Shoir Mahmud Rajab tug‘ilgan kunini qamoqda o‘tkazdi
Bugun ustozim, aka-do‘stim, ajoyib inson, o‘z uslubi va so‘ziga ega bo‘lgan shoir va jurnalist Mahmud Rajabning tug‘ilgan kuni! Afsus, bugun yuzma-yuz tabriklash imkoni bo‘lmadi.
Mahmud og‘a bugun tug‘ilgan kunini tutqinlikda nishonladi.
Bilasiz, Mahmud og‘a o‘ziga nisbatan nohaqliklarga va tahqirlashlarga chiday olmay, Toshkentga adolat istab yaqinlari bilan namoyishkorona piyoda yo‘lga chiqishi ortidan o‘n sutkalik ma'muriy qamoq jazosini o‘tamoqda.
Mahmud og‘aning bu ishi xato bo‘lsin, to‘g‘ri bo‘lsin, baribir yangi O‘zbekiston tarixida so‘zsiz qolishiga ishonchim komil!
Qaysidir laganbardorlik va manqurtlik kasalga mubtalo bo‘lganlar o‘z huquqi uchun kurashishning bu yo‘lini tanlagan Mamud Rajabning ishini tinmay qoraladilar. Chunki mansab yo‘q!
Mahmud og‘ani qoralagan ma'lun kimsalar uylari buzilishi oqibatida urganchlik 50 dan ortiq oilani bola-chaqasi bilan ko‘chada chaylada yashashga mahkum etganlarga, oddiy xalqni tinmay haqorat qiluvchi mansabdorlarga, munisa ayollarning boshidagi ro‘molini kimningdir bir joyiga tiqmoqchi bo‘lgan hokimlarga qarshi bir so‘z aytishga ojizlar! Bundaylar buyruqqa ko‘ra kechirim so‘rashganida olqishlar, hamdu sanolar aytib o‘rgangan o‘zligini yo‘qotgan kimsalar. Men ulardan jirkanish, xafa bo‘lish istagim yo‘q! Ularga rahmim keladi, xolos!
Mahmud og‘a aslida faqat o‘zi uchungina Toshkentga norozilik yurishini qilmadi! U O‘zbekistonimizda inson qadri e'zozlanadigan, qonunlar ustivor va barcha uchun barobar bo‘lgan haqiqiy fuqarolik jamiyatini shakllanishiga zarracha bo‘lsa-da amalda hissa qo‘shish maqsadida yo‘lga chiqdi.
Zero, Mahmud og‘a «Haq berilmas, olinar» degan so‘zlarning ma'nisini anglab yetgan.
Men Mahmud og‘aga salomatlik, metin iroda tilayman. Ijodi yanada yuksalaversin, qalami o‘tkirlashaversin!
Davlat Nazar
Xorazmlik jurnalist