovning “chekist”lar narkomafiyasiga qarshi faolligi “chekist”lardan chiqqan Rashid Qodirovga yoqishi mumkinmidi?
Nega Rustam Inoyatov mustaqillik yillarida Chegara qo‘shinlarini Mudofaa vazirligidan MXX tarkibiga qo‘shib oldi? Narkotik savdosini to‘liq nazoratga olish uchunmi? Yoki boshqa maqsadlardami?
Yana bir savolimiz KGB va MXX taqqosiga oid.
KGB Qahramon Xo‘jaqulovni bir marta tuzoqqa tushirishga uringan-u, lekin keyin o‘zini bu ishdan vaqtincha bo‘lsa ham chetga olgan. “Rembo”ning yaqinlariga tahdid qilmagan, akalarini “zakaz” qilmagan.
Milliy xavfsizlik xizmati-chi? MXX “kontora”ning narkobiznesiga to‘g‘anoq bo‘lganlarning nafaqat o‘zini, balki qarindosh-urug‘larini ham o‘ldirib yuboravergan.
Shunday ekan, O‘zbekiston tarixida qaysi maxsus xizmat vahshiyroq bo‘lgan? KGBmi yoki MXX?
Va so‘nggi savolimiz: Qahramon Xo‘jaqulovning oqlanishiga bugun kimlar qarshilik ko‘rsatmoqda? Nahotki yana o‘sha narkobaron «chekist»lar bo‘lsa”?!
Bunday deyishimizga sabab shuki, ayni kunlarda noma'lum kimsalar MXX deya atalmish ulkan narkomafiyaning kushandasi Qahramon Xo‘jaqulovning mahallasidan u haqida rasmiy ma'lumot yig‘ishni boshlashgan.
Qahramon Xo‘jaqulov bu haqida Toshkent shahri Yunusobod tumani ichki ishlar boshqarmasiga ariza bilan murojaat qilgan.
Hikoyamiz qahramoni Qahramon taqdiri qanday yakun topadi?
Bu savolga javob hanuz yo‘q.
Shunday ekan, “Eltuz” surishtiruvlarini kuzatishda davom eting.
Video: https://youtu.be/jIfB_ow7S8o
Eltuz.com