Fermerlar ipak qurtini hokimiyatga qaytarishmoqda
Farg‘ona viloyati fermerlari majburlab berilgan ipak qurtini yana hokimiyatga qaytarib olib kelishmoqda.
Bu haqda Eltuz muxbiriga Rishton tumanidagi fermerlardan biri so‘zlab berdi.
«Bizga majburlab Prezidentning yangi qarori bo‘yicha haq to‘laymiz deb 2 quti ipak qurti berishdi», – deydi fermer.
Ammo uni boqish uchun sharoit ham ozuqa yangi tut bargi ham yo‘qligini aytadi u.
«Avvallari tut daraxti ko‘p bo‘lardi va aholi qiynalmay ipak qurti boqib beraverardi», deydi fermer.
Hozir esa, uning so‘zlariga ko‘ra, bir necha yillardan buyon gaz va elektr energiyasining taqchilligi bois yo‘l chetidagi va dalalardagi tut daraxtlari aholi tomonidan kesib yoqib yuborilgan.
«Shuning uchun barg qidirish ham ko‘p vaqtni olayapti. Bu yoqda paxta ekish, bug‘doyga qarash kabi ishlar, undan tashqari har kuni soat tungi 22 -24 gacha cho‘ziladigan majlislar bilan band bo‘lib, ipak qurtiga yaxshi qaray olmayapmiz».
O‘qituvchi va shifokorlar «qurtni uyida boqishadi»
Ipak qurtini ham o‘qituvchi va hamshiralar, shifokorlar parvarishlab, davlatga pilla holida tayyorlab berardi.
Bu yil ham bolalar bog‘chasida va maktablarda ipak qurti boqilayaptimi yoki yo‘q degan savolga javob olish uchun Eltuz muxbiri bir necha kishilar bilan suhbatda bo‘ldi.
«Ha, hokimiyatdan bizga ipak qurti tutib beringlar deb aytishdi», – dedi Uchko‘prik tumani xalq ta'limi mudiri.
Ammo mudirning so‘zlariga ko‘ra, ipak qurti bog‘chalarda va maktablarda emas, birorta o‘qituvchi yoki bog‘cha opaning uyida tutilmoqda.
«Shuning uchun xohlagan kishilar tutayapti. Sizga necha qutida boqayotganligimizni ayta olmayman. Muhimi, ipak qurti boqayotgan o‘qituvchi yoki bog‘cha opa o‘z ishidan qolgani yo‘q, darsini o‘tayapti.
Uyida kelini qizlari qurtga qarab turibdi», deydi xalq ta'limi mulozimi.
Pilla qurti boqib, zarar ko‘rgandan – uni ko‘mib yo‘q qilgan afzal…
Eltuz muxbiri shuningdek, viloyatdagi ayrim fermerlar ipak qurtini olishlari va ziyoniga boqishdan ko‘ra yerga ko‘mish afzalligi haqidagi iddaolarni o‘rgandi.
«Pilla topshirish vaqti kelganida hokimiyat tomonidan necha kilogramm pilla topshirish majburiyati yuklangan bo‘lsa o‘sha kilogrammning pulini berib qo‘ya qolishadi», deya tushuntiradi bu holni rishtonlik fermer.
Yetakchi pilla yetishtiruvchi sifatida O‘zbekiston, uni ishlab chiqarishda, fermerlar va davlat sektori xizmatchilari huquqlarini buzib va qishloqlardagi qashshoqlik vaziyatidan foydalangan holda, majburiy mehnatga tayanib keladi.
O‘zbek fermerlari va davlat muassasalari davlat normasini bajarish majburiyatini olib tut ipak qurtini boqishga jalb etiladi.
Ular pillani, hech qanday foyda ko‘rmasdan, yoki juda kam haq evaziga va hatto qarzga botib bo‘lsa ham, rasmiy belgilangan narhda davlatga sotishlari shart.
O‘zbekiston hukumati pillaning bir qismini mamlakat ichida qayta ishlaydi va sotadi, katta bir qismini esa jahon bozoriga, valyuta evaziga eksport qiladi.
Hukumat pilla yetishtirish tartibini, narhini va yillik hajmini belgilaydi, viloyat va tumanlardagi raxbarlardan reja talab qiladi.
Mahalliy raxbarlar esa, fermerlar va davlat muassasalarini, yeridan, qo‘shimcha daromadidan mahrum qilish kabi tahdidlar bilan yillik rejani bajarishga majburlash usullarini qo‘llab keladi.
Fermerlar o‘z navbatida oila a'zolari, jumladan bolalarini, tut pilla qurtini boqishga yordam berishga majburlashadi, yoki ishlab chiqarish normalarini bajarish va jazodan qutulish uchun mavsumiy ishchilarga pul to‘lashadi.
Eltuz.com