Asosiy mavzular
12 avgust 2022

RTdan va'z: To‘xtaxonga nega to‘xta dedim?

Ko‘rayotganingiz bu kadrlar kik boks yoki qoidasiz mushtlashuv sahnasi emas, oddiy Sariosiyodagi dars soatini bo‘lisha olmagan o‘qituvchilarning bir-birini do‘pposlashi.

MS: Anavi xotin manavi semiz xotinning biqiniga yomon soldi lekin. Bular sport o‘qituvchisi bo‘lsa kerak.

RT: Yo‘q, bular boshlang‘ich ta'lim, tarix, adabiyot ona tili muallimlari. Agar shu mushtumzo‘rlar o‘qituvchi bo‘lsa unda ular o‘qitgan bolalar kim bo‘ladi.

MS: Bu muallimlardan mehr nuri emas, nafrat va kin taralmoqda. Esingizdami, mallimlar haqida qo‘shiq bor edi. Mehr nuri yog‘ar doim ko‘zingizdan ustozlar. Tatam tam tam.

RT: Yasha Matchon suqilish. Ammo sen bilan qo‘shiqchi o‘rtasida farq bor.

Nuance

Frantsuzcha «Nyuans» (nuance) so‘zi o‘zbek tiliga ham kirgan. «Nozik farq» («juz'iy farq», «kichik farq», «zarif tafovut» ) degan ma'noni bildiradi.

Bir xil gapday tuyulgan ikki fikrda nyuans ayrolig‘i bo‘ladi. «Men Rossiyaning Ukrainani bosib olishiga qarshiman», deb turgan odam, sal o‘tib, «men urushga qarshiman¸ lekin ukrainlar ham haddini bilishi kerak» desa, demak, uning miyasida putinparastlik tarafga siljish bor.

Bugun nechta rus askarining Ukraina urushida o‘lgani haqida yozsam, To‘xtaxon degan qo‘qanlik xola kelib, «narigi tarafni ham teng ko‘rib,  ukrainlar talafotini ham ayting», dedi.

Bu yerda nyuans shuki, bu xola bosqinchini mazlum bilan teng ko‘rmoqchi. Yana bu xola «jo‘jani kuzda sanash» orzusini ham yashirmadi. Ya'ni bu xola – «kuz» ya'ni Rossiyaning «g‘alaba» qilgan kunida inidan chiqib –  hursand bo‘lish orzusida. Esingizdami, urushning ilk kunida erinmagan odam «Kiev uch kunda ontariladi. Artist chetga qochadi» deb pol boqqandi.

Shundan keyin ular ritorikasidagi nyuans o‘zgarib «Jo‘jani kuzda sanash» orzusiga tushishdi. Huddi shunday nyuansni tolibonga munosabatda ham ko‘rdim. Yaqindagina «Tolibon – bu islom emas. Ular sof islomdan uzoq» deb turgan aqlli erkaklar «Tolibon – bizning jigargo‘shamiz» deb ersiragan bachcha kabi bu terrorchilarga suqlanib gapira boshladi.

Hozir ular «IShID – bu islom emas» deb turishibdi. Erta birkun ularning fikrlashida siljish bo‘lsa, nima deyishini taxmin qilishim mumkin.

Savodsiz, johil, yoshligida to‘yib ovqat yemagani bois jismonan o‘smay qolganlarda o‘ziga ishonchsizlik hissi ustivor bo‘ladi. Amyobaning umurtqali sut emizuvchidan farqi ham ana shunda. Nuance deydi buni frantsuzlar.

Itlarda ham umurtqa bor

MS. Itlarda ham umurtqa bor. Ular ham sut emizadi. Hatto Turkmanistonda itga oltin haykal qo‘yilgan.

RT: Haykal prezidentning iti olaboyga qo‘yilgan. Oddiy it hayotiga esa havas qilib bo‘lmaydi. Turkmanistonning Turkmanobod shahri mulozimlari kuniga yetti daydi itni o‘ldirishi lozimligi belgilangan va ular itlarni o‘ldira boshlashibdi.

MS: Qanday itlarni o‘lirishayapti. Gurji kuchuklarnimi? Turkmanistonda qora moshin zapretda edi. Qora itlarni o‘ldirishayaptimikan? Ammo shunday bo‘lsa, sunnatga muvofiq ish bu.

RT: Qarorda itlarning statusi, ya'ni daydi bo‘lishi belgilangan, ammo rangi haqida gap yo‘q. Muhaddis olim Al-Mugni, Ibn Kudamaning lutf qilishlaricha, itlar ikki turga bo‘linadi: birinchisi, o‘ldirilishi sunnat bo‘lgan va ikkinchisi, o‘ldirmasa ham bo‘laveradigani. Sunnatga ko‘ra, qora rangli itlar o‘ldirilishi joiz. Chunki qora itlar ichida iblis o‘tirgan bo‘ladi. Shu bilan birga maqsadsiz daydib yurgan itlarni ham o‘ldirishlik joiz. Qolgan itlarni o‘ldirmasayam bo‘laveradi. Ulug‘ muhaddis bobomiz Buxoriy va muhaddis olim Muslimning barobar Oyisha onamizga nisbat berib naql qilishlaricha, Baytul Haram hududida o‘ldirilish lozim bo‘lgan to‘rtta hayvon bor. Bular kalxat, qarg‘a, chumchuq va itlardir.

«Abu Sa'labadan  rivoyat qilingan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar: «Itlar ham bir jamoa (tur) bo‘lmaganida ularni o‘ldirishga buyurardim. Lekin bir jamoaning yo‘qolib ketishidan qo‘rqdim», deyiladi.

Qur'oni karimda it uch marta tilga olinadi. «Moida» surasida it bilan ov qilish joizligi aytiladi. «Al A'rof» surasida ilmiga amal qilmaydigan odam itga qiyoslanadi. «G‘or» surasida keladigan Ashab al-Qahf hikoyasida Daqqiyunus ismli hukmdordan qochib 300 yil uxlagan yetti mo‘min yonida «Qitmir» degan  vafodor it haqida gap  bor edi.  Nozil bo‘lgan Kitobda «itni o‘ldiring», degan direkt amr yo‘q.

MS: Ammo nega o‘zbek maqollarida itlar juda pastga uriladi? «Itning keyingi oyog‘i», «it yotish, mirza turish», «it o‘limida o‘l», «itday xor bo‘l». Bojxona xodimlari bir-birini «it» deb so‘kishar ekan.

RT: To‘g‘ri aytding Matchon, nega itni buncha pastga uramiz? Nima yomonlik qildi u bizga? Qo‘ylarimizni bo‘ridan, uyimizni o‘g‘ridan himoya qilsa.
O‘ynashingdan ko‘rmagan sadoqatni ko‘rsatsa. Cho‘kkanni qutqarsa, bojxona yuklari orasiga yashiringan bomba va narkotikni topsa. Kosmosga ham Gagarin va Jumanazar akadan oldin «Layka» degan ko‘ppak uchgan bo‘lsa. Hatto olov ichidan go‘dakni qutqargan it haqida afsona bor.

MS: Yashang Tuz og‘a. Xorazmni Chingiz bosganida Najmiddin Kubroning iti ham dushmanga qarshi kurashgan ekan. Tarixchi Azamat Ziyo talqiniga ko‘ra, Xorazmda Amir Temur muzeyi bo‘lmasligi kerak. Chunki Temur Xorazmni bosib olib vayron qilgan. Uzr-da endi. Shunchaki, Azamat Ziyo mantig‘iga tayanib aytdim!

RT: Azamat Ziyo Boysunda ochilayotgan muzey nomi Yunon Baqtriya bo‘lsa sharmanadalik, chunki Yunonlar bizni qaysidir otam zamonida bosib olgan dushmandir dedi. Ammo Bu Azamat Ziyo o‘tkan yillari o‘risga atab G‘alaba bog‘i qurilganida yoki yaqindagina Toshkentdagi go‘daklarni qilichdan o‘tkazgan o‘ris bosqoinchilariga Kamolonda Butxona ta''mirlanganda chapakni kattasidan chaluvdi.

MS: Shu O‘zbekistonga muzey nimaga kerak? Masalan men bilgan erkaklar puli sal oshsa Qatortolga boradi gul iskashga. Muzeyga bormaydi. Qolaversa, xalq och va yalang‘och. Itning ko‘tida bir tiyin bo‘lsa olajak.

Muzey nimaga kerak?

RT: «O‘zimiz non o‘rniga kunjara yeb ochdan o‘layotgan, kiyimi yirtiq bo‘gani uchun sovuqdan ko‘kargan va hatto pasportiga ham «qashshoq» deb yozilgan yo‘qsul bo‘lsak, bizga muzey nimaga kerak», deb yozilgan izohlarga javob bersam.

Yaqinda ochdan o‘lyapman, tekin produkta ber, deb, mahalla va portalni har kuni terror qiladigan kampir o‘lganidan so‘ng uyidan chiqqan qutida bir pachka dollar (kamida 10 ming) va bir tugun oltin taqinchoq bor edi. Eng kambag‘al odamam Yulduzning adminstratori Tohir akaning oldiga kelib, «mayli, o‘n ming do‘llar bo‘sayam to‘yga keling, yiqqanimiz bor. Gadoy bo‘sagam to‘rvamiz bor», deydi. Ya'ni ochdan o‘lyapman degan odam gapini bukvalno tushunmaylik. Ikkinchidan, dunyodagi eng qashshoq o‘lkalarda ham muzey bor. Muzeydagi narsalarni sotib, bu parazitlarni baqib tashash degan gap noto‘g‘ri. Xalqning ahvoli nima bo‘lishidan qat'i nazar ma'rifatni hech kim bekor qilmadi. Muzey har taraflama zarur. Hatto Napolen surgun qilingan orol ham muzeyga aylantirilgan. Taxtdan ag‘darilgan Napoleon Muqaddas Yelena oroliga surgun qilinadi. Surgun paytida unga kimdir durbin sovg‘a qilib yuboradi. Napoleon bu durbin bilan kanorsiz dengizga qarab o‘tiradi. Hozir bu durbin muzeyda saqlanadi. Yaqinda bu durbinni tozalash uchun ichini ochishdi. Ichidan Napoleonga atalgan maxfiy xat chiqdi. Bu xatda Muqaddas Yelena orolidan qochib chiqish plani yozilgan edi. Albatta, Napoleon bu maktubni o‘qimadi va surgunda jonini jabborga berdi. Maktubni muzey xodimlari o‘qidi. Osmoni falakda bizga charaqlab ko‘ringan yulduz aslida million yil oldin so‘nib tugagan bo‘ladi. Uning nuri bizga yetib kelgunicha vaqt o‘tadi. Hozirgi mashinalar ichidagi benzinli motor ichki «yonuv dvigateli» deb ataladi. Bu dvigetelni 1776 yili injener Jon Barber kashf qilgan edi. Ammo Kerkuk – Iroqda olib borilgan qazishma chog‘ida xuddi shu printsipda ishlaydigan mexanizm bo‘lagi topildi. Ya'ni yopiq idish ichida neft yonadi, hosil bo‘lgan bug‘ porshenni aylantiradi. Kolenvallar esa yog‘och g‘ildirakni. Zaytun yog‘ juvozi uchun ishlatilgan ekan bu mexanizm. Bu mexanizmning yoshi ming yildan ortiq, deyishdi. Dunyo bu kashfiyotdan bexabar qoldi.

Nega? Chunki muzey yo‘q edi. Hozir bemalol Kerkukka borib bu mexanizmni ko‘rish mumkin. Yana bir gap. «Eski chorig‘ingni unutma», degan naql bor. O‘zbekistonning birinchi prezidenti Oxunboboev o‘qish yozishni bilmagan gadoy fuqaro bo‘lgan. Prezident bo‘lganida o‘zining kabinetiga bitlagan guppisi bilan yirtiq chorig‘ini osib qo‘ygan ekan. Oldin qaerda edimu, hozir qaerdaman, deya fikrlash uchun. Buyam muzeyda endi.

MS: Tuz og‘a, bir ertak aytib bering. Ibratli bo‘lsa yana yaxshi…

Zolim bilan mazlum

Zolim bilan mazlum bir xonada yashardi. Zolim arzimas sabab bilan mazlum dilini og‘ritar, ammo kechirim ham so‘rardi. Bir kuni mazlum zolimga bir taxta mix va bolg‘a berdi. «Sen mening dilimni og‘ritgan kuni shu taxtaga mix qoq» dedi. Bir oy o‘tmay taxta xuddi tipratrikon kabi mixlar bilan to‘ldi. Zolim mazlumga qarab «Endi nima qilay»dedi. Mazlum bo‘lsa «Endi mixlarni sug‘ur» dedi. Zolim mixlarni sug‘urdi, ammo taxtada teshiklar qoldi. «Ko‘rdingmi» dedi mazlum» Sen har safar menga zulm qilib keyin kechirim so‘raysan. Ammo mening qalbim shu taxta kabi ilma teshik bo‘ldi» Zolim aybini tushunib yetdi va boshqa zulm qilmaydigan halim bir odamga aylandi.

MS: Tuz og‘a oldinlari vazlarning ichi do‘li she'r, baxru bayt bo‘lardi. Sizam she'r yozasiz. Mana shoirlar yordan bo‘lsa oldim deb yozadi. Siz ham bo‘lsa olganmisiz yosh voqtlaringizda kadilardan?

RT: Bo‘lsa emas bo‘sa. Vzasos o‘pishish deydi buni. Bizam voqtida parklarda o‘pishganmiz, qizlarni yog‘innisini daraxtga ishqab.

MS: Bobuur parkindami. Shu haqdagi she'ringizni aytib baring, oytib baring bir eslaylik ko‘na vaqtlarni.

Esingdami o‘pishgandik Bobur parkinda
Ëshli og‘och ko‘k chibiq chiqargan salqinda
O‘sha choy ichadiganimiz kafe ortinda
Eslasang oti Kirov edi. Eski talqinda
Piterda otilgan yosh kommunist odinda
Haykali bor edi Nizomiy ortinda
Yana cherikbosh Frunze turardi otinda
Esingdami o‘pishgandik Bobur parkinda
Ko‘klam edi. Ko‘k elagi qilmas farqinda
Havo sovuq edi. Isindim issig‘inda
Qurib qolgan to‘nka. Haykal qilig‘inda
Park Kirovning shimoliy sharqinda
Ming to‘qqiz yuzning sakson to‘rtinda
Sovuq edi sovetlarning qizil yurtinda
Esingdami o‘pishgandik Bobur parkinda.
Yuzni yuzga bosib o‘yladik,  sevgi haqqinda
Glinka ko‘chasiga yondosh Bobur parkinda
Student kuylardi Gibraltar haqqinda
Qo‘shiqni qayta eshit. Quloqchinni taqqinda
Bu qo‘shiq nafaqat Gibraltar haqqinda
Qo‘shiq saslari kelardi Bobur parkinda
Esingdami o‘pishgandik Bobur parkinda.

Shaxmat

MS: Tuz og‘a oldin prezdent shoirlarga spark berardi. Xozir  shaxmatchilarga podarka qilingan mashinaning narxi 400 million dedi prezident. Buni bilganimda  menam shaxmat o‘ynardim.

RT: Shu kunlarda shaxmatda yutgan yurtdoshlarimiz azizu mukarram maqomiga chiqarilib, sharafu izzatga noyil bo‘lmoqda.

MS: Ammo 99,99 foizi imon keltirgan, dunyoga muhaddis olimlar bergan, O‘zbekiston zaminidagi raiyat ishonadigan shariatga ko‘ra, shaxmat haromdir. Mamlakatimiz xalqi shaxmatchilar bilan faxrlanib o‘tirganida mullabachcha va imomberdilar sovuq nafas olib, shaxmat harom deb yotishibdi. Tuz og‘a, siz xujra ko‘rgan, arab tili va imlosini bilgan odamsiz. Kitob qarab ayting. Tarap tutmay.

RT: Ba'zi ulamolar pul aralashtirmay faqat uyda o‘ynalsa muboh, deydi Vallahu A'lam. Shaxmat –  bu kamida 5 ming yillik tarixga ega qadimiy hind intelektual o‘yinidir. Musulmonlar (Alloh ulardan rozi bo‘lsin) ilk bor bu o‘yin bilan Iroqda hazrati Umar (roziallohu anhu) xalifalik qilgan davrda ilk bora yuzlashishgan. Sahobai kirom va tobeinlar shaxmatning harom amal ekanligida mushtarak fikrda bo‘lganlar. Hazrat Ali (roziallohu anhu) va Hazrati Umar (roziallahu anhu) shaxmatni taqiqlanishi kerak bo‘lgan harom amal deb bilishgan (Alloh ulardan rozi bo‘lsin).  Imom Navaviy shaxmat, agar pul aralashmasa, tanzihan-makruhdir, degan.
Yo‘lchirog‘imiz bo‘lgan Imomi A'zam shaxmatni harom deb bilgan (Alloh ulardan rozi bo‘lsin). Hanafiy va Hanbaliy mazhablarida ham shaxmat Alloh zikridan chalg‘ituvchi¸ bir odamni yutish harisiga kirib, takabburlik, kibr va yengish vasvasasiga kirishligi sababli qattiq qoralangan va taqiq qo‘yilgan. Bu fikrni fiqh ustodlari Abdurrahman Jazoiriy, «al-Fiqhul-Mazahibil-Arbaa» ham o‘z muborak fatvolari bilan tasdiqlashgan.

MS: Demak, biz uchun avtoritet bo‘lgan krutoy olimlar fikricha, shaxmat o‘ynashlik – 52 ta gunohdan biri. Shaxmat o‘ynaganlarning jahannamga o‘tin bo‘lishlik ehtimoli katta. Yana Alloh bilguvchidir.

Rus sovet ramzlari ag‘darilmoqda

MS. Tuz og‘a mana bu videoni qarang. Polshadagi sovet monumentini buldozer bilan ontarishdi. Yulduzi bilan o‘roq bolg‘asini dami chiqdi.

RT: Bugun butun dunyo rus sovet haykal va ramzlarini buzib tashlamoqda. Rus sovet patriotik qo‘shiqlari taqiqlanmoqda, Rossiya telekanallari Germaniyada rasman o‘chirib qo‘yildi. Ayni ishlarni bundan 20, 30 yil oldin O‘zbekkston prezidenti qilgan edi. Saroy nomidan soxta «Xalqlar do‘stligi» nomini oldirib tashlab, «Istiqlol»ga aylantirgan edi. Maydon oldidagi SSSR 15 respublikasi gerblarini birlashtirgan stella demontaj qilindi. Vokzal oldidagi komissarlar va yulduziyu o‘roq bolg‘asi bo‘lgan jami haykalu monumentlar ontarilgan edi. O‘zbekistonda Rossiya telekanallari translyatsiyasi to‘xtatilgan va Kobzon kabi SSSRni kuylovchi artistlar taqiq ostida edi. 9 may kuni kim «G‘alaba» bayrami desa og‘zini urib sindirishardi. Hech bir mulozim ko‘kragiga georgiy lentasi taqmasdi. Jirik kabi ultra millatchi, Ramzan kabi pidrillo avantyuristlarga mamlakat eshigi yopiq edi. Karimov Rossiya ko‘chalarini supurib qalban Putinparast bo‘lib qolgan migrantlardan jirkanishini aytib, ularni dangasalar degandi. Xo‘sh Karimov to‘g‘ri qilganmidi? Bugun Yevropa qilayotgan tadbirni Karimov ancha oldin qilgani nimani bildiradi?

MS: Tuz og‘a, Rossiya hududlarida Ukrainadagi urushda qatnashish uchun  o‘zbeklardan bo‘linmalar tuzilayotgan ekan. O‘zbeklar «Amir Temur» nomidagi batalyon tuzib, Ukranaga borib, yosh go‘daklar va ayollarni o‘ldirib yuradimi endi. Nega?

RT: O‘ris propagandoni Margarita Simonyan Permdagi o‘zbek diasporaning Ukrainadagi bosqinchi urushda qatnashish istagini qo‘llab quvvatladi.

Rossiyadagi mardikor o‘zbeklar Ukrainadagi bosqinchilik urushiga borish uchun yollanmoqda. Bu yollash amaliyotini Permdagi o‘zbek diasporasi rahbari Jahongir Jalolov majlis qilib mardikorlarga bildirdi. (Aytmoqchi, Jalolov Rossiya fuqarosi, lekin O‘zbekiston pasporti ham bor.
U o‘z vatandoshlarini Amir Temur nomidagi ko‘ngilli batalon tuzib, Ukrainadagi go‘dak va bolalar o‘ldirilayotgan bosqinchilik urushiga borishga da'vat qildi. Jalolov nazarida, bu mardikor-dangasalar Rossiyada   «ular yeyayotgan nonni oqlashga majburdirlar».

Eslatib qo‘yamiz, O‘zbekiston vatandoshining chet elda jangari guruhlarga qo‘shilishi jinoyat hisoblanadi.

MS: Tuz og‘a shu Eltuz telegram kanali va boshqa platformalari juda mashxur bo‘lib ketdi. Telegramning o‘zini kunda milliondan ko‘p odam ziyorat qilyapti. Reklama qo‘ymaysizmi ichina?

Reklama qoidasi

Rassom Tuzga paranji, burqa, niqob va hijobni reklama qilishga buyurtma tushdi. Srazi otkaz qilindi. Boshqa bunaqa zakaz qimang. Umuman yana bir bora takrorlayman. Dunyoviy davlat ya'ni sekulyarizm printsiplariga ko‘ra, davlat dindan ajralgandir. O‘zbekiston qonunlariga ko‘ra hech bir mafkura gegemon bo‘lishi mumkin emas. Dunyodagi besh mingdan ortiq inonch sohiblari sizning e'tiqodingizni hurmat qilamiz. Bemalol sigirga sig‘inishingiz mumkin. Lekin bu mening sut ichishimga mone bo‘la olmaydi. Bugun mamlakat uchun ustuvor masala din yoki boshqa ijtimoiy ong formasi bo‘lgan mafkura  emas.  Ustuvor masala – iqtisodiy farovonlik va mamlakat mustaqilligi.

Kommunizm va boshqa jamoaviy kurrasal g‘oyalar milliy davlatchilik tamallariga zid keladi. Bizga hozir dunyoviy bilimlarni egallagan injener, doktor va raqamli texnologiya bilimdonlari kerak. Suv va havoday zarur. Bitta misol, O‘zbekistondagi tekstil fabrikalariga olib kelingan texnologiyani biznesmen butun kuchi bilan ishlata olmayapti. Chunki, kadrlar yo‘q. Matematika o‘rniga diniy cho‘pchak o‘qigan injener yapon stanogini yurita olmaydi.

O‘zbekistonni qamrab oladigan tekis va ravon yo‘llar kerak. Bu yo‘lni kaniso robbisi yoki kaliso popi emas, injener quradi. Bu yo‘ldan taqvoli mo‘min ham, murid ham, murshid ham yuradi. Ayni yo‘ldan buddoviy¸ nasroniy va butun ahli kitob yuradi. Bu yo‘ldan deist ham, agnost ham yuradi. Yo‘l bu mamlakatning qon tomirlaridir. Germaniyadagi tekis va tezlik deyarli cheklanmagan yo‘llar o‘n yillardan beri taraqqiyotga tamal bo‘lib xizmat qiladi.

Rassom Tuz jaholat¸ qadimchilik va muttaasiblik emas texnologik taraqqiyot¸ liberalizm tarafdori. Rassom Tuz  O‘zbekiston davlatining tashqi markazlardan mustaqilligi tarafdori. Tashqi markaz Moskovdami yoki Idlibdami, uning bayrog‘i, qizilmi yoki yashil bo‘lishidan qatiy nazar, zararlidir.  

Rassom Tuz xuddi jadid otalari kabi G‘arbga yaqinlashish tarafdori. Rassom Tuz Rossiyaning Ukrainaga bosqinini mutlaqo qoralaydi. Chunki bosqinchining och nazari O‘zbekistonga ham qaratilganidan xabardor.

Janoblar sizga buyuk hissiy hayajon va diniy g‘ala-g‘ovur kerak. Menga esa Fayzulla Xo‘jaevdan omonat bo‘lgan  ko‘pmillatli, ko‘p konfessiyali va dunyoviy stabil davlat – O‘zbekiston kerak. Shu nuqtada birlashamiz. Shu nuqtada ayrilamiz.

Assalom O‘zbekiston, Juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
12 mart 2019
O‘tgan 2018 yilning birinchi choragida Rossiyadan O‘zbekistonga jami 726 mln dollar pul o‘tkazilgan. Uning 200 million dollari Rossiya fuqarolari, ...
26 yanvar 2016
O‘zbek qo‘shiqchisi Nargizning shanba kuni rus millatchi ayollarinig hujumiga uchrashiga ijtimoiy tarmoqdagi qadimchi o‘zbeklar hamdardlik bildirishmadi. Aksincha tarmoqlardagi muhofazakor ...
23 mart 2016
Sudga olib kelingan Aramais Avakyan va uning 3 nafar sherigi kutilmagan bayonotlar bilan chiqishdi. Aramais Avakyan: «Men qo‘poruvchi emasman! ...
29 dekabr 2023
Yangi yil, Kelaver qanday kelsang ham, Kimlar yetdi senga, kimlar yetmadi. Sen yangi yo‘ldoshsan, sen yangi hamdam, Yo‘qlab kelganingni ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...