Asosiy mavzular
28 yanvar 2019

Tadbirkorlarga xronometraj qo‘yildi

Yangi yildan boshlab qo‘shimcha qiymat solig‘i joriy etilishi ortidan O‘zbekistonda tadbirkorlarning soliqdan qochishga intilishlari yanada kuchaygani kuzatilmoqda.

So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda peshtaxtalari bo‘shab yotgan yirik supermarketlardan olingan suratlar ko‘plab chop etilmoqda.

Iqtisodiyotning bunday qiyin ahvolga tushishi mutaxassislar tomonidan avvaldan bashorat qilingandi.

Chunki QQSning birdaniga 20 foiz etib belgilangani ko‘pchilikni hushyor torttirgan, narx-navo oshishi qochib bo‘lmas holat ekanligi taxmin qilingandi.

Yanvar oyining avvalida unchalik bilinmagan bunday vaziyat oy oxirlaganda yaqqolroq ko‘zga tashlana boshladi. Zero, QQS zalvori endi-endi bilinmoqda.

Toshkentning eng yirik bozorlaridan bo‘lmish “O‘rikzor”da savdo qiladigan tadbirkorlardan birining aytishicha, soliqchilar do‘konda o‘tirvolib, kunlik tushumlarni hisob-kitob qilmoqda.

“Bizga xronometraj tushdi. Soliqchi kun bo‘yi do‘konda o‘tirib, har bir tushgan so‘mni hisoblamoqda. Xronometraj 2-3 kunlab davom etyapti”, deydi tadbirkor.

Shu o‘rinda tadbirkorlar xronometraj deb atayotgan amaliyotning mohiyatini tushunib olish zarar qilmaydi.

Xronometrajning ma'nosi shuki, soliq idorasi vakili savdo ob'ektida bir kunda qancha savdo qilinganini bevosita hisob-kitob qilib boradi. Shundan so‘ng mana shu tushumga qarab tadbirkorning yillik savdo hajmi miqdori hisoblanadi va u shu asosda soliq to‘lashga majburlanadi.

Gap shundaki, yillik savdo aylanmasi 1 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan tadbirkorlik sub'ektlari QQS to‘lashga o‘tkazildi. “O‘rikzor”da esa bunday katta aylanmaga ega bo‘lgan tadbirkorlar ko‘pchilikni tashkil etadi.

Foizi katta bo‘lgan QQSga o‘tish esa yirik tadbirkorlarning foydasi keskin kamayishiga olib kelishini aytmoqda savdogarlar.

“Odamlar xronometrajdan qochishning yo‘lini qilishga urinyapti. Masalan, do‘kon oldiga o‘zining odamini qo‘yib, katta miqdorda xarid qiladigan eski mijozlarni asta chetga olib, gapni tushuntirib, qaytarib yuborishyapti.

Doimiy mijozlar orasida birdaniga 2-3, hatto 5-6 million so‘mga tovar oladiganlar bor. O‘shalarni astagina ortga qaytarishyapti. Bo‘lmasa, agar shu kuni savdo 100 million bo‘lsa, o‘sha asos qilib olinib, keyin soliq uyimizni kuydirib yuboradi”, deydi “O‘rikzor”da savdo qiluvchi tadbirkor “Eltuz” bilan suhbatda.

Xuddi shunday holat umumiy ovqatlanish sohasida ham kuzatilyapti. Toshkentdagi kafelardan birining xo‘jayini unga nisbatan ham xronometraj amaliyoti qo‘llanilganini aytdi.

“Bir kunda 10 million so‘m hisoblayapti va kuniga bankka shuncha pul topshirasan, deyapti. Men topgan pulimning hammasini bankka topshirsam, keyin qanday ishlayman”, deydi kafe xo‘jayini.

Uning aytishicha, kuniga 10 million so‘mlik savdo qilgani bilan go‘sht, sabzavotlar kabi kafe uchun kerakli mahsulotlarning hammasini bozordan xarid qiladi. Bankka topshirilgan pulni esa baribir vaqtida ololmaydi. Natijada kafening ishi yurishmaydi.

Tadbirkorlar o‘zlarini soliq to‘lashdan qochishga majbur qilayotgan QQS balosi bilan imkon qadar kurashayotgan bir paytda davlatning tegishli idoralari bu yangi soliq siyosatini oqlash harakatini davom ettirmoqda.

Jumladan, Davlat soliq qo‘mitasi ixtiyoriy ravishda QQS to‘lashga o‘tadiganlar uchun “yagona soliq to‘lovi summasi byudjetga to‘lanishi lozim bo‘lgan QQS summasiga, lekin yagona soliq to‘lovi summasining 50 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorga kamaytirish tartibi saqlanib qolinishi”ni bildirdi.

Lekin davlatning “shirin” so‘zlari tadbirkorlarni ishontira olayotgani yo‘q. Aksincha bo‘lyapti hammasi.

Zero, bozor iqtisodiyoti foyda ko‘rishga asoslangan. Tadbirkorning foydasini kamaytiradigan har qanday yangilik esa iqtisodiyotga teskari ta'sir ko‘rsatadi.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
4 aprel 2023
Salom qadrli muhlislar. Eltuz portaliga kelgan navbatdagi 5 ta shikoyatni o‘qib eshittiramiz. Maktublar O‘zbekistonning Namangan, Xorazm, Buxoro, Toshkent va ...
6 yanvar 2016
Aramays Avakyan va uning do‘stlari ustidan sud bugun soat 11 da, kutilmaganda boshlandi. Sudlanuvchilarning yaqinlari sud boshlanishi haqida tasodifan ...
2 noyabr 2021
2016 yildan buyon minglab odam ozod qilinganiga qaramay, O‘zbekistonda yana ikki mingga yaqin kishi siyosiy va diniy sabablarga ko‘ra ...
28 yanvar 2019
24 yanvar kuni Nukusda Jumamuratovlar oilasida tug‘ilgan uch egizak qizga prezident ismlari berildi. Bu haqda «Xalq so‘zi» gazetasi xabar ...
Bloglar
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...