Asosiy mavzular
6 avgust 2024

Isroilga raketalar hujumi, migrantlarga qarshi namoyish va ushlangan o‘zbek pedofil

Xizbullox Isroilga raketalar bilan hujum qildi. Britaniyada migrantlarga qarshi namoyishlar avj oldi. Rossiyada 11 yashar qizchani zo‘rlamoqchi bo‘lgan o‘zbek qo‘lga olindi va  bu 600 sekund.

3 avgust kuni “Xizbulloh” guruhi Livandan Isroilga qarata 50ta raketa bilan hujum qildi. Raketa zarbalariga javoban Isroilning himoya gumbazi ishga tushdi. Gumbaz tizimi aksariyat artilleriya snaryadlarini zararsizlantirdi. “Xizbulloh” guruhi zarbalarni “Katyusha” raketalari vositasida uyushtirgani ma'lum bo‘ldi. Avvalroq Isroil Livan janubidagi ikki qishloqqa avia hujum qilgan edi. “Xizbulloh”ning raketa zarbalari shu hujumga javob bo‘lgani ta'kidlanmoqda. Bunga javoban Buyuk Britaniya, AQSh va Avstraliya kabi davlatlar o‘z fuqarolaridan Livanni zudlik bilan tark etishni so‘ramoqda.

Isroildagi mavjud xavfsizlik vaziyati munosabati bilan O‘zbekiston elchixonasi ushbu mamlakatdagi vatandoshlarimizga ehtiyot choralarini ko‘rishni qat'iy tavsiya qildi. Elchixona tavsiyasida Isroilning ayrim hududlariga borishdan saqlanish, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar va elchixonaning aloqa ma'lumotlarini olib yurish, ommaviy yig‘inlar va jamoat joylariga bormaslik haqida ogohlantiriladi.

+++

Rossiya prezidenti ma'muriyatiga yaqin insayderlar mamlakatda YouTube bloklanishi muqarrar ekanini ta'kidlashmoqda. Tarmoq shu yilning sentyabr oyida bloklanishi ko‘zda tutilgan. Avvalroq Rossiyada Facebook va Instagram kabi yirik ijtimoiy tarmoqlar taqiqlangan edi. Bloklangan tarmoqlar o‘rniga mamlakatda Rossiya izmidagi platformalarni ommalashtirish ko‘zda tutiladi. Biroq muxolifatdagi rossiyalik bloger va faollar o‘z video materiallarini doimgidek ulashishda davom etishlarini bildirishgan.

+++

Rossiyaning Buryatiya va Zabaykale hududlaridan suv toshqini bois 200 dan ortiq kishi evakuatsiya qilingani xabar berilmoqda. 4 avgust kuni ushbu hududlarda suv toshqini sabab favqulodda holat e'lon qilingan, toshqin natijasida uchta ko‘prik va federal magistral yo‘l zarar ko‘rgan.

+++

Buyuk Britaniyada migrantlarga qarshi namoyishlar alangalamoqda. Namoyishlar mamlakat markazi va shimolidagi shaharlarlarda kuchaygan. 29 iyul kuni Sautport shahridagi raqs to‘garaklaridan birida qochqin muxojir uch nafar yosh bolani pichoqlab o‘ldirgan, bir necha bolalarni jarohatlagan. Qotil 17 yashar arab millatiga mansub qochqin ekanligi aniqlandi. Bu qonli fojia Buyuk Britaniya jamoatchiligini larzaga soldi va muxojirlarga qarshi namoyishlarga sabab bo‘ldi. Namoyishlarda britaniyaliklar, musulmon muxojirlar va politsiya to‘qnashdi. Bolton shahrida “Musulmonlar Mudofaa ligasi” faollari “Allohu akbar” degan hayqiriq bilan britaniya vatandoshlarining namoyishiga qarshi chiqishdi. Mutasaddilar bu fojiani terroristik hujum deb baholadi va jinoyatchi ustidan odil sud hukm chiqarishini ma'lum qildi.

+++

Rossiyada 11 yashar qizchani zo‘rlamoqchi bo‘lgan yana bir o‘zbek pedofili qo‘lga olindi. Moskva viloyatidagi Istra shaharchasi tergovchilari 21 yashar O‘zbekiston vatandoshini «Voyaga yetmagan yosh bolaga seksual tegajog‘lik qilganlik» aybini qo‘yishdi. Tergov hujjatiga ko‘ra, 28 iyul kuni 21 yashar o‘zbek yigiti Istra shahridagi o‘z uyi yaqinidagi ko‘lda cho‘milib qaytayotgan 11 yashar qizaloqni ushlab, o‘rmonga yetaklab, zo‘rlamoqchi bo‘lgan. Qiz bir amallab uning qo‘lidan qutulib qochib, ota-onasiga aytgan. Tergovchi va kriminalistar atrofni tekshirib, guvohlarni so‘roq qilib, kuzatuv kameralaridagi tasvirlarni ko‘rib, jinoyatchini qidirib topishdi. Qizaloq bu shilqimni ochniy stavkada tanib ko‘rsatma berdi.

+++

Boks bo‘yicha jahon chempionati sovrindori Lazizbek Mullojonov Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlari finaliga ko‘tarildi. Yarim finalda tojikistonlik Davlat Boltaev bilan jang qilgan o‘zbekistonlik bokschi 9 avgust kuni chempionlik uchun ringga chiqadigan bo‘ldi. Ayni paytda o‘zbek bokschilari Bahodir Jalolov va Hasanboy Do‘stmatovlar ham medallar uchun musobaqalashishda davom etishmoqdi. Parij-24 yozgi Olimpiadasida O‘zbekiston sportchilari orasida dzyudo va boks jamoasi yaqqol favorit bo‘la oldi.

+++

Kamondan o‘q otish bo‘yicha bir necha bor Osiyo kubogi sovrindori Ziyoda Abdusattorova joriy yil bahorida tantanali ravishda mashina bilan taqdirlangan edi va uning sertifikatini topshirishdi. Mas'ullar mashinani tez kunlarda sportchi qiz xonadoniga yetkazishga va'da berishdi. Ammo, mana oradan oylar o‘tgan bo‘lsa hamki, mashinadan darak yo‘q. Marg‘ilonlik Ziyodaxon Abdusattorova 2018-yildan buyon O‘zbekiston terma jamoasi a'zosi. 23 yashar Ziyodaxon Abdusattorova bir necha bor Osiyo kubogida sovrindorlar qatoridan joy olgan. Konya-2021 Islom birdamligi o‘yinlarida aralash jamoaviy dasturda shohsupaning uchinchi pog‘onasiga ko‘tarilgan. Joriy yil „Zulfiya“ nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlangan. 2023-yil noyabr oyida Tailandda o‘tgan Osiyo turniridagi muvaffaqiyatli ishtirok etgan. Ayni vaqtda Ziyoda Frantsiyaning Parij shahrida yozgi Olimpiada bahslarida ishtirok etmoqda. Ziyodaning ota-onasi mashinadan umidini uzib bo‘lgan. Ammo qo‘ni-qo‘shni oldida ko‘zbo‘yamachilikdan izza bo‘lib qolishgan.

+++

Toshkent shahri, vodiy va Buxoro viloyati bo‘ylab barcha maktablarda Davlat ramzlari, Prezident surati majburiy tarzda yangilanmoqda. Ramzli suratlar aynan G‘afur G‘ulom nashriyotidan shartnoma asosida sotib olinishi shart qilib qo‘yilgan. Davlat ramzlari maktabning nobyudjet mablag‘lari hisobidan to‘lanishi lozim. Maktab – byudjet tashkiloti, unda hech qanday tijoriy daromad manbasi yo‘q. Nobyudjet mablag‘ deganda o‘qituvchi va o‘quvchilardan yig‘ib olinadigan pul nazarda tutiladi. Davlat ramzlarini yangilash haqidagi topshiriqni maktab va maktabgacha ta'lim vaziri Hilola Umarova bergani ta'kidlanmoqda. Davlat ramzlarida o‘zgarish bo‘lmadi, Shavkat Mirziyoev prezidentlik vakolatini davom ettirmoqda. Hech qanday o‘zgarish bo‘lmasa, davlat ramzlari suratini yangilash sababi nimada ekanini maktab va maktabgacha ta'lim vazirligi izohlamadi.

+++

Andijonda xalq orasida “Zeleniy most“ deb ataladigan ko‘prikka yuk mashinasi borib urilgan. Holat 4-avgust kuni kech soat 23:00 larda sodir bo‘lgan. Ma'lumotga ko‘ra haydovchi rulda uxlab qolgan. Haydovchi shifoxonaga yotqizilgan. “Avariya“ haqida to‘liq ma'lumot berilgani yo‘q.

+++

Angrenlik 26 yashar haydovchi Mirzaev Yusufali Burxoniddinzoda Damas rusumli mashinasini boshqarishda yo‘l qoidalarini qo‘pol ravishda buzib odam urib yubordi. Voqea 13 aprel kuni «Chashma» savdo do‘koni yonida sodir bo‘lgan. Jabrlanuvchi 65 yashar Ahmedov Salimjon Inamdjanovich og‘ir miya jarohatidan o‘ldi. 24 iyul kuni sud Yusufali Burxoniddinzodani 2 yil transport vositasini haydash huquqidan mahrum qilib, dastlab 4 yil qamoq jazosi belgiladi. So‘ng 4 yil qamoq jazosi o‘rniga 2 yil sinov muddati berildi. Yusufali Burxoniddinzoda 2 yil mobaynida kech soat 22:00 dan ertalab 6:00 gacha yashash joyini tark etmasligi kerak.

+++

Farg‘onada prograf dorisi yo‘qligi sabab ikki bemor vafot etdi. Respublika bo‘ylab jigar, yurak va buyrak transplantatsiyasini boshidan o‘tkazganlarga davlat tomonidan bepul Prograf dorisi tarqatiladi. Biroq Farg‘ona viloyatida shu dori vaqtida tarqatilmagani sabab 2 bemor vafot etdi. Ayni damda Farg‘ona viloyati bo‘ylab 700 nogiron vatandoshning Prograf dorisiga ehtiyoji bor. Farg‘ona viloyati SSV boshqarma boshlig‘i Bobur Pirimqulov vaziyatni qo‘l qovushtirib kuzatmoqda. Dori taqsimotiga mas'ullar, shu jumladan, mutasaddi Bobur Pirimqulov dastlab byudjetdan mablag‘ ajratilmagani uchun dori yo‘qligini bahona qildi. Vaholangki qonunan bunday vaziyatda nogironlarning dorisi mahalliy byudjetdan olib berilishi kerak. Keyin mutasaddilar tomonidan dorilar keltirildi, faqat bojxona tekshiruvidan o‘tkazilmoqda degan sabab keltirildi. Mas'ullar va viloyat SSV turli bahonalar bilan dori taqsimotini kechiktirar ekan, bemorlar qarzga dori sotib olmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi va Ijtimoiy himoya agentligi masalaga jiddiy yondashib, nogironlarni zudlik bilan Prograf dorisi bilan ta'minlash so‘ralmoqda. Dori yetishmovchiligidan qurbonlar soni 2 kishiga yetdi. Eltuzga yuborilgan videolardan anglashilicha, dori taqchilligi butun O‘zbekiston bo‘ylab sezilayotgan ekan.

Bu 600 sekund edi. Yonginangizda yuz bergan ammo siz bilmagan voqealardan xabar topmoqchi bo‘lsangiz Eltuzga obuna bo‘ling.

Tag‘in o‘qing
19 fevral 2020
Quyidagi maqola telegra.ph saytida e'lon qilingan. “Eltuz” bu maqola tarjimasini e'tiboringizga havola etmoqda. Iddao va taxminlar ustiga qurilgan bu ...
24 oktyabr 2023
Videoda ko‘rganingiz O‘zbekiston Milliy Teleradio Kompaniyasi (MTRK) tizimida 25 yil faoliyat yuritib shu dargohdan pensiyaga chiqqan sobiq rais o‘rinbosari ...
6 may 2022
Bugungi va'zni tez aytish bilan  boshlasam. «Oq choynakka oq qopqoq¸ ko‘k choynakka ko‘k qopqoq»… Matchon Suqilish: Tez aytish o‘rniga maymunlar ...
6 dekabr 2018
Filmning bu qismida “Rembo”ning hibsga olinishi haqida hikoya qilinadi. “Kontora” Remboga qarshi tuhmat uyushtirish maqsadida maxsus guruh tuzadi. MXX ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...