Asosiy mavzular
1 avgust 2024

Tinchi buzilgan o‘qituvchilar, mehnat inspektorlari va berilmagan kredit – EP169

Eltuz Portaliga navbatdagi beshta maktub O‘zbekistonning Curxondaryo, Toshkent, Andijon, va Sirdaryo viloyatlaridan kelgan. Dastlabki murojaat Surxondaryoning Sariosiyo tumanidan. Maktubdan ayon bo‘lishicha maktab direktori o‘qituvchilarning tinchini bermayotgan ekan.

 “Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidan murojaat yo‘llayapmiz. 2-sonli maktab direktori dastidan tinchlik yo‘q. Biz o‘qituvchilar mehnat ta'tilimizda maktabni ta'mirlash, tozalash va o‘z hisobimizdan har bir sinfxonaga zarur jihoz olishimiz kerak ekan. Sariosiyo tumani mutasaddilari holatga e'tibor qaratishini so‘rab qolamiz” deya yozmoqda sariosiyolik o‘qituvchilar.

Navbatdagi maktubni Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi mehnat inspektsiyasi xodimlari yo‘llagan. Ular qonunchilikda belgilangan moddiy rag‘bat pullari to‘lanmayotganidan Eltuzga shikoyat qilishmoqda.

“Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 31 dekabrdagi 1066-sonli qaroriga binoan, Mehnat inspeksiyasi xodimlarining oylik maoshiga bir qancha qo‘shimchalar, ustama pullar,  moddiy rag‘batlantirishlar, bir yilda 1 marotaba 2 oylik maoshi miqdorida moddiy yordam puli, mukofot puli, yilda 9 ta bayramga 2 oylik maosh miqdorida bayram puli, har oyda undirilgan jarima summasining 10 foizi, BHMning 2 barobari miqdorida ovqat puli, shuncha miqdorda  yo‘l puli va mansab uchun to‘lovlar nazarda tutilgan.

Inspektsiya xodimlarining maosh va qo‘shimcha to‘lovi bekorga yuqori qilib belgilanmagan. Chunki ushbu xodimlar korxona-tashkilotlarda mehnat qonunchiligi bo‘yicha tekshirishlar o‘tkazib, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mansabdorlarni ma'muriy javobgarlikka tortadi, mehnat qonunchiligi borasida davlat nazoratini amalga oshiradi. Tekshirishlarni odilona va adolatli olib borishlari va korruptsiya balosiga  yo‘l qo‘ymasliklari uchun inspektsiya xodimlari moddiy ta'minoti yetarlicha qilib qo‘yilgan. Biroq hozirda ushbu moddiy rag‘batlarning aksari inspektsiya xodimlariga berilmay kelyapti. Hurmatli vazir Behzod Musaev, inspektsiya xodimlarining yuqorida ko‘rsatilgan pullarini to‘lab bering, bu pullar xodimlarning bolalari rizqi, axir!” deya zorlanmoqda mehnat inspektorlari.

Keyingi maktub tag‘in O‘zbekistonning ta'mirlanmagan yo‘llari yuzasidan. Va'daboz hokim yo‘llarni qachon remont qiladi? Andijon viloyatidan murojaat qilishmoqda.

«Assalomu alaykum! Biz Andijon viloyati Andijon tumani Nayman, Beganot, Yangiobod, Chavkan daryo va Gulobod MFY fuqarolari nomidan murojaat qilmoqdamiz. Zora tumanimiz va'daboz rahbarlariga yetib borib, ozroq vijdoni uyg‘onib qolsa.

Bizning hududimizdagi Jahon bozoridan Gulobod MFYgacha bo‘lgan serqatnov katta yo‘l bor. Bu yo‘lni qachon asfalt bo‘lganini qariyalar ham bilmasa kerak. Hozir yo‘llar juda ham abgor holatga kelib qolgan. Mutasaddilar ko‘rib turib sukut saqlamoqda. Aytsak, har safar yanagi hafta deb va'da beradi. Lekin quruq gap xolos. Salkam ikki yildan beri yo‘l yamog‘ining oxiri ko‘rinmayapti. 

Nayman MFYdagi yo‘lning ikki chetida katta «zakan» bor. Yo‘l nosozligi sabab bir necha bor mashinalar «zakan»ga tushib ketmoqda, «yama»lar ko‘plab yo‘l transport hodisalarini keltirib chiqarmoqda. Yo‘lni to‘liq asfalt qilmasa ham, hech bo‘lmasa «yama»larni yamab berishsin. Ushbu yo‘ldan ellik mingga yaqin odam foydalanadi. Serqatnov yo‘l. Iltimos, shu masalada yordam bering…» deya yozmoqda andijonliklar.

Navbatdagi murojaat axlatlar ichidagi hayot turkumidan. Toshkent viloyatinig O‘rtachirchiq turg‘unlari yozmoqda.

“Biz Toshkent viloyati, O‘rtachirchiq tumani,“Sholikor” mahallasidan murojaat qilyapmiz. Bu to‘planib qolgan axlatlar juda insonni bezor qildi. Badbo‘y xidlar chiqaradi. Kalamushlar kelib, kasalliklar keltirib chiqarishi ham mumkin. Bu muammo anchadan beri takrorlanayapti. Tozahudud mas'ullari kelishini kutyapmiz. Bu muammoni hal qilinglar” deydi murojaatchi. Murojaat bo‘yicha tuman mas'ullaridan yechim kutamiz

Va nihoyat bugungi so‘nggi maktub sirdaryolik ayolga tegishli, u aprel oyidan buyon kredit olish uchun harakat qilib hech bir natijasha erishmagani haqida yozmoqda.

“Men – Gulchinor Umurzoqova, Sirdaryo tumani Baxt shahridan murojaat yo‘llamoqdaman. 3 nafar voyaga yetmagan farzandning onasiman. Oilaviy sharoitimiz og‘ir. Xo‘jaynimning qo‘lida xunari bor: dasturchi.  Mustaqil ish boshlash uchun 17 million so‘m kredit olmoqchi bo‘ldilar. Kerakli anjomlar, masalan, kompyuter uchun mablag‘ kerak edi. Joriy yilning aprel oyidan beri yugurtirishadi. Ayrim boylar kredit olib bo‘ldi, ammo bizni negadir sarson qilishdi. Tinchlik MFY raisiga, hokim yordamchisiga, Sirdaryo tumani va Baxt shahri hokimlariga murojaat qildik. Bank xodimlari kelishdi, mahalladagi hokim yordamchisi Zokirxon Ahmedov tavsiya bersa, kredit chiqaramiz deyishdi. Ammo tavsiya bermayapti. Hatto ayni vaqtda vaqtincha ijarada turgan joyimiz egasiga hokim yordamchisi bizni uydan chiqarib yuborish kerakligi, chunki biz uyni garovga qo‘yib kredit olayotganimizni aytibdi. Hokim yordamchisi sabab uch farzandimiz bilan sarsonmiz.  

Hurmatli Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoev kambag‘allikni qisqartirish, ijtimoiy kreditlar ajratish, ish bilan ta'minlash uchun choralar ko‘rmoqda. Ammo bizga negadir kredit berilmayapti. Xo‘jaynim ish boshlab, farzandlarimizni uyli-joyli qilishi kerak. Murojaatimiz hurmatli Yurtboshimizga yetib borsa, so‘rovimiz yerda qolib ketmaydi degan umiddamiz” deya yozmoqda sirdaryolik Eltuz obunachisi.

Va bu sizga yetkazganimiz bugungi so‘nggi maktub edi. Eslatamiz, eltuz portali telegramdagi alohida sahifadir. U erga xatlar uchun maxsus bot o‘rnatilgan. Eltuz kelayotgan shikoyatlar, videomurojaatlar, takliflar va ularga yozilgan javoblarni ham chop qilishga intiladi. Eslatib o‘tamiz, ayni soniyalarda kanalimiz obunachilari soni 664 ming nafarga yetdi.  Kanalimizga obuna bo‘ling. Agar ko‘rsatuvimizni qo‘llab quvvatlamoqchi, yoki ayrim yopiq videolarni ko‘rmoqchi bo‘lsangiz super raxmat tugmachasini bosing.  Sog‘ bo‘ling.

Tag‘in o‘qing
19 aprel 2018
Prezident Mirziyoevning pedagog va shifokorlarni majburiy ishlarga jalb etmaslik talablaridan so‘ng Toshkentda 17 aprel kuni o‘tgan yig‘ilishda bir necha ...
3 dekabr 2021
2021 yilning 2 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida Cotton Campaign xalqaro koalitsiyacining huquq faoli Umida ...
12 aprel 2023
Shu kunlarda tarmoqda ochiqlangan bir qancha hujjatlar O‘zbekiston madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov shaxsining manfaatlar to‘qnashuvi ostida qolayotganini, ...
15 may 2022
Tilshunos olim, akademik Alibek Rustamiy bilan tanishish menga 1997 yilda nasib etgan edi. O‘shanda Xo‘janddagi bojam, filolog domla Nasrullo ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...