Qozog‘istonda deelbasizatsiya, O‘zbekistondachi?
Aksilkorrupsiya xizmatining 43 yoshdagi general-leytenanti O‘ljas Bektenovning Qozog‘iston bosh vaziri etib tayinlanishi, shubhasiz, uning postsovet tarixidagi muhim voqeadir, deya yozmoqda Markaziy osiyo bo‘yicha ekspert, siyosatshunos Arkadiy Dubnov.
Yana ham aniqrog‘i, Alixon Ismoilov hukumatining iste'foga chiqarilishi, mamlakatni 30 yildan ortiq boshqargan Nazarboev hokimiyati illatlarini tugatishga bel bog‘lagan hozirgi rahbariyat harakatlarining in'ikosidir.
Bundan avval Eltuz telegram kanali o‘z obunachilari e'tiboriga, Chimkent hokimini majlis o‘tkazayotgan paytda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri majlislar zaliga kirib kelgan hukumat kuchlarining kommunal xizmatlar raxbarini hibsga olish jarayoni aks etgan videoni taqdim etgan edi.
Buni ham, ta'bir joiz bo‘lsa, mamlakat birinchi prezidenti tosh davri unsurlaridan xalos bo‘lishga qaratilgan harakatlar sirasiga kiritish mumkin.
Mamlakatda jadal olib borilayotgan deelbazizatsiya jarayonlari yaqqol kuzatilmoqda, Elboshi deya ulug‘langan sobiq rahbar, milliy liderning siyosiy merosi izchil qayta ko‘rib chiqilmoqda. Shu bilan birga, hukmron elitada o‘zgarishlar ro‘y bermoqda, Sovet Qozog‘istonida hayot tajribasiga ega bo‘lmagan avlod hokimiyatga yaqinlashmoqda. Kreml, bu avlodning idrokida, Qozog‘iston uchun juda muhim bo‘lsa-da, boshqa bir davlat ramzidir.
Dubnov shuningdek, mamlakatning yangi bosh vaziri aynan bugun boshlanayotgan yangi davr vakili ekanini urg‘ulaydi.
“SSSR parchalanayotgan paytda, O‘ljas Bektenov endigina boshlang‘ich maktabni tugatgan. O‘sha kunlarning mashhur qahramoni uning adashi, taniqli yozuvchi O‘ljas Sulaymonov edi. Aynan u mamlakatni sovet merosidan ajratib olish harakatida birinchilardan bo‘lgan edi. Semipalatinsk yadro poligoning yopilishiga erishgan harakatlarga ham aynan u boshchilik qilgan edi” deya eslaydi Dubnov.
Shu ma'noda, uning so‘zlariga ko‘ra Bektenovning bosh vazir etib tayinlanishi qozog‘istonlik kuzatuvchilar uchun mutlaqo kutilmagan voqea bo‘lgan. Bir kun oldin, 5-fevral kuni prezident Tokaev Smailov va uning komandasi iste'fosini qabul qilganida ham uning ismi hech bir da'vogarlar ro‘yxatida yo‘q edi.
Shu o‘rinda qisqa bir rakurs bilan O‘zbekiston tarixidan parallel keltirsak. Suronli 80 chi yillar oxiri 90 yillar boshida bizning mamlakatimizda ham mustaqillik uchun kurash boshlangan. Unga ham aynan o‘zbek ziyolilari, to‘g‘rirog‘i O‘ljas Sulaymonovning yaqin do‘sti va yozuvchi Muhammad Solih yetakchilik qilgan. O‘sha yillarda aynan uning sa'y harakatlari bilan tashkil topgan “Birlik” harakati dastlab Bo‘stonliqdagi kimyo zavodini to‘xtatish, O‘zbekistonni sovet yadro axlatlari olib kelib to‘kiladigan qabristonlarga aylantirish an'anasiga chek qo‘yish va Orol qurishi oqibatlari bilan bog‘liq talablar ilgari surilgan edi. Keyinchalik esa, mamlakatda shafqatsiz repressiya, milliy mustaqillik va demokratiya g‘oyalaridan uzoqlashish, yurtboshini ulug‘lash tendentsiyasi davom etdi.
Shunga o‘xshash jarayonlar, SSSR parchalanganidan keyin Markaziyo Osiyodagi qo‘shni davlatlarida ham kuzatildi.
Qosim Jo‘mard To‘qaev esa iqtidorga kelgach, hukumatni o‘zgartirish tartib-taomilini mamlakat Asosiy qonunining parlamentdan o‘tishda majburiy bo‘lishini nazarda tutuvchi bandlaridan chetga chiqmagan tarzda, namoyishkorona parlament orqali amalga oshirdi.
Ammo, adashmaslik kerak, parlamentning roli sezilarli darajada oshib borayotgan bo‘lsa-da, Nazarboev davrida yaratilgan super-prezident hokimiyat tizimi hamon amalda saqlanib qolmoqda.
Qosim Jo‘mard To‘qaev garchi o‘zini partiyasiz prezident sifatida ko‘rsatayotgan bo‘lsada, parlamentdagi o‘rinlarning mutlaq ko‘pchiligiga ega bo‘lgan “Omonat” partiyasi prezidentga zarur bo‘lgan bosh vazir lavozimiga munosib nomzodni ilgari surdi…
“Aks holda, o‘zining ishonchli komandasiga ega bo‘lmagan, prezidentlik muddati 2029-yilda tugashi kutilayotgan va o‘z va'dalariga ko‘ra bu muddat uzaytirilmaydigan To‘qaevning “Yangi” Qozog‘istonni yaratish va uni modernizatsiya qilish kabi ambitsiyaga ega ulkan rejalarini amalga oshirishga ulgurmaydi. ” deya yozadi Dubnov.
Mansab zinalaridan yuqorilagan O‘ljas Bektenov, xamisha Tokaevning komandasida bo‘lgan va uning shaxsiy kafolatidir. Bektenovning korruptsiyaga qarshi kurash xizmati boshlig‘i sifatidagi faoliyati natijalari ancha samarali bo‘lgan, aftidan Bektenovning ayni yutuqlari bois Tokaev o‘tgan yili uni o‘z administratsiyasi raxbari etib tayinlagan edi.
“Lekin avvalroq Prezident administratsiyasining ilgarigi rahbari Murat Nurtleu Tashqi ishlar vazirligiga rahbarlikka tayinlangan. Shundan kelib chiqib, Qozog‘istonning tashqi siyosati bundan keyin ham prezident tomonidan shaxsiylashtirilishi ayon bo‘ladi” aniqlik kiritib o‘tadi Dubnov o‘z maqolasida.
Shunday qilib, bugungi hokimiyatda 70 yoshli sobiq hukmdorning o‘g‘illari yoshiga yetgan shaxslardan iborat jamoa iqtidorga kelmoqda. Bu o‘z navbatida hokimiyatdagi moliyaviy-iqtisodiy blok va uning harakatlariga oid xatarlar bilan bog‘liq mas'uliyatni ham o‘z ichiga oladi.
Chunki, birinchi navbatda, aynan shu blokda Tokaev tomonidan tayinlangan yangi vazirlar paydo bo‘ldi. Aytish joizki, Favqulodda vaziyatlar vaziridan tashqari barcha xavfsizlik xizmati xodimlari – IIV, Mudofaa vazirliklari avvalgidek o‘z kuchida qoldi. Eslatib o‘tamiz, hozirgi Qozog‘iston hukumatidagi mulozimlarning o‘rtacha yoshi 48 da.
Yangi bosh vazirning umuman iqtisodchi emasligi haqidagi iddaolarga kelsak, ular ahamiyatsiz ko‘ringani barobarida, adolatli hamdir. Aftidan, Prezident Administratsiyasi rahbari bo‘lgan va yangi hukumat rejasini ishlab chiqqan Bektenovdan, prezident bilan birgalikda rejalangan vazifalarni samarali amalga oshirish kutilmoqda, deya hulosa qiladi Dubnov o‘z maqolasida.
Agar bu voqealarni Ӯzbekistondagi so‘nggi voqealar misolida tahlil qiladigan bo‘lsak, sovet va yurtboshi merosidan voz kechish masalasidagi harakatlar ancha sust va o‘lda jo‘lda kechayotganini e'tirof etishga to‘g‘ri keladi. Har holda Karimov qabriga gulchambar qo‘yish, prezident muddatlarining uzaytirilishi, nollashtirilishi, ayrim amaldorlarning mansab rokirovkasi va hokazo chora-tadbirlarni yumshoq qilib aytganda siyosiy hokimiyat almashinuvi bilan bog‘lash qiyin.
Eltuz ko‘chadagi gapni uyga olib kiradi. Kanalimizga obuna bo‘ling. Videolarimizga layk bosing.