Asosiy mavzular
5 fevral 2022

MOQ raddiyasi ortida turgan odamlar va haqiqatlar

29 yanvar kuni O‘zbekiston Milliy Olimpiya Qo‘mitasi (MOQ) @Eltuz telegram-kanalida bir kun ilgari (28 yanvar kuni) chiqqan xabarga raddiya berdi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim manbalarda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi kuchli bosim ostida qolgani va buning natijasida havaskor va professional boks federatsiyalari birlashtirilgani haqida xabarlar tarqatildi. Shuni ta'kidlash joizki, bu mutlaqo asossiz va yolg‘on ma'lumot!”, deyiladi MOQ xabarida.

Qo‘mitaning bu matni @Eltuz Telegram-kanalida 28 yanvar kuni e'lon qilingan xabarga raddiya edi.

@Eltuz xabarida, jumladan, shunday deyilgandi:

 “Bosim ostida qolgan O‘zbekiston Olimpiya Qo‘mitasi mamlakatdagi havaskor va professional boks federatsiyasini birlashtirib, unga AQSh qora ro‘yxatida bo‘lgan G‘ofur Rahimovni boshliq qilib tayinladi. Bu tayinlov ortidan Olimpiya qo‘mitasida janjal chiqdi. Olimpiya Qo‘mitasiga kim bosim ko‘rsatdi? G‘ofur Rahimovning rahbar etib tayinlanishiga kim qarshi?

O‘zbekiston Milliy Olimpiya Qo‘mitasining javobi ortida qaysi odamlar va qanday haqiqatlar yotibdi?

MOQ raddiyasi ortiga yashirilgan shaxs hamda voqealarni mantiqiy va xronologik jihatdan tushuntirib berish uchun hodisalar bayonini bu javobgacha bo‘lgan joyidan boshlaymiz.

 22-29 yanvar kunlari Toshkent shahrida 22 yoshgacha bo‘lgan erkak va ayol havaskor bokschilar o‘rtasida Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi.  

Chempionatning ochilish marosimida Havaskor bokschilar xalqaro assotsiatsiyasi prezidenti Umar Kremlyov, Osiyo boks konfederatsiyasi prezidenti Anas Alotoiba, MOQ raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Saken Po‘latov va boshqa mutasaddilar ishtirok etishdi.

Boks chempionati borarkan xalqaro va milliy boks mutasaddilari 2019 yil iyul oyida Havaskor bokschilar xalqaro assotsiatsiyasi (AIBA) prezidentligidan haydalgan, postsovet kriminal doiralarida “Graf”, “Qora G‘ofur” laqablari bilan tanilgan G‘ofur Rahimovning Toshkentdagi uyida ziyofatga to‘planishadi.  

Ziyofat payti G‘ofur Rahimov Osiyo boks konfederatsiyasi prezidenti Anas Alotoibaga dunyodagi eng qimmatbaho hisoblanadigan “Rolex” soatini sovg‘a qiladi.

Uchrashuv chog‘ida Saken Po‘latov O‘zbekiston havaskor boks federatsiyasi bilan profesional bokschilar federatsiyalarini birlashtirish loyihasi haqida gapirib, birlashgan federatsiya rahbarligini G‘ofur Rahimovga topshirish niyati borligini bildiradi.

Osiyo boks konfederatsiyasi prezidenti Anas Alotoiba o‘z vaqtida uni bu lavozimga tayinlanishida jonbozlik ko‘rsatgan G‘ofur Rahimovga bunday topshiriq berilishiga qarshi emasligini aytadi.

 Ushbu uchrashuvdan so‘ng, O‘zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Saken Po‘latov respublika Milliy Olimpiya Qo‘mitasi raisi Rustam Shoabdurahmonovning oldiga kirib, yangi loyihasini taklif qiladi.

Ya'ni, Toshkentdagi mashhur “Golden House” turar-joy komplekslariga egalik qiluvchi Saken Po‘latov O‘zbekiston havaskor va professional boks federatsiyalarini birlashtirib, unga G‘ofur Rahimovni rais qilish g‘oyasini o‘rtaga tashlaydi.

Javoban Rustam Shoabdurahmonov bu ishga aralashmasligini aytadi.

@Eltuz da chiqqan maqola ortidan dashnomga qolgan Rustam Shoabdurahmonov O‘zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Saken Po‘latovga rad javobi beradi.

 “Lekin Saken Jetibaevich shu bilan to‘xtamadi. U G‘ofur Rahimovni boks federatsiyasining raisi emas, raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga, ya'ni o‘zining o‘rniga tayinlashni rejalashtirdi”, deydi @Eltuz manbalaridan biri.

 O‘z o‘rnini boshqa odamga, xususan, G‘ofur Rahimovga bo‘shatib berish yoki uni o‘ziga muovin qilib olishdan Saken Po‘latovga nima foyda?

 O‘zbekiston MOQga yaqin manba bu savolga: “Boks federatsiyasi turgan-bitgani xarajat. Sportchilarni goh bu musobaqaga, goh u chempionatga jo‘natish kerak. Bularning hammasi katta mablag‘ talab qiladi. Saken Po‘latov ana shu xarajatlardan qutulish uchun joyini akaxoni G‘ofurga topshirmoqchi”, deb javob berdi.

 “O‘zbekiston Boks federatsiyasiga rahbarlik qilish turgan-bitgani xarajat bo‘lsa, bu rahbarlikning G‘ofur Rahimovga nima keragi bor?”, deya qiziqqanimizda, @Eltuzning ayni manbasi shunday deb javob berdi:

 “Bu lavozim G‘ofur Rahimovga O‘zbekiston tashqarisida – xalqaro immunitetga, yurt ichida esa – ba'zi imtiyoz hamda vakolatlarga ega bo‘lish uchun uchun kerak. Bilasiz, Qozog‘istondagi so‘nggi voqealarda G‘ofur Rahimovning “ukaxon”i, qozoq jinoyat olamining yetakchilaridan biri Arman Jumageldiev faol ishtirok qilib, qamaldi. Mana shu voqealardan keyin ikkovlonning qalin aloqalaridan xabardor Birlashgan Arab Amirligi hukumati G‘ofur Rahimovdan mamlakatdan chiqib ketishni so‘radi”.

 Manbaning bildirishicha, G‘ofur Rahimov Rossiya jinoyat olami vakillarining g‘azabiga uchrab, bu mamlakatga qadam qo‘ya olmaydigan holga kelgan.

Yevropa va Amerikaga esa AQSh Moliya vazirligining qora ro‘yxatiga kiritilgani uchun bora olmaydigan maqomga tushib qolgan.

 “Bu vaziyatda G‘ofur Rahimovda faqat bitta yo‘l – O‘zbekistonga qaytish qolgan edi. Shuning uchun “Graf” hozir bu yerda. Lekin u avvalgidek chet ellarga bemalol chiqib yurish, xalqaro ta'qibdan sal bo‘lsa ham, ozod bo‘lishni istaydi. Bundan tashqari, hukumat doiralarida Bosh vazir va hattoki prezident bilan uchrashishni hamda shu yo‘l bilan o‘zining biznes-loyihalarini ilgari surishni xohlaydi. O‘zbekiston Boks federatsiyasining rahbarligi mana shu immunitet, vakolat va imtiyozlarning hammasini in'om etadi”, dedi O‘zbekiston Milliy Olimpiya Qo‘mitasiga yaqin manba.

 2012 yilda AQSh Moliya vazirligi G‘ofur Rahimovni sobiq Sovet Ittifoqi, Sharqiy Yevropa hududida faoliyat yuritadigan “Birodarlik xalqasi” (“Bratskiy krug”, “Brothers’ Circle”) degan xalqaro uyushgan jinoiy sindikat yetakchilaridan biri sifatida qora ro‘yxatga kiritgan.

 Lekin G‘ofur Rahimovning o‘zi bu ayblovlarni haligacha inkor qilib keladi.

 2018 yil noyabr oyida Moskva shahrida G‘ofur Rahimov Havaskor bokschilar xalqaro assotsiatsiyasi (AIBA) prezidenti qilib saylangan edi.

Assotsiatsiyaning bu tanlovi Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasining (XOQning) jiddiy qarshiligiga duch keldi. AIBA G‘arbda narkobaron sifatida tanilib, Amerikaning qora ro‘yxatiga kiritilgan “Qora G‘ofur”ni rahbar qilib saylaganidan keyin, XOQ boksni olimpiada sport turlaridan chiqarib tashlash haqida ogohlantirdi. Natijada, 2019 yil iyul oyida AIBA G‘ofur Rahimovga chiqish eshiklarini ko‘rsatishga majbur bo‘ldi. Uning o‘rniga asli tojikistonlik Umar Kremlyov prezident qilib saylandi.

 @Eltuzga yaqin va bir-biridan mustaqil manbalarning xabar qilishicha, Birlashgan Arab Amirliklaridan chiqib ketishga majbur bo‘lib, O‘zbekistonga qaytganidan keyin G‘ofur Rahimov yana mamlakat Boks federatsiyasini qo‘lga olishni va shu yo‘l bilan eski mavqe'ini tiklashni reja qilgan.

 @Eltuz G‘ofur Rahimov va Saken Po‘latov bir-biriga qanchalik yaqinligi, ularni nima bog‘lab turishi haqida ham qiziqdi. Manbalarimizning aytishicha, ikki tadbirkor ilgari ham o‘zaro tanish bo‘lishgan. Lekin ular o‘rtasidagi yaqin munosabatlar 2021 yil kuzida boshlangan.

 Hamma gap shunda-ki, o‘tgan yil noyabr oyida rossiyaliklarga aloqadorligi aytiladigan vkurse.pro veb sayti Saken Po‘latovning turmush o‘rtog‘i haqida maqola e'lon qiladi. “Djamilya Polatova demonstriruet vsedozvolennost i beznakazannost”, deb nomlangan ushbu maqolada Saken Po‘latovning xotini shimoliy kavakazlik tadbirkor Janbulat Mamatov bilan ishqiy munosabatlarini yashirmayotgani, eriga xiyonat qilayotgani haqida yozilgan edi.

 Maqolada Jamila Polatova o‘z o‘ynashini Bodrumdagi “Vogue Hotel”da uchratgani, u bilan aloqalari haqida hatto Saken Po‘latovning o‘zi ham xabardorligi to‘g‘risida so‘z yuritilgan edi.

Maqolada Jamila Po‘latovaning Janbulat Mamatov bilan quchoqlashib tushgan bir necha suratlari ham bosilgan edi”, – deydi @Eltuzga yaqin manba.

Jamila va Janbo‘lat

 Uning aytishicha, mana shu maqola e'lon qilingach, Saken Po‘latov vkurse.pro veb sayti egalariga chiqish hamda materialni saytdan oldirib tashlash yo‘llarini qidira boshlaydi.

Kutilmaganda G‘ofur Rahimov unga o‘z yordamini taklif qiladi.

“Graf”, go‘yoki, rossiyaliklarga chiqib, ularni zo‘rg‘a ko‘ndirganini aytib, Saken Po‘latovdan maqolani olib tashlatish uchun 300 ming dollar so‘raydi.

Bunday miqdordagi pullarni pul hisoblamaydigan Saken Po‘latov so‘ralgan miqdorni darrov yetkazib beradi. Natijada maqola vkurse.pro veb saytidan olib tashlanadi. Ushbu maqola o‘sha saytga aynan G‘ofur Rahimovning tashabbusi bilan e'lon qilingani Saken Po‘latovning hayoliga ham kelmaydi”, – dedi @Eltuzga yaqin manba.

 Manbaning bildirishicha, Saken Po‘latov va G‘ofur Rahimov o‘rtasidagi yaqin munosabatlar mana shu maqola vkurse.pro veb saytida chiqqanidan va olib tashlanganidan keyin boshlangan.

 Saken Po‘latov G‘ofur Rahimov orqali qozog‘istonlik kriminal avtoritet Arman Jumageldiev bilan ham yaqin aloqalar o‘rnatib olgan.

 “Masalan, o‘tgan yilning oktyabr oyida Arman Jumageldiev Serbiyada o‘tkazilgan boks bo‘yicha jahon chempionatida qozoq sportchilariga pullar tarqatdi. Arman Dikiyning ana shu musobaqaga rasmiy va diplomatik shaxs sifatida kirib borishida o‘zimizning Saken Po‘latovning hissasi katta. Qozog‘istonlik jinoyat olami vakilini Belgradda o‘tkazilgan boks chempionatining rasmiy odami qilib xujjatlashtirishda yordam bergan odam aynan Saken Po‘latov bo‘ladi”, – dedi O‘zbekiston Milliy Olimpiya Qo‘mitasidagi @Eltuz manbasi.

Dikiy jahon chempionatida

@Eltuzga yaqin boshqa manbalarning bildirlarishicha, G‘ofur Rahimov bilan yaqinlashib olgan Saken Po‘latov so‘nggi paytlarda o‘zbekistondagi jinoyat olamining boshqa vakillariga ham yaqinlasha boshlagan.

 “Toshkentda 22 yoshgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasida Osiyo chempionati o‘tkazib bo‘lingach, poytaxda liliputlar o‘rtasida ham boks tomoshalari o‘tkazildi. Ana shu musobaqa va shou ham Saken Po‘latovning “dobrosi” bilan o‘tkazildi. Shou-musobaqaning xorijlik ishtirokchilarini yaqinda O‘zbekistondan Dubay shahriga chiqarib yuborilgan kriminal avtoritet Aziz Bakievning o‘ng qo‘li – Sardor olib keldi”, deya xabar berdi @Eltuzning Toshkentdagi manbalari.

Sardor (o‘rtada) va Aziz Bakiev (o‘ngda)

O‘zbekistondagi jamoatchilik bu musobaqani salbiy qabul qildi. Masalan, jurnalist Nikita Makarenko “Feysbuk” tarmog‘idagi o‘z sahifasida bu shouni “tug‘ma nuqsonli kishilarning ustidan kulish”, “o‘rta asrlardagi ba'zi yovvoyi odamlarga xos illat” deb aytdi.

O‘z postida jurnalist: “Sizlar yana: “Odamlarimiz nega teatrga bormaydi?”, deb hayron bo‘lasizlar. Odamlarimiz mana shunday shoularga borishmoqda”, deb yozdi.

Nikita Makarenko

 @Eltuz manbalarining aytishicha, Saken Po‘latov hamda uning yonidagi jinoyatchi va bezorilar insonlarning jismoniy kamchiliklari yoki musibatlari ustidan kulishni bugun yoki kecha boshlashgan emas.

Saken Po‘latovning oxirgi paytlarda hatto prezident Shavkat Mirziyoevning kichik kuyovi Otabek Umarov haqida og‘ir haqoratlarni aytib, turli bo‘htonlarni tarqata boshlagan.

Masalan, @Eltuz ga yuborilgan audiofaylda, Saken Po‘latov o‘z hamtovoqlari orasida Otabek Umarovni qabih so‘zlarni aytib haqorat qiladi.

@Eltuz Saken Po‘latov aytganlarini, axloq normalariga mutlaqo to‘g‘ri kelmagani uchun, chop etmaslikka qaror qildi.

 Xullas, 29 yanvar kuni O‘zbekiston Milliy Olimpiya Qo‘mitasi bergan raddiya ortida mana shu odamlar hamda mana shu haqiqatlar turibdi.

Tag‘in o‘qing
29 iyun 2018
«Nonkesar» nonni bo‘laklarga ajratish bilan band, yonida sut chelagi va yana allambalo narsalar… «Yo‘qot ashqol-dashqolingni! Tezlat, jallab! Nega immillaysan, ...
22 dekabr 2020
Joriy yilning 15 dekabrida 35 yoshli Z.B. uch o‘g‘lini va o‘zini suvga tashlamoqchi bo‘lgan vaqtda Sirdaryo viloyati Shirin shahri ekologiya bo‘limi xodimlari tomonidan ...
21 avgust 2020
Mezon kechdi. Qanday shoshib kechdi bu mezon. Hosil to‘la aravasi loylarga botib Sochi oqardi. Mezon kechdi. Qanday ma'yus kechdi ...
8 aprel 2024
2010 yil 7 aprel kuni o‘z qarorlari bilan oziq-ovqat va kommunal xizmatlar uchun narx-navoni mislsiz darajada ko‘tarib yuborgan Qurmonbek ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...