Asosiy mavzular
29 noyabr 2016

Xorijlik kuzatuvchilar o‘zimiznikilardek gapirmoqda

Jahon agentligi, go‘yoki horijliklar O‘zbekistondagi demokratik o‘zgarishlarga qoyil qolishayotganday shubhali usullarni qo‘llamoqda.

Yaqindagina O‘zbekistondagi prezident saylovi haqida jahonning nufuzli gazetalaridan birida tijoriy maqola chiqarib, keyin uni mazkur nashrning bu saylovoldi kampaniyasi demokratik va ochiq-oshkoralik ruhida o‘tayotgani to‘g‘risidagi fikri o‘laroq talqin qilgani uchun «Jahon» axborot agentligining yuzi qizargandi.

Shu jihatlarini o‘ylaganda saylov to‘g‘risida «Jahon» tayyorlagan, xalqaro kuzatuvchilar fikri o‘rin olgan maqolalar ancha jiddiy e'tibor talab qiladi shekilli. Chunki bu fikrlar dunyoning eng demokratik hisoblanadigan davlatlari vakillari nomidan e'lon qilinmoqda.

Bu fikrlarning e'tiborni tortadigan jihati esa ularning o‘zbekistonlik deputatlar, hukumat kosasidan nafsini qondiradigan arboblarnikiga juda-juda o‘xshab ketayotganidir.
Xalqaro kuzatuvchilarning «Jahon» AA tomonidan tayyorlangan ana shunday fikrlariga oid navbatdagi maqola «Xalq so‘zi» gazetasida (25.11) bosildi.

«Aholining keng ishtiroki, fuqarolik institutlari, ayniqsa, ovoz beruvchilarga har tomonlama ko‘maklashayotgan va mazkur muhim ijtimoiy-siyosiy tadbirni muvaffaqiyatli o‘tkazishga katta hisa qo‘shgan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining faolligiga qoyil qoldim», degan Belgiya Vakillar palatasi deputati David Geerts.

Agar bu deputat mahallaqo‘mning xalqni nazorat qilish, tegishli organlarga ma'lumotlar yetkazib turish, paxta terimi mavsumida majburiy mehnatga jalb qilishdagi faolligini bilganida yanada ko‘proq qoyil qolgan bo‘larmidi?!

2014-2015 yilgi parlament va prezident saylovlarida kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan Belgiya faxriy senatori Dominik Tilmans esa o‘z hamyurtiga jo‘r bo‘lib: «O‘zbekistonni yaxshi bilganim bois mamlakat birinchi prezidenti Islom Karimov rahbarligida siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa sohalarda keng ko‘lamli islohotlar muvaffaqiyatli olib borilganini ta'kidlashni istar edim», degan.

Faxriy senator bu «keng ko‘lamli islohotlar» xalqning tinkasini quritgani, aholi qashshoqligini tugatishga zarracha hissa qo‘shmayotganini bilganida balki shu ta'kididan qaytgan bo‘larmidi!?

Eslatib o‘tish kerakki, O‘zbekistonda shu paytgacha o‘tkazilgan birorta saylovni yevropaliklar demokratik va ochiq-oshkoralik, tenglik asosida o‘tdi, deb hisoblamagan. «Jahon» gapirtirgan yevropalik xalqaro kuzatuvchilar esa buning mutlaqo teskarisini aytadi.

Berlin shahridagi Xalqaro iqtisodiyot akademiyasi direktori Xans-Yoaxim Knaupe ham shulardan biri. U 2009 yilgi parlament saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida qatnashganini, bu saylov «ochiqlik va demokratiya asosida o‘tganiga ishonch hosil qilgani»ni bildirgan.

U, shuningdek, «O‘zbekiston to‘plagan ulkan tajribani hisobga olib, bo‘lajak prezident saylovi ham fuqarolarning faol ishtirokida, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya qilingan holda o‘tishi»ni ta'kidlagan.

Agar demokrat xorijliklar shuncha maqtovlarni aytayotgan ekan, o‘zimiznikilarning og‘iz ko‘pirtirishiga jon bor ekan-da, deb o‘ylab qoladi soddaroq kishilar.

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
1 fevral 2016
O‘tgan hafta O‘zbekistondagi vaqtli nashrlarning sarlavhalariga boshqa davlatlarga namuna bo‘lishi kerak bo‘lgan «o‘zbek modeli» tashviqotidan tashqari turli real haqiqatga ...
23 oktyabr 2018
Xalqaro boks uyushmasi (AIBA) prezidentligi uchun 2-3 noyabrda o‘tadigan saylovda o‘z nomzodini qo‘ygan o‘zbekistonlik 66 yashar G‘afur Rahimov jinoyat ...
12 yanvar 2017
O‘zbekistonda «Korruptsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonunning qabul qilinishi ortidan senator va deputatlarning bu hujjatga oid balandparvoz chiqishlari paydo bo‘la ...
27 mart 2017
Farg‘ona viloyatida shoqollar to‘dasi uch kun ichida 22 ta qo‘yni bo‘g‘izlagani ortidan mahalliy hukumat 20 martdan boshlab ularni yo‘q ...
Bloglar
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...