Rassom Tuz: Bir rasm tarixi
Bu maqola aslida 31 avgust kuni, sovet zulmidan azob chekkan yurtsevarlarni xotirlash kuni yoyinlashi kerak edi.
Lekin boshqa tarafdan millat oydinlarini xotirlash uchun alohida kun zarur emas. Har kuni eslasak ham oz.
Bu rasm Sovet hukumati o‘ziga dushman deb bilganlarni saqlaydigan Sharqiy Uraldagi Sosva qamog‘ida chizilgan.
Rasmda Abdulla Qodiriyning o‘g‘li vrach va yozuvchi Habibullo Qodiriy tasvirlangan. Xolstga moy bo‘yoqda chizilgan rasm chetida «Dorogomu zemlyaku Xabibu. Ot I. Amiyan 51» deb qizil rangda yozilgan.
Xozir Qodiriy avlodlari qo‘lida saqlanayotgan bu asar 1951 yili qamoqda siyosiy ayblov bilan jazo o‘tayotgan toshkentlik arman rassom I. Amiyan tarafidan ayni lagerda SSSR dushmani deya jazo o‘tayotgan Habibullo Qoddiriyning o‘ziga qarab chizilgan.
Bu ikki maxbus o‘rtasida do‘stlik borligi yozuvdan ko‘rinib turibdi. Balki qamoqda vrach bo‘lib ishlagan Habibullo Qodiriy bu bechora rassomni davolagandir. Buni bilmaymiz.
Qizig‘i shundaki Habibullo Qodiriyning rasmiy biografiyasida uning siyosiy ayb bilan qamalgani haqida bilgi yo‘q.
Umuman qamoqda jazo o‘taganlarda u kunlarni «eslamaslik» urf bo‘lgan.
Tog‘am, shoir Egam Rahim ham 12 yoshida siyosiy ayb bilan Magadanda surgunda bo‘lgan. Ammo bu xolat Egam Rahimning rasmiy biografiyasida aks etmagan.
Sovet davrida senga ola qarmasliklari uchun ham buni bekitib yurishda foyda bo‘lgan.
Rahmatli buvim tog‘amni hali tergov paytida Urganch qamog‘ida borib ko‘rganini gapira boshlasa tog‘am, xolam va uning o‘g‘illari barmog‘ini labuiga bosib «tss» bu xarbiy sir deyishardi.
Bir paranoik qo‘rquv bor edi ularda. Buvim tog‘amni ko‘rishga borganda bir ro‘molga non va o‘rik solib borgan. Konvoy ro‘molni bo‘shatib buvimga qaytarganda ro‘mol xoshiyasida g‘azal yozilgan.
Buvim ukasi yozgan bu g‘azalni yod olgan edi.
«Qachon ozod bo‘lorimni bilmam do‘stlar» degan g‘azal edi.
Mavzuga qaytsam. Aslida eslaganim bu voqea Habibullo Qodiriyga ham tegishli. Uniing nevaralari nazarida «qora kunlarini» yaqinlari bekitgan.
Abdulla Qodiriy 1937 yil otib tashlanadi. Uning farzandlari esa «xalq dushmani» oilasi degan tamg‘a ostida kamsitilib yashaydi. Qodiriyning o‘g‘li Habibullo Toshkent tibbiyot institutining ikkinchi kursida o‘qib yurgan edi. 1945 yilning 20 yanvarida Habibullo Qodiriyni qamoqqa olishadi.
Unga uch ayb qo‘yiladi.
1. Qodiriy asarlarini sovetlarga topshirmay sandiqqa solib ko‘mib saqlash. (Rostdan ham Qodiriy o‘z otasining qo‘lyozmalarini sandiqqa solib xolvliga ko‘mib qo‘ygan)
2. Sovet hukumatiga qarshi propaganda yuritish
3. O‘zbekston mustaqilligini ko‘zlagan millatchi tashkilot a'zosi bo‘lish.
Habibullo Qodiriy Toshkentda sud qilinib Sharqiy Ural lagerlariga etap qilinadi.
Ilovadagi rasm o‘sha lagerda chizilgan.
1953 yili Sovet jallodi Stalin o‘z qusig‘iga bulanib Moskvadagi Kuntsova dachasida o‘ladi.
Iqtidorga kelgan Nikita Xrushchev bu jallod yaratgan tizimni demontaj qilishga kirishadi. Agar Xrushchev bo‘lmaganida Habibullo Qodiriy o‘sha lagerda o‘lib ketardi.
Sal oldin Usmon Nosir yoki kinochi Xudoybergan Devonov o‘lgani kabi.
Xrushchev ottepeli ortidan Habibullo Qodiriy delosi ko‘rib chiqiladi.
Ammo negadir tergovchilari uni darxol ozod qilib Toshkentga qaytishini paysalga solishadi. Sud qarori bilan Qodiriyning Uraldagi qamoq jazosi Qozog‘istonning Qarag‘anda viloyatidagi erkin poseleniyada surgunda yashash bilan almashtiriladi. Surgunda Habibullo Qoddiriy vrach bo‘lib ishlaydi. Shundan keyin Habibullo Qodiriy Toshkentga qaytadi.
O‘qishini tiklab davom ettiradi. 1962 yili Toshkent davlat tibbiyot institutini tamomlaydi.
Habibullo Qodiriy jazo o‘tagan Sosva lageri 1938 yili tashkil qilingan.
1938 yili Sosvada Shimoliy Ural lagerlar boshqarmasi bo‘limi tuzilgan. Aristonlar o‘rmonda daraxt kesib vagonga yuklashgan.
Habibullo Qodiriy (Habibullo Abdullaevich Qodiriy) 1919 yili Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1 Adabiy faoliyatini 1958 yildan boshlagan. «Nilufar» hikoyalar to‘plami (1964), «Afrikaga sayohat» (1966), «Yaman-Misr taassurotlari» (1967) safar ocherklari, «Otam haqida» xotira kitobi (1974), «Qora arab» hikoyalar to‘plami (1978) chop etilgan. Habibullo Qodiriy 1987 yili olamdan o‘tgan.
Tarix ulug‘ murabbiy ajdodlar yodi muqaddas.
Sovet hukumati va uning qizil armiyasida bolta tutgan jallodlari millat oydinlarini qirdi va qamoqlarda azobladi.
Bugun SSSRga til tekkizmang¸ o‘sha davrda gugurt bir tiyin edi deb aytadigan ammo o‘zi mustaqillik davrida tug‘ilgan manqurtlar bit burga kabi urchigan.
Ularga aytadigan gapim shu. SSSR yovuzlik imperiyasi edi. Minglab oydinlarni o‘ldirgan ulkan qamoq edi. Qaytib kelmasin boshqa.