Asosiy mavzular
17 mart 2021

O‘zbekistondagi xususiylashtirish jarayoniga ziyrak nazar

The Diplomat nashri O‘zbekistondagi xususiylashtirish jarayoni tahliliga bag‘ishlangan maqola chop etdi. Uning muallifi Corissa Steiner O‘zbekiston rahbariyati avval ham iqtisodiyotni xususiylashtirishni e'lon qilgani, ammo nihoyasiga yetkaza olmaganini ta'kidlaydi. Xususiylashtirishning hozirgi jarayoni boshqacha kechadimi?

Yaqin vaqtgacha sarmoyadorlar uchun O‘zbekistondagi dunyoning eng yirik oltin koni, sobiq MXXning Toshkentdagi binosi yoki Uzbek Coca-Cola zavodi kabilarni olish qiyinchilik tug‘dirar edi. Endi esa prezident Mirziyoev davridagi keng ko‘lamli xususiylashtirish dasturi doirasida shu va boshqa davlat aktivlari sotuvga qo‘yildi.

O‘zbekistonda davlatga qarashli 620 ta korxonani, jumladan, ba'zi yirik energetika va moliya kompaniyalarini to‘liq yoki qisman sotish rejalangan. Qisman xususiylashtiriladigan korxonalarga “O‘zbekneftgaz” (uning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 15 foiz), Navoiy kon-metallurgiya kombinati, “O‘zbekiston havo yo‘llari”, “O‘zbekiston temir yo‘llari” va “O‘zavtosanoat”ga qarashli korxonalarni kiritish mumkin.

Shuningdek, kimyo sanoati, turizm, ishlab chiqarish, oziq-ovqat va ichimlik sanoati hamda moliya sohasidagi besh yuzdan ziyod korxonani to‘liq xususiylashtirish mo‘ljallangan.

2020 yil boshida e'lon qilinib, prezidentning 2020 yil noyabrdagi farmoni bilan rasmiylashtirilgan xususiylashtirish jarayoni allaqachon boshlangan. O‘zbekistonning BMTdagi vakolatxonasi 2020 yil may oyida qiymati 33 million dollar bo‘lgan 299 ta davlat aktivi sotilganini e'lon qildi.

Prezident Mirziyoevning jadal iqtisodiy islohotlaridan ta'sirlanib, nufuzli “Ekonomist” jurnali hatto O‘zbekistonni “2019 yil mamlakati” deb topdi.

Shunga qaramay, O‘zbekistondagi xususiylashtirish bilan bog‘liq shov-shuvlarni jiddiy ko‘rib chiqishga asos bor.

Birinchidan, aslida davlat katta va strategik ahamiyatga ega bo‘lgan aktivlarini xususiylashtirmaydi: davlat kompaniyasining 15 foizini sotish – bu xususiylashtirish emas, mablag‘ yig‘ishdir. 

2020 yil boshida 33 million dollarga sotilgan 299 ta aktivning har biri o‘rtacha 100.000 dollarni tashkil etdi. Bugunga qadar davlat aktivlarining eng shov-shuvli savdosi Singapur kompaniyasiga sotilgan “O‘zbekiston” mehmonxonasi bo‘ldi. 

Ammo savdo bitimida shaffoflik yo‘qligi bu aktivning o‘zaro tor doirada sotilganini, ya'ni u hukumat a'zolari va ularga tegishli xususiy kompaniyalar tomonidan “xususiylashtirilgani”ni ko‘rsatmoqda. 

O‘zbekiston bunday keng ko‘lamli xususiylashtirishni birinchi marta e'lon qilayotgani emas. 2007 yilda Reuters agentligi chop etgan maqolada shunga o‘xshash shubhali rejalar bayon qilingan. 

Qolaversa, Osiyo taraqqiyot bankining 2017 yilgi hujjatlarida “xususiylashtirish harakatlari kichik va yordamchi korxonalarga hamda ko‘pincha ishlatilmaydigan ko‘chmas mulkka yo‘naltirilgani” ta'kidlangan edi.

15 foiz ulushni sotish YaIMga eng katta hissa qo‘shadigan va dunyodagi eng samarasiz tarmoqlardan biri bo‘lgan O‘zbekiston energetikasini tubdan o‘zgartira olmaydi. Biroq hukumat ko‘proq moliya sektorini xususiylashtirish tarafdori ekani ko‘rinadi.

2020 yil may oyida qabul qilingan farmonda davlatning moliya sektoridagi hozirgi 85 foiz ulushini 2025 yilgacha oltita yirik davlat bankini to‘liq sotish orqali 40 foizgacha kamaytirish rejasi bayon qilingan. 

2020 yil mart oyidan buyon Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki transformatsiyani yengillashtirish uchun “Aloqabank va “Asakabank” aktsiyalarini sotib olishni ko‘rib chiqmoqda.

Shu bilan birga, 2020 yil fevraldagi farmon bilan Markaziy bankning tijorat banklari ustidan nazorati kengaytirildi. Unga banklar boshqaruvi va boshqaruv a'zolarini ishdan bo‘shatish, tizimlar va protseduralarni o‘z ixtiyori bilan tekshirish va dividendlar to‘lashni taqiqlash vakolatlari berildi. 

Bu davlatning xususiylashtirishga oid ikki xil siyosatini namoyon qilmoqda: bir tomondan, xususiylashtirish va ijtimoiy islohotlar orqali mustahkam valyuta oqimlarini jalb qilishga urinishlar, boshqa tomondan, chuqur markazlashgan boshqaruvdan voz kechishni istamaslik.

Davlat muhim bo‘lmagan kichik aktivlarni to‘liq sotishni va ba'zi asosiy aktivlarning nazorat qilish huquqni bermaydigan aktsiyalar paketini kim oshdi savdoga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu O‘zbekiston uchun eski rejadir. 

Ammo islohotlarning maqsadi qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni ko‘paytirish bo‘lsa, u ish berayotganga o‘xshaydi. 

AQSh Davlat departamenti ma'lumotlariga ko‘ra, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar 2018 yildagi 1,6 milliard dollardan 2019 yilda 4,2 milliard dollarga yetdi. 

Maqola mualifi Corissa Steiner 

Janubiy va Markaziy Osiyodagi siyosiy xavflar tahlilchisi

Tag‘in o‘qing
20 sentyabr 2016
Amerikaning ikki shovvoz vatandoshi Tomas Gaskel Allen (Thomas Gaskell Allen) va uning do‘sti Uilyam Luis Saxtleben (William Lewis Sachtleben) ...
3 fevral 2024
Paxta sanoatida tizimli isloxot qilinmasa mamlakat yana paxtaga majburlash tizimi degan botqoqqa cho‘kadi. Bu messedjni 2024 yil 1 fevral ...
1 aprel 2019
O‘zbekiston Markaziy banki mamlakatning tashqi qarzi o‘tgan yildagiga nisbatan 9,5 foiz, ya'ni 1,5 milliard dollarga o‘sib, 17,3 milliard dollarga ...
28 noyabr 2019
Turkiyada yashayotgan taniqli adib va siyosatchi Muhammad Solih shu yilning 20 dekabrida 70 yoshga to‘ladi. Muhammad Solih hayoti haqidagi ...
Bloglar
11 may 2024
1944 yilning 11 mayida Stalin barcha qrim tatarlarini Qrimdan surgun qilish haqidagi mash'um qarorni imzoladi. ...
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...