Multimedia
20 aprel 2021

Imperativ-20. Ma'naviy zindon

(Shoir va siyosatchi Muhammad Solih audiokitobining davomi. Boshi “Eltuz”ning “Imperativ” ruknida. Davomi bor.)

Sotsialistik hayot mening yosh yuragim uchun doim bir ma'naviy zindon bo‘lgan.

Monoton turmush tarzi: uyg‘on, yemak ye, uxla va yana uyg‘on – bu zindonning kunlik tartibi shu edi. 1980 yil yozilgan quyidagi matn bu dahshatli turg‘unlikning surati:

BU YeRDA

Bu yerda iztirob notanish so‘zdir,

Biror bahona yo‘q ma'yuslik uchun,

Quvonch uyqu bilmas abadiy ko‘zdir.

Demak, hech kim bunda bag‘rin tig‘lamas,

Demak, xat yozilmas, kutilmaydi xat,

Birdan birov o‘lib, birov yig‘lamas.

Demak, turaverar olma qizarib,

Tagiga tushmas u, qurt tushmas unga,

Demak, turaverar mangu qizarib.

Quvonch uyqu bilmas bemor bir ko‘zdir». (1980)

«Olis tabassum soyasi» (1986)

Bu dahshatli turg‘unlik haqida she'r yozish mumkin edi. Bu dahshatni yaqinlaring bilan muhokama etish mumkin edi, albatta. Ammo bu muhokama bo‘layotgan oshxonadan tashqariga chiqmasligi kerak edi. Bunday suhbatlar oshxonada jo‘mrakdan suv oqizib qo‘yilgan holda qilinardi. Hatto yuqoridagi she'r nima haqida yozilganini ham yaqinlarning ko‘pchiligi bilmasdi yoki bilmaganga olardi.

HUShYoR DAVRADA

Men sizga bor gapni aytmoq bo‘laman,

Buni sezib,

Siz birdan hushyor tortasiz.

Bu gapni ohista ayta boshlayman,

Uni eshitaturib,

Yana ham hushyorroq tortasiz.

Nihoyat, bu gapni aytib bo‘lganda,

Menga tikilasiz,

Tikilganday xuddi telbaga.

Buni ko‘rib, xuddi siz kabi

Men ham,

Men ham hushyor tortaman darrov! (1983)

«Olis tabassum soyasi» (1986)

Yashayotgan dunyomizda «Nega bu bunday?» savoli berilishi mumkin emasdi.

Bu dunyo – javoblari oldindan berilgan savolsiz dunyo edi.

MAN ETILGAN SAVOL

Bu yoqqa kel. Qo‘l qo‘y, imzo chek,

Mana shu umr senga hadya.

Qo‘rqma, hech kim so‘ramayajak

«Nega kelding dunyoga?» deya.

Yashayvergin, hadiksirama,

Do‘st-yor orttir, orttir boylik, pul.

Va hech kimdan izn so‘rama,

Iloj topsang, bo‘lmagin sen qul.

Puling bo‘lsa, erkni sotib ol,

Tekinga ol, puling bo‘lmasa.

Yerda yurgin, sudral bemalol,

Osmonga uch, ko‘ngling to‘lmasa.

«Nega kelding dunyoga?» deya

Sen o‘zingdan so‘rama faqat.

Bu savol dahshatli bombaday

Man etilgan zaminda abad! (1983)

«Olis tabassum soyasi» (1986)

Yashayotganim jamiyatning soxta yuzi, ma'naviyatsiz dunyosi insonni muttasil iztirobga sudrardi.

ILTIJO

Ko‘z ko‘radi tushganin boshga,

Deb o‘zini yupatayotgan

Yuvvoshgina odamdan boshqa

Yana kimman, men yana kimman?

Halol bo‘lay deb joni halak,

Har gapida mingta «mumkinmi?»

Seriltifot kimsadan bo‘lak,

Yana kimman, men yana kimman?

Gapir, zamin! Javob ber, falak!

Bu sizlarga yalinayotgan,

Ojiz, muhtoj kishidan bo‘lak

Yana kimman, men yana kimman?!

(1983)

«Olis tabassum soyasi» (1986)

Bu soxta muhitda o‘zimning ham haqiqiyligimga shubhalana boshlagan edim.

Harakat qilish kerak, derdim o‘zimga. Ammo:

SAHRODIR KO‘ZIM

Kurash.

Bu so‘zning ma'nosin

Bolaligim biladi faqat.

Qo‘llarimga qarayman:

Qalamga ko‘nikkan qo‘lning

Qalamni sindirmoqqa kuchi yetar, xolos.

Hamma yozganlarimni yig‘ishtirib yoqsa,

Uch odamga gulxan bo‘lmaydi.

Kurash.

Bu so‘zning ma'nosini mendan so‘ramang.

Men yig‘lamoq istayman faqat,

Ko‘zim esa sahro,

Sahrodir ko‘zim.

(1984)

«Olis tabassum soyasi» (1986)

Yozgan she'rlarim real voqelikni xaspo‘shlash bo‘lib ko‘rinardi o‘zimga.

Nafratlanganim munofiqlar qatoriga qo‘shilib qolishdan qo‘rqardim juda.

O‘sha paytlarda Stalin e'lon qilgan «Sovet Ittifoqi paxta mustaqilligi»ning kurashchisi o‘zbek paxtakori biz milliyatchilar uchun adabiyotda mazlum obrazining eng yorqin prototipi edi. Quyida o‘zbek dexqonining so‘ngi nafasi ham paxta shaklida chiqishining bir tasviri:

SILLOGIZM

Paxta – yerda yotgan bulutdir.

Yo‘q.

Bu tashbeh juda ham mavhum.

Paxta – oppoq bug‘dir balkim?

Ha, xuddi o‘zi:

Dehqon gapirganda,

Dehqon nafas olganda,

Og‘zidan chiqadigan bug‘ erur paxta.

Dehqon esa – odam,

Ya'ni u o‘lguncha nafas oladi.

(1981)

«Olis tabassun soyasi» (1986)

Dehqonning «fantastik» qo‘llari haqida bir she'r:

Dehqon qo‘llari

Bir qo‘lim ko‘ksimda turar muntazam,

Bir qo‘lim raisga salomlar berar,

Ishga sho‘ng‘ib ketar qolgan o‘ntasi,

Qolgan o‘nta qo‘lim paxtani terar.

Qo‘ldan iboratdir mening vujudim,

Ko‘zim-qo‘l, yuzim-qo‘l, oyog‘im ham – qo‘l,

Neki turtib chiqqan bo‘lsa ichimdan

Bari qo‘l, hattoki… qulog‘im ham – qo‘l!

Tushda ayon bo‘ldi ulug‘ bir maqsad,

Olg‘a ketayapman, boqmay orqamga:

Xo‘jalik yeriga paxtani eksam,

Men qo‘l ekajakman o‘z tomorqamga!

(1985)

«Olis tabassum soyasi» (1986)

Ammo men allegoriya, tashbihlar bilan bu mavzuni xalqqa anglatish qiyin ekanligini ko‘rdim. Paxta monokulturasi haqida maqola yozdim.

«O‘zbek xalqi bu balodan qutulishi kerak, yerni almashtirib ekishi kerak» va hokazo deya. Darrov javob yozishdi: «Siz kimsiz, o‘zbekka aql o‘rgatasiz, paxta o‘zbek xalqining oq oltini. Jonajon sovet xalqiga bu oq oltinni ulashyapti, siz shonli internatsionalizmga qarshimisiz? SIZ O‘ZINGIZ O‘ZBYeK UChUN NIMA QILDINGIZ? – avval buning hisobini bering», deyishdi.

Javobini beraolmadim. Chunki ular haqli edi: men o‘zbek uchun hech narsa qilganim yo‘q edi.

Muhammad Solih

Tag‘in o‘qing
6 iyul 2019
«Eltuz» nashri jamoasi bir hafta davomida Germaniya poytaxti Berlinda yangi rejalarni belgilab oldi va navbatdagi treningdan keyin uch haftalik ...
18 yanvar 2016
Ulug‘bek Ashur Eltuz.com Bugun Jizzaxda IShIDga aloqadorlikda ayblanayotgan armani millati va nasroniy diniga mansubligi aytilayotgan jizzaxlik Aramais Avakyanning sudi ...
6 oktyabr 2020
6 oktyabr tongida Qirg‘izistondagi parlament saylovi natijalaridan norozi qo‘zg‘olonchilar davlat hokimiyati boshqaruv markazi bo‘lgan Oq uyni egallashdi. Ijtimoiy mediada ...
15 dekabr 2015
Bugun Ostersund tuman sudi Obid Nazarovga suiqasdda ayblangan toshkentlik yollanma qotil Yuriy Jukovskiyni 18 yilga ozodlikdan mahrum qilish haqida ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...