Document UZ
3 mart 2021

“Obod qishloq” manzaralari: “Katta Karchin” MFYda suv, yo‘l, maktab va masjid muammosi

Surxondaryo viloyatining Denov tumanidagi “Katta Karchin” MFY “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan. Hudud aholisiga 2019 yilda barcha xonadonlar ichimlik suv bilan ta'minlanishi aytilgan.

Yo‘llar va maktablar ta'mirlanishi, har bir xonadonga ichimlik suv tarmog‘i o‘tkazilishi va'da qilingan edi. “Eltuz”ga taqdim etilgan ma'lumotga ko‘ra, va'da va'daligicha qolib ketgan.

Fuqarolarning aytishicha, senator Abdug‘ani Sanginovga tegishli tashkilot tenderda hududni suv bilan ta'minlash loyihasini yutib olgan. Biroq 600 xonadonning taxminan 50 tasigina ichimlik suv bilan ta'minlangan.

2020 yil noyabrida boshlangan quvur yotqizish ishlari to‘xtaganicha qolgan

2020 yilning noyabr oyi oxirlarida “Denov suv ta'minoti” MChJ rahbari Xurshid Zoirov boshchiligida quvur tortish boshlangan. Ammo jarayon to‘xtab qolib, ishlar oxiriga yetmagan.

Mutasaddilar aholiga ishning to‘xtab qolganiga turli sabablar ko‘rsatgan. Oxiri har bir xonadondan 400 ming so‘mdan pul yig‘ib berilsa, keyin ish davom ettirilishi aytilgan. Bunga Xurshid Zoirov davlatdan katta miqdorda kredit olgani ro‘kach qilingan.

Mahalla raisasi Oysara Xalilovaning bildirishicha, mahallada fuqarolar baxtli umrguzaronlik qilishmoqda. Raisa buni ajrim va jinoyatlar kam sodir bo‘layotgani bilan izohladi.

Ammo yo‘llarning yomonligi, maktablar talabga javob bermasligi haqidagi savolga tayinli javob bermadi. Masjid muammosiga uning kuchi yetmasligini aytdi.

Cuv ta'minoti bo‘yicha Davlat dasturini amalga oshirish uchun aholidan pul ham yig‘ib olingan

“Ism-sharifimni sir saqlasangiz, – deydi Katta Karchinda yashovchi fuqaro. – Yo‘qsa bizni nega chetga dardingni olib chopasan, muammoni o‘zimiz hal qilib beramiz, deb holu jonimizga qo‘ymaydi. Yaqinda bir xalqaro saytga mahalladoshimiz chiqish qilib, qishloqdagi kamchiliklarni, odamlarning muammolarini aytgan edi. Ertasi kuni IIB, DXX xodimlari uyiga bostirib keldi.

Chiqish qilmanglar, sabr qilinglar, hammasi yaxshi bo‘ladi, deb quruq va'dalarni berib ketdi. Mana, shu voqeaga ham 4 oy bo‘ldi. Natija yo‘q. Mahalladoshlarimiz toza ichimlik suvga muhtoj.

Mutasaddilarning pul yig‘inglar, qilib beramiz, degan gaplariga ham rozimiz. Ammo yana ishni boshlab, teng yarmida chala tashlab ketmasligiga kim va'da beradi”.

Mahallaning yana bir turg‘uni so‘zlariga ko‘ra, bu yerda diniy qarashlarga cheklov mavjud – 15 ming kishiga bitta masjid yo‘q. Homiylik yo‘li bilan qurib bitkazilgan masjidni hali-hamon foydalanishga topshirishda muammolar bor (bu bo‘yicha “Eltuz”ga hujjatlar taqdim etilgan).

– Qishlog‘imizda 1958 yilda Mulla Ziyo tomonidan qurib bitkazilgan Abu Bakr Siddiq masjidi 1987 yilda vaqtincha o‘z faoliyatini to‘xtatgan, –deydi denovlik fuqaro. – Qayta ta'mirlangandan so‘ng 1989 yildan yana faoliyat yuritgan.

2008 yilga kelib masjid yaroqsiz holatga kelib qolgan, deya yana yopildi. Qo‘shni qishloqdagilar bilan birga homiylik yo‘li bilan masjidni ta'mirlash ishlari boshlab yuborildi.

Masjidda 2018 yildan boshlangan ta'mirlash bugungi kunga kelib nihoyasiga yetgan. Ammo xalq undan foydalana olmayapti. Hali mutasaddilar masjidni ochishga ruxsat bermayapti. Masjidning barcha hujjatlari diniy idora vakillariga taqdim etilgan.

“Eltuz” tuman hokimligi bilan bog‘langanda ushbu ishlarga hokim o‘rinbosari Bahodir Qodirov mas'ulligini aytishdi. Ammo mas'ul qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.

Elruz.com

Tag‘in o‘qing
7 oktyabr 2015
Qudrat Bobojon www.eltuz.com Kecha tushimga Shukrullo domla kiribdi. U kishi bilan hayotda faqat bir marta muloqot qilganman. U ham ...
27 sentyabr 2023
Bugun Rauf Parfi nomi eslanarkan, uning asl shogirdlari bilan bir qatorda ustozning nomiga suykanib, «bir narsalik» bo‘lib qolish ilinjidagi ...
4 sentyabr 2022
16 avgustda O‘zbekiston Adliya vazirligi Gulnora Karimovaning 131 million dollar puli Shveytsariya hukumati bilan kelishuv doirasida “darhol” respublikaga qaytarilishini ...
29 avgust 2018
26 avgust kuni efirga ketgan «Munosabat» ko‘rsatuvi ishtirok etgan Politexnika universiteti o‘qituvchisi Abdullaeva Anjelika hech kimga so‘z bermay «ma'naviyat» ...
Bloglar
11 may 2024
1944 yilning 11 mayida Stalin barcha qrim tatarlarini Qrimdan surgun qilish haqidagi mash'um qarorni imzoladi. ...
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...