Rostov tsirki pardasi ortida nimalar kechdi?
Prigojinning urush sahnasidan chekinib, Rostovda nag‘ma ko‘rsatgani, Putin bilan kelishuv qilib, Belarusga qochishini ko‘plar Putinning g‘alabasiday qabul qilayapti.
Hatto bu tomoshani, go‘yo, Eltuz uyushtirganu endi chippakka chiqqanday. Shunchaki komentariyalarni o‘qiymiz: «Eltuz changitdi rosa, endi Putin ko‘rsatadi», «Putin bilan Prigojin prank qilib atrofidagi sadoqatli davlatlarni aniqlab oldi», «Putinni sindirish bandasigamas», «Eltuz niyatiga yetmadi!»…
Rostdan ham shundaymi? Prigojin qahramon bo‘ldimi? Putin g‘alabasimi edi bu?
Aslida Prigojin tomoshalari (ayniqsa, o‘ris tankining Rostov tsirki binosiga tiqilib qolgani bilan bog‘liq tryuklar) davom etayotgan bir paytda Rossiya muntazam armiyasi urush maydonida katta talofotlar ko‘rishda davom etdi.
Ochiq manbalarda qayd etilishicha, 24 iyun kuni 720 nafardan ortiq rus bosqinchisi Ukraina tuproqlarida yer tishladi. Rus armiyasining 6 ta tanki, 2 BTR, 4 ta harbiy avtomobili, 20 ga yaqin artilleriya tizimi, 12ta BPLA dron uchoqlari ukrain harbiylari tomonidan yakson etildi.
Prigojinning o‘zi urib tushirgan Putinning ikkita vertoleti va portlatilgan ko‘priklar, Ramzan qo‘shinlarining Rostovga tashlanishi va Moskvaning qamal qilinishi bilan bog‘liq ko‘rilgan zararlar bundan mustasno.
Eng qizig‘i rus armiyasi sharmandalarcha chekinishda davom etmoqda. Prigojin ehtirosli chiqishlaridan birida Rossiya armiyasida kuniga 1000 ga yaqin odam talaf bo‘layotganini e'tirof etdi.
Prigojinning Putin bilan kelishib Belarusga qochgani esa na unga shuhrat keltiradi va na uning xo‘jasiga. Rossiya esa cho‘zilgan urushning qonli botqog‘iga yanada chuqurroq botmoqda.
Putin prezidentni himoya qilgan 6 nafar harbiy uchuvchining o‘limiga ko‘z yumdi. Bosh prokuratura Prigojin ustidan ochilgan ishni berkitdi.
Putin xiyonatni kechira olmasligini aytgan. CNN tarqatgan yangi xabarga ko‘ra, Rossiya prezidenti Prigojinni Belorusda yo‘q qilishga urinadi.
Xulosa qilib aytganda, Putin armiya ko‘z o‘ngida davlatchilikni yo‘qqa chiqardi va shu bilan o‘z umrini qisqa muddatga uzaytirdi.
Qudrat Bobojon,
Eltuz muharriri