Shudgorga quyruqni qo‘yganlar aytsin…
Aytaveradigan ham, qaytaveradigan ham xalqmiz. Hukumatimiz ham o‘zimizga mos. Do‘ppi tor kelsa yoki «vijdon»imiz uyg‘onib qolsa, darrov oqim bo‘ylab suzishni boshlaymiz.
Bosh vazirning o‘qituvchilar, tibbiyot xodimlari, talabalarni paxta terimidan qaytarish to‘g‘risidagi buyrug‘i ko‘pchilikning og‘zidagi gap bo‘lib qolganidan so‘ng buning sabablari ham o‘rtaga chiqa boshladi.
Avvaliga hokim to‘ralar, xalq ta'limi vaziriga o‘xshaganlar joriy yilda yuqorida tilga olingan toifalar paxtaga chiqarilmasligini og‘iz ko‘pirtirib aytgan edi.
Endi ma'lum bo‘lishicha, ularning og‘zini ko‘pirtirgan Vazirlar Mahkamasining 8 avgustdagi bayonnomasi qarorlari bo‘lib chiqyapti.
O‘sha bayonnoma matni qo‘limizda yo‘q. Lekin ochiqlanayotgan ma'lumotlarga ishonilsa, unda o‘qituvchiyu tibbiyot xodimi, talabalarni paxtaga chiqarish taqiqlangani anglashiladi.
Chunki 21 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan selektor yig‘ilishida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Oripov Vazirlar Mahkamasining ayni shu bayonnomasi qarori ijrosini ta'minlashni talab qilgani oydinlashmoqda.
Bosh vazirning talabi ortidan turli darajadagi rahbarlar orasida shunga monand ravishda sayraydiganlar ko‘paydi.
Xususan, Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov viloyat faollari bilan paxta yig‘im-terimiga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda byudjet sohasi xodimlari va talabalarni paxtaga majburiy chiqarish jinoyat ekanini ta'kidladi.
O‘zi bu davlatda oliy hokimiyat bormi? Prezident har bir chiqishida fuqarolarning huquqlari to‘g‘risida gapiradi. Hukumat ushbu huquqlarni himoya qilish to‘g‘risida tinimsiz falsafa so‘qadi.
Lekin hokim va hokimchalar hukumatning bu topshiriq va buyruqlariga, qarorlariga «qarshi» ish yuritadi. Keyin esa hech narsa bo‘lmagandek, bu qarorlarni bajarmaslik jinoyat ekani haqida majlislarda og‘iz ko‘pirtirib, jamoatchilikning bir qismining olqishini oladi.
Axir Vazirlar Mahamasining qarorlarini bajarmaslikning o‘zi jinoyat emasmidi? Oliy hokimiyatning irodasini sabotaj qilish emasmi?
Agar savolni shu tarzda qo‘yadigan, O‘zbekiston hokimiyat vertikalini nazarda tutadigan bo‘lsak, avvalidan oliy hokimiyat va quyi hokimiyat organlari «suv oqaversin, qaerga oqishini keyin hal qilamiz» qabilida ish tutganini gumon qilish mumkin.
Chunki oddiy hokimlar hech qachon o‘zidan bilib hammani paxtaga haydagan emas. Bunga «yuqori»ning xohishi yo‘l qo‘yib berganiga shubha yo‘q.
Zero, tibbiyot va ta'lim xodimlari, talabalar ommaviy ravishda paxta terimiga jalb etilganini oliy rahbariyat bilmasligi mumkin emas edi.
Nega «yuqori»ning xohishi o‘zgarib qolgani boshqa masala. Bunga xalqaro hamjamiyatning bosimi sabab bo‘lganmi yoki bu ham siyosiy o‘yinning bir ayyorligimi, aniq xulosa yo‘q.
Lekin bir narsa aniq. O‘tgan butun mustaqillik yillari davomida chuqur ildiz otib, o‘zining yashovchanligini ko‘rsatib kelayotgan yolg‘onga yo‘g‘rilgan siyosat hamon o‘z hukmini o‘tkazishda davom etmoqda.
Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com