Asosiy mavzular
10 yanvar 2022

«O‘zbekiston dunyoviy davlat»

O‘zini bir guruh faollar deb tanishtirgan guruh Eltuz telegram kanaliga yozib, quyidagi murojaatni chop qilishni so‘rashdi. Quyida ularning murojaati:

Bir guruh tashabbuskor fuqarolar faol fuqarolik pozitsiyalarini namoyon etib, keyingi yillarda O‘zbekistonda biz guvoh bo‘layotgan o‘zgarishlarga befarq qarab turmay, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi ayrim muammolarga jamoatchilik e'tiborini qaratishni istaydi. Lekin, avvalo, asosiy qonunimiz – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga murojaat qilishga izojat berasiz. Konstitutsiyamizning 12-moddasida shunday deyilgan: «O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivojlanadi. Hech qaysi mafkura davlat mafkurasi sifatida o‘rnatilishi mumkin emas».

Bu munosabatning ahamiyati davlat tomonidan fuqarolarning plyuralizmga asoslangan shaxsiy pozitsiyalari va fikrlariga egalik qilishlari va ochiq bildirishlari uchun teng sharoit va imkoniyatlar yaratilishidadir.Biz xalq irodasini mohiyatan ifoda etadigan qonunlarda bunday institut mavjudligini ochiqlik va demokratiyaning asosiy tamoyillariga, zamonaviy, jadal rivojlanayotgan dunyoning umuminsoniy qadriyatlar va ustuvor yo‘nalishlarga sodiqlikni ko‘rsatuvchi mezon deb hisoblaymiz.

Mamlakatda axborot olish va almashish sohasida ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlarni sezmaslikning ham iloji yo‘q. Hukumat AT sohasi va zamonaviy telekommunikatsiyalar rivojiga xizmat qiluvchi qarorlar qabul qildi. Bloggerlar va jurnalistlarning ijtimoiy tarmoqlarda faolligi tobora oshib bormoqda, u yerda odamlar yangiliklar bilan almashib, izohlar va shaxsiy fikrlarini ijtimoiy tarmoqlarda qoldirishmoqda.

Umid qilamiz-ki, bularning barchasi fuqarolik manfaatlari uchun xizmat qiladi va ayni demokratiya tamoyillariga asoslangan madaniyatli jamoatchilik bilan aloqalar o‘rnatish mexanizmiga aylanadi.

Lekin ayni paytda O‘zbekistonning dunyoviy, huquqiy davlat ekanini tez-tez “unutish”ga moyil bo‘lib, internetdagi o‘z sahifalarida va kanallarida o‘ta radikal va ekstremistik mazmundagi kontentlar yaratayotgan ayrim diniy blogerlarning ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyati bizni xavotirga solmoqda.

Misol uchun, 2022 yilning 5 yanvar kuni, Azon.uz internet-nashr asoschisi, ijtimoiy tarmoqlarda Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan diniy bloger Alisher Tursunov, fikrimizcha, radikal va ekstremistik ruxda post chop etdi. Ushbu postda o‘zini hech bir dinga e'tiqod qilmaydigan fuqarolarni u “murtadlar” deb nomlaydi, chunki yuqorida ko‘rsatilgan fuqarolarning ajdodlari musulmon bo‘lsa, unda barcha ateistlar, agnostiklar, deistlar va boshqa dunyoqarashlarning vakillari dinidan qaytgan, demak-ki ular shariat qonunlariga ko‘ra ular o‘lim jazosiga hukm qilinadi.

Quyida A. Tursunov [Mubashshir Ahmad] tomonidan turli ijtimoiy tarmoqlardagi profillarida chop etilgan post matni keltirilgan:

“Bizdagi ateistlarning ota-bobolari musulmon kishilar bo‘lishgan. Demak ular islomga kirmagan kofir emas, balki ota-bobolarining dinidan qaytgan murtadlar hukmidadir. Murtadning hukmi nozik bo‘lgani va bu ishlarning muhokamasi hokimga tegishli bo‘lgani uchun masalaning bu tomoniga to‘xtalmayman va o‘quvchilarni ham bu haqda so‘z aytmasliklarini istayman.

Lekin aytmoqchi bo‘lganim shuki, ayrimlar ular bilan bo‘lgan tortishuvlarni oqlashyapti. Bu noto‘g‘ri. Ular bilan tortishilmaydi. Ular tavba qilishlari vojib bo‘lgan kishilardir. Agar nimagadir shubhalari bo‘lsa, faqat tushuntiriladi, tortishib o‘tirilmaydi. Buni o‘zlari ham yaxshi bilishadi. Shuning uchun ham ular bilan bahslashilganidan xursand yurishibdi. Ularning islom nazdidagi jinoyati kofirnikidan og‘ir. Shuni bilib qo‘yishlari va hozirgi e'tiqodlarini qayta ko‘rib chiqishlari kerak. Juda bo‘lmaganda musulmonlarning his-tuyg‘ulari bilan o‘ynashmasliklarini istayman.

So‘zlarimni fikr yoki so‘z erkinligini bo‘g‘ish deb o‘ylamaslik kerak. Chunki insonning eng nozik hissiyotini tahqirlayotgan bu toifa so‘z yo fikr erkinligining birinchi dushmani. E'tiqodini o‘zgartirayotgan kishi o‘zi va jamiyatning muqaddasotini oyoqosti qilayotgani uchun ulamolar bu toifani vatan xoinlaridan-da yomon sanashadi. Masala o‘ta nozik. Ateistlar so‘zlarimni ishlari qay darajada yomon ekanligining ifodasi, deya tushunishsin. Tushunchalarini musulmon yurtning musulmon ajdodlari yuziga oyoq qo‘yish, deb bilishsin. Aytmoqchi bo‘lganim shu”. Ko‘rib turganingizdek, A. Tursunov o‘z postida minglab muxlislar qo‘shiniga shariat bo‘yicha dinidan voz kechganlar qatl etilishi kerakligiga nozik ishora bermoqda. Bu postga munosabat o‘zini kutdirmadi va uning muxlislari tomonidan ma'qullab qabul qilindi, ulardan ba'zilari munozarada yozganidek, boshqalarni qo‘rqitib, undan saboq olishlari uchun hech bo‘lmaganda biror kimsani qatl qilish kerakligini yozgan. Shu bilan birga Tursunov nafaqat qotillikka chaqiruvchi izohlarni o‘chirmagan, balki u hatto bunday harakatlar noqonuniy va dunyoviy davlat doirasida jazolanishi haqida obunachilarga e'tiroz bildirishga urinmagan.

Bu yagona holat emas, minglab tajovuzkor obunachilar qo‘shiniga ega bo‘lgan diniy blogerlarning soni ko‘p. Biz ularning sahifalarida diniy aqidalar yordamida muntazam va maqsadli ravishda odamlarni ommaviy tarzda ongsizlantirishga qaratilgan harakatlarini gapirmasak ham bo‘laveradi. Ammo ochiq ravishda Islom aqidalariga zid bo‘lgan fanlarni maktab o‘quv dasturidan chiqarib tashlashga, xotin-qizlarning sha'ni va qadr-qimmatini kamsitishga, xalqaro miqyosda tan olingan olimlarga haqorat qilishga, umuminsoniy qadriyatlarning qadrsizlanishiga va o‘zgacha fikrlilarga nisbatan nafrat uyg‘otishga, fuqarolarning har qanday dinga e'tiqod qilish yoki e'tiqod qilmaslik huquqlarining buzilishiga, bularning bari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga zid ekaniga jim qarab turolmaymiz.

Qolaversa, so‘nggi qo‘shimcha va o‘zgartishlar bilan tasdiqlangan «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi Qonunning 12-1-moddasida “Veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining yoxud boshqa axborot resursining egasi, shu jumladan bloger hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborot joylashtiriladigan Internet jahon axborot tarmog‘idagi o‘z veb-saytidan va (yoki) veb-sayt sahifasidan yoxud boshqa axborot resursidan:

urush, zo‘ravonlik va terrorizmni, shuningdek diniy ekstremizm, separatizm va fundamentalizm g‘oyalarini targ‘ib qilish;

milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atuvchi, shuningdek fuqarolarning sha'ni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yo‘l qo‘yuvchi axborotni tarqatish;

fuqarolarni, shu jumladan voyaga yetmagan shaxslarni ularning hayotiga va (yoki) sog‘lig‘iga yoxud o‘zga shaxslarning hayotiga va (yoki) sog‘lig‘iga tahdid soluvchi g‘ayrihuquqiy harakatlarni sodir etishga undashga yoki boshqa tarzda jalb qilishga qaratilgan axborotni tarqatish;

qonunga muvofiq jinoiy va boshqa javobgarlikka sabab bo‘ladigan o‘zga harakatlarni sodir etish maqsadlarida foydalanilishiga yo‘l qo‘ymasligi shart.

Veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining yoxud boshqa axborot resursining egasi, shu jumladan bloger: hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborot joylashtiriladigan Internet jahon axborot tarmog‘idagi o‘z veb-saytiga va (yoki) veb-sayt sahifasiga yoxud boshqa axborot resursiga hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborot joylashtirilguniga qadar uning to‘g‘riligini tekshirishi, shuningdek joylashtirilgan axborotning noto‘g‘riligi aniqlangan taqdirda, uni darhol o‘chirib tashlashi” lozimligi ko‘rsatilgan.

Lekin, ko‘rib turganimizdek, ushbu moddaning amalda huquqni muhofaza qilishga qodirligi savol tug‘diradi.

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda diniy arbob Solixon Ortiqho‘jaev nazariy fizik Albert Eynshteynni «eshak»deb atagan video tarqaldi. Qanday qilib musulmonlar har kimdan Muhammad payg‘ambarni hurmat qilishni talab qilgan va hatto uning sha'niga tajovuz qilganlarni o‘ldirishni adolatli deb hisoblagan holda, boshqa qarashlarga ega odamlarning his-tuyg‘ularini hurmat qilmaydilar, nima uchun ular ilm-fanni sevuvchilar uchun daho hisoblangan olimni haqorat qilishga jazm qiladilar?

Bundan tashqari, kuni kecha, «Sardor-domla» deb nomlanuvchi islomiy bloger, “Amirsoy” dam olish maskanida bo‘lib, u yerda devorga tushirilgan biologik evolyutsiya mavzusidagi dekorativ pannoga duch kelgan va uning mualliflarini qattiq tanqidga olib, pannoni olib tashlashni so‘ragan, chunki bu Islom ta'limotiga zid ekanligi mazmunida ham video tarqaldi. Atrofimizda sodir bo‘layotgan bunday hodisalarga razm solib, O‘zbekistonda Islom haqida birovning shaxsiy g‘oyalaridan farq qiladigan fikrlarni bildirish xavfli bo‘lib qolgan degan tasavvur xosil bo‘lmoqda. Sekular fikrlovchi insonlar diniy jamiyatning agressiv munosabatidan qo‘rqib, din haqidagi qarashlarini yashirishga majbur.

Ijtimoiy tarmoqlarda diniy dogmalarni har qanday tanqid qilganlik uchun ba'zi dindor qatlam va'killari nafaqat haqorat, balki ko‘pincha zo‘ravonlik bilan tahdid qilishadi. O‘zbekistonda avj olayotgan diniy aqidaparastlik tahlikali va vahimali. Diniy blogerlarning faoliyatining mazmuni, ularning fikriga ko‘ra, dunyoqarashidan qat'i nazar har bir kishi uchun amal qilishi kerak bo‘lgan shariat hayot tarzini targ‘ib qilishdan iborat, parlament qonunlari esa ba'zan ular uchun hech narsani anglatmaydi. Bu yerda hokimiyat tuzilmalarida faoliyat olib borayotgan amaldorlardan bir narsaga aniqlik kiritib olmoqchimiz: biz aslida davlat qurilishining demokratik va huquqiy maqomini tartibga solyapmizmi yoki asta-sekin teokratiyaga o‘tyapmizmi?

Agar rasmiylar mamlakatda radikal diniy targ‘ibotga qarshi chora ko‘rmasa, diniy aqidaparastlar so‘zlardan ishlarga o‘tishi, bu o‘z navbatida ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Biz mansabdor hukumat amaldorlarini dunyoviylikka, demokratik qadriyatlarga tahdid soluvchi bu muammoga e'tibor qaratishga, fuqarolarning mamlakat Konstitutsiyasida mustahkamlangan huquqlarini himoya qilishga va qonun ustuvorligini ta'minlashga chaqiramiz.(Rasmda dindorlar talabi ortidan buzilgan Nurxon xaykali)

(Murojaat matni o‘zgarishsiz chop etildi)

Tag‘in o‘qing
21 fevral 2018
Prezident Mirziyoevning Milliy xavfsizlik xizmatini keskin tanqidlar qilgani ortidan masjidlardagi MXX xodimlari faoliyati ham cheklana boshlandi. O‘zbekiston Musulmonlari idorasi ...
20 iyul 2016
19 iyul kuni «O‘zbeknavo» estrada birlashmasi Matbuot xizmati taniqli xonandalar Sitora Farmonova, Sarvar Azimov va Komil Fozilovlarning litsenziyasi tugatilganini ...
27 fevral 2016
«Ozodlik» radiosining bildirishicha Toshkent shahridagi deyarli barcha bank xodimlariga uyma-uy yurib keksalar pensiyalarini plastik kartaga o‘tkazish topshirig‘i berilgan. Har ...
9 oktyabr 2019
Tarixga Gorbachyov hurriyati deya kirgan 1985 yildan 1991 yilgacha bo‘lgan davrda o‘zbek jurnalistikasida ko‘tarilish paydo bo‘lgani kuzatildi. Oshkoralik, demokratiya ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...