Ko‘zqarash
28 iyun 2021

«Baqalar sanatoriysi» yoki ichburug‘ amaldorlar haqida

Asfalti yo‘q ko‘chalar, gazlashtirilmagan uylarimiz haqida «Do‘stlik bayrog‘iga» yozganimda o‘n uch yoshda edim. Qishlog‘imizni badbo‘y hidga to‘ldirgan, mevali daraxtlarni qurita boshlagan va, eng yomoni, teri va yuqumli kasalliklar urchib ketishiga sabab bo‘lgan «Baqalar sanatoriysi» haqida markaziy gazetaga maqola yubordim-u, baloga qoldim.

To‘g‘ri, avval mahalliy gazetaga yozib ko‘rdim, ammo ijobiy natija bo‘lmadi-da. Faqat gorkomdan kelgan vakil obdon urishib, dadamga tushuntirish xati yozdirib, oltita daraxtimizni pachag‘lab, ko‘lmakni botqoqqa aylantirib, ikki mashina tuproq to‘ktirib ketdi, xolos…

O‘shanda daraxtlarimizga rosa achinsam ham endi qishloqda sassiq hid yo‘qoladi, deb xursand bo‘libman. Ammo quvonchim uzoqqa cho‘zilmadi. Bir necha kun o‘tgach, zaharli suv endi bog‘ tomon enlab, battar sasiy boshladi. Ayvonchada, so‘rimizda o‘tira olmaymiz. Kechki payt derazalarni ochishni iloji yo‘q.

Avval toza, shifobaxsh bo‘lgan bulogg‘imizning suvini ichsak, ikki soat o‘tmay ichimizni burab, xolijoyga yugurtiradi. Qancha odamlar kasal bo‘lyapti, o‘lib qolayotganlar ham bor. Dadamning aytishicha, gorkom ikki mashina tuproq to‘ktirmay, yer ostidan o‘tgan, chirigan oqova suv quvurini ta'mirlashi, almashtirishi kerak ekan. Zaxar suv tuproqqa singyapti. U yerda baqalar va itbaliqlargagina maza.

Bor-ey dedim-u, ruschani zo‘r bilmasam ham Moskvaga, «Pravda»ga yozvordim. Raisa Ivanovna degan haqiqatparast rus tili o‘qituvchimiz xatolarimni to‘g‘rilab bergach jilmaydi:

– Ox, kak silno tы napisala. Molodets!

Maqtovdan erib, maqolani xatjildga joylar ekanman, nimadir yodimdan ko‘tarilmadimi, deb eslashga urindim.

Xo‘sh… Suvimizdan ichmasdan «ichishga yaroqli» deb ispravka bergan sanepidstantsiya xodimi haqida yozdim. Ko‘lmakni botqoqqa aylantirgan gorkomning ikki mashina tuprog‘ini alohida «maqtadim». Yana nima qoldi?

O‘shanda sobiq ittifoqda allaqachon qayta qurish boshlangan, gazetalarda tanqidiy maqolalar ko‘paygan, men esa 14 yoshda edim.

O‘zi markazga birinchi marta yozishim emas. «Baqalar sanatoriysi»dagi ayanchli manzarani va sanepidstantsiya bergan ispravkani suratga olgan fotoapparatimni «Veselыe kartinki» jurnalidan yuborishgan. Bitta ertagim va rangli qalamlarda chizilgan rasmlarim uchun!

Bu maqolamga sovg‘a kutmayapman. Shart emas. Faqat botqoqlikni quritib berishsa bo‘ldi. Hidiga chidab bo‘lmayapti…

O‘shanda zo‘r to‘polon bo‘ldi. Shahar, viloyat emas, naqd Toshkentda ishlovchi qorindor amakilar «Pravda»ga maqola yozgan odamni qidirib kelishgan. Maktabdan qaytsam, uyda tumonat odam, majlis avjida. Avval nima bo‘layotganiga aqlim yetmadi. Papkali, papkasiz, shlyapali, shlyapasiz, ammo hammasi galstukka no‘xtalangan mexmonlarni ko‘rib quvonib ketdim, Demak, maqolam ish bergan!

Menga hammadan avval ko‘zi tushgan mahalla oqsoqolining o‘ng qoshi pir-pir uchib, halloslagancha yugurib yonimda paydo bo‘ldi va yelkamdan tutdi.

– Mana, o‘ziyam keldi. Yoshda…yosh! Bir marta kechiringlar! «Pravda» nimaligini bilmaganda, ovsar!

Kim ovsar? Oqsoqolning panjasidan yulqinib chiqdim:

– Nega bilmas ekanman. «Pravda»- haqiqat!

Oqsoqol bo‘lsa unimni o‘chirishga harakat qilib, pichirlab yalinishga tushdi:

-Bilaman. Biroq… Bir pas haptur bolam. Sendan xavotirdamiz-ku…

So‘ng yana amaldorlarga elandi:

-Bolada hali. She'r-perlar to‘qib, o‘zicha o‘qib yurardi, gazit o‘qishiga e'tibor bermay qolibmiz. O‘zi qishlag‘imizdan yomon odam chiqmagan. Hamma halol, mo‘min, qobil. Bundan ham yozuvchi chiqarmaymiz. To‘g‘rimi, qizim?

So‘ng qaddini g‘oz tutib, pionerlarday so‘z berdi:

-O‘rtag‘lar, man bor ekanman, tirik ekanman, bu boshqa yozmaydi! Qasam ichamiz.

Endi bunisi oshib tushdi. Men uning gaplarini tasdiqlaganim yo‘q-ku.

Tavba, nega unaqa deydi? Nimadir yozish uchun oqsoqolning o‘lishini kutamanmi endi?! Hali sochining yarmi qora, soqoli yo‘q bo‘lsa. Ajinlari opoqimnikidan kam. Hassa tayanmasa.

Shular tilimga ko‘chdi:

– Yo‘q! Sizning o‘lishingizni kutmayman. Qasamni o‘zingiz iching!

Oqsoqolning asabi battar buzilib, katta ketmonning betiday qo‘lini boshim uzra ko‘tardi. Uradi deb o‘yladim. Urmadi. Vajohat bilan ko‘targan dastini tushirib, boshimni siladi va faqat ikkimiz eshitadigan qilib pichirladi:

– Bizniyam o‘ylasang-chi, nodon. Batta nima gaplar bo‘lganini eshitmading-da. Go‘rko‘m, oblko‘m sani yeydi. Bizniyam qo‘shib yeyishadi. Boshqa yozmayman, degin!

Oqsoqolning pichirlay boshlashidan shubhalangan mehmonlardan novcharog‘i kalxatdek kelib, oramizni ayirib, ovozini balandlatdi:

– Oblpolko‘mdan, politotdeldan Aliev bo‘laman. M.Ibragimova sizmisiz?

Haliyam nimadir pichirlashga urinayotgan oqsoqolning changalidan qutulganimga sevinib javob berdim:

-Ha, men!

Uning bit ko‘zida g‘azab uchqunlaganini darrov sezdim. Chunki u o‘sha holatda qopag‘on Diks itimizga o‘xshab ketdi.

– M.Ibrrrrrragimova-ya? Nega familyangning tagiga jurnalist deb yozding, tirrancha?! Bunga Jinoyat kodeksida statya borligini bilasanmi?

Qo‘rqib ketdim. Shu turishda tishlab olishi hech gap emasdi.

Aldamoqchi emasdim aslida. Ammo onam «Kattakonlar katta jurnalistlarning maqolasini o‘qishadi», degach yolg‘on ishlatgandim.

Aliev deganlari battar quturib, qo‘lidagi gazetaga ishora qildi.

– «Prrravda»ga statya jo‘natganmisiz…san?

– Ha…

Yana ozgina qo‘rqib, ozgina kalovlandim-u, bir laxzadan so‘ng o‘zimga kelib, boshimni mag‘rur ko‘tarib baqirib yubordim:

  • Ha. Men yubordim.

Botqoqni quritasizlarmi?

Orqamda turgan oqsoqol meni xezlanib turgan Alievning panjasidan qutqarib, yelkamga yengil qoqdi va botqoq tomon ishora qildi.

-Ana, qara, qizim. Uje quritishyapti. Endi hech narsa sasimaydi… so‘ng engashib qulog‘imga shivirladi: «Sanam sasimay tur! Anu mehmonlardan kechirim so‘rab, bir og‘iz rahmat aytvor. Mamadana! Go‘rko‘mga ham… Teshilgan, chirigan quvurlar almashtirilyapti .

Anchadan beri botqoq tomonda yurmasdim. Chiranib ishlayotgan ekskovatorga ham, ovoziga ham e'tibor bermabman. Qorayib turgan kattakon quvurlarni ham endi ko‘rdim. Demak ish boshlangan.

Shuning uchun har kungi sassiq hid bir oz kamaygan. Hoziroq borib jarayonni o‘z ko‘zim bilan ko‘rmoqchi edim-u, oqsoqol dadamning oldiga sudradi.

– O‘zi shu savilni go‘rko‘m buva quritishni allaqachon rejalashtirgandi. Saaal shoshibsan-da, bolam. Shuni tepaga yozish shartmidi? O‘zi ona suting og‘zingdan ketmagan bo‘lsa. Dadangni o‘ylamadingmi?

Ko‘zim ham, xayolim ham tarillab ishlayotgan ekskavatorda bo‘lsa, dadamga e'tibor beramanmi? Oqsoqolning nuqishidan so‘ng tashrif buyurganlarga salom berdim. Alik olishmadi. Menimcha, ular bir mishiqini qanday jazolash haqida o‘ylashayotgan edi.

Ayniqsa, har qimirlaganda taxta so‘rimizni sindirib yuborayozgan tepakal amaki rosa jazavaga tushdi:

– Vы chto, izdevaetes nadomnoy? Xotite skazat, chto statyu napisala eta devochka? Chto za bezobrazie? Ona je maloletka!

Keyin qaerga kelgani va, eng muhimi, o‘z tili esiga tushib qoldi shekilli, qolganini hamma tushunadigan gaplar bilan davom etdi:

– Man idiot emasman! Mana shu chigirtka shuncha problemani yorita oladimi? Yana rus tilida-ya?

Keyin menga yaqinlashib vishilladi:

– Pushkina znaesh?

-Da!

– A nu ka, rasskaji xotya bы odnu strochku!

Ko‘p she'rini bilaman. Ammo hozir «Uznik»ni aytmasam bo‘lmaydi. Tomog‘imni qirib, rolga kirib, ovozimni balandlab boshladim:

Siju za reshetkoy v temnitse sыroy.

Vskormlennыy v nevole orel molodoy,

Moy grustnыy tovariщ, maxaya krыlom,

Krovavuyu piщu klyuet pod oknom…

-Stop! Xvatit! Ishondim. Ammo -kimsan- Gorbachyovga murojaat qilib, «kelib sassiq suvimizdan bir ichib ko‘ring», deb shu qizcha aytmagan. Oqova suvlar tuproq va buloq suvlari tarkibini buzayotgani, tabiatga zarar keltirib daraxtlarni quritayotgani, yana kasallar ko‘payganini zinqarcha bola qattan bilsin? Yo‘o‘o‘o‘q, statyani u emas, tochno boshqasi yozgan.

So‘ng alanglab dadamga yuzlandi:

– Russkim vladeete?

U savolni berdi-yu, javobini kutmadi. Dadamning eski do‘ppisi, xokisorligi yoqmadi shekilli, o‘zi bidirladi:

-Vryad li…Koshmar.

Ie… Bu odam telbami? Rossiyaning u yog‘idan kirib, bu yog‘idan chiqqan. Yaqinda Gorbachyovning qabuligacha borib kelgan dadam ruschani bilmaydimi? «Arbat»dan eng zo‘r kitoblarni bitta qo‘yning puliga sotib olib kelgan odamni haqorat qilyaptimi?

– Vы sami koshmar! Dadam «Borodino»ni yoddan biladi. Yana-chi…

-Vse ponyatno! Ma'rip akamidi otiz, mambitga keling. Biz bilan ketasiz. Tepaga yozish qanaqa bo‘lishini ko‘rsatamiz! Chert vozmi, kakaya semya! Vse umnыe, …..!

Shuncha haqoratni eshitib mum tishlab turgan dadamni tanimadim. Boplab adablarini berardi-ku. Meshqorin javrab-javrab, atrofga alanglab, kimnidir qidirib badtar avjiga chiqdi:

– Bu uyda ayol zoti bormi? Bir piyola choymi, suvmi beringlar!

Ayam ishda edi.

Menga qovog‘i bilan bir narsalarni ishora qilgancha o‘zi shang‘illayotgan amaldorning oldiga yaqinlashgan dadamning gaplarini tushunib oshxonaga yugurdim. Qarasam, choynakda choy yo‘q. Chelakdagi suvga cho‘mich, botirib bir litrli bankaga quydim, besh-oltita piyolani ko‘tarib, tashqariga yugurdim.

Javragancha bir piyolani sipqorgan boyagi meshqorin ikkinchisi, uchinchisini ham ichdi. Qolganlar ham so‘rashgani uchun yana ikki marta suv olib keldim.

Dadam imo-ishoralar bilan og‘zimi ochirishga qo‘ymay, bir narsalarni yozar, amaldorlarni biri qo‘yib biri tarbiya darsini o‘tishardi:

– …Xullas, gap shu! To‘rt bolangiz borligi uchun bir safar kechiramiz. Ammo yana voyaga yetmagan farzandingizning nomi bilan maqola yuborsangiz o‘zingizdan ko‘ring! «Pravda» tugul qog‘ozga ismingizni yozolmay qolasiz!

Dadamning biqinida turib, nohaq gap eshitayotganiga chidamay oqlashga urindim. Ammo shu zahoti chap bilagimdan «burama qand» yevoldim.

Dadam fursatdan foydalanib qulog‘imga shipshidi:

-Jim bo‘l! Bularga o‘chakishma!

O‘zi «burama qand»ning ustasi ayam edi-yu, dadamniki jon-jonimga ta'sir qilib unim o‘chdi.

O‘sha kuni dadamdan rosa gap eshitdim. Ertasiga uyimizda suv ichgan amaldorlarning barchasi ichburug‘ bo‘lib kasalxonaga tushishgach, melisaga chaqirishdi. Chelak, cho‘michimizgacha olib ketib tekshirishgani va «atayin zaharlamadim», degan tushuntirish xati yozdirishgani yodimda. Yana bir necha kun o‘tgach, suvimizni yaroqli deb ma'lumot bergan sanepidstantsiya vrachi ishdan bo‘shab, o‘rniga yangisi keldi. Uyimiz yonida esa yarim kechagacha chirog‘ini yoqib ekskavator tarillardi.

Muazzam Ibrohimova

Muallifning feysbukdagi sahifasidan

Tag‘in o‘qing
31 dekabr 2020
«Eltuz» rassom Elsevardan Yangi yil archasiga bag‘ishlangan navbatdagi suratni taqdim qiladi. Korruptsioner o‘zbek amaldorlari: «Sigir yili kelyapti, xalqni sog‘amiz». ...
28 mart 2020
Mana o‘lmagan qul, hafta o‘tib yana siz bilan yuzlashdim. Hamma ishga bormay, uyidan ishlayotgan ekan. Men bo‘lsa, shakllangan introvert o‘laroq, ...
2 dekabr 2019
Bu yil O‘zbekistonda qishga tayyorgarlik hatto o‘tgan yildagidan ham yomonroqdir. Bu tegishli idoralarning sabotajimi yoki hukumatning navbatdagi no‘noqligimi? “Sabotaj ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...