Marina Kozlova: Ukraina haqidagi haqiqatlar uchun menga tahdid bo‘lyapti
O‘zbekistonlik jurnalist Marina Kozlova o‘z saytida Ukrainaning Toshkentdagi elchisi Mikola Doroshenko bilan intervyu chop etishi ortidan Ommaviy kommunikatsiyalar masalalari markazidan ogohlantirish oldi.
O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga bo‘ysunuvchi ushbu markaz nomidan Marina Kozlovaga jo‘natilgan xabarnomada uning saytida joriy yil 4 martda joylashtirilgan intervyuda “O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlari talablariga zid foto va videomateriallar joylashtirilganligi aniqlangan”.
Xabarnomada mamlakat qonunchiligidagi me'yorlar sanalib, ularda “…shafqatsizlikni targ‘ib qilish, …qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladigan boshqa harakatlarni sodir etish maqsadlarida foydalanilishiga yo‘l qo‘yilmasligi”, “yoshlarni axloqiy negizlarni buzishga olib keladigan xatti-harakatlardan… shafqatsizlik g‘oyalaridan himoya qilish”, “shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotni … tarqatish, …namoyish etish” kabi shartlar ko‘rsatib o‘tilgan.
Ya'ni Marina Kozlovaning saytida e'lon qilingan materiallarda aynan shu me'yorlar buzilgani bildirilgan va ularni buzish “belgilangan javobgarlikni keltirib chiqarishi mumkinligi” ma'lum qilingan.
“Yuqoridagilardan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasining “Butunjahon internet tarmog‘ida axborot xavfsizligini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, cizning saytingizdagi O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi talablariga zid keladigan foto va videomateriallarni 24 soat davomida o‘chirish zarurligi to‘g‘risida ogohlantiramiz”, deyiladi xabarnomada.
Ommaviy kommunikatsiyalar masalalari markazi Marina Kozlovani “qonun buzilishi holati o‘z vaqtida bartaraf etilmagan taqdirda sudga da'vo arizasi kiritilishi”dan ogohlantirgan.
“Ya'ni O‘zbekiston amaldorlari fikricha, ro‘y berayotgan vahshiyliklar uchun Ukrania aholisini otayotgan va bombalayotgan Rossiya hukumati emas, men aybdor ekanman”, deydi bu xabarnomaga munosabat bildirgan jurnalist.
Rasmiy idoraning e'tirozlariga Marina Kozlova quyidagicha javob yo‘llagan:
“Janoblar (yoki o‘rtoqlar)!
Aslida qonunlar va insoniylikni siz buzyapsiz. Toshlaringni teringlar, demayman, lekin hech narsani o‘chirib ham tashlamayman. Aksincha, Putin va uning fashist qo‘shinlari harbiy jinoyatlari aks etgan kadrlar va tasvirlarni bundan keyin ham chop etib borishga va'da beraman.
Agar tahdidlaringizni to‘xtatmasangiz, siz bilan sudlashaman”.
Ommaviy kommunikatsiyalar masalalari markazining jurnalistga tahdidiga sabab bo‘lgan intervyuda elchi hozir “Ukraina fuqarolarini yo‘q qilish, Ukrainaga bu yerda hech kim kutmayotgan rus dunyosini olish kelishga qaratilgan urush yuz berayotgani”ni aytadi.
Unda elchi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga Ukrainadagi urush haqida “noto‘g‘ri ma'lumotlar”ni tarqatayotgan telekanallarni yopishni so‘rab nota jo‘natilganini ma'lum qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda Ukrainadagi urush uchun Putinni qahramon darajasiga ko‘tarayotganlardan tashqari ukrain xalqini qo‘llab-quvvatlayotganlar, jumladan, blogerlar, jamoat tashkilotlari va turli guruhlar vakillari ham ko‘p.
“Biz nafaqat jamoatchilikka, balki O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga ham Ukrainaga insonparvarlik yordam ko‘rsatishni so‘rab murojaat etdik.
Xudoga shukrki, biz O‘zbekiston davlati nomidan insonparvarlik yordami borti shakllantirilayotgani to‘g‘risida tasdiqnoma oldik”, deydi elchi.
Xalqaro doiralarda ancha taniqli o‘zbekistonlik jurnalist Marina Kozlova uzoq yillar davomida United Press International (UPI), World Politics Review, EurasiaNet, Transitions Online, The Associated Press (AP), Asia Water Wire, Interfax, Prime-TASS, “Neftegazovaya vertikal” va boshqa ko‘plab nashrlar bilan hamkorlik qilgan.
Jurnalistik ishlari uchun xalqaro mukofotlar ham olgan Marina Kozlova AQSh, Norvegiya, Chexiya va boshqa mamlakatlarda malaka oshirgan va xalqaro anjumanlarda ishtirok etgan. Hatto AQShning Massachusets shtatida joylashgan Garvard universitetida ma'ruzasi bilan ishtirok etgan.
Ayni paytda u Yep.uz va Urokis.online saytlari va uchta telegram kanal egasi, muharriri va jurnalisti hisoblanadi.